Авторы

  • Равшанджон Абдуллаев
    Qo‘qon universiteti

Биография автора

  • Равшанджон Абдуллаев, Qo‘qon universiteti
    v.b. dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.international-scientific.120754

Аннотация

Maqolada Qo‘qon xonligida qog‘oz ishlab chiqarilishi hamda ushbu qog‘ozdan qanday maqsadlarda foydalanilgani haqida fikr-mulohazalar bayon etilgan.


background image

International scientific journal

“Interpretation and researches”

Volume 1 issue 10 (56) | ISSN: 2181-4163 | Impact Factor: 8.2

150

QO‘QON XONLIGIDA QOG‘OZ ISHLAB CHIQARILISHI TARIXIDAN

Abdullayev Ravshanjon Inomjon o‘g‘li

Qo‘qon universiteti v.b. dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Annotatsiya:

Maqolada Qo‘qon xonligida qog‘oz ishlab chiqarilishi hamda

ushbu qog‘ozdan qanday maqsadlarda foydalanilgani haqida fikr-mulohazalar bayon
etilgan.

Kalit so‘zlar:

Qo‘qon xonligi, qo‘qon qog‘ozi, kitobat ishi, xattot, Chorku,

muqovasozlik, A.Fedchenko, Yujin Skayler.


XIX asrda Qo‘qon xonligi O‘rta Osiyoda qog‘oz ishlab chiqarishning eng yirik

va muhim markazlaridan biri bo‘lgan. Garchi xonlik tarixiga oid mahalliy tarixchilar
tomonidan yozilgan asarlarda Qo‘qon hududida qog‘oz ishlab chiqarilishi haqida
ma’lumotlar kam uchrasa-da, bu sohadagi faoliyatning mavjudligi haqida boshqa
manbalarda muhim dalillar bor. Ayniqsa, turli davrlarda Qo‘qon xonligiga tashrif
buyurgan elchi, sayyoh va boshqa mutaxassislarning safar kundaliklari hamda yozma
eslatmalarida xonlikda qog‘oz ishlab chiqarilganiga oid batafsil va qimmatli
ma’lumotlar keltirilgan. Ushbu qaydlar Qo‘qon xonligining nafaqat siyosiy va
madaniy markaz ekanligini, balki iqtisodiy va hunarmandchilik sohasida ham
sezilarli darajada rivojlanganligini ko‘rsatadi.

Rus geograf olimi XIX asr 70-yillarida A.Fedchenko Qo‘qon xonligi bo‘ylab

sayohat qilar ekan, uning e’tiborini tortgan jihatlardan biri xonlikdagi qog‘oz ishlab
chiqarish jarayoni bo‘ladi. Muallifning qayd etishicha shaharning “Mo‘yi Muborak”
darvozasi yaqinida hamda Chorku qishlog‘ida qog‘oz ishlab chiqaruvchi ustaxonalar
bo‘lgan

24

. Yana bir xorijiy muallif Yujin Skayler ham Qo‘qonda bo‘lgan vaqtida bu

yerdagi qog‘oz ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishadi va bu jarayon muallifda katta
taassurot qoldiradi. Shuningdek, ustaxonalarda qog‘oz tayyorlash jarayoni qanday
tartibda amalga oshirilganligi haqida ham ma’lumotlarni qayt etib o‘tadi

25

.

O‘rta Osiyoning asosiy qog‘oz ishlab chiqarish markazi hisoblangan

Samarqandda ushbu hunarning tanazzulga uchrashi natijasida Qo‘qon mintaqasi
qog‘oz ishlab chiqarishda yetakchi markazga aylana boshlaydi. Samarqanddagi
an’anaviy qog‘oz ishlab chiqarish sohasining pasayishi, ayniqsa XVII asrning
oxirlarida sezilarli bo‘lib, bu holat Qo‘qon xonligida qog‘oz ishlab chiqarish
faoliyatining kengayishi va rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qo‘qonda ishlab

24

Федченко А. Оби джуазъ – писчебумажная фабрика в Кокане // Туркестанский сборник. Том 57. 1878. – С.

414

25

Скайлер Ю. Туркистон: Россия Туркистони, Қўқон, Бухоро ва Ғулжага саёҳат қайдлари / Кириш, инглиз

тилидан қисқартирилган таржима, изоҳлар ва кўрсаткичлар муаллифи З.Саидбобоев – Тошкент: O‘zbekiston,
2019. – Б. 255.


background image

International scientific journal

“Interpretation and researches”

Volume 1 issue 10 (56) | ISSN: 2181-4163 | Impact Factor: 8.2

151

chiqarilgan qog‘oz nafaqat mahalliy ehtiyojlarni qondirishda muhim rol o‘ynagan,
balki ushbu mahsulot savdogarlar orqali qo‘shni davlatlar va hududlarga ham
yetkazib berilgan. Bu esa Qo‘qon xonligining iqtisodiy va madaniy hayotida qog‘oz
sanoatining muhim o‘rin egallashini, shuningdek, mintaqalararo savdo aloqalarining
rivojlanishiga xizmat qilganligini ko‘rsatadi. Shu tariqa, Qo‘qon qog‘ozi nafaqat
mahalliy yozma madaniyatni qo‘llab-quvvatlash, balki mintaqaviy iqtisodiy
integratsiyani mustahkamlashda ham muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.

Qo‘qonlik usta hunarmandlar tomonidan mazkur qog‘ozning o‘ndan ortiq turlari

ishlab chiqarilar edi. Bunda albatta talab va ehtiyojlar inobatga olingan. Jumladan
ipak qog‘oz, abri bahor, nimkatoniy, mirzoyi qog‘oz, devoniy, rasmiy qog‘oz, jaydari
qog‘oz, haftrang, o‘rama qog‘oz kabi turlarda ishlab chiqarilgan

26

.

Qog‘oz eng ko‘p talab etiladigan sohalardan biri kitobat sohasi, ya’ni kitob

tayyorlash bilan bog‘liq kasb-hunar hisoblanadi. Kitoblar tayyorlanishda asosiy
material sifatida qog‘oz ishlatilganligi sababli, kitob tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi
hunarmandlar Qo‘qon xonligidagi qog‘oz mahsulotining eng asosiy xaridorlari
bo‘lgan.

Bundan tashqari, yuqorida qayd etilganidek, Qo‘qon qog‘ozi faqat mahalliy

bozor uchun emas, balki qo‘shni davlatlarga ham eksport qilingan. Shu sababli,
nafaqat Qo‘qon hududida, balki qo‘shni Xiva xonligi va Buxoro amirligida ham
kitoblarni tayyorlashda aynan Qo‘qon qog‘ozidan keng foydalanilgan. Bu holat
mintaqalararo madaniy va savdo aloqalarining yuqori darajada rivojlanganidan
dalolat beradi. Bugungi kunda bu haqdagi dalillar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi
Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan asarlar orqali ham
yaqqol tasdiqlanadi. Ayniqsa, Xiva xonligi va Buxoro amirligida tayyorlangan
qadimiy kitoblarda qo‘llangan qog‘ozlar Qo‘qon qog‘ozi ekanligi, uning sifat va
xususiyatlari haqidagi ma’lumotlar, ushbu sanoatning mintaqaviy ahamiyatini
yoritishda muhim manba hisoblanadi.

Qo‘qon, Xiva va Buxoroda tayyorlangan kitoblarni tadqiqot etish davomida

yupqa, novvotrang, shildiroq qo‘qon qog‘oziga bitilgan qo‘lyozma kitoblarga ko‘p
bora duch kelindi. Ushbu qog‘oz turi nisbatan arzon va xat bitish uchun qulay
bo‘lganligi boisidan kitobat ishida ko‘proq foydalanilgan.

Qolaversa kitob muqovalarini tayyorlashda ham qog‘ozdan foydalanilar edi.

Xonlik poytaxti Qo‘qonda muqovasozlik hunari ham rivojlangan bo‘lib, XIX asrga
oid ma’lumotlarda, “eng yaxshi muqovasozlar Qo‘qondadir” deyilgan. P.I.Pashino
ma’lumotlariga ko‘ra, XIX asr 60-yillarida Qo‘qonda murakkab bo‘lmagan
muqovalash asboblari tayyorlangan hamda bunday asboblarni ushbu soha bo‘yicha

26

Хўқандий М.Я. Хўқанди латиф ҳунармандчилиги. – Тошкент: Ғофур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа

ижодий уйи, 2021. – Б. 176.


background image

International scientific journal

“Interpretation and researches”

Volume 1 issue 10 (56) | ISSN: 2181-4163 | Impact Factor: 8.2

152

Qo‘qon bilan raqobatchi bo‘lgan Samarqanddan ham topish qiyin bo‘lgan

27

.

Namangan va Qo‘qon muqovalash hunari rivojlangan shahlardan bo‘lib, bu yerda
charm va qog‘ozdan yaratilgan muqovalar O‘rta Osiyoning yirik markazlari –
Samarqand va Xivada tayyorlangan muqovalardan qolishmas edi

28

.

Qo‘qon qog‘oziga bo‘lgan talab nafaqat kitobat sohasi bilan cheklanib qolmay,

balki davlatning rasmiy ish yuritish faoliyatida ham yuqori darajada bo‘lgan.
Xususan, xonlarning farmonlari, xorijiy mamlakatlar hukmdorlariga yuboriladigan
elchilik maktublari, shuningdek, saroyning turli darajadagi idoraviy hujjatlari va
boshqaruv hujjatlari yuritilishida Qo‘qon qog‘ozidan keng foydalanilgan. Ushbu
holat bugungi kunda turli arxivlar va kutubxonalarda saqlanib kelayotgan hujjatlar
orqali o‘z isbotini topadi.

Shuningdek, kitobat sohasidagi qog‘oz talabiga o‘xshab, Qo‘qon qog‘ozi

qo‘shni mamlakatlar, xususan, O‘rta Osiyo mintaqasidagi boshqa davlatlarning
rasmiy ish yuritish hujjatlarida ham faol qo‘llanilgan. Bu esa Qo‘qon qog‘ozining
nafaqat sifat jihatidan, balki iqtisodiy va madaniy aloqalardagi o‘rnining muhimligini
ko‘rsatadi. Qo‘qon qog‘ozi mamlakat chegaralaridan chiqib, mintaqaviy savdo va
diplomatik aloqalarning ajralmas qismi bo‘lgan.

Shu tariqa, Qo‘qon qog‘ozining davlat boshqaruvida, diplomatiyada hamda

ilmiy-madaniy sohalarda keng qo‘llanilishi uning mintaqaviy ahamiyatini yanada
oshirgan. Bu jarayon Qo‘qon xonligining iqtisodiy, madaniy va siyosiy salohiyatining
rivojlanganligini va mintaqadagi o‘ziga xos markaz sifatidagi o‘rnini ko‘rsatadi.
Xususan, Buxoroga Qo‘qon qog‘ozining “ishtarxoni” turi Qo‘qondan, “abreshim”
nomli qog‘oz turi esa Qo‘qon orqali Xitoydan ko‘p miqdorda keltirilgan. Sifatli
Qo‘qon qog‘oziga talabning yuqoriligi sababli buxorolik ijod ahli asosan ushbu
qog‘ozdan foydalangan va hukmdorlar ham o‘z maktublarini ko‘proq Qo‘qon
qog‘oziga bitganlar. Xususan, amir Haydar (1800–1825)ning 139 varaqlik, 279
maktubdan iborat Qo‘qon qog‘oziga nastaliq xatida yozilgan maktublar to‘plami
bizning davrimizgacha saqlanib qolgan. Shuningdek, Buxoro amiri Muzaffarning
1868-yil 7-fevralda turk sulboni Abdulazizga yozgan maktubi ham xattot Mulla
Vohid tomonidan Qo‘qon qog‘oziga nastaliq xatida bitilgan edi

29

.

Qo‘qon qog‘ozining yana boshqa turlaridan xonlik aholisi kundalik hayotida

turli maqsadlarda keng foydalanishgan. Ushbu turdagi qog‘ozlar odatda past navli va
arzon bo‘lib, yozuv, hisob-kitob, savdo hujjatlari va boshqa kundalik ehtiyojlar uchun
xizmat qilgan. Shu sababli, ularning ishlab chiqarilishi va ta’minoti xonlikning
kundalik faoliyatida muhim o‘rin tutgan.

27

Мадраҳимов З. Қўқон хонлигида савдо муносабатлари: Тарих фанлари номзоди илмий даражасини олиш

учун тақдим этилган диссертация. – Наманган, 2009. – Б. 40.

28

Қосимов Й. Наманган тарихидан лавҳалар. – Т., 1990. – Б. 20.

29

Мадраҳимов З. Қўқон хонлигида савдо муносабатлари: Тарих фанлари номзоди илмий даражасини олиш

учун тақдим этилган диссертация. – Наманган, 2009. – Б. 83.


background image

International scientific journal

“Interpretation and researches”

Volume 1 issue 10 (56) | ISSN: 2181-4163 | Impact Factor: 8.2

153

Xulosa qilib aytganda, Qo‘qonda qog‘oz ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi

nafaqat mahalliy iqtisodiyot va hunarmandchilik sohasini rivojlantirishga xizmat
qilgan, balki xonlik va unga qo‘shni mamlakatlarning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy
hamda madaniy hayotida alohida ahamiyat kasb etgan muhim jarayon bo‘ldi. Qo‘qon
qog‘ozi mintaqaning yozma madaniyati va ma’muriy boshqaruvida asosiy vosita
sifatida keng qo‘llanilib, uning madaniy va iqtisodiy salohiyatining oshishiga o‘z
hissasini qo‘shdi.

Наиболее читаемые статьи этого автора (авторов)