MUSIQA TA’LIMINING INSON HAYOTIDA TUTGAN O‘RNI VA QASHQAR RUBOBI BILAN ISHLASH TEXNIKASI
O‘zbek xalqining musiqa madaniyati uzoq asrlik tarixga ega, ko‘pgina sozanda va xonandalar avlodining faoliyatida qaror topgan xalq hamda og‘zaki an’anadagi ustozona musiqa san’ati bu haqda guvohlik beradi. Moddiy madaniyat yodgorliklarining tasdiqlashicha, bugungi O‘zbekiston hududida Markaziy Osiyo xalqlarining ajdodlari yaratgan qadimgi svilizatsiya mavjud bo‘lgan. Arxeologiya ma’lumotlari, tasviriy san’at asarlari (sharq poetik ijodiyoti asarlarida tasvirlangan miniaturalar), sharqshunoslarning yangi tadqiqotlari, o‘rta asrlarda Markaziy Osiyoda yashab ijod etgan olimlarning musiqiy risolalari tarjimasi o‘zbek xalqi musiqa madaniyati taraqqiyotining tarixiy jarayonini tasavvur qilishimizga yordam beradi. O‘zbek xalqining ma’naviy va milliy boyligi hisoblangan tanbur, dutor, nay, chang, g‘ijjak, qonun, ud, rubob kabi milliy cholg‘ulari mavjud. Xususan, o‘zbek ijrochilik san’atida ko‘plab cholg‘ular qatorida qashqar rubobi alohida o‘rin tutadi. Bu cholg‘u o‘zining jarangdorligi va juda qulayligi bilan xalqimizning sevimli cholg‘ularidan biriga aylangani ushbu maqolada ilmiy isbotlangan.