23
KIBERXAVFSIZLIK VA SHAXSNING HUQUQIY IJTIMOIYLASHUVI:
ZAMONAVIY TAHDIDLAR VA HIMOYA MEXANIZMLARI
Shokirov Bobur Tohirjon o’g’li
Farg’ona davlat universiteti yurisprudensiya yo’nalishi talabasi
https://doi.org/10.5281/zenodo.15357197
Annotatsiya.
Ushbu maqolada axborot texnologiyalarining rivojlanishi bilan yuzaga
kelgan kiberxavfsizlik muammolari, kibermakonning o‘ziga xos jinoyat turlari, shuningdek,
shaxsning huquqiy ijtimoiylashuvi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan xavfsizlik masalalari tahlil
qilinadi. Kiberxavfsizlikni ta’minlash borasida O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan
qonunlar, davlat siyosati va vakolatli organlar faoliyati yoritilib, shaxsiy ma’lumotlarning
himoyasi va raqamli muhitdagi xavfsizlik muhimligiga alohida urg‘u berilgan.
Kalit so‘zlar:
Kiberxavfsizlik, kibermakon, kiberjinoyat, shaxsiy ma’lumotlar, axborot
xavfsizligi, ijtimoiy tarmoqlar, huquqiy ijtimoiylashuv, kiberhujum, O‘zbekiston qonunchiligi.
ASOSIY QISM
Bugungi kunda jahon miqyosida axborot texnologiyalarining rivojlanishi, XXI asr —
axborot texnologiyalar asri bo‘lib qolganligi insonlar uchun qanchalik qulayliklar yaratgan
bo‘lsa, shunchalik ularning hayoti va shaxsiy ma’lumotlariga tahdid soluvchi xavfsizlik
muammolariga ham olib keldi.
Insonlar o‘rtasida elektron pullardan foydalanish qulay bo‘lgani sari, ularga nisbatan
hujumlar ham shuncha ortdi. Aynan ushbu sohalardagi xavfsizlik “Kiberxavfsizlik” orqali
ta’minlanadi.
Shuningdek, kibermakonda sodir bo‘layotgan jinoyatlar soni hozirgi kunda sezilarli
darajada ortib bormoqda. Kibermakondagi jinoyatlarning boshqa jinoyatlardan farqi
shundaki, bu jinoyatlarni shaxs masofadan turib sodir etadi, inson uni ko‘zi bilan ko‘rmaydi,
bunda insonning hayotiga emas, balki ma’lumotlariga hujum qilinadi. Shu sababli bunday
jinoyatlarga qarshi kurashish uchun mamlakatda samarali ishlaydigan organlar tizimini
yaratish bugungi kunning kechiktirib bo‘lmas vazifasidir.
Yangilanayotgan O‘zbekistonda ham hozirgi kungacha “Kiberxavfsizlik” masalasi
bo‘yicha qonunchilik hujjatlari yetarli darajada emas edi. Chunki bu tushuncha va unga oid
jinoyatlar so‘nggi yillarda juda tez sur’atda ommalashdi. Shu sababli O‘zbekiston
Respublikasida kiberxavfsizlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, kiberjinoyatlarning
oldini olish, kiberhujumlardan himoyalanish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
tomonidan 2022-yil 15-aprelda “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Mazkur qonunda axborotlashtirish ob’ekti, kiberjinoyatchilik, kibermakon, kibertahdid,
kiberxavfsizlik, kiberxavfsizlik hodisasi, kiberxavfsizlik ob’ekti, kiberxavfsizlik sub’ekti,
kiberhimoya, kiberhujum, muhim axborot infratuzilmasi, ushbu infratuzilma ob’ektlari va
sub’ektlari kabi tushunchalar mazmun-mohiyati bilan ochib berilgan.
Qonun quyidagi prinsiplar bilan mustahkamlangan: qonuniylik, kibermakonda shaxs,
jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish ustuvorligi, kiberxavfsizlik sohasini tartibga
solishga yagona yondashuv, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini ta’minlash, shuningdek,
xalqaro hamkorlik uchun ochiqlik.
O‘zbekiston Respublikasida kiberxavfsizlik sohasidagi yagona davlat siyosatini
Prezident belgilaydi. Ushbu sohadagi vakolatli davlat organi — O‘zbekiston Respublikasi
Davlat xavfsizlik xizmati hisoblanadi.
24
Mazkur xizmat quyidagi vazifalarni bajaradi:
kiberxavfsizlik sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;
qonunchilik ijrosini nazorat qilish;
kiberxavfsizlik hodisalari yuzasidan tezkor-qidiruv va tergovga qadar tadbirlar olib
borish;
kiberhujumlarning oldini olish, aniqlash va bartaraf etish;
favqulodda vaziyatlarda axborot tizimlarini himoyalash chora-tadbirlarini ishlab
chiqish;
muhim axborot infratuzilmasi ob’ektlarida kiberxavfsizlikni ta’minlash.
Kiberxavfsizlikni ta’minlash maqsadida sub’ektlar quyidagi huquqlarga ega:
vakolatli davlat organidan kibertahdidlar, dasturiy ta’minot va uskunalardagi zaifliklar
haqida ma’lumot olish;
kiberhujumlarni aniqlash va bartaraf etish vositalari to‘g‘risida maslahat olish;
o‘z kiberxavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish.
Qonunga ko‘ra, kiberxavfsizlik sub’ekti sifatida milliy axborot resurslariga ega bo‘lish,
ularni boshqarish, axborotni himoya qilish, axborot xizmatlari ko‘rsatish va tegishli huquq va
majburiyatlarga ega yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar, jumladan muhim
axborot infratuzilmasi sub’ektlari tan olingan.
Kiberxavfsizlik sub’ekti — bu ushbu sohadagi qarorlarni qabul qiluvchi va xavfsizlikni
ta’minlash uchun mas’ul shaxs yoki tashkilotdir. Ular turli xavflar — kiberhujumlar,
ma’lumotlarning noqonuniy ishlatilishi, tizimlarga noqonuniy kirish —dan himoya qilishga
mas’uldir.
Kiberxavfsizlik sohasida shaxslarning o‘rni alohida ahamiyatga ega. Shaxslar — jismoniy
shaxslar yoki tashkilot vakillari bo‘lib, ular kiberxavfsizlikka oid qoidalarga amal qilishlari va
xavfsizlikni ta’minlashda ishtirok etishlari zarur. Bu esa huquqiy bilim va ko‘nikmalarni talab
etadi.
Jamiyat taraqqiyotida shaxsning o‘rni to‘g‘risida hozirgi zamon fanlari shuni
ko‘rsatadiki, insonning rivojlanishi va o‘zgarishi uning ijtimoiylashuvi orqali amalga oshadi.
Ijtimoiylashuv — bu shaxsning butun hayoti davomida turli bosqichlarda shakllanib
boradigan jarayondir. Masalan: bolalik, o‘smirlik, o‘rta yosh va keksalik bosqichlarida bu
jarayon o‘ziga xos shakllarda namoyon bo‘ladi.
Shaxsning ijtimoiylashuvi — bu uning ijtimoiy adolatga bo‘lgan intilishi orqali ham
namoyon bo‘ladi. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev bu hodisani quyidagicha ifodalagan:
“Ijtimoiy adolat — bu siyosiy qarashlar, jinsi, millati, tili va diniy e’tiqodidan qat’i nazar,
qonun oldida barcha fuqarolarning tengligini ta’minlashdir. Bu — ta’lim, tibbiyot va boshqa
sohalardagi imkoniyatlar tengligidir. Bu — kafolatlangan mehnat faoliyati erkinligi, mansab
lavozimlarida ko‘tarilishdagi imkoniyatlar tengligidir. Eng muhimi — bu, keksalar va ijtimoiy
himoyaga muhtoj fuqarolar haqida g‘amxo‘rlikdir.”
Kiberxavfsizlik va shaxsning huquqiy ijtimoiylashuvi o‘rtasidagi bog‘liqlik axborot
xavfsizligini ta’minlash va shaxs huquqlarini himoya qilish orqali namoyon bo‘ladi. Shu
jihatlarga alohida e’tibor qaratish kerak:
shaxsning shaxsiy ma’lumotlari, xususiy hayoti va axborotini himoya qilish
kiberxavfsizlikning ustuvor yo‘nalishidir;
25
internet orqali ijtimoiylashish holatida shaxsiy ma’lumotlar (manzillar, qiziqishlar, aloqa
doirasi) kiberxavf ostida qoladi;
ijtimoiy tarmoqlarda axborot xavfsizligi va shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlash muhim
ahamiyatga ega.
Kiberxavfsizlikning huquqiy jihati ham dolzarbdir. Davlatlar internet xavfsizligini
ta’minlash, shaxs va tashkilotlarni himoya qilish uchun qonunlar ishlab chiqmoqda. Bu
qonunlar onlayn huquqlarni himoya qilishga va shaxsiy ma’lumotlar muhofazasini
ta’minlashga qaratilgan.
Xulosa qilib aytganda, kiberxavfsizlik va shaxsning huquqiy ijtimoiylashuvi bir-biri bilan
chambarchas bog‘liq bo‘lib, zamonaviy raqamli dunyoda insonlarning huquq va manfaatlarini
himoya qilishda muhim o‘rin egallaydi. Internetda faoliyat yuritayotgan har bir shaxs o‘zining
shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishga mas’ul bo‘lib, davlat esa bunday xavfsizlikni
ta’minlash uchun qonunchilik asoslarini yaratishga mas’uldur. Kiberxavfsizlik sohasi nafaqat
texnologik, balki huquqiy, ijtimoiy va axloqiy yondashuvni ham talab qiladi. Shu bois, bu
sohada tizimli ishlarni davom ettirish va har bir fuqaroda axborot madaniyatini shakllantirish
bugungi kunning muhim vazifasidir.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 2022 yil 15 aprelda
“Kiberxafvsizlik to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni.
2.
Sotsialnaya pedagogika. Kurs leksiy. Pod. red. M.A.Galaguzovoy. –M.: VLADOS, 2003. –S.
87.
3.
Sotsialnыy ensiklopedicheskiy slovar. Na russkom, angliyskom, fransuzskom I
cheshskom yazыkax. Redaktor-kordinator – akademik RAN G.V.Osipov –Moskva. Izdatelskaya
gruppa infra. m-norma. 1998. –S. 328.
4.
Mirziyoyev Sh.M. Konstitutsiya – erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada
taraqqiy ettirishning mustahkam poydevoridir. – T., 2018, 30-bet.