53
E’TIQODNING NAMOYON BO‘LISH XUSUSIYATLARI
Vohidova Dilshoda Vohid qizi
Buxoro davlat universiteti Islom tarixi va manbashunosligi,
falsafa kafedrasi o‘qituvchisi
https://doi.org/10.5281/zenodo.15009680
Annotatsiya:
Ushbu maqolada e’tiqod har bir shaxsda mavjud bo‘lishi lozim bo‘lgan
dunyoqarashning bir ko‘rinishi bo‘lib, shaxs, jamiyat tomonidan muayyan g‘oya, inson va
dinlarga chin dildan ishonish, ergashish, sodiq va vafodor bo‘lishi kerakligi falsafiy jihatdan
tahlil qilingan. Ayniqsa, e’tiqod o‘z burchini anglagan, qattiq ishonch va mustahkam irodaga
ega bo‘lgan, har qanday vaziyatlarda ham sadoqatli bo‘la olgan, vijdonini unutmagan
insonlarda mustahkam bo‘lishi, e’tiqodsiz kishi ju’ratsiz, o‘z so‘zida qattiq turmaydigan, har xil
kuch va ta’sirga beriluvchan, bugun bir narsaga, ertasiga ikkinchi bir narsaga intiluvchan
bo‘lishi turli fakt va argumentlarga tayangan holda asoslab berilgan.
Kalit so’zlar:
e’tiqod, axloq, din, poligon, jamiyat, ijtimoiylashuv, mafkura, tafakkur,
falsafa, estetika.
“Bugungi zamonda mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham ko‘proq kuchga ega”
[1], ekanligi zamonaviy hayotning isbot talab qilmas hodisasidir. Avj olib borayotgan
mafkuraviy hurujlar maydoninining eng faol ijrochilari yoshlar qatlamini tashkil etmoqda.
Shijoatli yoshlar ongi va xulq-atvorida hayotda munosib o‘rnini topish uchun ma’qul narsa-
hodisaga e’tiqod qiladi. Yoshlarning tanlagan e’tiqodi yashash faoliyatidagi mezonlarni
belgilab beradi.
“O‘z navbatida yoshlar barcha narsa-hodisaga o‘z e’tiqodidan kelib chiqib baho beradi”
[2]. Masalan, biror kasbga e’tiqod qiladi, ardoqlaydi, taqdirini shu kasbga bog‘laydi. Inson
tabiati serqirra ba’zilar moddiy narsa, bezak urf-odatlarga me’yoridan ortiq ixlos qo‘yishi
ma’naviy qashshoqlikka olib keladi. Bunday odamlarning e’tiqodi g‘ayri insoniy yo‘nalishga
tushib, xalq nazaridan qoladi. Ya’ni, “e’tiqod - ob’ektiv umuminsoniy qadriyatlarga haqiqatga
mos kelishi, egrilik, mutaassiblikka qo‘shilib salbiy shaklga ham kirishi mumkin” [3]. Chunki,
e’tiqodlilik darajasining o‘zi ham jamiyatda ijobiylik va salbiylik holatida namoyon bo‘ladi:
Ijobiy e’tiqod
- jur’atni, qat’iyatni, tashabbuskorlikni, tanlangan idealiga nisbatan
sadoqatni rivojlanishi kabi holatlarni ifodalaydi. Insonda ijobiy e’tiqodni shakllantirish uchun
xojagon tariqati ta’biri bilan aytganda “dil ba yoru dast ba kor” ya’ni qo‘l mehnat bilan, ko‘ngil
Olloh yodi bilan sayqallashib borishi kerak. Agar bu holat bo‘lmasa insonni nafsoniy tuyg‘ular
qamrab oladi va e’tiqodida nuqsonlar paydo bo‘ladi. Ko‘nglida Ollohni yod etib doimo ezgu
fikr, ezgu so‘z, ezgu amallar sari harakat qilayotgan e’tiqodli inson o‘zi tanlagan yo‘ldagi har
qanday qiyinchilikka bardosh bera oladi. Natijada ruhan kuchli shaxs bo‘lib, komil inson
xususiyatlari yuzaga chiqadi. Eng asosiysi bunday e’tiqodli inson o‘zligidan voz kechmaydi.
O‘zligini anglagan har qanday inson esa avvalo o‘zini, oilasini, mahallasini, millatini, jamiyatni
turli xil tajovvuzlardan himoya qiladi. Har qanday tashqi ta’sir e’tiqodli insonga bosim o‘tkaza
olmaydi. Zamonaviy modernizm jarayonidagi yangiliklarga xolisona baho beradi va bunday
holatlarni vaqtinchaligini anglaydi.
Salbiy e’tiqod
– ijtimoiy muhitda nafsoniy tuyg‘ularga xirs qo‘yish natijasida shaxsiy
ehtiyojlarini e’tiqod darajasiga ko‘taradi va jamiyatdagi parokandalikka sababchi bo‘ladi.
Bunday “tarbiyalangan” yoshlarning nafsoniy e’tiqodi shaxsiy g‘ayriaxloqiy xulq-atvorini
oqlash uchun asos vazifasini o‘taydi. Salbiy e’tiqodning kelib chiqishiga yana bir sabab,
54
“hayotiy tajriba natijasida avvalgi e’tiqod еmirilishi, yangisi o‘zlashtirilishi, bu insonning
chuqur ma’naviy tanazzuliga sabab bo‘lishi mumlin” [4]. Bu holat keyinchalik vafosizlik,
hayosizlik natijasida e’tiqodsizlik ko‘rinishlarini namoyon etadi.
Bugungi kunda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga tahdid soluvchi “ommaviy madaniyat” niqobi
ostidagi tahdidlar jarayoni ham salbiy e’tiqodning bir ko‘rinishidir. Bundan bir necha yil
muqaddam birinchi prezidentimiz I.A.Karimov bugungi kunni oldindan ko‘ra bilib,
yoshlarimizni mana shunday xavf borligidan ogohlantirib, ularni mustahkam e’tiqodli
bo‘lishga da’vat etgan edi: “...kishini doimo ogoh bo‘lishga undovchi mafkuraviy tazyiq, uning
ta’siri va oqibatlarini tezda ilg‘ab еtish nihoyatda qiyin. Mana shunday bir vaziyatda odam o‘z
mustaqil fikriga, sobit e’tiqodiga, o‘zi tayanib yashaydigan hayotiy-milliy qadriyatlarga,
shakllangan dunyoqarash va mustahkam irodaga ega bo‘lmasa, har turli mafkuralarning
bosimiga, ularning goh oshkora, goh pinhona ko‘rinishdagi tazyiqlariga bardosh berishi
amrimahol.” [5]. Agar e’tibor bersangiz jamiyatda ko‘proq yoshlar qatlami ongida har qanday
mafkuraviy yangilikka intilish kuchli bo‘ladi. Shuning uchun yoshlar miyasidagi informatsion
manbalarni ezgu e’tiqod g‘oyalari bilan boyitib borsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yoshlikda
o‘rganilgan bilimni toshga uyilgin naqshga o‘xshatilishi bejizga emas. Aynan shu davrdagi
olingan bilim mustahkam bo‘ladi. Shuning uchun ham yoshlar ongi va xulq-atvorida e’tiqod
tushunchasini shakllantirish muhim masaladir.
Tasavvur qiling ma’lum bir auditoriyada kasb-hunar egasi bo‘lish uchun qayg‘urayotgan
intelektual yoshlar o‘zaro fikr almashmoqda. Shunda emo va got, diniy aqidaparast yoxud
boshqa “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi tahdidlar ta’siriga tushib qolgan yigit-qiz o‘zaro
suhbatga kelib qo‘shildi. Yigit-qizning tashqi ko‘rinishga alohida e’tibor qaratgani, fikrlashdagi
“o‘ziga xoslik” atayin tengdoshlarini e’tiborini o‘zlariga jalb qilishdir. Yoshlarda ma’naviy
meros, hamda umuminsoniy qadriyatlarga bo‘lgan chuqur hurmat, qadrlash tuyg‘usini
shakllantirish yuqorida qayd etilgan salbiy holatlari bartaraf etishda muhim vosita bo‘la oladi.
Boy va mazmunli ma’naviy merosimiz xazinasida mavjud insoniyat sivilizatsiyasining
durdonasi hissoblangan fundamental ilm-fan, yuksak madaniyatning mohiyati va mazmunini
yoshlar ongi va qalbiga singdirish, ushbu me’rosga nisbatan еtishib kelayotgan avlodda
qadrlash e’tiqodini shakllantirish hozirgi kunning dolzarb masalasidir.
Xulosa qilib aytganda, e’tiqod har bir shaxsda mavjud bo‘lishi lozim bo‘lgan
dunyoqarashning bir ko‘rinishi bo‘lib, shaxs, jamoa, guruh, jamiyat tomonidan muayyan
g‘oyalarga, kishilarga, dinga chin dilidan ishonish, ergashish, sodiq va vafodor bo‘lishdir.
Ayniqsa, e’tiqod o‘z burchini anglagan, qattiq ishonch va mustahkam irodaga ega bo‘lgan, har
qanday vaziyatlarda ham sadoqatli bo‘la olgan, vijdonini unutmagan insonlarda mustahkam
bo‘ladi. E’tiqodsiz kishi ju’ratsiz, o‘z so‘zida qattiq turmaydigan, har xil kuch va ta’sirga
beriluvchan, bugun bir narsaga, ertasiga ikkinchi bir narsaga intiluvchan bo‘ladi. Bu esa
kishida mustahkam e’tiqodning yo‘qligidan dalolat beradi. Agar biz jamiyatda chin ma’nodagi
e’tiqodni shakllantirmoqchi bo‘lsak, yoshlar ongi va xulq-atvorida ta’lim-tarbiya jarayonida
tushuntirib borishimiz kerak. Buning uchun ma’lum bir ilmiy-ijtimoiy metodni ishlab chiqish
ustuvor vazifamiz ekanligini unutmasligimiz shart.
Foydalanilgan adabiyotlar/Используемая литература/References:
1.
Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. –T.: “Ma’naviyat” 2008. 113-b.
55
2.
Karimov I.A. Biz kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan quramiz. T.7. -T.: “O‘zbekiston”, 1999.
86-b.
3.
Falsafa: ensiklopedik lug‘at. –T.: O‘zbekiston milliy ensiklopdiyasi, 2010. 321-b
4.
Ijtimoiy himoya: atamalar izohli lug‘ati. –T.: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy
kutubxonasi nashriyoti, 2007. 384-b
5.
Ijtimoiy himoya: atamalar izohli lug‘ati. –T.: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy
kutubxonasi nashriyoti, 2007. 384-b.
