https://scientific-jl.com/luch/
Часть-41_ Том-21_ Март-2025
420
BADIIYATDA HAYOTIY ZIDDIYAT AKSI
Qurbonova Gulbahor Safarovna
Jizzax davlat pedagogika universiteti
katta o‘qituvchisi, f.f.f.d. (PhD)
Annotatsiya: Ushbu maqolada Nurali Qobul qissalari misolida badiiy
asarlarda konfliktning o‘rni tahlilga tortilgan. Ziddiyat, asrdagi qarama-
qarshiliklar asarni harakatga keltiruvchi vosita ekanligi ko‘rsatilgan.
Kalit so‘zlar: adabiyot, hayot, ikkilik, ruhiyat, konflikt, xarakter, qiyos, fojia,
do‘st, muhit.
Аннотация: В данной статье роль конфликта в художественных
произведениях анализируется на примере рассказов Нурали Кабула.
Показано, что конфликт, противоречия века являются средствами,
движущими работу.
Ключевые слова: литература, жизнь, двойственность, психика,
конфликт, персонаж, сравнение, трагедия, друг, окружение.
Annotation: In this article, the role of conflict in artistic works is analyzed
on the example of Nurali Kabul stories. It is shown that the conflict, the
contradictions of the century are the means that move the work.
Key words: literature, life, duality, psyche, conflict, character, comparison,
tragedy, friend, environment.
Adabiyot yaralibdiki, unda ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik kabi
ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar mavjud. Chunki hayot o‘zi ikkilikdan mavjud.
olam va odam yaratilishi ikkilikdan iborat. Hattoki, bir inson ruhiyatida ikki xil
kechinma mavjud. Shunday ekan “Zotan adabiyotning o‘ziga xos xususiyatini
belgilovchi bosh maqsadi ham insonning turli xil ruhiy kechinmalari, uning
https://scientific-jl.com/luch/
Часть-41_ Том-21_ Март-2025
421
ma’naviy olami, hayotda tutgan o‘rni va orzu intilishlarini tasvirlashdan
iboratdi[1:8-b.].
“Tubsiz osmon” qissasi bola tilidan bayon qilinadi. Asar bola ruhiyati, uning
dardli kechinmalari va jamiyat (tashqi muhit)ning bola ruhiyatiga ta’siri natijasida
kelib chiqadigan ziddiyatlar asosiga qurilgan.
Ziddiyat, konflikt badiiy asar uchun ahamiyatli. Chunki hayot ham,
voqeliklar ham ziddiyatlar majmuidan iborat. Shunday ekan, hayotning badiiy
in’ikosi bo‘lmish badiiy asarda ham ziddiyat va qarama-qarshiliklar bo‘lishi tabiiy
hol. Akademik Izzat Sulton bu borada “Syujetida konflikt bo‘lmagan asar
ta’sirchan emas, chunki unda hayotiy haqiqat to‘la va izchil ifodalanmaydi. Faqat
hodisalar to‘qnashuvi natijasidagina ularning ichki dunyosi eng to‘la ravishda
ochiladi”,[2:174-b.] - degan edi.
Birgina bolaning hayoti, qarashlari, uning atrofida bo‘layotgan ziddiyatlar
orqali ijtimoiy muammolarni ko‘tarib chiqishga erisha olganligi yozuvchining
mahoratidan dalolat beradi.
Asar “Men otarimizning ko‘p yillik qo‘riqchisi – qadrdon Bo‘ynog‘imning
bolalashini har galgidek sabrsizlik bilan kutardim” deb boshlanadi. Shu jumlaning
o‘zidayoq bolalarcha beg‘uborlik, hayvonlarga bo‘lgan qiziqish va sevish
tuyg‘ulari sezilib turibdi.
Asar qahramonlari 7 yoshli Norbo‘ta, otasi - Jo‘raboy, onasi-Norxol,
singlisi-Mo‘tabar, ena, savxoz direktori, cho‘ponlar-Hamro, Mamadazim.
Bola bola qalbi bilan Bo‘ynoqning bolalashini sabrsizlik bilan va zo‘r
quvonch bilan kutardi. Bola uchun quvonchli bo‘lgan bu holat, oila uchun aksi edi.
“-He, tug‘may tug‘uqsiz ket! Yana hammayoqni bosib ketadigan bo‘ldi! Necha
marta aytdim sizga, shu qari qanjiqni yo‘qoting, deb! Usiz ham yetim qo‘zilarni
boqish jonimga tegib ketdi!- deb nolirdilar achchig‘i chiqqan paytlarda ayam
dadamga”. [3:182-b.] Onasi bu gapni Norbo‘taga eshittirmay aytishga harakat
qiladi. Bolaning yonida Bo‘ynoqni deyarli jerkimaydi ham. Lekin nochora bolasi
https://scientific-jl.com/luch/
Часть-41_ Том-21_ Март-2025
422
uchun qadrdon do‘stdek bo‘lib qolgan, uning quvonchiga aylangan hayvon haqida
bir nima deyolmasa ham vaziyat, o‘sha davrdagi ijtimoiy muhit shuni – Bo‘ynoqni,
uning endi tug‘ilajak bolalarini yo‘qotishga majbur qiladi.
Aholi gavjum yashaydigan qishloqdan uzoqda, qir-adirlar bag‘rida
cho‘ponlik qilib kun ko‘radigan bu oilaning farzandi, albatta, atrofda tengqurlari
bo‘lmaganligi sababli it bilan, qo‘zi bilan, tabiat bilan do‘st bo‘lishi tabiiy hol. “U
bilan qachon bunchalik qadrdon bo‘lib qolganimni eslayolmayman. Nazarimda,
esimni tanib ko‘zimni ochibmanki, Burguttepaning yonidagi qo‘tonimizda
Bo‘ynoqni ko‘rgandayman. Shundan beri bir-birimizni ko‘rmasak turolmaymiz”.
Bola Bo‘ynoqni qanchalar yaxshi ko‘rsa, unga mehr bersa, Bo‘ynoq ham
Norbo‘taga xuddi shunday iliq munosabatda bo‘lardi. U bilan o‘ynardi, hatto bola
yiqilib tushayotsa yumshoq tushsin deb tagiga o‘zini tashlardi, bola toqqa chiqsa
unga hamrohlik qilib, uni qo‘rib borardi. Xullas, haqiqiy ajralmas do‘stlar edi.
Norbo‘ta bilan Bo‘ynoqning davrasiga keyinchalik yetim qo‘zi qo‘shiladi:
“Keyin bizga onasini Jiydalining dashtida jondor tortib ketgan, ayam shishada sut
beradigan, dadam duch kelgan sovliqni ushlab emizadigan ko‘k yetim qo‘zi
qo‘shildi… Shu kundan boshlab u doim orqamizdan ergashib yuradigan, kun bo‘yi
Burguttepada yoki Teraklisoydagi kattakon oq terak ostida biz bilan o‘ynaydigan
bo‘ldi” [3:184-b.]. Shunday qilib do‘stlar safi kengaydi. Onaning tashvishi esa
ko‘paydi. Bolalariga, itlarga, yetim qo‘zilarga qarash, ularni ovqatlantirish kerak.
Shundoq ham ro‘zg‘orni bazo‘r tebratib, naridan beri kun ko‘rayotgan oila uchun
bu og‘irlik qilardi. Shu sababli ona turmush o‘rtog‘iga hech bo‘lmasa yaqinda
bolalaydigan Bo‘ynoqdan qutilish haqida tez-tez diydiyo qila boshlaydi. Aslida
Bo‘ynoqning bu uyda qolishiga onasining o‘zi sababchi. Chunki Mamadazim
cho‘ponning qo‘lida ishlab yurgan vaqtda otasi kuchukcha olib keladi. Uning
hamma joyi qora bo‘yni oq bo‘lgani uchun enasi Bo‘ynoq deb nom beradi. Otasi
Mamadazim bilan chiqishmay qolgach, uning otaridan ketadi. O‘sha vaqti “itning
https://scientific-jl.com/luch/
Часть-41_ Том-21_ Март-2025
423
itini yo‘qot” deganda onasi itda nima ayb, Norbo‘ta unga juda o‘rganib qoldi deb
olib qoladi.
Otasi – Jo‘ravoy vijdonli, oqko‘ngil, faqat urush ko‘rganligi sabablimi
cho‘rtkesar, o‘z so‘zida turib oladigan, tezobroq inson. U Mamadazimdan
bo‘shagandan keyin o‘zi otar olishga ahd qiladi. Direktor oldiga borganida o‘zini
ancha taroziga solgan direktor uchinchisida rozi bo‘ladi. “Olti yuz saralangan to‘qli
beraman. Bu yil senga qo‘zi rejasi yo‘q. Yigirmata yaxsh qo‘chqor topib, hech
kimga bildirmay suruvga qo‘yib yuborasan. To‘qlilar semiz. Qochish paytida
kechalari o‘rilgan bedapoyaga bir-ikki yoyib olasan. Faqat hech kim sezmasin.
Kamida yarmi qo‘zilaydi. Qo‘zilarning hisob-kitobini faqat ikkimiz qilamiz. Bu
haqda keyin gaplashamiz” Jo‘ravoy hozir birdan “yo‘q” desa otarni ololmasligini
o‘ylab, indamaydi, ichida esa norozilik bildiradi.
Yozuvchi “direktor bovo” misolida ko‘plab shu kabi rahbarlarni nazarda
tutgan, menimcha. Xalqning boyligi, ularni oqilona boshqarish topshirilgan
“direktor bovo”lar ko‘rsatib berilgan. Adib qahramonning xatti-harakatini
ko‘rsatish orqali uning ma’naviy dunyosini tasvirlashni o‘z oldiga maqsad qilib
qo‘yadi. Xalq molidan, xalq mulkidan oqilona foydalanib uni ko‘paytirish, to‘g‘ri
taqsimlashga harakat qilish o‘rniga xalq mulkini talon-taroj qilib, yashirincha
yo‘llar bilan shaxsiy o‘zlashtirishga urinish ochib berilgan. Shu o‘rinda bola tilidan
aytilgan yozuvchining quyidagi fikrlariga e’tibor qarataylik: “Dadamning
aytishlaricha, ko‘pchilikning rizqiga ko‘z olaytirganning u dunyo-yu bu dunyosi
obod bo‘lmasmish”.
Jo‘ravoyning xarakteri esa direktorning butunlay aksi. Hattoki qo‘y-
qo‘zilarning junini olayotgan vaqtda xotini oq qo‘zining junini paqirga solib olib
ketgan vaqtidagi bir og‘iz gapida ham buning isbotini ko‘rishimiz mumkin. “- Bor
ayangga ayt! Junni olib kelib joyiga qo‘ysin! – dedilar qahr bilan. – Bitta qo‘zining
juni bilan davlat boyib qolarmidi? Ma, olib bor shu matohini! Dadangga davlat –
https://scientific-jl.com/luch/
Часть-41_ Том-21_ Март-2025
424
uy, davlat – xotin, davlat – bola-chaqa. Koshki, shunchalik jonini jabborga
berganini birov bilsa! – Ayam jahl bilan chelakni menga uzatdilar”.
Norxolning gaplarida haqiqat bor edi. O‘z mehnati bilan emas, o‘zgalar
(Jo‘ravoyga
o‘xshaganlarning) mehnati bilan qornini qappaytiradigan,
farzandlarini to‘g‘ri yo‘naltirib, tarbiyalab emas, davlatning qo‘ylarini sotib pul
bilan oliygohlarga kirgizadigan rahbarlar qanday qilib Jo‘ravoylarning qadriga
yetishsin. Ahir, ularda samimiylik, vijdon, vatanparvarlik tushunchalari yo‘qku.
Shuni bilgani uchun ham Norxol kuyardi “Ikki yil chorvaga yaqinlashganlarning
tagida “Volga”si bor. Otang esini taniganidan beri qo‘y boqsa ham, eski “patpat”i
yangi bo‘lmaydi. Hayriyat, yomon bo‘lsa ham Mamadazim hech nima oraga
tushib, shu “patpat”ni olib bergan edi. Biror gap deguday bo‘lsang, “Qora non
bo‘lsayam halol yeyman” deydi. Huddi hamma haromu dadang halol bu dunyoda!-
derdilar ayam jig‘ibiyron bo‘lib”.
Vijdonan ish tutgani, g‘irromlik qilmasligi sababli Jo‘ravoyning biri ikki
bo‘lishi qiyinlashayotgandir. Lekin u farzandlariga, oilasiga halol luqma yegizadi.
Norxol ham yetishmovchiliklar sabab jig‘ibiyron bo‘lib tursa ham baribir erini
hurmat qilar, turmush o‘rtog‘i nima desa ma’qullab jimgina o‘tiraverardilar.
Norbo‘taning singlisi Mo‘tabarning qissa davomidagi tasvirlari juda
ishonarli, juda chiroyli chiqqan. Mo‘tabarning akasiga bo‘lgan munosabatlarida,
ota-onsiga qilgan xarxashalarida o‘z yoshligingizni, beg‘ubor bolalik, injiq va
tozatabiat qizni ko‘rasiz. Bu o‘rinda yozuvchi hech qanday mubolag‘a
qo‘llamagan, qizaloq qanday bo‘lsa shundayligicha tasvirlagan. Shuning uchun bu
epizodga mehringiz tushib qoladi. Aka-singil munosabatlari ham bor bo‘yicha
samimiy yoritilgan: “- Kel Mo‘ttijon, ikkovimiz achom-achom qilib yotamiz-
dedim.
-Ho-ho, kerak emas. Sen bilan yotmayman, sen Bo‘ynoq bilan yotgansan.
Usting harom bo‘ldi, qo‘llaring ham harom,- dedi.
https://scientific-jl.com/luch/
Часть-41_ Том-21_ Март-2025
425
-Hm-m, dadam bilan ayam bor-da, bo‘lmasa o‘sha echkining dumiga
o‘xshagan sochlaringni yulib olardim!- dedim ko‘rpachaning ostidan mushtimni
ko‘rsatib. U bo‘lsa meni masxara qilib, og‘zini qiyshaytirdi. Men indamadim. Yana
biror narsa desam hamma gapni, Bo‘ynoq bilan birga uhlaganimni, bir kosada
ovqat yeganlarimni dadamga chaqib beradi. Bo‘ynoq bilan birga uhlab yotganimni
u ikki marta ko‘rgan. “ Dadamlarga aytaman “, deganda chumchuq ushlab berib
aldaganman. Hullas, Mo‘tti men bilan o‘ynashdan ko‘ra ayamning orqasidan
ergashib, g‘ing‘irlab yurishni yaxshi ko‘radi. Mening ham u bilan o‘ynashga
toqatim yo‘q. Bilmay turtib yuborsang ham baqirib yig‘laydi. Qiziq, biror narsani
so‘raganda bermasang, huddi kaltak yeganday uvvos solib yig‘laydi.” Mo‘tabar
haqidagi fikrimizni Norbo‘ta aytgan yuqoridagi parcha bilan yakunlamoqchimiz.
Shu birgina parcha orqali yozuvchining Mo‘tabarni yaratishdagi mahorati ko‘rinib
turibdi. Haqiqiy o‘zbek qizalog‘i.
Nurali Qobulning “Tubsiz osmon” qissasini o‘qish davomida asar syujetiga
o‘xshash Shukur Xolmirzaevning “Ot egasi”, Ivan Turgenevning “Mumu”,
Chingiz Aytmatovning “Oq kema” asarlari va ulardagi qahramonlar ko‘z
oldingizda gavdalanadi.
To‘g‘ri, Shukur Xolmirzaevning “Ot egasi”, Ivan Turgenevning “Mumu”
hikoyalari yakuni o‘zgacharoq, har ikkisida ham asar qahramonlari o‘zlari uchun
sevimli bo‘lgan hayvonlarini o‘zlari o‘ldirishadi. Lekin bu to‘rtta asarda ham g‘oya
bir – tabiatni, hayvonlarni sevish, ardoqlash. Yana o‘xshashliklari – Norbo‘tada it,
oq terak va yetim qo‘zi bor. “Oq kema”dagi bolakayda durbin, portfel, toshlar bor.
Inotda qabriston, qishloq va oti bor, Gerasimda avval Tatyana, keyin kuchukchasi
bor. Inot o‘z otini yaxshi ko‘rgani uchun boshqalarga bermaslik maqsadida otib
o‘ldiradi. Gerasim esa kuchukchasiga bo‘lgan mehri sababli, uni boshqaga
bermaslik uchun cho‘ktirib o‘ldiradi. “Tubsiz osmon” bilan “Oq kema”da esa holat
boshqacha yakun topadi.
https://scientific-jl.com/luch/
Часть-41_ Том-21_ Март-2025
426
Azaldan “haqiqat qiyosda bilinadi” deydi xalqimiz. Qiyosiy tahlildan
maqsad qiyoslanuvchi ob’ektlarning o‘xshash va farqli jihatlarini aniqlash, ular
orasidagi umumiyliklarni yuzaga chiqarishdir. Nurali Qobulning yozuvchilik
mahoratini kengroq ochib berish maqsadida “Tubsiz osmon” qissasini Chingiz
Aytmatovning “Oq kema” asari bilan qiyoslaymiz.
“Tubsiz osmon” bola tilidan hikoya qilinadi. “Oq kema” asarida ham ko‘plab
voqealar muallif nutqidan tashqari bola tilidan hikoya qilinadi. Norbo‘ta ham, “Oq
kema” dagi bola ham yetti yosh.
“O‘sha yili u yetti yoshga to‘lib, sakkizga qadam qo‘ygandi” [4:3-b.].
(Keyingi iqtiboslar ham shu asarlardan olinadi).
“Men kelasi yili sakkizga kiraman, Bo‘ynoq esa o‘n oltiga”.
Har ikkisining ham do‘stlari yuqorida sanab o‘tganimizdek, ongsiz
mavjudotlar, hayvonlar, jonsiz narsa-buyumlar.
Norbo‘taning Bo‘ynoq, yetim qo‘zi bilan do‘stlashish jarayonlarini yuqorida
ko‘rib o‘tdik. U yashayotgan muhitda unga eng yaqin bo‘ladiganlari shu do‘stlari
edi. “Oq kema” qissasidagi bola yashaydigan joy ham shunga o‘xshash:
“Qorovulxonada bor-yo‘g‘i uch oila yashaydi… Uch hovlida yolg‘iz bitta bola
bo‘lib, u har safar ko‘chma do‘konni birinchi bo‘lib ko‘rar edi”. Qolgan ikki
oiladan biri befarznad, ikkinchisining esa emizikli qizchasi bor. Shu sababli bola
yolg‘iz, jo‘ralarsiz, mana shu narsalar – durbin, toshlar – “cho‘kib yotgan tuya”,
“bo‘ri”, “egar”, “tank” qurshovida yashardi.
“Tubsiz osmon”da Norbo‘taning bunaqa sharoitda yashashiga ota-onasining
tutgan yo‘li, chorvachilik, poda boqib kun ko‘rishi, turmush, tirikchilik qilishi
sabab bo‘lsa, “Oq kema”dagi bolaning bunday sharoitda yashashiga ham ota-onasi
sababchi edi. Farqi shundaki, Norbo‘taning ota-onasi birgalikda, hamjihatlikda oila
tebratish, tirikchilik qilish uchun bu yerlarda yashayotgan bo‘lsa, “Oq kema”dagi
bolakayning ota-onasi turmushning mushtiga chidolmay oila deb atalmish
qo‘rg‘onni buzib, ikkisi ham o‘zlari uchun yangi, yaxshi hayot izlab ketganligi
https://scientific-jl.com/luch/
Часть-41_ Том-21_ Март-2025
427
sababli, bola yolg‘iz. Afsuski, “Oq kema” qahramoni ota-onasiz, bobosi va o‘gay
buvisi bilan yashaydi. Norbo‘ta esa ota-onasi, buvisi, singlisi bilan birga baxtli
yashaydi. Norbo‘taning Bo‘ynoq iti bo‘lsa, bolaning Baltek iti bor.
Yuqorida biz Norbo‘taning do‘stlari safi qanday kengayganligi haqida
bildik. “Oq kema”dagi bolaning do‘stlari safi ham shunday kengayib boradi.
Bolaning portfelga aytgan gaplari bor: “Men axir, durbin bilan ham xuddi shunday
gaplashaman, endi biz uchtamiz – men, sen va durbin”. Norbo‘ta esa “men,
Bo‘ynoq, oq terak, yetim qo‘zi” deydi. Har ikkisi ham o‘zining do‘stlari bilan
insonlar bilan gaplashganday gaplashishadi.
Norbo‘ta bilan bolaning mashg‘ulotlari ham o‘xshash. Biri qo‘y-qo‘zilarini
dalaga haydaydi, yana biri buzoqni yaylovga haydaydi. Asar voqealari davomida
har ikkala bola maktabga chiqadi. Ularning eng sevimli mashg‘ulotlari ham
o‘xshash: Norbo‘ta Bo‘ynoq bilan tabiatni aylanib, yasama yog‘och miltig‘i bilan
tabiatni qo‘riqlaydi, “Oq kema”dagi bola esa durbin va portfelini olib, oq kemani
kutadi. Ikkalasining tabiatga bo‘lgan munosabati ham bir xil. Norbo‘ta sovxoz
qo‘ylarini qiynaganda (qon ukol qilib, tug‘ishni ko‘paytirib, naslni buzganda, hali
tug‘ilmagan qo‘zichoqlarni ona qornidan yorib olib, yoqa va shapka uchun ularning
terisini shilgan, Qodirqulning qilmishlarini ko‘rganda) osmonga tikilib, faqat
tubsiz osmonda bunaqa razilliklar – hayvonlarni, jonivorlarni qiynamasa kerak deb,
yosh bo‘lsa ham insonlarning tabiatga yetkazayotgan ziyonidan afsus chekib
zorlanadi.
“Oq kema”dagi bola ham O‘razqulning qilmishlarini ko‘rganda, bobosi va
xolasi azoblangan vaqtlarda baliqqa aylanib, suvga tushishni va oq kema sari suzib
ketishni orzu qiladi. Har ikkisi ham moviy cheksizliklarga uzoq tikilib, bu dunyoda
bo‘layotgan jinoyatlar, faqat shu moviy kengliklarda bo‘lmasligiga ishonadi.
“Tubsiz osmon” qissasidagi Qodirqul nosfurush bilan “Oq kema”dagi
O‘razqul juda o‘xshash obrazlar. Har ikkisi ham tabiat ne’matlarini o‘z manfaatlari
uchun qurbon qilishdan tab tortmaydigan qahramonlar. Qodirqul qorin g‘amida
https://scientific-jl.com/luch/
Часть-41_ Том-21_ Март-2025
428
teraklarning po‘stini shilib, nos tayyorlab sotadi, muqaddas va shifobaxsh bo‘lgan
suvga oyoqlarini botirib bulg‘aydi. O‘razqul haqida asardan parcha keltirib, xulosa
chiqarishimiz mumkin: “O‘razqulning ko‘nglini topsang, qarabsanki, daraxt kesish
ta’qiqlangan o‘rmondan ikkita-uchta yog‘ochni taxlab olib ketasan-da”. Kesish
mumkin bo‘lmagan qayrag‘ochlarni kesish ham gapmi, jonivorlarni ham
ko‘ngilxushlik uchun ov qiladi.
Bolaning yashash muhiti qanday insonlar, kimlar bilan yashashi bola
psixologiyasiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. “Oq kema”dagi bola ota-onasiz
ulg‘ayganligi uchun, bobosidan boshqa hech kimga kerak emasligini his qilgani,
o‘gay buvisining nolishlaridan bezor bo‘lganligi uchun o‘z fikrlarini oshkor
aytolmaydi. Mo‘min cholga o‘xshab u ham isyonsiz yashaydi. Norbo‘ta esa
bolaligini his qildiradigan muhitda, ota-onasi, hamma narsani erinmay
tushuntiradigan buvisi, uning xatlari va chizgan rasmlarini e’tiborsiz
qoldirmaydigan akasining mehrini his qilib yashaydi. Shuning uchun ham u o‘z
fikrlarini yaqinlariga ayta oladi. Xattoki, insonlarning jonivorlarga berayotgan
zulmiga qarshi chiqib, isyon qila oladi. Tabiatni – teraklarni Qodirquldan,
qo‘zichoqlarni qassobdan qutqarish uchun harakat qiladi.
Har ikki qissani o‘qish davomida o‘ylab qolaman, ba’zan har narsaning
chegarasi bo‘lgani kabi hayvonot olamiga bo‘lgan mehrning ham chegarasi
bo‘lgani ma’qulmi, negaki, ikkita bolakay ham jonivorlarga bo‘lgan mehr-
muhabbati cheksizligi tufayli fojiali o‘lim topdi. “Tubsiz osmon”dagi Norbo‘ta
Qorovuzni qutqarish uchun, “Oq kema”dagi bola Shohdor Ona bug‘idan ayrilgani,
yana uni o‘z otasi otganligini bilib, hayotning shavqatsizliklariga chidolmay baliq
kabi suzib Oq kemaga yetish, baliqqa aylanib qolish orzusi tufayli suvga tushadi,
afsuski, u baliq emas edi, baliq bo‘lolmasdi. Shu sababli o‘zi sevgan cheksiz
ummonga g‘arq bo‘ldi.
Bu qissa bolalar, o‘smirlar va katta yoshdagi kitobxonlarga ham birdek
manzur bo‘la oladigan o‘qimishli asardir.
https://scientific-jl.com/luch/
Часть-41_ Том-21_ Март-2025
429
Adabiyotlar:
1.
Shoira Doniyorova. Ijodkor va uslub. T. “Turon zamin ziyo”. 2014.
2.
Izzat Sulton. Adabiyot nazariyasi. – Toshkent: O‘qituvchi, 1980.
3.
Qobul, Nurali. Johillik va qotillik: qissalar / N.Qobul. –Toshkent: “IJOD-
PRESS”, 2017.
4.
Aytmatov, Chingiz. Somon yo‘li: qissalar. Toshkent: G‘afur G‘ulom
nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2019.
5.
Qozoqboy Yo‘ldosh. Ochqich so‘z [Matn] Toshkent: Tafakkur
nashriyoti, 2019.
6.
Qo‘shjonov M. Qissaning ikkinchi hayoti // “Sharq yulduzi”. -1971. №4.
–B.23.
7.
Noratov U. Yetuklik. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va
san’at nashriyoti, 1982.