179
AXBOROT MAKONIDA DAVLAT XIZMATCHISI IMIJINI
SHAKLLANTIRISHNING IJTIMOIY-PSIXOLOGIK JIHATLARI
Kuryazova Dilrabo Aminboevna
https://doi.org/10.5281/zenodo.15408648
ANNOTATSIYA
Mazkur maqolada davlat xizmatchisi imiji tushunchasi, uning mohiyati va shakllanish
omillari ijtimoiy-psixologik jihatdan tadqiq etilgan. Imij tushunchasining turli ijtimoiy fanlar
tizimidagi o‘rni va uni o‘rganishga doir metodologik yondashuvlar tahlil qilingan. Davlat
xizmatchisi imijining kognitiv, emotsional va xulq-atvor komponentlari aniqlashtirilib,
ularning o‘zaro bog‘liqligi ochib berilgan. Davlat xizmatchisi imijini rivojlantirish va
boshqarishning zamonaviy strategiyalari muhokama qilingan. Tadqiqot natijalari asosida
davlat xizmatining ijtimoiy nufuzini oshirishga qaratilgan amaliy takliflar ishlab chiqilgan.
Kalit so‘zlar:
davlat xizmatchisi, imij, ijtimoiy tasavvurlar, kognitiv komponent,
emotsional komponent, xulq-atvor komponenti, mediatizatsiya, ijtimoiy konstruksiya,
professional imij, ijtimoiy-psixologik omillar.
СОЦИАЛЬНО-ПСИХОЛОГИЧЕСКИЕ АСПЕКТЫ ФОРМИРОВАНИЯ
ИМИДЖА ГОСУДАРСТВЕННОГО СЛУЖАЩЕГО В ИНФОРМАЦИОННОМ
ПРОСТРНАНСТВЕ
Курязова Дилрабо Аминбоевна
АННОТAЦИЯ
В данной статье исследуются социально-психологические аспекты понятия
имиджа государственного служащего, его сущность и факторы формирования.
Проанализирована роль понятия имиджа в системе различных социальных наук и
методологические подходы к его изучению. Уточнены когнитивные, эмоциональные и
поведенческие компоненты имиджа государственного служащего и раскрыта их
взаимосвязь. Обсуждаются современные стратегии развития и управления имиджем
государственного служащего. На основе результатов исследования разработаны
практические предложения, направленные на повышение социального престижа
государственной службы.
Ключевые
слова:
государственный
служащий,
имидж,
социальные
представления, когнитивный компонент, эмоциональный компонент, поведенческий
компонент, медиатизatsiя, социальная конструкция, профессиональный имидж,
социально-психологические факторы.
SOCIO-PSYCHOLOGICAL ASPECTS OF FORMING THE IMAGE OF A CIVIL
SERVANT IN INFORMATION SPHERE
Dirabo Kuryazova
ABSTRACT
This article explores the socio-psychological aspects of the concept of civil servant
image, its essence and formation factors. The role of the image concept in the system of
various social sciences and methodological approaches to its study are analyzed. The
cognitive, emotional and behavioral components of a civil servant's image are clarified and
their interconnection is revealed. Modern strategies for developing and managing the image
180
of civil servants are discussed. Based on the research results, practical proposals aimed at
increasing the social prestige of public service have been developed.
Keywords:
civil servant, image, social representations, cognitive component, emotional
component, behavioral component, mediatization, social construction, professional image,
socio-psychological factors.
KIRISh
Zamonaviy jamiyatda davlat xizmatchilari imiji muhim ahamiyat kasb etmoqda, chunki u
davlat hokimiyati organlariga bo‘lgan ishonch darajasini, fuqarolar bilan hamkorlik
imkoniyatlarini va umuman, davlat boshqaruvi samaradorligini belgilashda muhim rol
o‘ynaydi. Davlat xizmatchisi imiji faqat tashqi ko‘rinishni emas, balki butun bir murakkab
ijtimoiy-psixologik fenomenni o‘z ichiga oladi. Shu boisdan, mazkur mavzuni har tomonlama,
kompleks tadqiq etish dolzarb vazifa sanaladi.
Imij tushunchasi hozirgi kunda nafaqat ijtimoiy, balki iqtisodiy, siyosiy va madaniy
jarayonlarni tushunishda ham muhim vosita sifatida e’tirof etiladi. Xususan, so‘nggi yillarda
davlat xizmatchilarining professional imijini shakllantirish va takomillashtirish masalasi
strategik ahamiyat kasb etadi.
Davlat xizmatini isloh etish doirasida imijni shakllantirish va boshqarish masalalari
tobora ko‘proq e’tibor talab etadi. Bu holat, o‘z navbatida, imij tushunchasining nazariy-
konseptual aspektlarini hamda amaliy tatbiq etish yo‘nalishlarini chuqur va har tomonlama
ilmiy tadqiq etish zarurati ekanligini aniq ko‘rsatadi. Shuningdek, imij tushunchasini turli
jihatlardan o‘rganish, uni takomillashtirish usullarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish
muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
MAVZUGA OID ADABIYoTLARNING TAHLILI
O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasida «imij» so‘zi (ing. image, lot. imago - timsol,
ko‘rinish) – «shaxs, hodisa, narsaning» ifodasi sifatida talqin qilingan [1]. Bu ensiklopedik
ta’rif imij tushunchasining mohiyatini qisqa va lo‘nda ifodalaydi.
Imij tushunchasining ilmiy-nazariy asoslarini o‘rganishda ko‘plab mutaxassislar va
olimlarning tadqiqotlariga murojaat qilish mumkin. Imijning nazariy asoslarini chuqur tahlil
qilish jarayonida Kennet Bouldingning 1956 yilda chop etilgan «Imij: bilish nazariyasiga
qo‘shimcha» nomli fundamental asari alohida ahamiyat va metodologik qiymatga ega.
Boulding o‘z tadqiqotida imijni «sub’ektiv bilish modeli» sifatida ta’riflab, bu tushunchani
insonning voqelikni idrok etish va anglash jarayonining asosiy elementi deb hisoblaydi [11].
Olimning fikricha, har qanday inson o‘z atrofidagi dunyoni bevosita emas, balki individual imij
orqali qabul qiladi. Shu tariqa, imij orqali shaxs atrof-muhitni qanday idrok qilishi, uni qanday
baholashi va unga qanday munosabatda bo‘lishini tushuntirish mumkin. Boulding
nazariyasiga ko‘ra, imij nafaqat voqelikni aks ettiradi, balki inson xatti-harakatlarining
yo‘nalishini ham belgilaydi.
Ijtimoiy-kognitiv psixologiya yo‘nalishining taniqli namoyandasi Serj Moskovichi
o‘zining mashhur «ijtimoiy tasavvurlar» nazariyasini ishlab chiqqan, bu nazariya davlat
xizmatchilari imijini tushunishda muhim nazariy asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu konseptual
yondashuvga ko‘ra, davlat xizmatchilari haqidagi ijtimoiy tasavvurlar jamiyatda kollektiv
ravishda shakllanadi va keyinchalik individual ongda mustahkamlanadi [16].
O‘tmishda, xususan, o‘zbek allomalari qarashlarida asosan ma’naviy axloqiy jihkatlarda
namoyon bo‘lgan nufuz, obro‘ bilan bog‘liq imij hodisasi bugungi kunga kelib ko‘plab ijtimoiy
181
fan namoyondalarining e’tiborini tortib kelmoqda. Ko‘plab tadqiqotlarda davlat xizmatchisi
imijining ijtimoiy-psixologik jihatlariga alohida e’tibor qaratilgan. Umumiy xulosalarga ko‘ra,
davlat xizmatchisi imiji ijtimoiy rollarni to‘g‘ri anglash va ijro etish orqali shakllanadi.
Amerikalik sotsiolog Irving Gofmanning ijtimoiy-dramaturgik yondashuvi imijni
tushunishda muhim metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi. Uning «Kundalik hayotda o‘zini
namoyish qilish» asari orqali keng tarqalgan. Gofman insonning ijtimoiy xatti-harakatlarini
teatr metaforasi asosida tahlil qilib, imijni «o‘zini taqdim etish strategiyasi» sifatida talqin
qilgan [10].
Zamonaviy sotsiologik va ijtimoiy-psixologik tadqiqotlar davlat xizmatchisi imijini
«ijtimoiy konstruksiya» sifatida ko‘rib chiqadi. Berger va Lukmanning «Voqelikning ijtimoiy
qurilishi» asarida ta’kidlanganidek, ijtimoiy voqelik, jumladan davlat xizmatchisi obrazi ham,
ob’ektiv mavjud hodisa emas, balki jamiyatda o‘zaro ijtimoiy aloqalar jarayonida quriladi,
shakllanadi va mustahkamlanadi [14].
Ommaviy kommunikatsiyalar va jurnalistika sohasida davlat xizmatchisi imiji media
kontent, jamoatchilik bilan aloqalar (PR) va strategik kommunikatsiya nuqtai nazaridan
batafsil va ko‘p qirrali tahlil qilinadi. Bu sohalar davlat xizmatchilari imijini nafaqat nazariy,
balki amaliy jihatdan ham o‘rganadi, ularning imijini shakllantirish va boshqarish
texnologiyalarini ishlab chiqadi. Zamonaviy kommunikativistika nuqtai nazaridan, davlat
xizmatchisi imiji ommaviy axborot vositalari tomonidan shakllantiriladigan, uzatiladigan va
saqlanadigan «ramziy haqiqat» (symbolic reality) sifatida talqin etiladi [20].
Makkombs va Sho tomonidan ishlab chiqilgan va rivojlantirilgan «mediada kun tartibini
belgilash» nazariyasi (agenda-setting theory) asosida davlat xizmatchilari imijining
shakllanishida ommaviy axborot vositalarining roli va ta’siri o‘rganiladi [13]. Ko‘pchilik
fuqarolar davlat xizmatchilari haqidagi ma’lumotlarni aynan ommaviy axborot vositalari
orqali oladi. Ommaviy axborot vositalari nafaqat davlat xizmatchilari faoliyati haqida xabar
beradi, balki ularni ma’lum kontekstda, muayyan bo‘yoqlar bilan taqdim etadi, natijada
jamiyatda ularning imiji shakllanadi.
Muhammadjonova L.A. o‘zining «Davlat xizmatchisi etikasi va imiji» nomli asarida davlat
xizmatchisi imijining tashkil etuvchi asosiy komponentlarini ko‘rsatib o‘tgan [15]. Bu
manbada qayd etilishicha, davlat xizmatchisi imiji quyidagi omillar ta’sirida shakllanadi:
1.
Tarixiy shakllangan stereotiplar va ijtimoiy tasavvurlar - davlat xizmatchilari haqida
jamiyatda uzoq vaqt davomida shakllangan barqaror tasavvurlar, ular aksariyat
hollarda tarixiy shart-sharoitlar, madaniy an’analar va jamiyat tajribasi bilan bog‘liq;
2.
Ommaviy axborot vositalari tomonidan yaratilgan obraz - gazeta, televidenie, radio,
Internet va boshqa OAV orqali uzatiladigan axborot va berilayotgan ma’lumotlar
konteksti, davlat xizmatchilarini qanday yoritilishi va ular faoliyati qanday baholanishi;
3.
Davlat xizmatchilarining o‘zlarini tutishi va faoliyati - ularning professional xatti-
harakatlari, kommunikativ mahorati, axloqiy prinsiplar va normalarga rioya qilish
darajasi, shuningdek, umumiy xulq-atvor va tashqi ko‘rinish standartlari;
4.
Jamiyatdagi qadriyatlar tizimi va siyosiy madaniyat - jamiyatda ustuvor bo‘lgan axloqiy-
ma’naviy qadriyatlar, siyosiy an’analar, davlat institutlariga munosabat, siyosiy-
huquqiy ongning rivojlanish darajasi;
5.
Davlat institutlarining umumiy obro‘-e’tibori - davlat organlari va davlat hokimiyatining
jamoatchilik ko‘zidagi umumiy nufuzi, davlat institutlariga bo‘lgan ishonch darajasi,
182
jamiyatning davlat xizmati tizimiga bo‘lgan umumiy munosabati [15].
F.Ravshanov o‘zining ilmiy ishida davlat xizmatchisining shaxsiy sifatlari va ma’naviy
qiyofasi haqida shunday yozadi: «Davlat xizmatchisi bir qator xislatlarga ega bo‘lishi,
jumladan, huquqiy va siyosiy madaniyati, o‘z vazifalarini bajarish uchun yetarli kasbiy
malakasi, o‘z harakatlarini aniq, bekamu-ko‘st bajarishga qodirligi, o‘z sohasida yaxshi
mutaxassis bo‘lishi, milliy mentalitetni yaxshi his qilishi va milliy an’analarga uyg‘unligi,
boshqaruv ob’ektlari bilan bog‘liq masalalarni bilishi kerak» [12]. Bu iqtibosda davlat
xizmatchisining imiji ichki va tashqi uyg‘unlikni talab qilishi ko‘rsatilgan. Davlat xizmatchisi
faqat tashqi ko‘rinishni emas, balki ichki dunyosining boyligini, ma’naviy qadriyatlarga
uyg‘unligini ham namoyon qilishi kerak.
Ijtimoiy psixologiya sohasida olib borilgan tadqiqotlar davlat xizmatchilari imijining
uchta asosiy tarkibiy qismini - kognitiv (bilish), emotsional (hissiy) va xulq-atvor
(povedencheskiy) komponentlarini aniq ajratib ko‘rsatadi. Kognitiv komponent davlat
xizmatchisi haqidagi ma’lumotlar va bilimlarni, emotsional komponent xizmatchiga nisbatan
hissiy munosabatni, xulq-atvor komponenti esa insonlarning unga nisbatan muayyan xatti-
harakatlarga moyilligini ifodalaydi.
Siyosatshunoslik fani doirasida esa davlat xizmatchisi imiji siyosiy jarayonlar va
voqealarning keng kontekstida, davlat boshqaruvi tizimi va siyosiy institutlar faoliyati bilan
chambarchas bog‘liqlikda o‘rganiladi. Bu yondashuv doirasida davlat xizmatchisi imiji siyosiy
imijning alohida ko‘rinishi sifatida qaraladi va siyosiy madaniyat, siyosiy qadriyatlar tizimi va
siyosiy mafkura bilan uzviy bog‘liqlikda tahlil etiladi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Davlat xizmatchisi imiji shakllanishining ijtimoiy-psixologik jihatlarini tadqiq qilish
natijasida quyidagi muhim xulosalarga kelish mumkin.
Birinchidan, davlat xizmatchisi imiji murakkab ko‘p qirrali ijtimoiy-psixologik fenomen
bo‘lib, uning shakllanishida ob’ektiv va sub’ektiv omillar kompleks ta’sir ko‘rsatadi. Bu
omillarni ikkita asosiy guruhga ajratish mumkin: ichki (davlat xizmatchisining shaxsiy
xususiyatlari, professional fazilatlari, kommunikativ ko‘nikmalari va axloqiy-ma’naviy
qadriyatlari) va tashqi (jamiyatda davlat xizmatiga nisbatan shakllangan stereotiplar, media-
muhit xususiyatlari, siyosiy-huquqiy madaniyat, davlat institutlariga bo‘lgan ishonch
darajasi).
Davlat xizmatchisi imiji davlat xizmatchisi faoliyatining barcha jabhalarini qamrab oladi.
Bu nafaqat tashqi ko‘rinish, balki kognitiv, professional, emotsional, kommunikativ va axloqiy
komponentlarni o‘z ichiga oluvchi yaxlit tizimdir. Bu shuni ko‘rsatadiki, imijni shakllantirish
strategiyalari ham tizimli va kompleks yondashuvni talab etadi.
Davlat xizmatchisi imijini shakllantirishda ijtimoiy tasavvurlar va kognitiv sxemalar
muhim rol o‘ynaydi. Bu ijtimoiy-psixologik mexanizmlar inson ongida davlat xizmatchisi
haqidagi tasavvurlarni va unga nisbatan munosabatlarni shakllantiradi. Kognitiv sxemalar –
bu voqelikni idrok qilish va tushunish uchun inson ongida mavjud bo‘lgan mental strukturalar
bo‘lib, ular axborotni qabul qilish, tasniflash va baholash jarayonlarini yengillashtiradi. Davlat
xizmatchisi imijiga nisbatan kognitiv sxemalar fuqarolarga davlat xizmatchilarining xatti-
harakatlarini tez tushunish va baholash imkonini beradi.
Ikkinchidan, davlat xizmatchisi imiji ijtimoiy ongda muayyan bosqichlarda
shakllanadigan dinamik jarayon sifatida namoyon bo‘ladi. Bu jarayonni quyidagi bosqichlarga
183
ajratish mumkin:
1.
Dastlabki idrok etish bosqichi – davlat xizmatchisi haqida birlamchi taassurotlarning
shakllanishi, uning tashqi ko‘rinishi, nutqi va xatti-harakatlari asosida dastlabki
tasavvurlarning paydo bo‘lishi.
2.
Kognitiv qayta ishlash bosqichi – davlat xizmatchisi haqida olingan ma’lumotlarni tahlil
qilish, mavjud stereotiplar va etalonlar bilan solishtirish, aqliy xulosalar chiqarish.
3.
Emotsional baholash bosqichi – davlat xizmatchisiga nisbatan hissiy munosabatning
shakllanishi, uning ijobiy yoki salbiy baholanishi.
4.
Xulq-atvor reaksiyasi bosqichi – davlat xizmatchisiga nisbatan muayyan harakatlarga
moyillikning paydo bo‘lishi, u bilan o‘zaro munosabatlarning shakllanishi.
5.
Imijning barqarorlashuvi bosqichi – davlat xizmatchisi haqidagi tasavvurlarning
mustahkamlanishi, doimiy xususiyat kasb etishi.
Bu bosqichlar ijtimoiy-psixologik qonuniyatlarga bo‘ysungan holda kechadi va davlat
xizmatchisi imijining shakllanishida muhim ahamiyatga ega. Ular orasida kognitiv qayta
ishlash va emotsional baholash bosqichlari alohida rol o‘ynaydi, chunki aynan shu paytda
imijning barqaror komponentlari shakllanadi.
Uchinchidan, davlat xizmatchisi imijining samaradorligi ko‘p jihatdan uning autentiklik
darajasiga, ya’ni real fazilatlar va ko‘nikmalar bilan mos kelishiga bog‘liq. Bu yerda ikki jihatni
ta’kidlash muhim: (1) imij real xususiyatlarga asoslanishi kerak, aks holda u barqaror bo‘la
olmaydi; (2) imij strategik ravishda boshqarilishi va rivojlantirilishi lozim, chunki hatto eng
ijobiy shaxsiy sifatlar ham o‘z-o‘zidan samarali imijga aylanmaydi.
Davlat xizmatchisi imijining autentikligi uning ichki dunyosi va tashqi ko‘rinishi
o‘rtasidagi uyg‘unlikni talab qiladi. Ma’naviy qadriyatlar, axloqiy prinsiplar va professional
standartlarga chin dildan sodiqlik davlat xizmatchisining ishonchli va ta’sirchan imijini
shakllantirishning asosiy shartidir.
To‘rtinchidan, zamonaviy media muhit sharoitida davlat xizmatchisi imiji mediatizatsiya
jarayoniga tobora ko‘proq duch kelmoqda. Mediatizatsiya – bu zamonaviy jamiyatda media
qonuniyatlari va media mantiqning kuchayib borishi va boshqa ijtimoiy institutlar faoliyatiga
chuqur ta’sir ko‘rsatishi jarayonidir. Bu jarayon natijasida davlat xizmatchilari o‘z imijini
rivojlantirishda va boshqarishda zamonaviy media qonuniyatlarini, media talablar va
mantiqni doimiy ravishda hisobga olishga va o‘z faoliyatlarini shu talablarga
muvofiqlashtirishga majbur bo‘ladilar.
Mediatizatsiya sharoitida davlat xizmatchisining imiji ko‘p jihatdan ommaviy axborot
vositalari tomonidan shakllantiriladi va tarqatiladi. Bunda imij yaratilishi jarayonlari
freymlash (framing) va ijtimoiy konstruksiyalash mexanizmlari orqali amalga oshiriladi.
Freymlash – bu voqea-hodisalarni muayyan kontekstda, ma’lum interpretatsiya doirasida
taqdim etish jarayoni bo‘lib, u ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshiriladi va
jamiyatda davlat xizmatchilariga nisbatan ma’lum munosabatlarni shakllantiradi.
Beshinchidan, davlat xizmatchisi imijini ijtimoiy-psixologik jihatdan o‘rganishda
imijning uch asosiy tarkibiy qismi – kognitiv, emotsional va xulq-atvor komponentlarini
ajratish muhim metodologik ahamiyatga ega. Bu komponentlar o‘zaro bog‘liq va bir-birini
to‘ldiruvchi tarzda davlat xizmatchisi imijini yaxlit tizim sifatida shakllantiradi.
Kognitiv komponent davlat xizmatchisi haqidagi bilimlar, ma’lumotlar va tasavvurlarni
o‘z ichiga oladi. Bu komponent faktologik axborot bilan birga, davlat xizmatchisining malakasi,
184
tajribasi, professional fazilatlari haqidagi tasavvurlarni ham qamrab oladi. Kognitiv
komponent imijning aqliy-mantiqiy asosini tashkil etadi.
Emotsional komponent davlat xizmatchisiga nisbatan hissiy munosabatni, ya’ni
simpatiya, antipatiya, hurmat, ishonch yoki ishonchsizlik kabi tuyg‘ularni ifodalaydi. Bu
komponent imijning eng ta’sirchan va o‘zgaruvchan qismi bo‘lib, fuqarolarning davlat
xizmatchisiga nisbatan umumiy hissiy fonini shakllantiradi.
Xulq-atvor komponenti davlat xizmatchisiga nisbatan muayyan xatti-harakatlarga
tayyorlik, moyillik darajasini ko‘rsatadi. Bu komponent imijning amaliy natijasini ifodalaydi va
davlat xizmatchisi bilan fuqarolar o‘rtasidagi amaliy munosabatlarda namoyon bo‘ladi.
Oltinchidan, zamonaviy raqamli jamiyat sharoitida davlat xizmatchisi imijining yangi
aspektlari va rivojlanish tendensiyalari kuzatilmoqda. Raqamli texnologiyalar va ijtimoiy
tarmoqlarning rivojlanishi davlat xizmatchisi imijini shakllantirish va boshqarishning yangi
imkoniyatlarini ochib beradi, ammo yangi xatarlarni ham yuzaga keltiradi.
Raqamli kommunikatsiya kanallari (rasmiy veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar,
messenjerlar, mobil ilovalar) davlat xizmatchilariga o‘z imijini bevosita shakllantirish va
auditoriya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkonini beradi. Bu esa an’anaviy ommaviy
axborot vositalari orqali shakllanadigan imijdan farqli ravishda, davlat xizmatchisining imijiga
yanada ko‘proq ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini yaratadi.
Shu bilan birga, raqamli muhitda imij shakllanishining yana bir muhim jihati – bu
shaffoflik va kuzatuvchanlik darajasining ortishi. Bu holat davlat xizmatchilaridan yanada
yuqori darajadagi professionalizm, axloqiy prinsiplarga sodiqlik va barcha harakatlarining
izchilligini talab qiladi.
Yettinchidan, davlat xizmatchisi imijini shakllantirish va boshqarishning amaliy
strategiyalarini ishlab chiqishda ijtimoiy-psixologik yondashuvning ahamiyati ortib
bormoqda. Bu strategiyalar imij tarkibiy qismlarining xususiyatlarini, ularning o‘zaro ta’sirini
va imij shakllanishining ijtimoiy-psixologik qonuniyatlarini hisobga olgan holda yaratilishi
zarur.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Davlat xizmatchisi imiji tushunchasining ijtimoiy-psixologik jihatlarini tadqiq qilish
natijasida quyidagi xulosalarga kelish mumkin:
Davlat xizmatchisi imiji – bu murakkab ko‘p qirrali ijtimoiy-psixologik fenomen bo‘lib,
uning shakllanishida ichki (shaxsiy) va tashqi (ijtimoiy) omillar kompleks ta’sir ko‘rsatadi. Bu
omillarning o‘zaro bog‘liqligi va ta’sir mexanizmlarini aniqlash imijni tizimli tushunish va
samarali boshqarish imkonini beradi.
Davlat xizmatchisi imiji kognitiv, emotsional va xulq-atvor komponentlaridan tashkil
topgan yaxlit tizim bo‘lib, ular o‘zaro bog‘liqlikda rivojlanadi. Bu komponentlarning har biri
imijning muayyan jihatini aks ettiradi va ma’lum funksiyani bajaradi. Imijni kompleks
rivojlantirish uchun barcha komponentlarni mutanosib ravishda takomillashtirish zarur.
Zamonaviy jamiyatda davlat xizmatchisi imijini shakllantirishning muhim xususiyati –
bu mediatizatsiya jarayonining ta’siridir. Bu jarayon davlat xizmatchilaridan media
qonuniyatlarni, media talablar va media mantiqni yaxshi tushunishni va ularga moslashishni
talab qiladi. Shu boisdan, imijni boshqarish strategiyalarida media muhit xususiyatlarini
hisobga olish muhim ahamiyatga ega.
Raqamli texnologiyalar va ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi davlat xizmatchisi imijini
185
shakllantirish va boshqarishning yangi imkoniyatlarini ochib beradi, ammo shu bilan birga
yangi talablar va xatarlarni ham yuzaga keltiradi. Bu sharoitda davlat xizmatchilarining
raqamli kommunikatsiya ko‘nikmalarini rivojlantirish va raqamli imijni boshqarish
strategiyalarini ishlab chiqish dolzarb masalaga aylanmoqda.
Davlat xizmatchisi imijining samaradorligi ko‘p jihatdan uning autentikligi, ya’ni real
fazilatlar va ko‘nikmalar bilan mos kelishiga bog‘liq. Sun’iy va yasama imij uzoq muddatli
samara bera olmaydi va davlat institutlariga bo‘lgan ishonchga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu
boisdan, imij strategiyalari real kompetensiyalarni rivojlantirishga va ma’naviy-axloqiy
fazilatlarni shakllantirishga asoslanishi kerak.
Tadqiqot natijalariga asoslanib, quyidagi amaliy takliflarni ilgari surish mumkin:
1.
Davlat xizmatchilarining muntazam ravishda nafaqat kasbiy, balki ijtimoiy-psixologik va
kommunikativ kompetensiyalarini oshirish tizimini takomillashtirish.
2.
Davlat xizmatchilari uchun imijni shakllantirish va boshqarish bo‘yicha maxsus o‘quv
kurslari va treninglar dasturini ishlab chiqish va tatbiq etish.
3.
Davlat xizmatchilarining media savodxonligini oshirish, ularni zamonaviy ommaviy
axborot vositalari va raqamli platformalar bilan ishlash ko‘nikmalariga o‘qitish.
4.
Davlat xizmatchilari imijining monitoringini olib borish va baholash tizimini yaratish, bu
jarayonda ijtimoiy so‘rovlar, fokus-guruhlar, kontent-tahlil kabi usullardan keng foydalanish.
5.
Davlat xizmati tizimida imij siyosatini shakllantirish, uning konseptual asoslarini,
maqsadlari va vazifalarini, amalga oshirish mexanizmlarini aniq belgilash.
6.
Davlat xizmatchilari imijini yaxshilash maqsadida ommaviy axborot vositalari va
kommunikatsiya agentliklari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jamoatchilik bilan aloqalar (PR)
tizimini rivojlantirish.
7.
Davlat xizmatchilarining ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy-
huquqiy hujjatlar va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqish.
8.
Davlat xizmatchilari imijini axloqiy-ma’naviy jihatdan takomillashtirish uchun milliy
qadriyatlar va an’analar asosida tarbiyaviy dasturlarni rivojlantirish.
9.
Davlat xizmati tizimida imijga oid masalalar bo‘yicha maslahat beruvchi maxsus
tuzilmalar yoki mutaxassislar lavozimlarini joriy etish.
10.
Davlat xizmatchilari imijini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribani
o‘rganish va mahalliy sharoitlarga moslashtirgan holda joriy etish.
Yuqorida bayon etilgan xulosalar va takliflar davlat xizmatchilari imijini ijtimoiy-
psixologik jihatdan tizimli rivojlantirish va samarali boshqarishga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z
navbatida, davlat xizmati tizimining samaradorligini oshirish, davlat institutlariga bo‘lgan
ishonchni mustahkamlash va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi, 4-tom. – T.: 2002. 129-b.
2.
Goffman E. The Presentation of Self in Everyday Life. Garden City, NY: Doubleday; 1959.
3.
Boulding K. The Image: Knowledge in Life and Society. Ann Arbor: University of
Michigan Press; 1956.
4.
Ravshanov F. Davlat fuqarolik xizmatchisining ma’naviy qiyofasi (Risola) / F.Ravshanov.
186
– Toshkent: «Ma’naviyat» nashriyoti, 2023. – B.19.
5.
McCombs M, Shaw D. The Agenda-Setting Function of Mass Media.//Public Opinion
Quarterly. 1972;36(2):176-187.
6.
Berger PL, Luckmann T. The Social Construction of Reality: A Treatise in the Sociology of
Knowledge. Garden City, NY: Doubleday; 1966.
7.
Muhammadjonova L.A. Davlat xizmatchisi etikasi va imiji. T.: «Universitet», 2017. –
B.155.
8.
Moscovici S. The phenomenon of social representations. In: Farr RM, Moscovici S,
editors. Social Representations. Cambridge: Cambridge University Press; 1984. p. 3-69.
9.
Hallin DC, Mancini P. Comparing Media Systems: Three Models of Media and Politics.
Cambridge: Cambridge University Press; 2004.