YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
65
XILOLDOSHLAR OILASI SISTEMATIKASI HAMDA TABIAT VA INSON
HAYOTIDAGI AHAMIYATI
1
Rejabaliyeva Madinaxon Tursunboy qizi
2
Tojiboyev Murodali Umaraliyevich
1
Andijon Davlat Pedagogika Instituti Biologiya yo’nalishi talabasi
2
Andijon Davlat Pedagogika Instituti dotsenti
https://doi.org/10.5281/zenodo.14625662
Annotatsiya:
Ushbu tezisda xiloldoshlar oilasi haqida umumiy tavsif hamda oilaning
sistematikasi, tabiat va inson hayotidagi ahamiyati to’g’risida ma’lumotlar keltirib o’tilgan.
Kalit so’zlar:
Cyperaceae, Cyperales, sistematika, hudud, ekologiya.
Аннотация:
В данной диссертации дана общая характеристика семецства
саговниковых и сведения о систематике семейства, его значении в природе и жизни
человека.
Ключевые слова:
Cyperaceae, Cyperales, cистематика, ареал, экология.
Abstract:
In this thesis, a general description of the family of cycads and information
about the systematic of the family, its importance in nature and human life is iven.
Keywords:
Cyperaceae, Cyperales, systematic, area, ecology.
Xiloldoshlar (
Cyperaсeae
) xilolnomalar (
Cyperales
) qabilasiga mansub yagona oila
hisoblanadi. Ushbu oilaga kiruvchi turkum va turlarning soni turli adabiyotlarda turlicha
keltirilgan. Pratov va Jumayev larning “Yuksak o’simliklar sistematikasi” nomli adabiyotida
xiloldoshlar oilasiga 100 ta turkumga mansub 4000 tadan ortiq tur kirishi haqida aytib
o’tilgan. Ular yer yuzida keng tarqalgan ko’p yillik o’simliklardan iborat. O’zbekistonda 16 ta
turkumga mansub 90 ta turi o’sadi. Oilaga ko’p yillik ildizpoyali o’tlar kiradi. Barglari ingichka
va qattiq. Gullari mayda, ko’rimsiz, ikki jinsli yoki bir jinsli, boshoqchalarda joylashgan.
Gulqo’rg’oni 6 ta yoki 3 ta tangachadan iborat, changchisi 3 ta, shamol yordamida
changlanadi. Mevasi 3 qirrali yong’oqcha.
Xiloldoshlar oilasining sistematikasi quyidagicha:
Bo’lim:
Gulli o’simliklar -
Magnoliophita
Sinf:
Bir pallali o’simliklar
- Liliopsida
Qabila:
Xilolnomalar -
Cyperales
Oilasi:
Xiloldoshlar -
Cuperaceae
Asosiy vakillari:
Tugunakli salomalaykum –
Cyperus rotundus, Cyperus fuscus
Yo’g’on tumshuq qorabosh –
Carex pachystilis
Ko’l qiyog’i –
Scirpus lacustris
Kechki xilol –
Juncellus serotinus
Dengizoldi suv xiloli –
Boldoschoenus maritimus
Xiloldoshlar oilasi keng tarqalgan va har xil ekologik sharoitlarga moshlashgan
o’simliklar oilasidir. Ushbu oila turlari, asosan, nam muhitlarda rivojlanadi, biroq qurg’oqchil
hududlarda ham uchraydigan vakillari bor. Ko’plab turlari suv bo’ylarida, botqoqliklarda,
daryolar, ko’llar va kanallar atrofida o’sadi, ba’zi turlari esa quruq yaylovlar va cho’l
sharoitlarida ham o’sishga moslashgan. Xiloldoshlar oilasi vakillarining keng tarqalganligiga
yana bir isbot, bu oila vakillarini Antarktidadan tashqari barcha barcha qit’alarda uchratish
YOSH OLIMLAR
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/yo
66
mumkin. Ular, asosan, tropik va subtropik hududlarda, shuningdek mo’tadil va sovuq iqlim
sharoitlarida ham o’sadi. Hududiy jihatdan tarqalishiga to’xtaladigan bo’lsak, xiloldoshlar
oilasini turli hududlarda tarqalganligini ko’rsak bo’ladi. Tropik hududlarda Papirus kabi
turlari tarqalgan bo’lib, Afrikadagi Nil daryosi va boshqa tropik botqoqliklarda ko’p uchraydi,
mo’tadil hududlardan Shimoliy Amerika, Yevropa va Osiyoda
Carex
va
Scirpus
kabi turlarini
ko’p uchratish mumkin, bundan tashqari, qurg’oqchil hududlarda ham ushbu oila vakillarini
uchratishimiz mumkin.
Ushbu oila ekologik, iqtisodiy va madaniy jihatdan muhim ahamiyatga ega bo’lgan
o’simliklar oilasidir. Oila vakillari tabiatni barqarorlashtirishda va inson faoliyatining turli
sohalarida keng qo’llaniladi. Ekologik jihatdan, xiloldoshlar, ayniqsa, botqoqli va nam joylarda
tuproqni eroziyadan himoya qiladi, ayrim turlari (
Scirpus va Eleocharis
) suv havzalarida
organik va kimyoviy ifloslanishlarni filtrlashga yordam beradi, suv havzalari atrofidagi
hayvonlar, qushlar va hasharotlar uchun yashash joyi va oziq manbai sifatida xizmat qiladi,
botqoqlik o’simliklari karbonat angidridni o’zlashtirib, iqlim o’zgarishini sekinlashtirishga
hissa qo’shadi. Iqtisodiy jihatdan, ko’pgina turlari chorva mollari uchun yem- hashak sifatida
ishlatiladi (
Carex
),
Cyperus papyrus
qadimdan qog’oz ishlab chiqarishda ishlatilgan hisoblanib,
hozirda
Scirpus
turlari tom yopish va savat to’qishda qo’llaniladi, qamish va shovur to’qilgan
gilamlar, savatlar va boshqa uy-ro’zg’or buyumlarini tayyorlashda foydalaniladi. Dorivorlik
jihatdan, ayrim qiyoqdoshlar xalq tabobatida keng qo’llaniladi (
Cyperus rotundus
oshqozon va
ichak kasalliklarini davolashda ishlatiladi). Estetik va bezak jihatdan, ko’plab qiyoqdoshlar
manzarali bog’larda suv havzalari yaqinida bezak o’simliklari sifatida ekiladi (
Eleocharis
acicularis
akvarium dizaynida ishlatiladi). Aytib o’tilgan foydali jihatlaridan tashqari, bu oila
vakillarining ayrimlari qishloq xo’jaligining madaniy ekinlari orasida ko’p uchrab,
o’simliklarga birmuncha ziyon keltiradi. Jumladan, o’simliklarni oziq muhitini kamayishi,
namlik yetishmovchiligi kabi salbiy oqibatlarga olib keladi.
Xiloldoshlar oilasi yuqorida ko’rib chiqqanimizdek dunyo bo’yicha keng tarqalgan oila
hisoblanadi. Ushbu oila vakillarini nafaqat muhit yaxshi bo’lgan hududlarda, bundan tashqari
botqoqlik, cho’l sharoitlari, sho’r va toshloq tuproqlar kabi muhiti unchalik darajada yaxshi
bo’lmagan hududlarda ham uchratish mumkin. Sistematik jihatdan ham turlarga boy.
Xiloldoshlar oilasi tabiatni saqlash va inson ehtiyojlarini qondirishda ajralmas ahamiyatga ega
hisoblanadi. Ularning ekologik va iqtisodiy foydalari ushbu o’simliklarni yanada o’rganish va
ulardan samarali foydalanish zaruratini ta’kidlaydi. Shu o’rganishlar natijasida, bu oila
vakillaridan kelajakda xo’jalik uchun xomashyolar, inson hayoti uchun zarur bo’lgan dori
vositalari olishda qo’l keladi.
References:
1.
Pratov O’. Jumayev Q. Yuksak o’simliklar sistematikasi. Toshkent, 2003. B135
2.
Tog’ayev I. Yuksak o’simliklar sistematikasidan amaliy mashg’ulotlar, uslubiy qo’llanma,
Toshkent, “Namangan” nashriyoti, 2015. B104-105
3.
Mo’minov M. Mamadaliyev A. Botanikadan amaliy mashg’ulotlar, Toshkent, “Yangi
nashr” nashriyoti, 2010. B156
