
Nurboy Jabbarov,
Alisher Navoiy nomidaagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyotiuniversiteti,
filologiya fanlari doktori, professor
HUSAYN JOVID IJODINING O‘ZBEKISTONDA
O‘RGANILISHITAKOMILI
Qadimiy ildizlarga, boy an’analarga ega o‘zbek-ozarbayjon adabiy aloqalari XX asr
boshlarida taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarilgani ma’lum. Jamiyat hayotining barcha
jabhalarini isloh etish hamda turkiy millatni dunyoning mutaraqqiy xalqlari darajasiga
yuksaltirishdek ulug‘ maqsad ma’rifatparvar shoiru adiblarni turkning ulug‘ mutafakkiri Ismoilbek
Gaspralining: “Tilda, fikrda va ishda birlik” g‘oyasi atrofiga birlashtirdi. Natijada ijod ahli matbuot
va maorif, adabiyot va san’at sohalarini millat manfaatlari negizida isloh etish va rivojlantirish
yo‘lida jiddu jahd qildilar. Tatar mutafakkirlari Ismoilbek Gasprali, boshqird Ahmad Zaki Validiy,
turk ma’rifatparvarlari Rizo Tavfiq, Tavfiq Fikrat, Yahyo Kamol, Husayn Rahmi Go‘rpinar,
o‘zbek jadidchilik harakati namoyandalari Munavvarqori, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf
Fitrat, Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon, ozarbayjon adiblari Husayn Jovid, Narimon Narimonov,
Muhammad Hodi, Jalil Mamadqulizoda bir maslak yo‘lida faoliyat ko‘rsatgani buning isbotidir.
Ana shu halqada ozarbayjon mutafakkiri Husayn Jovidning o‘rni alohida.
O‘tgan asr avvalida turkiy adabiyotda drama janri o‘zining taraqqiyot bosqichiga qadam
qo‘ydi. Husayn Jovid “Ona”, “Jayron”, “Shayx San’on” asarlari bilan “Ozarbayjon adabiyotida
romantik dramaturgiya maktabi asoschisi” [7.18] sifatida e’tirof etilgan bo‘lsa, Mahmudxo‘ja
Behbudiyning “Padarkush” asari o‘zbek dramturgiyasi takomilini ta’minlagani ma’lum.
Jadidshunos Begali Qosimov fikricha: “Padarkush” Turkistonni junbushga keltirgan qirg‘inbarot
inqilob yillarida ham sahnadan tushmadi. Bir tomondan, millatni ma’rifat va taraqqiyot sari
undashda buyuk rol o‘ynagan bo‘lsa, ikkinchi yoqdan, professional o‘zbek teatri va
dramachiligining maydonga kelishi hamda taraqqiyotida muhim xizmat qildi... Dramaning birgina
o‘zbek emas, tatar, ozarbayjon teatrchiligiga ham ta’siri haqida gapirish mumkin. Turkistonda shu
yillari Zaki Boyazidskiy, Aliasqar Asqarov, Sidqiy Ruhillo, Ilyosbek Oshqozorskiy kabi ko‘plab
qardosh rejissyorlar faoliyat ko‘rsatgani” [6.221-222] buning dalilidir.
Husayn Jovid dramalari o‘sha davrdayoq nafaqat Ozarbayjonda, balki Turkistonda ham
ma’lum va mashhur bo‘lgan. Atoqli ozarbayjon olimasi Olmos Ulviyning yozishicha: “Uning
o‘zbek sahnasida tomoshaga qo‘yilgan ilk asari 1912 yilda yozilgan “Maral” edi. Bu jarayonning
keng miqyos kasb etishi esa o‘sha yillari – H.Jovidning 1920 yilda “Shaydo”, 1923 yilda “Shayx

San’on”, va nihoyat, 1924 yilda “Iblis”.... dramatik asarlarining o‘zbek tiliga tarjima etilib, o‘zbek,
tatar va ozarbayjonlik aktyorlar ijrosida Toshkentdagi “Turon” teatrida sahnaga qo‘yilishi bilan
bevosita bog‘liq” [3.76]. Lekin olimaning “Iblis”dramasi 1924 yilda tarjima qilinib, sahnaga
qo‘yilgani haqidagi fikri munozarali. Abdulhamid Cho‘lponning “Turkiston” gazetasi 1923 yil 14
mart sonida bosilgan taqrizi bu masalaga oydinlik kiritishi jihatidan ahamiyatlidir. Drama 1923
yili shoir Sharafiddin Sharafiddinov Xurshid tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, atoqli
rejissyor Mannon Uyg‘ur tomonidan “Turon” teatr truppasida sahnaga qo‘yilgan. Ushbu piesani
bevosita tomosha qilgan Cho‘lpon asarga taqriz yozgan.
Cho‘lpon taqrizda asar janrini – fojia, dramaning ifoda uslubini esa “bayt aralash yozilg‘an
adabiy, ishqiy va harbiy bir tomosha”,[4.81] deb belgilaydi. Uning yozishicha: “Bu asarda
yigirmanchi madaniyat asrida yashag‘an odam bolalarining qo‘llarindag‘i bilim va hunarni qon
to‘kish, odam o‘ldirish, xonimon buzish kabi egri va yomon ishlarga sarf etib, yomonliq va
yaramasliqda Iblisdan ham o‘tib ketganliklari ko‘rsatiladir” [4.81].
Taqrizda Cho‘lpon sinchkov adabiyotshunos sifatida namoyon bo‘ladi. Dramadagi
obrazlarga ham ilmiy munosabat bildiradi. Uning fikricha, asardagi Orif – Iblis hiylasiga aldangan
jinoyatchi obrazi. Orif uni jonu dil ila sevgan gunohsiz qiz Xovarning zahar ichib o‘lishiga sabab
bo‘lgani yetmagandek, o‘z ukasi Vasfni ham otib o‘ldiradi.
Cho‘lpon ta’kidlaganidek, Iblis – tragediyada tasvirlangan voqealarni harakatlantiruvchi
asosiy obraz. Uning yozishicha, birinchi va ikkinchi pardalarda Iblisni qarg‘agan va unga la’natlar
yog‘dirgan Orif “uchinchi pardada Iblisning qo‘lini o‘padur, uni bir pir, bir karomat egasi, bir Xizr
deb e’tiqod qiladir” [4.81].
Tabiiyki, Cho‘lpon Husayn Jovid dramasi matni bilan tanish bo‘lmagan, uning faqat
Mannon Uyg‘ur rejissyorligidagi sahna variantini ko‘rgan. Shu bois u dramani sahnalashtirish
bilan bog‘liq ayrim kamchiliklarga munosabat bildirgan. Uning fikricha, “...odam bolalari uchun
Iblisdan hamma vaqt xavf-xatar borlig‘ini yaxshi tushunaturg‘an” Orifning Iblisga bu qadar ixlos
ko‘rsatishi tushunarli emas.
Abdulhamid Cho‘lpon Husayn Jovidni “Qafqasni turklarining atoqli adibi va shoiri”, deya
e’tirof etadi. Asar Toshkentda sahnalashtirilganda, teatr binosi xalq bilan to‘la ekani, hatto joy
yetishmasdan qaytib ketganlar ham bo‘lgani, tomoshaga yosh millatparvarlar ham kelgani hamda
sahnaga qiziqish kuchayganini aytib, bundan quvonchini izhor etadi. Bu esa, o‘z navbatida,
Husayn Jovid asarining o‘sha davrdayoq katta shuhrat qozonganini, Turkiston ahlining qiziqishiga
sabab bo‘lganini ko‘rsatadi.
Cho‘lpon ozarbayjon adibi Husayn Jovidning “Shayx San’on” dramasiga ham taqriz
yozgan. Taqriz “Turkiston” gazetasining 6 iyun sonida Qalandar imzosi bilan nashr etilgan.
Cho‘lpon dastlab Shayx San’on haqidagi tarixiy ma’lumotlarni keltiradi. U haqda asar yozgan

Husayn Jovidni “Qafqasiya turklarining quvvatli adib va shoiri” [5.85] deya e’tirof etadi. Asarda
Shayx San’onning “zunnor bilan bog‘li bo‘lg‘an” ruhiy holatlari to‘la ko‘rsatilgani, faqat o‘zbek
tiliga shoir Sharafiddin Sharipov Xurshid tomonidan amalga oshirilgan tarjima muvaffaqiyatli
chiqmagani aytiladi.
O‘z taqrizida Cho‘lpon asarni o‘zbek sahnasiga olib chiqqan atoqli rejissyor Mannon
Uyg‘ur teatrning muvaffaqiyatli chiqishi uchun “ko‘p tirishqan”i haqida yozadi. Taqrizda
ta’kidlanishicha: “Butun hay’ati bilan 11 kishidan iborat bo‘lg‘an bir tiyotr to‘dasi bilan to‘dag‘a
besh-o‘n barobar kelaturg‘an kuchni chetdan tortib, shu qadar tekis va erkin chiqarish – katta
muvaffaqiyat. “Kolizey”dek ajdaho bir sahnada “Shayx San’on”dek og‘ir va ko‘p kuch talab etgan
bir asarni jonlandirish o‘zbek tiyotrining chin oshiqlari bor ekanligiga dalil” [5.86].
Taqriz matnidan asar Turkiston teatr muxlislarining ham yuksak e’tirofini qozongani
ma’lum bo‘ladi. Shayx San’on, Shayx Kabir obrazlari sahnada yuqori saviyada ijro etiladi.
Tomosha yakunida Mannon uyg‘ur olqishlanib, hatto unga oltin soat sovg‘a qilinadi.
Cho‘lponning: “Xalq ko‘b, “Kolizey” binosi to‘lg‘an, unum yaxshi” [5.86], degan so‘zlari ham
Husayn Jovid asarining o‘zbek tomoshabinlari orasida katta shuhrat qozonganidan dalolat beradi.
Husayn Jovid dramalariga Cho‘lpondan tashqari, o‘sha davrda yashab ijod etgan bir qancha
o‘zbek adiblari ham munosabat bildirgani ma’lum. Jumladan, “Zarafshon” gazetasining 1923 yil
15 mart sonida “Haqqoniy” imzosi bilan “Shaydo” sarlavhali taqriz e’lon qilinadi. Uning
e’tiroficha: “Samarqand yosh teatru havaskorlarining «Shaydo» kabi shoirona yozilg‘on zo‘r bir
asarni birinchi qatla zararsiz o‘ynag‘onlari, alarning kelgusida teatru ishlarida muvaffaqiyatlik
xidmatlar ko‘rsatishlarig‘a umidimizni orttiradur” [8]
.
Bundan tashqari, adabiyotshunos Sherali Turdievning aniqlashicha, Husayn Jovid bilan
zamondosh o‘zbek adabiyotshunosi Ahmad Shukriy Berlinda o‘zbek tilida nashr etiladigan
«Ko‘mak» jurnalining 1923 yil 1-sonida e’lon qilingan «Turk adabiyotida idealizm va romantizm»
nomli maqolasidaHusayn Jovid va Fitrat dramalarini qiyosiy tahlil etadi hamda
“Jovid afandi
mislsiz idealist bo‘lg‘oni kabi, Fitrat afandi ulug‘ realistdir”
, degan xulosaga keladi.
Jadidshunos Shuhrat Rizaevning yozishicha: “O‘lkamizga zamonaviy teatr va
dramaturgiyaning kirib kelishi hamda keng yoyilishi ozarbayjon teatr namoyandalarining faoliyati
bilan bog‘liq. N.Vezirov, J.Mamatqulizoda, N.Narimonov, A.Axverdiev singari ozar jadid
dramaturglari ijodi o‘zbek jadid dramaturgiyasining vujudga kelishi, shakllanishi va rivojlanishida
asosiy omil bo‘ldi” [2.42].
Husayn Jovid asarlarini XX asr avvalida Shamsiddin Sharafiddinov Xurshid tarjma qilgan
bo‘lsa, adib dramalarini o‘zbekchalashtirish bizning davrimizda ham davom etdi. Shoirlar Usmon
Qo‘chqor va Tohir Qahhor ijodkorning “Amir Temur”, “Payg‘ambar”, “Shayx San’on” va
“Siyovush” dramalaridan iborat “Saylangan asarlar”ini tarjima qilib nashr ettirgani buning

isbotidir [10]. O‘zbekistondagi Haydar Aliev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tashabbusi
bilan amalga oshirilgan ushbu nashr Husayn Jovid ijodini o‘rganish ishini, shubhasiz, yangi
bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda. 2018 yil 9 nobrda Toshkentda o‘tkazilgan “Husayn Jovid
ijodi dunyo dramaturgiyasining yuksak namunasidir” mavzuidagi Xalqaro konferensiya ham
ushbu fikrni tasdiqlaydi. Konferensiyada O‘zbekiston va Ozarbayjondan atoqli olimlar, yetuk
mutaxassislar ishtirok etib, Husayn Jovid she’riyati va dramalarining mavzu ko‘lami, badiiyati,
obrazlar olami hamda o‘rganilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ilmiy qarashlarini
bildirganlar.
Professor Olmos Ulviy O‘zbekistondagi Hamza arxivida Husayn Jovid qalamiga mansub
“Shaydo” piesasining ikki varaq qo‘lyozmasi saqlanishi, Hamza va ozarbayjon dramachiligi
masalalarining qiyosiy tadqiq qilinishi zarurligi haqida yozadi [3.76-77].Darhaqiqat, XX asr
boshlaridagi o‘zbek-ozarbayjon adabiy aloqalarini arxiv hujjatlari va aniq ilmiy dalillar asosida
keng ko‘lamda o‘rganish ikki xalq adabiyotshunosligi oldida turgan dolzarb vazifalardandir.
«Shaydo» piesasi Ozarboyjondan ham avval Turkistonda sahnalashtirilgani ma’lum.
Ozarbayjon olimi G‘ulom Mammadlining: «Shaydo» piesasi ilk daf’a 1919 yilda Ashxobodda,
so‘ngra Samarqandda (o‘zbekcha) o‘ynaldi. Bokuda esa ilk daf’a 1922 yilda, dekabr oyida
o‘ynaldi», degan fikrlari ham buni tasdiqlaydi [1.89]. Adabiyotshunos Shoim Azimov ushbu
ma’lumotga oydinlik kiritib, mana bunday yozadi; «Shaydo»ning birinchi marta Turkistonda
sahnalashtirilganligi to‘g‘ri, lekin u dastlab Ashxobodda emas, balki Namanganda, so‘ngra
Toshkent va Samarqandda nihoyat Ashxobodda sahna yuzini ko‘rgan” [10.15]. «Shaydo»
fojiasining Namanganda o‘ynalganligi haqida «Ishtirokiyun» gazetasining 1919 yil 18 sentabr
sonida: «Namangandagi Kommunistlar klubi binosida «Sharq» dastasi tomonidan Husayn
Jovidning «Shaydo yoki hibsdagi inqilobchilar»i (bir parda) o‘ynaldi», degan xabar bosilgani
ma’lum. Bular barchasi «Shaydo» piesasi qo‘lyozmasining namunalari Hamza arxividan topilgani
bejiz emasligini tasdiqlaydi.
O‘zbek adabiyotshunosligida Husayn Jovid adabiy merosi yuzasidan Azim Shoimovning
“Husayn Jovid va o‘zbek dramaturgiyasi” mavzuidagi dissertatsiyasi himoya qilingan. Olim ushbu
tadqiqotida Husayn Jovid dramalarining sahna talqini va unga o‘zbek tanqidchiligining
munosabati, adib dramalarining Fitrat, Hamza, Xurshid, Abdulla Oripov va Odil Yoqubov asarlari
bilan qiyosiy tahlili, Husayn Jovid asarlari tarjimalarida til va uslub masalalari yuzasidan e’tiborga
molik ilmiy-nazariy qarashlarni ilgari surgan. Bu esa, o‘z navbatida, Husayn Jovid adabiy
merosining o‘zbek adabiyotshunosligida o‘rganilishi muayyan tadrijiy takomil bosqichlariga ega
ekanini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, ozarbayjon xalqining ulug‘ shoiri va dramaturgi Husayn Jovid
asarlari muallif hayot kezlaridayoq o‘zbek adiblari va adabiyotshunoslarining e’tiboriga tushgan,

e’tirofini qozongan. Adibning “Shaydo”, “Shayx San’on”, “Iblis” kabi dramalari ular yaratilgan
vaqtdayoq Toshkentdagi “Turon” teatrida o‘zbek, tatar va ozarbayjon aktyorlari tomonidan
sahnaga qo‘yilgan. Abdulhamid Cho‘lpon va Ahmad Shukriy kabi o‘sha davrning mashhur
ijodkorlari adib asarlariga taqrizlar yozgan. Adabiyotshunos Azim Shoimovning “Husayn Jovid
va o‘zbek dramaturgiyasi” mavzuidagi dissertatsiyasi Husayn Jovid adabiy merosi monografik
asosda o‘rganilgani jihatidan alohida ahamiyatga ega. Toshkentda o‘tkazilgan “Husayn Jovid ijodi
dunyo dramaturgiyasining yuksak namunasidir” mavzuidagi Xalqaro konferensiya
materiallarining chop etilishi, to‘plamda adibning turli janrlardagi asarlari yuzasidan amalga
oshirilgan teran tadqiqotlarning jamlangani O‘zbekistonda ijodkor adabiy merosini tadqiq qilish
yangi bosqichda davom etayotgani tasdig‘idir.
Umuman, Husayn Jovid she’riyati va dramatik asarlari o‘zbek-ozarbayjon adabiy
aloqalarining nurli sahifalarini tashkil etishi va ikki xalq do‘stligining mustahkamlanishi uchun
xizmat qilishi jihatidan muhimdir. Adib asarlari turkiy xalqlar adabiy-estetik tafakkuri rivojida
alohida bir bosqichni tashkil etadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
1.
Мəммəдли Г. Ҹавид – өмүр боjy. //Азəрбаyjаn, 1981, №7.
2.
Ризаев Ш. Саҳна маънавияти.-Тошкент: Маънавият, 2000.
3.
Улвий, Олмос. Ҳусайн Жовид ҳаёти ва ижоди ўзбек адабиётшунослиги саҳифларида. /
Ҳусайн Жовид ижоди дунё драматургиясининг юксак намунасидир. Халқаро конференция
маърузалари. – Тошкент, 2018.
4.
Чўлпон. Иблис. /Асарлар. Тўрт жилдлик. IV жилд. – Тошкент: Akademnashr, 2016.
5.
Чўлпон. Шайх Санъон. /Асарлар. Тўрт жилдлик. IV жилд. – Тошкент: Akademnashr,
2016.
6.
Қосимов, Бегали. Миллий уйғониш: маърифат, жасорат, фидойилик. – Тошкент:
Маънавият, 2002.
7.
Ҳабиббейли, Исо. Озарбайжон адабиётида романтик анъана ва Ҳусайн Жовид. / Ҳусайн
Жовид. Сайланган асарлар. –Тошкент: Тафаккур қаноти, 2018.
8.
Ҳаққоний. «Шайдо». «Зарафшон» газетаси, 1923 йил15 март.
9.
Ҳусайн Жовид. Сайланган асарлар. –Тошкент: Tafakkur qanoti, 2018.
10.
Шоимов, Азим. Ҳусайн Жовид ва ўзбек драматургияси. – Тошкент, 2008.
Hussain Javid's creation is in Uzbekistan
learning improved
Summary

The article analyzes the study of the work of the Azerbaijan poet and playwright Huseyn
Jovid in Uzbekistan. Analytical views were expressed regarding the attention of the author’s works
at the beginning of the twentieth century of the great Uzbek poet and playwright Abdulhamid
Chulpan, the translation of his works into Uzbek by Usmon Kuchkor and Tahir Kahhor at the
beginning of the 21st century, the dissertation about the work of Huseyn Jovid in the Uzbek literary
criticism, as well as the creation of a number of research today. On a scientific basis, is illuminated
the role of the literary heritage of Hussein Jovid in the development of Uzbek-Azerbaijan literary
relations is highlighted.