Shohruhbek Qoziboyev
Gemorroy mehnatga layoqatli aholining orasida keng tarqalgan kasalliklardan biri bo‘lib, turli asoratlar bilan kechadi. Turli mualliflar tomonidan keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, gemorroy tarqalishi har ming kishiga 130–140 ta holatni tashkil etadi, bu esa mazkur muammoning dolzarbligini yana bir bor tasdiqlaydi. Kasallikning yuqori darajada uchrashi va erta bosqichlarda tibbiy yordamga o‘z vaqtida murojaat qilinmasligi ko‘pincha jarrohlik muolajalarini qo‘llash zaruriyatiga olib keladi.
Kech bosqichlarda asosiy davolash usuli — gemorroidal tugunlarni jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash, ya’ni gemorroidektomiya bo‘lib, bu koloproktologiya bo‘limida eng ko‘p bajariladigan amaliyot hisoblanadi. Ushbu muolajaning samaradorligi asosan muhim jihatlarga rioya qilinishiga, xususan, optimal og‘riqsizlantirish usulini tanlashga bog‘liq bo‘lib, bu bemor uchun katta ahamiyatga ega.
Ushbu materialda “Ibroxim Hakim Tabobat” klinikasida bajarilgan gemorroidektomiyalar tahlili hamda qo‘llanilgan og‘riqsizlantirish usullarining samaradorligi qisqacha ko‘rib chiqiladi.