127
YANGI OʻZBEKISTON PEDAGOGLARI
AXBOROTNOMASI
IF: 5.141
www.in-academy.uz
Volume 3 Issue, 05 YO’PA
Volume 3 Issue 01 YOPA
ALISHER NAVOIYNING “MAJOLIS UN-NAFOIS”
TAZKIRASIDAGI AYRIM ADABIY-NAZARIY QARASHLARI
Mahmado‘stov Abdulla
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti
universiteti Masofaviy ta’lim kafedrasi o‘qituvchisi
Muhammad Yasin Eldash
Afghanistan -Sarepul univeriteti o‘qituvchisi
https://doi.org/10.5281/zenodo.15575791
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Qabul qilindi: 25- May 2025 yil
Ma’qullandi: 28-May 2025 yil
Nashr qilindi: 31-May 2025 yil
Ushbu maqolada Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”
tazkirasidagi ayrim adabiy-nazariy qarashlari aks etgan
hamda inson ma'naviyatini uning nazmdagi va nazmni
tushunishdagi tab'lari bilan baholash haqida fikr
yuritilgan
KEY WORDS
she’r, taskira, nazmi tab,nazm ahli,
haq ta’limot, chin e’tiqod nazm.
Navoiyning butun hayotiy va ijodiy amali chin e'tiqoddan bir lahza bo‘lsin toyilmasdan
yashashga qaratilgani, so‘z vositasida elga yaxshiliklar taratish, ijodni ikki dunyo saodatiga
doxil yaratish bo‘lganini, binobarin, “Mahbub ul-qulub” dagi tavsiflar o‘z-o‘zidan bunyod
bo‘lmaganini, bu benazir, qoyilmaqom bir umrning tajribalaridan hosila sifatida yuzaga
chiqqanligini fahmlash qiyin emas.
Navoiy adabiy-nazariy qarashlaridagi she'r va shoirlikka oid donishona qoidalar,
talablarni uning “Majolis un-nafois” tazkirasi yanada keng miqyosli, yanada teran idrok
etdiradi. Undagi majlislarning tarkibi va o‘rni, har bir majlis ahlining zikri, yodi, tavsifi,
kamoldagi ular darajasining belgilanishi – hammasi Navoiyning butun borlig‘i bilan islomiy
asoslardan va mezonlardan turib masalalarga yondashganligini ko‘rsatadi. Zero, din Navoiy
uchun, o‘zgalar uchun ham bir vosita emas edi, balki hayotlarining, barcha jabha
faoliyatlarining maqsad-mazmuni edi. Har qanday zamon va makonda Navoiyni, umuman esa,
o‘zbek mumtoz adabiyotini boshqacha tushunishlarga urinishlar o‘zini oqlay olmaydi.
“Majolis un-nafois” da tazkiranavis hech qaysi shoirning xos jihatini, tabiatini,
haqiqatlardan ogohlik darajasini e'tibordan qochirmaydi. Nazm ishtiyoqi va nazmiy
ma'nolarga muhabbat bilan yo‘g‘rilgan umrguzaronlikda ham barkamollik ming bir shart,
odobni taqozo etar ekan, Navoiy har ijodkor ta'rifida uning o‘z iqtidori parvarishiga nisbatan
intizomiga, nazmiy tab'iga bo‘lgan mas'uliyatini to‘g‘ri aytishdan chekinmaydi. Mavjud
muayyan chekinishilari esa ilmiy odobdan bo‘lib, gapning cho‘zilib ketmasligi (“so‘z uzolur”)
uchundir yoki, shoir Amir Shayxim Suhayliy vasfida kelganidek, ziyoda maqtovlardan tiyilish
uchundir: “Avvaldan oxirg‘acha faqir bila iltifot va ittihodi ko‘p uchun mundin ortiq ta'rifin
qililsa, o‘zumni ta'rif qilg‘ondek bo‘lurdin qo‘rqub, ixtisor qilildi...” [Navoiy, 339].
Tazkirada barcha masalaga munosabat nazm ahli va ahli maoniyning turli-tuman
tab'lariga muvofiq va muallif Navoiyning hikmatlar olamiga yetishgan, g‘oyatda baland
128
YANGI OʻZBEKISTON PEDAGOGLARI
AXBOROTNOMASI
IF: 5.141
www.in-academy.uz
Volume 3 Issue, 05 YO’PA
Volume 3 Issue 01 YOPA
maqomdagi tab'i doirasida kechadi. Ijodkorlarning she'riyatdan boshqa sohalarga nisbatan
bo‘lgan tab'lariga ham diqqat qilinadi, ammo butun xolisona adabiy-nazariy talqin mobaynida
“nazmi tab'” ruhi yetakchilik qiladi. Tabiiyki, nazmdagi tab', fahmu farosatning shuarodagi
ahvoli turlicha xushtab', noxushtab' ranglar va rutbalarda bo‘lgani uchun tab'lar har kimda
har xil sifat bilan keladi: “yaxshi tab'”, “xeyli tasarrufliq tab'”, “xeyli latif tab'”, “tab'i muloyim”,
“tab'i salim”, “tab'i ham xoli az salomat emas”, “muhrid fahm”, “tab'parast”, “tab'i bag‘oyat
xub”, “fahmi yomon emas”, “g‘arobatjo‘y tab'”, “tab'i hazlg‘a moyil”, “tab'i xeyli sho‘x”, “dilpazir
tab'lik”, “xom tab'”, “tab'i nomavzun” va hokazo.
Navoiy tazkirasi o‘sha davrga kelib, turkiy xalqlar adabiy jarayoni uchun yanada
dolzarblashgan juda katta ma'naviy-ma'rifiy, tarixiy-ijtimoiy ehtiyojga hozirjavoblikning
ulkan namunasi sifatida yuzaga keldi. Tazkiraning bu ahamiyati uning debochasi
mazmunidanoq anglashiladi: islom olamining barcha asrlarida nazm ilmi qoyillari hamda
she'r fani komillari sharif va aziz qavmlar hisoblangan; ularning zikrlari maxsus jam etilgan
risolalar, kitoblar bor; Abdurahmon Jomiy “Bahoriston” ining yettinchi ravzasi (“She'r va
shoirlar”), Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” si shular jumlasidan; ammo
ma'ni nazokati va ajoyibotining qanchalarki shartlari bo‘lsa, ularni burungilardan qolishmay
ado etayotgan shu zamon shuarosi va davr zurafosini ham tarix sahifalariga muhrlash
maqsadga muvofiqdir.
“Majolis un-nafois” tazkirasi ham shu bobdagi avvalgi asarlar singari “alarning nomiy
otlari va kiromiy sifotlari zamon sahoyifidin va davron safoyihidin mahv bo‘lmasun”, “har
qaysining natoyiji tab'idin (tab'larning natijalaridan – T.Sh.) biror nima nishona” qolsin degan
maqsadda yozildi. [Navoiy, 290-291] .
Shu ma'noda 500 ga yaqin ahli nazm va mohiyat bilimdonlarining tab' xosliklariyu tab'
natijalari tavsifini o‘z ichiga olgan sakkiz majlisli “Majolis un-nafois” go‘zal shoirona tab'lar
gulshanining o‘z zamonasiga hamda kelajak nasllarga atalgan manfaati tuganmas armug‘oni
hamdir.
Ushbu nafis suhbatlarda zikri kelgan nazmi tab'lar “Mahbub ul-qulub” da bayon etilgan
ehtiromga sazovor shoirlik guruhlariga mansub tab'lardir. Tazkirada Navoiyning adabiy-
tanqidiy mulohazalari ham ko‘p. Shularga qarab, “Mahbub ul-qulub” da nazmchilikning eng
past tabaqasi sifatida qoralangan toifa ichidan ham ba'zi shoirlar “Majolis” da ta'riflangan
bo‘lishi mumkin degan o‘y-fikrga bormaslik kerak. Tazkirada bunday xulosaga olib boradigan
asos yo‘q. Chunki Navoiy hamma shoirlarni ulardagi tab' imkoniyatlaridan kelib chiqib
tavsiflaydi, bu imkoniyat, quvvatlarning qanchalik yuzaga chiqqani yoki chiqmaganiga qarab
tab' egasini baholaydi. O‘zi ilohiy hikmatlar, manzur majoziy haqiqatlar mezonidan turib
natijalarni taammul qiladi. Qolaversa, haq yo‘l nimaligini bilgan holda ham, uning yo‘lovchisi
bo‘lib turib ham, ba'zan yoxud batamom undan toyilish, xatoliklar sodir qilish, ruhiy islohtalab
holga tushish kabi hollar toza tabiatli odamlarda ham uchrashi mumkin bo‘lgan
xususiyatlardir.
Muayyan shoirlar zikridagi Navoiyning o‘git, tanbeh, tavsiya, tanqidlari esa ularda sodir
bo‘lgan, bo‘layotgan insoniy ojizlik, dangasalik, loqaydlik, o‘z tab'lari tarbiyasiga beparvolik,
mansabga, mol-dunyoga, o‘tkinchi hoyu-havaslarga o‘zini urish oqibatidagi zoeliklarning
beg‘araz, xolis, adolatli ifodalaridir.
Nazmi tab'lari yaxshi bo‘lsa-da, ammo kamoliga qandaydir moneliklar sabab bo‘lgani
aytilgan ta'riflardan ayrimlarini mushohada qilib ko‘raylik:
129
YANGI OʻZBEKISTON PEDAGOGLARI
AXBOROTNOMASI
IF: 5.141
www.in-academy.uz
Volume 3 Issue, 05 YO’PA
Volume 3 Issue 01 YOPA
“Xoja Muayyat Devona - ...O‘zi oshuftadimog‘ kishi erdi. Ammo nazmi ravon va salis voqe'
bo‘lur erdi. Anga saltanat da'vosi bor erdi. Hamul ish ustiga ani zoe' qildilar...” [Navoiy, 317].
“Xoja Abu Ishoq - ...Tolibi ilm va xush tab' yigit erdi. Ammo badxo‘y va mutakabbir ham
bor edi...” [Navoiy, 318].
“Mirzobek - ...Insoniyat va xush axloqliqda Xuroson va Samarqand mulkida yagona erdi.
Tab' va fahm va otaru tutarda bu ikki mulk yigitlari orasida saromadi zamona bu nav'
ta'riflardin mustag‘niy...
Ko‘zing ne balo qaro bo‘lubtur,
Kim jong‘a qaro balo bo‘lubtur.
...Agarchi aning tiliga bu nav' abyot ko‘p o‘tar erdi, ammo hargiz parvo qilib bir yerda
bitimas erdi... Hayf va yuz hayf va darig‘ va yuz ming darig‘kim, hayot chashmasidin serob
bo‘lmadi va umri nahli mevasidin bar yemadi...” [Navoiy, 336].
Kichikligidan nazmning barcha turlariga qobiliyati ko‘p, turkiy va forsiy she'rda rushdi
bor bo‘lgan “Soqiy - ...Hech ma'lum bo‘lmadikim, anga ne balo urdikim, ushbu sifatlardin hech
nima anda qolmadi va el orosidin chiqti. Umid ulkim, bu idborin Haq taolo iqbolig‘a mubaddal
qilg‘ay...” [Navoiy, 401].
“Mavlono Abdulqahhor – donishmand kishi erdi. Hiriy shahrining mutaayyin xush
tab'laridin erdi. Mavlononing hayoli kimyogarlikka tushib ko‘p nima zoe' qildi va hech nima
hosil qila olmadi...” [Navoiy, 312].
Imkoni bo‘la turib, nazmi tab'iga ish buyurmaslikni, shoirlikda quvvati bo‘lsa-da,
devonavash va abtarsheva yashashni, bad'fe'llikni, ichguvchilikni, birov aytgan rangin ma'noni
o‘z tasarrufiga olishni, el she'rini o‘ziniki qilib olishni, behayolik va bad'she'rlik ila
mashhurlikka intilishni Navoiy qattiq qoralaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Аlisher Navoiy. 2011. Mahbub ul-qulub. Nashrga tayyorlovchilar: S. G‘anieva, S. Rafiddinov.
To‘la asarlar to‘plami. To‘qqizinchi jild. Toshkent: G‘afur G‘ulom. B. 464-465.
2. Аlisher Navoiy. 2011. Majolis un nafois. Nashrga tayyorlovchi S. G‘aniyeva. To‘la asarlar
to‘plami. To‘qqizinchi jild. Toshkent: G‘afur G‘ulom. B. 339, 290-291, 317, 318, 336, 401, 312,
295, 309, 334, 297, 404-405.
3. Аlisher Navoiy. 2011. Nazm ul-javohir. Nashrga tayerlovchi S. G’aniyeva.
4. Аsqad Muxtor. 2023. Sheʼr-shoirning ijtimogiy vijdoni. Аdabiyot gazetasi 25.09.2023. B. 4.
5. Vadud Mahdud. 2007. Tanlangan asarlar. Nashrga tayyorlovchi, so‘z boshi, luG‘at va izohlar
muallifi Bahodir Karimov. Toshkent: Maʼnaviyat. B.7-8,9.