Quyon eymeriozining tarqalishi, diagnostikasi va kimyoprofilaktikasi

Alisher Xushnazarov

Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati. Bugungi kunda dunyo aholisini chorvachilik mahsulotlariga, jumladan, quyon go‘shti, undan tayyorlanadigan parhez oziq-ovqat, jun va teri xom ashyolariga, bo‘lgan talabi yildan-yilga oshib bormoqda. Ushbu talabni qondirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, quyon go‘shti ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish muhim vazifa hisoblanadi. «Eymerioz bilan quyonlar kasallanganda davolash ishlari o‘z vaqtida olib borilmasa 15-20 kun ichida quyonlarning 90 foizi nobud bo‘ladi»[1]. Shunga ko‘ra, turli hududlardagi quyonlarning invazion kasalliklarini aniqlash, davolash va oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqish muhim ilmiy va amaliy ahamiyat kasb etadi.

Dunyo miqyosida quyonchilik fermalari va aholi qaramog‘idagi quyonlardan samarali foydalanish texnologiyalarini ishlab chiqish, quyon mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish, intensiv quyonchilikni jadal rivojlantirish hisobigagina quyonchilikda rentabellikni oshirilishiga erishildi. Bu borada, yer yuzining turli mintaqalarida quyonchilik fermalarida ko‘paytirilayotgan turli zotdagi quyonlar alohida ahamiyatga ega. «Shu boisdan, turli quyon zotlarida uchraydigan parazitlarni o‘z vaqtida aniqlash, samarali davolash va profilaktika tadbirlarini amalga oshirish dolzarb hisoblanadi»[2].

Mamlakatimizda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobiga oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ishlab chiqarishning zamonaviy usullarini keng joriy etish, bu orqali qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirish, chorvachilik sohasi va tarmoqlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mazkur sohada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida: chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarining joriy holati tahlil qilinganda Respublikamizda 254 ta quyonchilik xo‘jaligi faoliyat

yuritayotganligi ilg‘or xorijiy tajriba asosida chorvachilik sohasining quyonchilik tarmoqlarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar salmog‘ini oshirish, quyon go‘shti mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish hamda mahalliy mahsulotlarni xalqaro sifat talablariga moslashtirish, quyon go‘shti tavsiya etilgan minimal iste’mol me’yorlarini qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, aholining sog‘lom ovqatlanish madaniyatini oshirish, quyonchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish hamda kooperatsiya tizimi asosida mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish lozimligiga davlat siyosati darajasida qaralmoqda.

Mazkur dissertatsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son «2022-2026-yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi[1] farmoni, 2020-yil 29-yanvardagi PQ-4576-sonli «Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, 2022-yil 8-fevraldagi PQ-121-son «Chorvachilikni yanada rivojlantirish va oziqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, 2022-yil 31-martdagi PQ-187-son «Veterinariya va chorvachilik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi, 2022-yil 8-fevraldagi PQ-120-son «O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan dasturni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorlari hamda mazkur sohaga tegishli boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda muayyan darajada xizmat qiladi.

Tadqiqotning respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlariga mosligi. Mazkur tadqiqot respublika fan va texnologiyalar rivojlanishining V. «Qishloq xo‘jaligi, biotexnologiya, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi» ustuvor yo‘nalishlari doirasida bajarilgan.

Muammoning o‘rganilganlik darajasi. Quyonlarning invazion kasalliklari, xususan quyon eymeriozi, kasallikning kelib chiqish sabablari, etiologiyasi, epizootologiyasi, kechish xususiyatlari, davolash va oldini olish usullarini ishlab

chiqish bo‘yicha uzoq xorijiy mamlakatlarda P.Augustine, Z.Cerna, D.J.Doran, D.S.Dougald, B.S.Gill, H.N.Ray, I.Hollands, A.A.Kasim, D.C.Nayak, M.E.Rose kabi olimlar tomonidan keng qamrovli ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgan va ilmiy-amaliy natijalarga erishilgan bo‘lsa, MDH davlatlari olimlaridan V.F.Abramova, K.I.Abuladze, K.X.Agaev, M.Sh.Akbaev, V.A.Aleksandrov, S.V.Burlakov, D.V.Vasileva, I.I.Vershinin V.A.Gerasimchik, E.X.Daugalieva, J.F.Dzaumameluna, I.S.Dondukov, A.F.Evtushenko, G.M.Kamaletdinova, E.M.Romanova, G.A.Kotelnikov, N.M.Lapshin A.I.Mayorov, A.F.Manjos, M.A.Musaev, N.P.Orlov R.V.Petrov S.A.Pleshakov, A.N.Ponomarenko, V.P.Ryutova, S.K.Svanbaev, A.I.Yatusevichlar tomonidan ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

Respublikamiz olimlaridan quyonlar eymeriozining tur tarkibi boʻyicha L.I.Irgasheva, boshqa hayvonlar eymeriozlarining epizootoologiyasi, davolash, profilaktika chora-tadbirlari bo‘yicha I.X.Irgashev, T.X.Raximov, R.B.Davlatov, D.I.Ibragimov, A.N.Xudjamshukurovlar, quyonlarda uchraydigan boshqa yuqumli va yuqumsiz kasalliklar bo‘yicha B.A.Elmurodov, S.B.Eshburiyev, A.K.Turdiyev, N.A.Nabiyeva, U.T.Qarshiyev, B.B.Ibragimovlar tomonidan ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Ammo so‘nggi yillarda quyonlar eymeriozi bo‘yicha maxsus ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmagan.

Dissertatsiya mavzusining dissertatsiya bajarilgan oliy ta’lim muassasasining ilmiy-tadqiqot ishlari rejalari bilan bog‘liqligi. Dissertatsiya tadqiqotlari Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining quyonchilik xo‘jaliklari bilan hamkorlikda tuzilgan xo‘jalik shartnomalari (Shartnoma №1. 01.05.2021 y. va №12. 10.09.2021 y) doirasida bajarilgan.

Tadqiqotning maqsadi quyonlar eymeriozining tarqalishi, kasallikning mavsumiy dinamikasi va diagnostikasi hamda kasallikka qarshi zamonaviy eymeriostatik vositalarni sinovdan o‘tkazib, kimyoprofilaktika usullarini takomillashtirishdan iborat.

Tadqiqotning vazifalari:

quyon eymeriozining yil fasllariga bog‘liq ravishda tarqalish darajalarini aniqlash;

turli zotli quyonlarning eymerioz bilan zararlanish darajasini aniqlash;

quyon eymeriozi bilan zararlanishda organizimda kelib chiqadigan gematologik va patologoanatomik o‘zgarishlarni aniqlash;

quyon eymeriozidan kelib chiqadigan iqtisodiy zararni aniqlash, samarali davolash va kimyoprofilaktika chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish.

Tadqiqotning obyekti sifatida Samarqand va Farg‘ona viloyatlarining quyonchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari sharoitida va aholi qo‘lida urchitilayotgan turli zot va yoshdagi quyonlar, zamonaviy eymeriostatik vositalar, tarkibi boyitilgan granulalangan omuxta yem olingan.

Tadqiqotning predmeti eymerioz bilan spontan zararlangan quyonlarning tezak namunalari, eymeriya oosistalari, qon namunalari, eymeriostatik guruhga mansub dori vositalaridan iborat.

Tadqiqotning usullari. Ilmiy-tadqiqotlarni bajarishda umumiy qabul qilingan epizootologik, klinik, parazitologik, gelmintologik, koprologik, mikroskopik, gematologik, patologoanatomik va statistik usullaridan foydalanilgan.

Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:

quyonlar eymeriozining tarqalishi yil mavsumlari bo‘yicha o‘rganilganda bahorda 65,0 %, yozda 40,0 %, kuzda 35,0 %, qish faslida esa 75,0 foizni tashkil etishi aniqlangan;

turli zotli quyonlarda eymeriozning invaziya ekstensivligi xikol zotli quyonlarda 52,7%, kaliforniya zotida 49,0%, velikan zotida 56,3% va shinshilla zotli quyonlarda esa 60,0 % ekanligi aniqlangan;

quyonlar eymeriozining gematologik va patologoanatomik tekshirishlarga asoslangan tashxis usullari ishlab chiqilgan, bunda eritrositlar me’yorga nisbatan 0,6 mln/mkl ga, gemoglobin 18 g/l ga, umumiy oqsillar 16,7 g/l ga, glukoza 1,7 mol/l ga kamayishi, leykotsitlar esa 4,85 ming/mkl ga ortishi hamda patologoanatomik tekshirilganda ko‘richakning kuchli yallig‘lanishi aniqlangan;

quyonlar eymeriozini davolashda intracox oralni 1ml/l suvga qo‘llaganda preparatning samaradorligi 95 foizni va eymeriozga qarshi indeks esa 190 ballni tashkil etishi aniqlangan;

quyonlarni eymeriozdan samarali davolash va kimyoprofilaktika chora-tadbirlari ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan.

Tadqiqotning amaliy natijalari quyidagilardan iborat:

Respublikadagi fermer xo‘jaliklari va aholi qaramog‘idagi quyonchilik xo‘jaliklarida quyonlar eymeriozining epizootologiyasi va tarqalish sabablari aniqlangan;

quyonlarning turli yoshiga nisbatan eymeriyalar bilan zararlanishi, invaziyaning ekstensivlik ko‘rsatkichlari hamda kelib chiqish sabablari, kechish xususiyatlari va klinik belgilari o‘rganilgan;

quyonlarda eymeriozning yil fasllari, quyon zoti va yoshiga oid tarqalish darajalari o‘rganilgan va gematologik tekshirishlarga asoslangan tashxis usullari ishlab chiqilgan hamda amaliyotga joriy etilgan;

quyonlar eymeriozini davolashda va kimyoprofilaktikasida zamonaviy emeriostatik vositalarni qo‘llash chora-tadbirlari ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan.

Tadqiqot natijalarining ishonchliligi. Tekshirishlarning zamonaviy uslub va vositalaridan foydalangan holda o‘tkazilganligi, birlamchi ma’lumotlarga ishlov berish va ilmiy tahlil qilish, olingan nazariy natijalarning tajriba ma’lumotlari bilan to‘g‘ri kelishi, shaxsiy tadqiqot natijalari hamda xorijiy va mahalliy tajribalar chuqur ilmiy tahlil etilganligi, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti aprobatsiya komissiyasi tomonidan ilmiy tadqiqot va birlamchi materiallarga ijobiy baho berilganligi, ilmiy natijalarning ishlab chiqarishga joriy etilganligi bilan izohlanadi.

Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati. Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati fermer xo‘jaliklaridagi va aholi qaromog‘idagi quyonchilik xo‘jaliklarida quyon eymeriozining epizootologik xususiyatlari, kasallikning klinik kechishi, ayrim yangi antieymeriy va vitaminli komplekslar sinovdan o‘tkazilganligi, quyonlar organizmidagi gematologik va biokimyoviy o‘zgarishlari tahlil qilinib, preparatlarning samaradorligi nazariy jihatdan asoslanganligi bilan izohlanadi.

Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati quyonlar orasida keng tarqalgan parazitar kasalliklarda quyonchilik xo‘jaliklarida antieymeriy preparatlar va vitaminli komplekslar qo‘llanilishi natijasida quyonlarning davolanib sog‘ayishi, hayotchanligi ortishi, o‘sish va rivojlanishining yaxshilanishi, tana vazni ortishi, ularni kasalliklarning oldini olishda qo‘llash evaziga mahsuldorlik ortishiga erishilganligi bilan asoslanadi.

Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Quyon eymeriozining tarqalishi, diagnostikasi va kimyoprofilaktikasi bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida:

“Quyon eymeriozining diagnostikasi va kimyoprofilaktikasi” bo‘yicha tavsiyanoma ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2024-yil 17-dekabr 02/23-723-son ma’lumotnomasi). Natijada quyonlar eymeriozining kelib chiqish sabablari, simptom va sindromlarini koprologik tekshirishlar asosida aniqlash orqali diagnostika hamda zamonaviy kimyoprofilaktika qilishga erishilgan;

Eymerioz bilan kasallangan quyonlarga intracox oral eymeriostatik preparati Samarqand viloyatining quyonchilikka ixtisoslashgan “Maqsudabonu Biznes Servis” va “Bo‘riboy Mustayev” xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2024-yil 17-dekabr 02/23-723-son ma’lumotnomasi). Natijada preparatning eymeriozga qarshi indeksi 190 ballni tashkil etishiga va sarf qilingan 1 so‘m hisobiga, 5 so‘m 29 tiyin iqtisodiy samara olishga erishilgan;

Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridagi quyonchilik fermer xo‘jaliklarida quyonlar orasida keng tarqalgan eymerioz kasalligiga qarshi amprolium plyus antieymeriy preparati va chiktonik vitamin qo‘shimchalarining kompleksi joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2024-yil 17-dekabr 02/23-723-son ma’lumotnomasi). Natijada quyonlarning 100 foiz sog‘ayishi, hayotchanligining ortishi, o‘sish va rivojlanishning yaxshilanishi, tana vaznining kunlik o‘rtacha o‘sish 30,12 grammga ortishiga erishilgan.

Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi. Mazkur tadqiqotlar natijalari jami 7 ta, shu jumladan 4 ta xalqaro va 3 ta Respublika ilmiy-amaliy anjumanlarida muhokamadan o‘tkazilgan.

Tadqiqot natijalarining e’lon qilinishi. Dissertatsiya mavzusi bo‘yicha jami 15 ta ilmiy ish chop etilgan, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlarda 7 ta maqola, shu jumladan 4 tasi Respublika va 3 tasi xorijiy jurnallarda nashr etilgan, olingan natijalar asosida 1 ta tavsiyanoma chop etilgan.

Dissertatsiya’ning tuzilishi va hajmi. Dissertatsiya tarkibi kirish, to‘rtta bob, xulosalar, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati va ilovalardan iborat. Dissertatsiyaning hajmi 118 betni tashkil etadi.

 

 

42

Koʻrishlar

0

Yuklashlar

hh-index

0

Iqtibos