74
O’ZBEKISTONDA IQLIM O’ZGARISHLARINING VUJUDGA KELISHI VA
ULARNING OLDINI OLISH MASALALARI
Abdukaxorova Sadoqat Baxshullo qizi
Magistr, Navoiy Davlat Universiteti, O’zbekiston
Ilmiy rahbar:
Shamsidinova Gulchexra Dustmorodovna
Biologiya fanlari nomzodi, dotsent, Navoiy Davlat Universiteti, O’zbekiston
https://doi.org/10.5281/zenodo.14737032
Annotatsiya:
Ushbu maqola Yerning iqlimiy o'zgarishlari va ekologik muammolariga
bag'ishlangan. Maqolada Yerning tarixiy o'zgarishlari, iqlimning tabiiy ravishda qanday
o'zgargani va bugungi kunda inson faoliyati ta'sirida yuzaga kelayotgan ekologik muammolar
tahlil qilinadi. Xususan, O'zbekistonda iqlim o'zgarishlari va bu o'zgarishlarning ijtimoiy,
iqtisodiy va ekologik oqibatlari yoritilgan. Maqolada iqlim o'zgarishlarining sabab va
oqibatlari, shuningdek, ularga qarshi kurashish uchun amalga oshirilayotgan xalqaro va milliy
chora-tadbirlar haqida so'z boradi. BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning atrof-muhitni
muhofaza qilishdagi roli, O'zbekistonning bu boradagi tashabbuslari va ekologik siyosatga
doir eng muhim yangiliklar hamda davlat va shaxsning ekologik mas'uliyatlari haqida
ma'lumot berilgan. Maqola ekologik ta'lim va ongni oshirish, qayta tiklanuvchi energiya
manbalarini ishlatish, shaharlar va hududlarda ekologik tozalikni saqlash kabi amaliy
choralarni amalga oshirishning zarurligini ta'kidlaydi.
Kalit so'zlar:
iqlim o'zgarishlari, ekologik muammolar, O'zbekiston, xalqaro hamkorlik,
BMT, ekologik xavfsizlik, atrof-muhitni muhofaza qilish, global isish, qayta tiklanuvchi
energiya, ekologik siyosat.
Ilmiy faktlarga ishonadigan bo’lsak, bugungi kunda sayyoramizning yoshi taxminan 4,5
milliard yilni tashkil etadi va bu davr mobaynida Yerda sezilarli o’zgarishlar sodir bo’ldi.
Hozirgi atmosfera tarkibi, iqlim, sayyora massasi, biologik xilma-xillik o’sha vaqtdagidan
tubdan farq qiladi. Dastlab sovuq bo’lgan sayyorada yillar o’tgan sayin okeanlar va qit’alar
paydo bo’ldi, endi u o’zi va Quyosh atrofida ham nisbatan sekinroq aylana boshladi. Natijada
esa Yerda biologik xilma-xillik ortib bordi, sayyora namlik oqimida, issiqlik almashinuvida va
atmosfera tarkibida keskin o’zgarishlarga uchradi. Shunga ko’ra ayta olamizki, iqlim
o’zgarishlari Yerning butun hayoti davomida to’xtovsiz davom etib kelgan, ammo, ular Yerda
tabiiy ravishda sodir bo’lgan va yuzaga kelgan o’zgarishlar ham tabiiy moslanishlarga asos
bo’lgan. Bugun esa inson omili nafaqat iqlim o’zgarishlari, balki, ularning jadallashuviga ham
sababchi bo’lmoqda. Xususan, O’zbekiston hududida ham bir qancha iqlimiy o’zgarishlar va
ularning natijasida vujudga kelgan ekologik muammolarga duch kelishimiz mumkin. Bunday
muammolar negizida esa yuqorida aytib o’tilgan tabiiy va antropogen omillar turadi. Iqlim
o’zgarishlarining qay sababdan paydo bo’lishi, qanday oqibatlarga olib kelishi va ularning
oldini olish bugunning eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.
So’nggi yillar davomida dunyo bo’yicha iqlimiy masalalarni o’rganuvchi va tatqiq
qiluvchi bir qator ilmiy markazlar tashkil etilgan bo’lib, ulardan eng mashhurlari qatoriga
Butunjahon meteorologiya tashkiloti, Global Atrof-muhit jamg'armasi, "Yerning do'stlari"
xalqaro tashkilotlarini kiritish mumkin.
Bundan tashqari hozirda BMTning mavjud 14 ta ixtisoslashgan tashkilotlardan 6 tasi
atrof-muhit muhofazasiga aloqador masalalar bilan shug`ullanadi. Jumladan, YuNESKO-ta’lim,
fan va madaniat masalalari bilan shug`ullanuvchi tashkilot faoliyatining asosiy
75
yo`nalishlaridan biri atrof-muhit muhofazasi sohasida maorif va kadrlar tayyorlash, tabiiy
resurslardan oqilona foydalanish bo`yicha ijobiy tajribalarni ommalashtirish, ilmiy
tadqiqotlar o`tkazishga qaratilgan.
FAO
– oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi bo`yicha tashkilot. U yer, suv, o`simlik va
hayvonlardan kompleks foydalanish, ularning unumdorligini oshirish muammolari bilan
shug`ullanadi.
VOZ
- xalqaro sog`likni saqlash tashkiloti. Atrof-muhitni muhofazasining sanitary-
gigiyenik masalalari bilan shug`ullanadi.
VMO
- xalqaro meteorologik tashkilot. Iqlimdagi umumsayyoraviy o`zgarishlar bilan
shug`ullanadi.
IMKO-
dengizlar bo`yicha davlarlararo maslahat tashkiloti. Bu tashkilot dunyo dengiz va
okeanlaridan foydalanishning ekologik jihatlari bilan shug`ullanadi. Yuqoridagilardan
tashqari, BMTning ijtimoiy va iqtisodiy masalalar bilan shug`ullanuvchi kengashi EKOSOS
faoliyatida ham atrof-muhit muhofazasiga jiddiy e’tibor beriladi.
Aytish joizki, dunyo bo’ylab iqlim o’zgarishlari va ekologik ko’rsatkichlarning o’zgarishi
yuzasidan tinimsiz izlanishlar olib borilayotganligiga qaramasdan, so`nggi bir yarim asrda
bunday o`zgarishlarda inson omili katta rol o`ynayotgani e’tibordan chetda qolgani yo’q.
Jumladan, ishlab chiqarish shiddat bilan rivojlanib, atrof-muhitga chiqarilayotgan zararli
chiqindilar miqdorining ortishi, demografik o`sish, avtomobillarning ko`payishi havoning
o`rtacha harorati ortishiga sabab bo`layapti. Iqlimni mo`tadil saqlashda katta ahamiyatga ega
bo`lgan o`rmonlar maydoni esa yildan-yilga qisqarib bormoqda.
Tabiiyki iqlim o`zgarishlari keyingi yarim asr ichida bizning mintaqaga ham sezilarli
ta`sir o`tkazdi. Bir paytlar mavjlanib yotgan Orol dengizi maydoni o`nlab baravarga qisqarib,
uning o`zani qaqroq sahroga aylandi.
So`nggi yillarda havo haroratining ko`tarilishi natijasida Sirdaryo va Amudaryoni suv
bilan ta`minlaydigan Pomir va Tyanshan muzliklari shiddat bilan erib bormoqda. Tojikiston
hamda Qirg`iziston vakillari ba`zi muzliklar 20-30% eriganini aytishmoqda. Bir necha o`n
yilliklar ichida esa bu muzliklarning yarmidan ko`pi erib bitishi mumkin.
Shu va shunga o’xshash iqlim o`zgarishlarining noxush oqibatlariga qarshi kurashish
maqsadida O`zbekiston hukumati tomonidan xalqaro hamjamiyat bilan hamkorliklar faol
yo`lga qo`yilgan va bir qancha xalqaro shartnoma va bitimlar imzolangan.
Jumladan, 2016-yil 19-aprel kuni O‘zbekiston Parij bitimiga qo‘shildi, BMTning
to’laqonli a’zosi sifatida O’zbekiston ushbu tashkilot tomonidan qabul qilingan barcha qonun,
qaror va protokollarga to’laqonli amal qiladi, hamda ularga qo’shimcha tarzda doimiy
ravishda bir qancha loyihalar ishlab chiqadi. Xususan, O’zbekiston Prezidentning 2023-yil 8-
iyundagi “Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti faoliyatini
tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qaroriga muvofiq Markaziy Osiyoda yagona bo’lgan
Green University faoliyati yo’lga qo’yilmoqda. Ushbu universitet davlat OTM hisoblanib,
faoliyatini Hub and Spoke tamoyili asosida olib borish rejalashtiriligan bo’lib, O‘zbekiston va
Markaziy Osiyo mintaqasining muhim ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy
muammolarini hal etishga qodir mutaxassislar, olim, tadqiqotchi, rahbar va tadbirkorlarni
tayyorlash Universitetning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Joylarda keyingi yillarda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik muhitininig
rivojlanishi, munosabatlarning iliqlashishi iqlim o‘zgarishlarini muvofiqlashtirishga ham
76
ijobiy ta’sir qilishi mumkin. Xususan, avgust oyida Turkmanistonda Orol muammosiga
bag‘ishlab o‘tkazilgan sammitda ham mintaqadagi davlat rahbarlari ana shu masalalarni keng
muhokama qilib, zarur chora-tadbirlarni belgilab olishdi.
Xulosa:
Ushbu ekologik masalalar faqat davlat idoralari, soha mutaxassislari zimmasidagi vazifa
bo’libgina qolmay, har bir inson global isish, iqlim o`zgarishlarining oldini olishga qo`lidan
kelgancha hissa qo`shishi shart. Ishlab chiqarish korxonalarida asosan qayta tiklanuvchi
energiya manbalaridan foydalanish, imkon qadar ekologik toza transport vositalari
(velosiped, elektromobil) xizmatidan foydalanish, yirik shahalarimizda avtomobilsiz kunlarni
joriy etish, ko`p miqdorda yoqilg`i sarflaydigan avtomashinalar uchun to`lovlarni oshirish
singari choralar ham ma`lum ma`noda iqlim o`zgarishlarini cheklashga yordam berishi
mumkin. Hududlarda, ayniqsa shahar joylarida daraxtzorlarni yanada ko`paytirish,
daraxtlarning asossiz kesilishiga yo`l qo`ymaslik ham shular jumlasidandir. Zotan, tabiiy
boyliklarimizga ehtiyotkorona munosabatda bo`lsak, suv, gaz, elektr energiyasining ortiqcha
sarfiga yo`l qo`ymasak, o`zimiz yashayotgan hudud, hovli yoki ko`chaning toza va ozodaligiga
e`tibor qaratsak qaysi bir ma’noda ekologiya va atrof-muhit sofligiga ma’lum miqdorda o’z
hissamizni qo’shgan bo’lamiz.
References:
1.
Qosimov, T. (2020).
O‘zbekistonning ekologik rivojlanishi va atrof-muhitni himoya qilish
choralari
. Toshkent: O‘zbekiston ekologik jamiyati nashri.
2.
Karimov, A. R., & Zakirov, A. T. (2021).
Environmental effects of mining and industrial
activities on public health in Uzbekistan
. Uzbekistan Journal of Environmental Studies, 13(1),
77-89.
3.
Jahon Meteorologiya Tashkiloti (2022).
Iqlim o‘zgarishlari va global isitish
. BMT Atrof-
muhit dasturi, YUNESKO, Global Environment Facility (GEF).
4.
Shamsidinova G.D. Yuldashev M.X. Boratova M.G’. (2021).
Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish. Oliy o’quv yurtlari uchun darslik.
