59
7.1
3
2
SON BILAN IFODALANGAN QASHQADARYO TOPONIMLARI
Quyanov Samandar Sayliyevich
Erkin tadqiqotchi
Annotatsiya.
Mazkur maqola Qashqadaryo viloyatidagi son bilan ifodalangan joy
nomlarning leksik-semantik tahliliga bag‘ishlangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi – viloyatdagi joy
nomlarining lug‘aviy va semantik jihatdan o‘rganilishi, ularning kelib chiqishi, ma’nosi va tarixiy
rivojlanishini aniqlashdir. Maqolada toponimlarning tabiiy, ijtimoiy, tarixiy va madaniy
kontekstlarda qanday shakllanganligi tahlil qilinadi. Qashqadaryo viloyati toponimlari, ko‘pincha
turkiy, fors-tojik va boshqa madaniyatlarning ta’sirida yaratilgan bo‘lib, ular hududdagi iqtisodiy,
ijtimoiy va diniy o‘zgarishlarni aks ettiradi. Tadqiqot davomida joy nomlarining etimologiyasi va
ma’no o‘zgarishlari, ularning tarixiy manbalar va xalqning madaniy an’analariga qanday
bog‘liqligi ko‘rib chiqiladi.
Kalit so‘zlar
: toponimlar, leksik tahlil, semantik analiz, etimologiya, tarixiy manbalar,
madaniy meros, joy nomlari, tilshunoslik, geografiýa.
Toponimlar – bu insoniyatning eng qadimiy madaniy va lingvistik
yodgorliklaridan biri bo‘lib, geografik obyektlarni nomlashda yaratilgan va tarixiy,
madaniy o‘zgarishlarni aks ettiruvchi maxsus atamalardir. O‘zbekistonning turli
mintaqalaridagi toponimlar, shu jumladan, Qashqadaryo viloyatidagi joy nomlari,
hududning tabiati, ijtimoiy hayoti va tarixiy jarayonlarini aks ettiradi. Qashqadaryo
viloyati, o‘zining qadimiy tarixiy merosi va turli madaniyatlarning kesishgan nuqtasi
sifatida, toponimlar orqali nafaqat geografik, balki ijtimoiy va madaniy o‘zgarishlarni
o‘rganish imkonini beradi.
Qashqadaryo toponimlari, ko‘pincha turli tillardan olingan, tarixiy shaxslar,
voqealar, tabiiy obyektlar va madaniy qadriyatlar bilan bog‘liq bo‘lib, ularning
ma’nosi va kelib chiqishi hududning rivojlanishi, aholisining yashash tarzini,
iqtisodiy faoliyatini va dinini aks ettiradi. Ushbu maqolada Qashqadaryo viloyatidagi
toponimlarning leksik va semantik tahlili amalga oshiriladi. Bunda, toponimlarning
lug‘aviy va ma’nodagi o‘zgarishlari, ularning etimologiyasi va semantik kontekstlari
o‘rganiladi. Shuningdek, toponimlar orqali viloyatning tarixiy va madaniy merosiga
oid yangi tafsilotlar ochishga intilamiz.
Qashqadaryo toponimlarining leksik-semantik tadqiqi, nafaqat tilshunoslik,
balki tarixshunoslik, etnografiya va madaniyatshunoslik sohalarida ham muhim
ahamiyatga ega. Bu tadqiqot, joy nomlarining o‘zgarishlarini, ularning ma’nolaridagi
o‘zgarishlarni va o‘tmishdan bugungacha bo‘lgan jarayonlarni yanada chuqurroq
tushunish imkonini beradi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining toponimlari orqali
o‘zbek xalqining madaniy va til merosi haqida yangi ilmiy xulosalar chiqarish
mumkin.
60
7.1
3
2
Quyidagi misollar orqali Qashqadaryo viloyatidagi besh so‘zi bilan boshlangan
toponimlarning leksik va semantik xususiyatlarini tahlil qilish, ularning kelib
chiqishi, ma’nosi va tarixiy rivojlanishini aniqlashga harakat qilamiz. Bu tahlil, joy
nomlarining o‘ziga xosligini, ularning hududdagi tarixiy va madaniy jarayonlarga
bog‘liqligini ko‘rsatishga yordam beradi.
BESHARIQ
– bir necha t. ariq, joy.
Anhor yoki uzani kengroq, tubi chuqurroq, notabiiy suv yo‘lidan besh (yoki
undan ko‘p, ba’zan oz) ariqqa bo‘lingan band quyisidagi joy, suv oqar joy –
Beshariq.
BESHBEK
–
Shahrisab tumanidagi qishloq.
Xalq izohiga ko‘ra beshta bek, beshta o‘g‘il tashkil qilgan qishloq. Qozoq tilida
pishpek – balandlik, tepalari ko‘p joy. O‘zbek tili o‘tmishiga oid pishpek so‘zining
o‘zgargan shakli – beshbek, ya’ni yonma-yon joylashgan tepalari ko‘p bo‘lgan
joydagi qishloq.
BESHBOLA
–
Yakkabog‘ tumanidagi qishloq.
Xalqona izoh: besh bo‘la (xolavachchalar) ning qishlog‘i; besh bola (yigit, oila)
tashkil qilgan qishloq. Beshbola – urug‘ nomi, qo‘ng‘irotliklarning oyinni bo‘limiga
xos urug‘lardan biri. 19-asr oxirida Zarafshon vodiysidagi qoraqalpoqlarning ham
beshbola urug‘i bo‘lgan (88-99). Surxondaryo turkmanjuzlarining, Farg‘ona
qipchoqlarining, Zarafshon sariq qipchoqlarining beshbola urug‘i borligi aniqlangan
(206-132;79-97).
Beshbola – Qashqadaryo qatag‘onlari va saroylarning urug‘i. Etnonim qishloq
nomiga o‘tgan. Aholining etnik tarkibi inobatga olinib, qishloq nomlangan.
BESHBULOQ
–
Dehqonobod tumanidagi shaharcha (2009).
Yonma-yon besh va undan ko‘proq miqdordagi bulog‘i bo‘lgan joy va shu
hududga yaqin yerda bo‘lgan qishloq – Beshbuloq. Buloqlarning jayolashuvi zich va
ko‘p sonli bo‘lganligi bois shu nom bilan atalgan.
BESHKAL –
Qamashi/Kitob tumalaridagi qishloq.
Mang‘it, yuz/uz va o‘zbeklashgan arablarning urug‘ tarmog‘i – beshkal
(217-6,594;79-113). Urug‘ tarmog‘i asosida qishloq nomlangan.
BESHKALTAK
–
Kitob tumanidagi qishloq.
Qo‘ng‘irotlar qushtamg‘ali bo‘limiga mansub kal urug‘ining bir tarmog‘i –
beshkaltak. Kenagaslarning ham beshkaltak urug‘i bo‘lgan. Janubiy Tojikiston
Qatag‘anlarining qorakaltak urug‘i bor (79-105). Akademik K.Shoniyozovning
tadqiqiga ko‘ra, beshkaltak qipchoqlariga xos urug‘i bo‘lib, kishi laqabi asosida
paydo bo‘lgan (206-300). Etnik mansublik qishloq nomi yaralishiga asos bo‘lgan.
61
7.1
3
2
BESHKAPA
– Qamashi/Shahrisabz/Koson/Yakkabog‘ tumanlaridagi
qishloq.
Tarkibi: besh+kappa. Kapa – vaqtinchalik turish, yashash uchun qilingan
boshpana. Kech bahor, yoz va erta kuzda yashash uchun qilingan vaqtinchalik
boshpanalar ko‘p qilinga joyda bunyod etilgan qishloq – Beshkapa.
BESHKO‘SA
–
Chiroq tumanidagi guzar, Kasbi tumanidagi mahalla.
Ko‘sa o‘zbek xalqi tarkibiga kirga bir necha qabila, urug‘larga mansub urug‘
tarmog‘i. Qashqa-Surxon qo‘ng‘irotlarining ochamayli, maydato‘da urug‘larining bir
tarmog‘i – beshko‘sa. Qo‘ng‘irotlarning qo‘shtamg‘ali bo‘limidagi urug‘ nomi –
beshko‘sa. Surxondaryo turkmanjuzlarining jilontamg‘ali bo‘limida ko‘sa urug‘ining
tarmog‘i (79-90, 91, 93). Urug‘ tarmog‘i nomi, mahalla nomiga aylangan.
BESHMACHIT
– Koson tumanidagi qishloq.
Machit arabcha masjid so‘zining xalq nutqidagi talaffuz shakli, ma’nosi – jam
bo‘lib namoz o‘qiladigan joy, ibodatxona. Namoz o‘qiladigan beshta machit bo‘lgan
joydagi qishloq – Beshmachit. Boshqa izoh: pesh+i+machit – machitning old
tomonidagi qishloq. Shu izoh asosliroq. Bir qishloqda beshta machitning bo‘lishi –
nohaqiqiy; qishloqning bitta machiti bo‘lgan.
BESHNOVA
– Qarshi shahri, Xudoyzot mah/guzar.
Tarkibi: besh+nova. Besh so‘zi joy nomlarida, turg‘un birikmalarda, xalq
maqollari va ibora (ko‘chma ma’noli birikma)larda, urf-odatlarni bildiruvchi
tushunchalar nomida aniq miqdorni emas, ko‘p, mo‘l, to‘rt-beshta yoki undan ortiq
kabi ma’nolarni bildiradi. Nova – suvni bir joydan boshqa joyga o‘tkazish uchun
yog‘och, quvur, ganch, sopol, metal va boshqa ashyolardan qilingan moslama, nov.
Beshta yoki undan ortiq suv o‘tkazish moslamasi, nov qo‘yilgan joy –
Beshnova.
BESHTANOB
–
Qarshi shahri, Kamandi mah/guzar.
Tarkibi: besh+tanob. Tanob (a) – yer o‘lchash, chiziq tortish kabi ishlarda
ishlatiladigan uzun ingichka chilvir, reja ip. O‘tmishda yer o‘lchov birligining nomi
tanob deb atalgan. O‘lchov birligining hajmi, miqdori turli joylarda turlicha bo‘lgan.
15 sotixdan 50 sotixgacha bo‘lgan maydon bir tanob hisoblangan. Ana shunday
hajmdagi yerning besh hissasi – besh tanob. Kamandi anhori yonidagi yerlar uzoq
o‘tmishda sug‘orib dehqonchilik qilingan. Beshtanob – taxminan 2 gektarga yaqin
miqdordagi yer.
BESHTERAK –
Kitob tumanidagi shaharcha (2009).
Beshta terak daraxti yonma-yon osgan joydagi qishloq deb izoh berishadi. Bu –
xalq izohi. Terak so‘zining qadimiy shakli – darak. Ma’nosi –ariq, anhorning bir
necha ariqchalarga bo‘linadigan joyi, band. Beshterak Beshdarak – katta ariqning
62
7.1
3
2
beshta ariqqa bo‘linadigan joyi, besh band. Ana shunday suv havzasi yonidagi
qishloq – Beshterak.
BESHTUT
– Kitob tumanidagi qishloq.
Joy nomlari tarkibidagi besh so‘zi uch va undan ko‘p miqdorni anglatadi; bir
necha, to‘rt-besh. Tut –ipak qurti uchun yemish bo‘ladigan bargli va oq, qora, qizil
tusli yumshoq meva beradigan, kam suv talab qiladigan daraxt. Besh tut – besh yoki
uchdan ortiq tut daraxti bo‘lgan joydagi qishloq.
BESHCHASHMA
– Chiroqchi tumanidagi qishloq nomi.
Besh –son jihatidan ko‘p, bir qancha. Chashma (f-t) – yer osti suvlari bir joydan
sizib yoki qaynab chiqadigan kichik havza, buloq. Beshta yoki undan ko‘p buloqli
joydagi qishloq – Beshchashma.
BESHO‘CHOQ
– Qamashi, Dehqonobod tumanlaridagi qishloq.
Tarkibi: besh+o‘choq. Chorvadorlarning, ko‘chmanchi aholining yaylovda yozgi
yashashi uchun yer yuzasidan, sal balandroq joydan qazilib, usti cho‘p, yog‘och va
xas-xashak bilan yopilgan vaqtinchalik makoni, yerto‘lasimon boshpana – o‘choq.
Ko‘p yoki bir necha yerto‘lasi yoxud yerto‘lasimon boshpanasi bo‘lgan joydagi
qishloq – Besho‘choq.
BESHO‘G‘IL
– Yakkabog‘ tumanidagi qishloq.
Qashqa-Surxon vohasi qo‘ng‘irotlari voxtamgali bo‘limiga qarshli bolgali
urug‘ining bir tarmog‘i – besho‘g‘il (79-90). O‘gil/ogil/ool/uul/ul so‘zli etnonimlar
bir necha turkiy xalqlarga xos: qirg‘izlarning tog‘ay qabilasi urug‘i – jeti uul
qirg‘izlarning bugu qabilasi urug‘i – otuzuul, qirg‘izlarda kirkuul, jumash uulu urug‘i
ham bor (10-33, 54). Tojikiston laqaylarida ucho‘g‘il degan urug‘ borligi ma’lum
(79-101). Etnonimlar tarkibida o‘g‘il so‘zi bola, farzand, avlod, bo‘g‘in, urug‘, qabila
ma’nolarini bildirgan. Qo‘ng‘irotlarning besho‘g‘il kichik urug‘ nomi qishloq nomiga
aylangan.
BESHQIZ
–
bir necha tumanlarda tepa/balandlik.
Joy nomlari tizimida besh so‘zi aniq besh raqami va ko‘p bir qancha ma’noni
bildirishga maxsuslangan. Quz/qiz – ust qismi tik toshtepasimon balandlik.
Shahar xarobalari o‘rnidagi qo‘rg‘on burjlari, minora qoldiqlari ham qiz so‘zi bilan
yuritilgan. Yonma-yon beshta va undan ko‘p tepalari bo‘lgan balandlik – Beshqiz.
BESHQOZOQ
– Kitob tumanidagi shaharcha (2009).
Shaharcha aholisi qozoq xalqiga mansub beshta odam kelib, yerni o‘zlashtirib,
obod qilib qishloq tashkil qilganligi bois Beshqozoq atalgan deyishadi. Bu – xalq
izohi. Qozoq xalqi va o‘zbeklarning qozoq urug‘iga bu nomning dahlia yo‘q.
Qadimgi turkiy tilda qazuq ariq – qazilgan ariq. Qazuq so‘zining o‘zgargani – qozoq.
63
7.1
3
2
Katta anhordan beshta kichik ariq (qazuq – qozoq)qa bo‘lingan band yonidagi
shaharcha – Beshqozoq. Beshariq nomiga ma’nodosh.
BESHQO‘RG‘ON
– Dehqonobod/Qamashi tumanidagi qishloq.
Mahalliy aholi past so‘zi o‘zgarib besh shakliga o‘tgan: pastdagi qo‘rg‘on deb
izohlaydi. Besh so‘zining ko‘p ma’nosidan tashqari qadimiy ma’nosi ham bo‘lgan:
qadimiy qo‘rg‘on, yonidagi qo‘rg‘onlardan oldin qurilgan qo‘rg‘on: ko‘p qo‘rg‘onli
qishloq. Boshqa bir izoh: fors-tojikcha pesh (yuqori, baland) qo‘rg‘on – yuqori
tomondagi istehkom, yuqori qo‘rg‘on.
BESHQO‘TON
– Dehqonobod tumanidagi qishloq.
Tarkibi: besh+qo‘ton. Joy nomlari tizimida besh so‘zi beshta raqamni, ko‘pincha
besh va undan ortiq miqdor, ko‘p, bir necha ma’nolarni bildirgan. Qo‘ton – qoramol
yoki qo‘y, echkilar qamalidan ko‘ra, molxona, qo‘yxona. Bahor, yoz va erta kuzda
qoramol, qo‘y-echkilar tushda, oqshom yotqiziladigan shamolgoh joy ham – qo‘ton,
vaqtinchalik qarorgoh. Yonma-yon joylashgan kichik, pastkam balandliklar va
maxsus joylar qo‘ton vazifasini bajargan, ular tez-tez o‘zgartirilib, almashtirilib
turilgan. Bir yilda bir necha yozgi qo‘tondan foydalanilgan. Ana shunday muvaqqat
qarorgohlarning bir nechasi bo‘lgan joy atrofidagi qishloq – Beshqo‘ton.
Xulosa qilib aytganda, mazkur maqola, Qashqadaryo viloyatidagi
toponimlarning leksik va semantik tahliliga bag‘ishlangan bo‘lib, viloyatdagi joy
nomlarining kelib chiqishi, ma'nosi, etimologiyasi va tarixiy rivojlanishini
o‘rganishga qaratilgan. Tadqiqotda ayniqsa “besh” so‘zi bilan boshlangan
toponimlarning leksik va semantik xususiyatlari yoritilgan. Ushbu joy nomlari,
ko‘pincha turkiy, fors-tojik va boshqa madaniyatlarning ta’sirida shakllangan bo‘lib,
ular Qashqadaryo viloyatining tabiati, ijtimoiy hayoti va tarixiy jarayonlari bilan
chambarchas bog‘liqdir.
Maqolada tahlil qilingan toponimlar, nafaqat hududning geografik o‘ziga
xosligini, balki uning iqtisodiy, ijtimoiy va diniy hayotini aks ettiradi. Qashqadaryo
viloyati joy nomlari, o‘zining tarixiy va madaniy merosiga oid muhim ma’lumotlarni
o‘zida mujassam etib, hududning turli davrlarda o‘tgan o‘zgarishlarini va aholisining
turmush tarzini yoritadi. Maqolada har bir toponimning etimologiyasi, ma’nosi,
tarixiy manbalari va xalq madaniyatiga bog‘liqligi ko‘rib chiqilgan.
Qashqadaryo viloyatidagi “besh” so‘zi bilan boshlangan toponimlar, o‘zining
lug‘aviy va semantik jihatlari bilan xalq an’analari va madaniy qadriyatlarini aks
ettirib, joy nomlarining rivojlanishidagi muhim bosqichlarni yoritadi. Bu tadqiqot,
nafaqat tilshunoslik, balki tarixshunoslik, etnografiya va madaniyatshunoslik
64
7.1
3
2
sohalarida ham muhim ahamiyatga ega. Toponimlar orqali viloyatdagi tarixiy
jarayonlarni, madaniy merosni va tilshunoslikda yangi ilmiy xulosalar chiqarish
imkoniyatlari mavjud.
Shu bilan birga, maqolada “besh” so‘zi bilan bog‘liq toponimlarning o‘ziga xos
xususiyatlari va bu nomlarning o‘zgarishlarini tahlil qilish orqali, joy nomlari
tizimining qanday rivojlanganligi, ularning qanday madaniy, ijtimoiy va iqtisodiy
o‘zgarishlarni aks ettirganligi hamda kelajakda bu sohani yanada chuqurroq o‘rganish
zarurligi ko‘rsatib berilgan. O‘zbek toponimikasi, uning tarkibiy qismlari va tarixiy
rivojlanishi tilshunoslik va madaniyatshunoslikda dolzarb masalalardan biri bo‘lib
qolmoqda.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
1.
Begmatov E., N.Uluqov.O‘zbek onomastikasi terminlarining izohli lug`ati.
Namangan, 2006.
2.
Karimov S.A. O‘zbek toponimikasi taraqqiyot bosqichida. T. Fan nashr., 2006.
3.
Toponimika .Suyun Qorayev .O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashr.
Toshkent – 2006.
4.
Nafasov T. Qashqadaryo qishloqnomasi. – Toshkent: Muharrir. 2009.
5.
Nafasov T. O‘zbekiston toponimlarining izohli lug‘ati. Toshkent ,1998.
6.
Oxunov N. Joy nomlari ta’biri.Toshkent,1994.
