“JOURNAL OF SCIENCE-INNOVATIVE RESEARCH IN
UZBEKISTAN” JURNALI
VOLUME 2, ISSUE 12, 2024. DECEMBER
ResearchBib Impact Factor: 9.654/2024 ISSN 2992-8869
405
ABDUQAYUM YO‘LDOSH HIKOYALARIDA JAMIYAT VA INSON
MUNOSABATLARI TALQINI
Davronova Shohsanam G‘aybulloyevna,
filologiya fanlari doktori (DSc), BuxDU professori v.b.
Annotatsiya.
Maqolada hozirgi o‘zbek nasrining taniqli vakillaridan biri
Abduqayum Yo‘ldosh hikoyalarida jamiyat va inson munosabatlari, ijtimoiy
muammolar talqini masalasi o‘rganilgan.
Kalit so‘zlar.
Hikoya, Abduqayum Yo‘ldosh hikoyalari, badiiy talqin, badiiy
obraz, poetik mahorat, ruhiyat tasviri, jamiyat va inson talqini.
Adabiyotda inson va uning atrof muhit, jamiyat bilan munosabati, kishilarning
o‘zlari mansub bo‘lgan sharoit bilan aloqalari masalasi azaldan talqin etib kelingan.
Bu, albatta, tabiiy. Chunki inson yakka o‘zi mavjud bo‘la olmagani qatorida, bir o‘zi
hayot kechirib ham bilmaydi. Tabiiyki, u umri davomida tabiat va jamiyat bilan
bog‘liqlikda bo‘ladi. Kishilarning yashash sharoiti, harakat qilayotgan zamini,
tug‘ilib o‘sgan yoki turmush kechirayotgan hududi, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy
sharoiti ular hayotining mazmuniga muayyan iz qoldiradi. Insonning ma’naviy
dunyosi, ruhiy olami, borliq haqidagi tasavvurlari va qarashlarida yashash tarzi va
o‘zaro aloqada bo‘lgan odamlarning sezilarli ta’siri bo‘ladi.
Zamonaviy o‘zbek adabiyotida jamiyat va inson munosabatlarining turli-
tuman murakkab qirralari yoritilgan asarlarni uchratishimiz mumkin. Hikoya janrida
barakali qalam tebratib kelayotgan ijodkorlar Xurshid Do‘stmuhammad,
Abduqayum Yo‘ldoshev, Nabi Jaloliddin, Nazar Eshonqul, Zulfiya Qurolboy qizi,
Isajon Sulton, Ulug‘bek Hamdam singari ijodkorlar asarlarida jamiyat muammolari
“JOURNAL OF SCIENCE-INNOVATIVE RESEARCH IN
UZBEKISTAN” JURNALI
VOLUME 2, ISSUE 12, 2024. DECEMBER
ResearchBib Impact Factor: 9.654/2024 ISSN 2992-8869
406
va inson shaxsiyati, xarakteri, ruhiyati turli tomonlama talqin etib kelinmoqda. Bu
borada Abduqayum Yo‘ldoshev hikoyalari alohida e’tiborni tortadi.
Yozuvchi Abduqayum Yo‘ldoshevning “Osmon og‘ushi” (2018), “Qaydasan
mo‘'jiza...” (2019), “Puankare” (2019), “Mashaqqatlar osha yulduzlar sari” (2021)
kabi to‘plamlaridan o‘rin olgan ko‘plab hikoyalarida yangi davrning muammolari,
insonlarning o‘zaro munosabatlari jarayonida yuzaga keladigan ixtiloflar,
ma’naviyat, milliylik masalalari qalamga olinadi.
Adibning hikoyalarida yangi zamon o‘zgarishlari va bularni turlicha qabul
qilgan odamlarni ham, shaxsiy manfaatlari yo‘lida o‘zgalarni qurbon qilishdan
qaytmaydigan shafqatsiz kimsalarni ham, o‘zgalarga ishonib, hammani o‘ziday deb
bilib, pand yegan kishilarni ham uchratishimiz mumkin. Bularning bari
hayotdagiday murakkab va hayotdagiday haqqoniy qilib ko‘rsatiladi. Aytish
mumkinki, adib hikoyalarida turmushning achchiq haqiqatlarini ochiq-oydin,
boricha ko‘rsatish va talqin etish harakati kuzatiladi. “Bozor”, “Quduq”, “Boy”,
“Aybdor”, “Otasining qizi”, “Hayot endi boshlanadi”, “Hayot shafqatsiz”, “Alvido,
go‘zallik” kabi bir qator hikoyalar misolida bunga amin bo‘lish mumkin.
Insonning o‘zi yashab turgan sharoitga tez moslashib ketishi, odamlar bilan
iliq munosabat o‘rnatishi, albatta, ijobiy holat. Lekin jamiyat va inson
munosabatlarida ko‘zga tashlanadigan ayrim ziddiyatlar ham mavjudki,
Abduqayum Yo‘ldosh hikoyalarida aks etgan voqeliklar asosida bu borada xilma-
xil fikr va qarashlarning yuzaga kelishiga bois bo‘ladi. Inson yon-atrofidagi kishilar
bilan mustahkam aloqaga kirishishi va yurtining rivojiga munosib hissasini qo‘shishi
bu – e’tirofga loyiq jihat. Ammo atrof-muhit ta’sirida insonning o‘zligi, e’tiqodi,
qarashlari, ma’naviyati o‘zgarishi esa o‘yga toldiradigan masaladir. Bu, albatta,
masalaning qay tarafga evrilgani bilan bog‘liqdir. Har bir inson o‘zi mansub bo‘lgan
jamiyatning muhim bir uzvi sifatida uning taraqqiysi uchun mas’ul. Biroq bunda
“JOURNAL OF SCIENCE-INNOVATIVE RESEARCH IN
UZBEKISTAN” JURNALI
VOLUME 2, ISSUE 12, 2024. DECEMBER
ResearchBib Impact Factor: 9.654/2024 ISSN 2992-8869
407
ijtimoiy holatning qay ahvolda ekanligi bilan bog‘liq jihat muhim ahamiyat kasb
etadi. Ushbu muammolar, tabiiyki, jamiyat va inson munosabatlari talqinida
murakkabliklarni keltirib chiqaradi.
Ijtimoiy muhit ta’siriga tushgan va bu jarayonda qiyinchiliklarga uchragan
qahramonlar yozuvchi Abduqayum Yo‘ldoshevning ko‘plab hikoyalarida
uchratiladi. Iqtisodiy sharotning og‘irligi va jamiyatdagi adolatsizliklar sabab
orzulari ushalmagan, kelajakka umidvor bo‘lib hayot kechirgan Toshkentboy
(“Hayot endi boshlanadi”); yon-atrofdagilarning shafqatsizligi, ko‘ngliga ozor
berishi tufayli tushkunlikka tushib qolgan Tirkash muallim (“Quduq”); o‘z manfaati
yo‘lida hech narsadan qaytmaydigan pastkash kimsalar ta'sirida qalbi ozorlangan
Asrorqul (“Bandi”) kabi qahramonlar adibning turmush mashaqqatlarini, hayotning
murakkabligini o‘z taqdirida namoyon qilgan insonlarning yorqin timsollaridir.
Yozuvchining “Alvido, go‘zallik” hikoyasi “Saksoninchi yillarning oxirlari
edi” [3.79] degan jumla bilan boshlanadi. Asar hikoyachisi voqealar silsilasida
muhim o‘rin tutmaydi, biroq o‘sha ovulning bir vakili sifatida bo‘lib o‘tgan
hodisalarni kuzatuvchi va bayon qilib beruvchi vazifasini o‘taydi. Qahramon dastlab
ovul odamlarini, ya’ni jamoani tasvirlaydi. Asar qahramonlari sahroda dehqonchilik
bilan shug‘ullanadigan oddiy mehnatkash odamlar. Hikoyachining bayonidan
anglash mumkinki, u yerlardan fayz ketgan: yerlar sho‘rlay boshlagan, daraxtlar
qurib bormoqda edi, hosildorlik sezilarli darajada pasaygan. Bu holatni tabiiy sharoit
bilan asoslash mumkin, albatta. Ammo ovul kishilarining yashash tarzi ham havas
qilgulik ahvolda emasligi ayonlashadi: “Ovulimizning aksariyat erkaklari ichishni
yaxshi ko‘rishar, shu sabablimi to‘ylar janjalsiz o‘tmasdi; ayollari esa kun bo‘yi
mol-hol tashvishi bilan band edilar. Kechqurunlari, televizorda biron bachkana,
uzundan-uzoq serial bo‘lib qolsagina ko‘pchilik dasturxon atrofida o‘tirib, shuni
tomosha qilishardi.
“JOURNAL OF SCIENCE-INNOVATIVE RESEARCH IN
UZBEKISTAN” JURNALI
VOLUME 2, ISSUE 12, 2024. DECEMBER
ResearchBib Impact Factor: 9.654/2024 ISSN 2992-8869
408
Mana shunday ikki tomchi suv yanglig‘ bir xil o‘tib borayotgan kunlarimizdan
birida ovulimizda yaqinda armiyadan qaytgan Muslim aka uylandi. To‘yda
odatdagidek molday to‘yib ichib olgan erkaklar janjal qilishdi, ayollar uy-uylariga
narsa tashishdi” [3.79].
Voqealar bayoni orqali anglashiladiki, ovul kishilari hayotida yorug‘lik
ko‘rinmaydi. Asarda nomlari alohida tilga olingan qahramonlar – Muslim aka, uning
onasi Marvarid momo va xotini Oysuluv yanga. Asar voqealarining tuguni ana shu
yuqoridagi parchada aks etgan Muslim aka va Oysuluv yanganing to‘ylaridan
keyingi holatlar ta’siri bilan bog‘liq. Yangi tushgan kelinchakning ta’rifi ovuldagi
jonlanishga sabab bo‘ladi. Ya’ni kelinchakning go‘zalligi, latofati hammaning
e’tiborini tortayotgan edi. Ayni paytda “Cho‘l shamolida rosa qoraygan, lablari,
qo‘llari taram-taram yorilib ketgan, faqat ko‘z oqigina yiltirab ko‘rinib turgan
qishloq ayollari” [3.81] tasviri bilan “Atlas qo‘ylak-lozim kiygan, yaltirab turgan
sochi taqimini o‘padigan, oppoq yuzli, kipriklari uzun-uzun, jismi nozikkina” [3.81]
kelinchak o‘rtasidagi tafovut kitobxonning ham diqqatini jalb etadi. Bular, albatta,
tashqi jihatlar. Jismoniy mehnatning og‘irligi, tabiiyki, ayollarning tashqi
ko‘rinishiga ta’sirini o‘tkazishi mumkin. Biroq ovul kishilarining ma’naviy olamida
ham salbiy holatlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Beg‘ubor qalbli bolalar “Kumush
yanga” deb ta’riflagan qahramonga turmush o‘rtog‘i Muslim aka “kampir”, deya
murojaat qiladi. Hatto ayolining joni ozorlangan paytida ham unga qo‘pollik bilan
munosabatda bo‘ladi, uning qishloq erkaklariga xos g‘ururi shuni taqozo qilar edi.
Ayollar ham Oysuluv yanganing holatini tushunmas edilar. Uning o‘z sharoitlariga
asta-sekin ko‘nikishi uchun imkoniyat yaratib bermadilar, balki uning ko‘nglini
ozorlashda davom etdilar. “Ayniqsa, ayollarning shang‘i ovozda bir-birlarini
mensimay gaplashishlari, hatto behayo so‘zlarni bemalol aytib tashlashlarini ko‘rib
kalovlanar, bunday mahallari kiprik qoqmay ayollarga qarab qolar, ammo miq etib
“JOURNAL OF SCIENCE-INNOVATIVE RESEARCH IN
UZBEKISTAN” JURNALI
VOLUME 2, ISSUE 12, 2024. DECEMBER
ResearchBib Impact Factor: 9.654/2024 ISSN 2992-8869
409
og‘iz ochmasdi. O‘z navbatida chopiqchi ayollar Oysuluv yanganing
kamsuqumligidan, jur'atsizligidan battar asabiylashishar va uni gap bilan chimdib-
chimdib olib xumordan chiqishardi. O‘, o‘zim necha marta ko‘rganman Oysuluv
yanganing chekka-chekkaga o‘tib, yum-yum yig‘lab olganlarini. Yanga yig‘lardi-
yu, lekin ovovzini chiqarmasdi. Mening nazarimda, bularning bari bir taraf edi-yu,
erining qo‘pol muomalasi bir taraf edi Oysuluv yangaga” [3.83]. Bularning ta’sirida
sodda, samimiy, tortinchoq kelinchak qattiq eziladi, bu uning tashqi ko‘rinishida
ham zohir bo‘lgani qatorida ichki holatlarida ham yuz ko‘rsatadi. U hatto turli gap-
so‘zlar ta’sirida she’r, xotira yozib yuradigan daftarlarini ham “qumg‘on tagiga
tutantiriq izlayotgan oshpaz opaga berib yubordi” [3.84]. Tabiiyki, hikoya voqealari
ana shunday ayanchli holatlar tasviri asosida rivojlantirilib borilar ekan, ayolning
ruhiyatida, keyingi hayotida qanday o‘zgarishlar bo‘lganligi kitobxonni qiziqtirib
qo‘yadi. Buni hikoyachining keyingi jarayonlarda ovul hayotidan uzilishi bilan
dalillanadi. O‘qishdan ta’til paytida qaytgan qahramon butunlay o‘zgacha
manzaraning guvohi bo‘ladi. “Paqirlarini plastmassa idishlarini sisterna quvuridan
oqayotgan suvga birinchi bo‘lib qo‘yishga urinib bir-birlarini sur-sur qilayotgan
ayollar to‘pi ichida turgan bir qop-qoragina, dog‘ bosgan mushtday yuzini ajin
to‘rlatgan, sochlari to‘zib ketgan, eski xalat kiygan juvon baqirmoqda edi. Darvoqe,
ayollarning hammasi baqir-chaqir qilishar, ammo men faqat shu juvonning
so‘zlarini eshitardim” [3.85]. Ko‘rinib turibdiki, hikoya avvalida yon-atrofdagi
ayollardan latofati va ibosi bilan alohida ajralib turgan kelinchak, asar so‘ngida
ularning safiga qo‘shiladi. Ya’ni o‘sha ovuldagi boshqa ayollarga xos bo‘lgan salbiy
jihatlarni o‘zlashtirib oldi. Ayolning tashqi ko‘rinishidagi o‘zgarishlar noqulay ob-
havo, qiyin sharoitda mehnat qilayotganligi bilan bog‘liq, albatta. Ammo uning
o‘sha ayollar kabi baqirib gapirishi, holati tasviri hikoyachi qahramon qatorida
o‘quvchiga ham ta'sir ko‘rsatadi. “Nahot, nahot tirikchilik, bir burda non tashvishlari
“JOURNAL OF SCIENCE-INNOVATIVE RESEARCH IN
UZBEKISTAN” JURNALI
VOLUME 2, ISSUE 12, 2024. DECEMBER
ResearchBib Impact Factor: 9.654/2024 ISSN 2992-8869
410
shunday suluv juvonni bir yil ichida kampirga aylantirgan bo‘lsa. Qani men ko‘rgan
Oysuluv yanganing suluvligi, ibosi? Qani men Oysuluv yanganing ko‘zlarida
ko‘rgan o‘t? Bugun, ikki paqir sho‘r suv uchun jonini jabborga berib talashayotgan,
shu suvni olgani uchun o‘zini baxtiyor sezayotgan Oysuluv yangani kim, kimlar bu
ko‘yga soldi… Nahot, nahot endi bir insonning umri shu bilan o‘tib ketsa…” [3.86].
Hikoyada jamiyat va inson munosabatlarida ko‘zga tashlanadigan ana
shunday ziddiyatli masalalar qamrab olingan. Iqtisodiy ahvoldagi tushkunlik,
kishilarning bir-birlariga bo‘lgan ta’sirlari, go‘zallikka soya soldi. Asarning
boshlanishida yozuvchi tasvirlagan tabiatdagi tushkunlik, yerlarning sho‘rlashi,
daraxtlarning qurib borayotgani tasviri asar qahramonining taqdiriga ishora qiladi.
Voqealar yakunida go‘zallikni his qilmagan, uni asrab-avaylamagan jamiyat uni
mahv etadi, o‘z girdobiga tortadi, degan xulosani chiqarish mumkin. Asar orqali
og‘ir ijtimoiy, iqtisodiy sharoit kishilarning nafaqat jismoniy holatiga, balki
ma’naviy dunyosiga ham salbiy ta’sir etganligini ko‘rish mumkin. Chindan ham
“Yozuvchi “Alvido, go‘zallik…” hikoyasida sho‘rolar davrida ko‘p yillar
hukmronlik qilib, insonni haqiqiy go‘zallikdan mahrum etgan: “Go‘zallikning
manbai mehnatdadir”, degan aqidaga ham tuzatish kiritadi. O‘zi uchun emas,
ko‘pchilik uchun jamoa xo‘jaligida qilingan majburiy mehnat Oysuluvdek nozik va
ma’suma ayol go‘zalligini barbod qildi. Go‘zallik qadrlangan joyida azizdir. U
qo‘llab-quvvatlansa, unib-o‘sishi, yashnashi uchun sharoit yaratib berilsagina
kamolga yetadi” [4]. Ijodkor Oysuluv va u kelin bo‘lib tushgan ovul odamlari tasviri
orqali inson va jamiyat muammosini qalamga olgan, deyish mumkin. Cho‘llarni
o‘zlashtirish siyosatining salbiy oqibatlari, kishilarning turmush sharoitlaridagi og‘ir
ahvol va bu holatlar ta’siriga tushgan odamlar o‘rtasidagi munosabatlarni yozuvchi
“Alvido, go‘zallik” hikoyasida tashqi va ichki olamida go‘zallik zohir bo‘lgan
“JOURNAL OF SCIENCE-INNOVATIVE RESEARCH IN
UZBEKISTAN” JURNALI
VOLUME 2, ISSUE 12, 2024. DECEMBER
ResearchBib Impact Factor: 9.654/2024 ISSN 2992-8869
411
o‘zbek ayoli – murakkab davrning vakilasi badiiy timsolini yaratish orqali ochib
berdi.
Umuman olganda, Abduqayum Yo‘ldosh hikoyalarida inson olami ijtimoiy
hayotdagi o‘zgarishlar, davrning murakkabliklari bilan bog‘liqlikda talqin etib
berildi.
Adabiyotlar:
1.
Бобоев Т. Aдaбиётшунослик aсослaри. – Т.: Ўзбекистон, 2002. – 560 б.
2.
Кaримов Ҳ. Истиқлол дaври aдaбиёти. – Т.: Yangi nashr, 2010. – 364 б.
3.
Yo‘ldoshev A. Albido, go‘zallik. / Yo‘ldoshev A. Mashaqqatlar osha yulduzlar
sari. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2021. – B. 79-86.
4.
Солижонов Й. Гўзалликнинг турфа ранглари. Бир ҳикоя атрофидаги ўйлар.
/
Интернет
сайти:
https://kh-davron.uz/kutubxona/uzbek/abduqayum-
yoldosh-alvido-gozallik-yoldosh-solijonov-gozallikning-turfa-ranglari-
abduqayum-yoldosh-sunbulaning-ilk-shanbasi.html
5.
Toʻrayev D. Yangi oʻzbek adabiyoti. Oʻquv qoʻllanma. – T.: Fan. 2008. – 192
b.
