Жамият ва инновациялар –
Общество и инновации –
Society and innovations
Journal home page:
https://inscience.uz/index.php/socinov/index
Abduvali Qutbiddin’s interpretation of poetry
Elnur NIYOZMATOV
1
Urgench Lyceum named after “Temurbeklar maktabi”
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Article history:
Received August 2021
Received in revised form
20 August 2021
Accepted 15 September 2021
Available online
11 October 2021
The article examines the poems of the talented poet Abduvali
Qutbiddin, who occupies a special place in Uzbek literature.
Questions of reading and understanding the poet’s poems,
feeling and analyzing his feelings will be discussed. The author
focuses on the meaning, style, effective use of art, as well as
differences and similarities between the works of other poets.
2181-1415/© 2021 in Science LLC.
This is an open access article under the Attribution 4.0 International
(CC BY 4.0) license (https://creativecommons.org/licenses/by/4.0/deed.ru)
Keywords:
Imagism,
vicissitudes,
modernity,
drama,
ontology,
tragedy,
emotion,
spiritual world,
inner experience,
lyrical hero,
parable,
diagnostics,
analysis of beauty.
Abduvali Qutbiddin she’riyatiga talqiniy yondashuv
ANNOTATSIYA
Kalit so‘zlar:
imajinizm,
peripetiya,
modern,
dramatizm,
ontologiya,
tragizm,
hissiyot,
ruhiy olam,
ichki kechinma,
lirik qahramon,
tashbeh,
tashxis,
husni ta’lil.
Ushbu maqolada O‘zbek adabiyotida o‘ziga xos o‘rin tutgan
iste’dodli shoir Abduvali Qutbiddin she’riyati haqida so‘z
yuritiladi. Shoir she’rlarini o‘qish hamda anglash, tuyg‘ularini
htis qilish, tahlil qilsh masalalariga to‘xtalib o‘tiladi. Muallif
ijodkorning ayrim she’rlarining ma’no-mazmuniga, uslubi,
badiiy san’atlardan unumli foydalanilishi hamda boshqa shoirlar
ijodidan farqli va o‘xshash jihatlariga e’tibor qaratgan.
1
Native language teacher, Urgench Lyceum named after “Temurbeklar maktabi”, Urgench, Uzbekistan.
Жамият ва инновациялар – Общество и инновации – Society and innovations
Special Issue – 9 (2021) / ISSN 2181-1415
356
Интерпретационный подход к поэзии Абдували Кутбиддина
АННОТАЦИЯ
Ключевые слова:
имажинизм,
перипетия,
модерн,
драма,
онтология,
трагизм,
эмоция,
духовный мир,
внутренний опыт,
лирический герой,
притча,
диагностика,
анализ красоты.
В статье рассматриваются стихи талантливого поэта
Абдували Кутбиддина, занимающего особое место в
узбекской литературе. Будут обсуждены вопросы чтения и
понимания стихов поэта, про чувствования и анализа его
чувств. Автор акцентирует внимание на значении, стиле,
эффективном использовании искусства, а также на
различиях и сходстве между произведениями других
поэтов.
Abduvali Qutbiddin shaxsi haqida , noyob she’riyati haqida qalam tebratishdan oldin yana bir
bor taniqli adabiyotshunos olimlar Ibrohim G‘ofurov, Botirxon Akram, Qozoqboy Yo‘ldoshev, Ibrohim
Haqqul kabi bu soha vakillarining mehnatlari-yu zahmatlarini dildan his etdim. Ularning shoir ijodiga
oid fikr-mulohazalaridan, tahlil-u talqinlaridan bir qancha ma’lumotlar,tushunchalar oldim.
Ustozlarning hayratomuz mushohadalari, she’riyat ilmi-ning haqiqiy darg‘alari ekanliklaridan lol
qoldim. Adabiyotshunos olim Abdug‘ofur Rasulov “tahlil va talqinlar – badiiiy asar bahosini belgilashda
bosh mezon” [1. B. 4] deganlarida naqadar haq ekanliklariga amin bo‘ldim.
Abduvali Qutbiddining ilk to‘plami “Nayson” (1988) ga so‘zboshi yozgan ustoz shoir Rauf Parfi:
“Abduvali she’riyati dunyoni obrazli idrok etishning ajoyib namunasidir. U borliqni yalong‘och tasavvur
qila olmaydi. Qalbida har bir lahzani, voqea va hodisani his qilib, kamalakdek jilo beradi” [2. B. 4], – deydi.
Bu gaplar 28 yoshli shoir ijodiga berilgan yuksak bahodir va bunga shoir she’rlarini o‘qigan hamda
uqqan har bir o‘quvchi amin bo‘lishi shubhasiz. Ustozning yuksak e’tirofidan ruhlangan shoirning
“Humo”, “Baxtli yil”, “Xayol kechasi”, ”Sen va sen uchun”, “Uzoqdan olisga” va boshqa she’riy to‘plamlari
nashr etildi. Shoir ijodi haqida bir qator ilmiy va publitsistik maqolalar, nomzodlik va doktorlik
dissertatsiyalari yozilgan. Shu o‘rinda Ibrohim G‘ofurovning “Tafakkur shakllari” (2019), Maftuna
Xolovaning “O‘zbek modern she’riyati poetikasi”, (Samarqand-1918), Gulnoza Oripovaning
“Mustaqillik davri o‘zbek she’riyatining g‘oyaviy-estetik va badiiy xususiyat-lari” (Farg‘ona, 1919),
Mahfuza Davronovaning “Hozirgi o‘zbek she’riyatida individual uslub poetikasi (Usmon Azim, Iqbol
Mirzo,Faxriyor va Abduvali Qutbiddin she’riyati misolida)” (Samarqand, 2019), Dishod Xursanovning
“Hozirgi o‘zbek she’riyatida xrono-top poetikasi”
(Samarqand, 2020) kabi doktorlik ishlarida Abduvali
Qutbiddin she’riyati xususiyatlari ham ilmiy tahlil qilingan.
Taniqli adabiyotshunos olim Ibrohim G‘ofurov ta’kidlashicha: “Abduvali so‘zni chin bozingar
kabi o‘ynatadi.So‘z she’rning tasvir predmetiga aylanadi. So‘z badiiy tasvirning chinakam manbai, so‘z-
obraz. Bu imajinizm-ku deyishingiz mumkin. Ha, ta’bir ko‘tarsa imajinizm” [3. B. 4].
So‘z orqali o‘quvchining tasavvur olamini kengaytirish, ruhiyatiga ta’sir etish, o‘z o‘y-xayollariga,
iztiroblari-yu, qalb nolalariga o‘quvchini sherik qilish, sevish, sevdirish, menimcha, har kimning ham
qo‘lidan kelavermaydi. Bu faqat ilohiydan berilgan ne’mat – so‘z sehri va tug‘ma iste’dod mevasidir.
Ayrim hollarda “shoir ijod jarayonida g‘ayri shuuriy tarzda yozadi yoxud asarini yaratadi: obrazlarning
qilmishi, xatti-harakati, voqealar yechimi ijodkor inon-ixtiyoriga bo‘ysunmay qoladi” [4. B. 25]. Bunday
holatga tushmagan ijodkor bo‘lmasa kerak. Haqiqatan ham ayrim she’rlar, misralar uchun soatlab,
kunlab, oylab bosh qotirilsa, ayrimlari tuxumdan chiqqan jo‘jalarday potirlab chiqaveradi. hatto ijodkor
shu misralar o‘ziniki ekanligiga ishongisi kelmaydi. Kutilmagan kulminatsiya, kutilmagan peripetiya,
Жамият ва инновациялар – Общество и инновации – Society and innovations
Special Issue – 9 (2021) / ISSN 2181-1415
357
kutilmagan chiroyli yechim va xotimalar ilhom parilari yordamida ilohiy qudrat, kuchli qobiliyat
yordamidagina yuzaga keladi.
Professor Qozoqboy Yo‘ldosh shoirning lirik qahramoni haqida: “Abduvali Qutbiddinning lirik
qahramoni – 80-yillar farzandini turg‘unlik yillari tarbiyalab, hayotga yo‘l ko‘rsatgan edi. 80-yillar avlodi
oldida mashaqqatli vazifa – juda ko‘p yolg‘on aralash-gan kechagi va bugungi hayotdan insoniy haqiqatni
zarra- zarralab terib Buyuk Haqiqat-ning yaxlit vujudini yaratish zarur edi ” [5, b. 6] deb yozadi “She’rlar”
to‘plami so‘zboshi-sida. Ohorli tashbehlarga boy she’rlarining ko‘pchiligida shoirning o‘zi lirik
qahramon obrazida gavdalanadi.
“Zarbof to‘n kiygan darg‘a mendirman”, “Tonglari boshingdan sepaman quvonch”,
“Ko‘zimdan o‘pib qo‘y, Osima”, “Taxayyul tunida seni esladim”, “Ne deyin sahroda dardkashim
sarob” kabi she’rlari fikrimiz dalili bo‘la oladi.
Hech kim sevgan emas meni senchalik,
Qaqnus tumshug‘ida yongan alanga.
Azizam, azizam, g‘amgin azizam,
Saodat olmoqqa yeturmi tangam.
Naqadar mo‘jizakor, jozibador misralar! Ularni o‘qib, uqib hayrat daryosiga sho‘n-g‘ib
ketasiz.”Qaqnus tumshug‘ida yongan alanga”, “Saodat olmoqqa yeturmi tangam” bu chin baxtga
talpingan, hajr o‘tida yongan qalb nolasi emasmi!? Mumtoz adabiyotimizda “o‘t” (olov, alanga) obrazi
juda ko‘p uchraydi. Buni biz hazrat Navoiy ijodida, Lutfiy, Ogahiy ijodida va ulardan oldin yashab o‘tgan
tasavvuf yo‘nalishidagi otashnafas shoirlar ijodida uchratish mumkin. Xususan, Ahmad Yassaviy ham
hikmatlaridan birida o‘t obrazini qo‘llagan:
Muhabbat jomin ichgan devonalar
Qiyomat kun o‘t og‘zidan sochar, do‘stlar.
Qudrat bilan yaratilgan yetti tamug‘,
Oshiqlarning na’rasidan qochar do‘stlar.
Bu yerda Yassaviy hazratlari ilohiy ishq dardiga mubtalo bo‘lgan oshiqlarning bu dunyo hoy-
havaslaridan voz kechib, devona bo‘lib qolganliklarini, qiyomat kuni kelganda ishq olovi battar avj olib,
og‘zidan o‘t sochishi va u o‘t oshiqlar na’rasi-la chiqishidan yetti do‘zax qochishi juda mahorat bilan
tasvirlangan. Oshiqlarning o‘tli na’rasidan yetti do‘zaxning qochishi, albatta, o‘ta kuchaytirilgan
mubolag‘a. Shu bilan birga bu o‘ziga xos topilma, chiroyli tashxis va orifona izlanish natijasidir.
Abduvali Qutbiddin ana shunday an’anaviy mushohadalar, mubolag‘alar, husni ta’lil, tashxis,
tashbeh-u, iyhom san’atlaridan zamonaviy usulda yaratgan she’rlarida ham unumli foydalangan.
Shoirning “Ahmad Yassaviy”, “Munojot” she’rlarini bir necha marta qayta-qayta o‘qimas ekan o‘quvchi
shoir mushohadasini anglay olmasligi turgan gap.
Odamning o‘zidan ozod qil ozod,
Menga ham odamlik baxtin ato qil …
Yo, rabbim …
Xaslar tushmoqdalar xaslar ustina …
Bu misralarda hayotda o‘zini odam qiyofasida ko‘ringan manqurtlar,beburdlar, boqibeg‘amlar
va odam-shaytonlardan ozod qilinishini, odamlik baxtini berishini Allohdan so‘rayotganini va
hayotning ma’nosini tushunmay, unga befarq qarab, bema’ni hayot kechirib shunday o‘tib ketayotgan
kishilar xaslarga qiyoslanilayotganini ko‘rish mumkin.
Abduvali Qutbiddinning ishq-muhabbat mavzusidagi she’rlari ham betakrorligi bilan kishini
o‘ziga jalb etadi. Ulardagi oshiq holati, qandaydir sirlilik va kutilmaganlik holatlari o‘zgacha-o‘zgacha
ranglarda jilolanadi.
Muyassar bo‘lmagay husni jamoling,
Жамият ва инновациялар – Общество и инновации – Society and innovations
Special Issue – 9 (2021) / ISSN 2181-1415
358
Yomg‘irdan esdalik nuqtaday xoling.
Uzilgan arg‘amchi misoli holing,
G‘ir- g‘ir oqib qoldi aql-u hushim ham,
Yostig‘ing ustiga tushgan tushim ham.
Birinchi misraning o‘zidayoq qat’iy ta’kid, tushkun holat ko‘zga tashlanadi. Xolning yomg‘irdan
esdalik bo‘lishi, aql-u hushning shaxslantirilishi, tushning tushib qolishi bular hammasi aql bovar
qilmaydigan yangi topilmalar. Shunday jozibador she’rlaridan misollar keltiramiz:
Orazi ko‘zguda ayni hiloldur,
Kamolin soqchisi, jangchi maloldur.
* * * *
Boshingda gulchambar, qarog‘ida oy,
Sevdim dedim seni, manglayi yalpiz.
* * * *
Ninachi qanotin hijob qilsaydi,
Qil ko‘prik yo‘l topib bera bilsaydi,
G‘am cheksak Binafsha ovuntirsaydi,
To‘l – g‘o – na, to‘l – g‘o – na
Jon
Berar edik
Bu misralarda ifodalangan dramatizmni, ma’no-mazmunni har kim o‘zicha tushunishi, tahlil
qilishi turgan gap. Ninachining qanotini parda qilishi, binafshaning ovuntirishi, to‘lg‘ona so‘zining
bo‘g‘inga ajratib yozilishi, jon so‘zining alohida bir qatorda turishi – hammasining o‘ziga xos ma’no
mohiyati, ohangdorlikni kashf etishi, har bir so‘z-ning jozibasi, yangicha talqini haqiqiy mahorat
nishonasi desak mubolag‘a emas.
Abduvali Qutbiddinning zamonaviy (modern) yo‘nalishda yozgan ko‘pgina she’rlari safdoshlari
Aziz Said, Faxriyor, Bahrom Ro‘zimuhammad kabi shoirlar ijodiga hamohang. Shoirning sof o‘zbekcha
so‘zlarni mohirona qo‘llashi, ularga yangi-yangi ma’nolar yuklashi, shiddatli hukmlar chiqarishi,
betakror ifodalar, tashbehlar yaratishi o‘zbek adabiyotida, o‘zbek she’riyatida o‘ziga xos o‘ringa ega
shoirlardan ekanligini ko‘rsatadi. Uning she’riy asarlarini adabiyot atalmish bo‘stonning so‘lmas
chechaklariga mengzasak adashmaymiz. Abduvali Qutbiddin she’rlarini to‘g‘ri kelgan kitobxon o‘qib
tushunishi qiyin. Uning she’rlaridagi mavhumlik, dramatizm, tragizm ontologik, g‘ayrishuuriylik
tushunchalarini faqat adabiyotshunoslik darg‘alarigina har tomonlama, to‘laqonli tahlil qila oladi.
She’rlarida dialektik unsurlardan mohirona foydalanib so‘z jozibasini, qadr-qimmatini oshirishga
harakat qilgan, ijodining dastlabki namunalaridanoq ustozlar e’tirofiga sazovor bo‘lgan shoirning biror
so‘zni noo‘rin qo‘llaganini uchratmadim. O‘ylaymanki, kelgusida Abduvali Qutbiddin ijodining
ochilmagan qirralari ochiladi, keng kitobxonlar orasida shov-shuvga sazovor bo‘ladigan asarlar, ilmiy
va publisistik maqolalar hali ko‘p yoziladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1.
Abdug‘ofur Rasulov “Tanqid, talqin, baholash”. T., “Fan” nashriyoti. 2006.
2.
A. Qutbiddin “Nayson” T.G‘. G‘ulom nashriyoti. – 1988. – B. 4.
3.
A. Qutbiddin “She’rlar” kitobi so‘z boshisi Ibrohim G‘ofurov “Tafakkur shakllari” jurnali. – B. 4.
4.
Botirxon Akram “Fasohat mulkining sohibqironi” T., “O‘zbekiston” 1991.
5.
A. Qutbiddin Hayol kechasi. T., “Yozuvchi”. 1994.
6.
Ahmad Yassaviy “Devoni Hikmat”. T.G‘. G‘ulom nashriyoti. – 1992.
