Mualliflar

  • Xaitmatova Durdona

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.tadqiqotlar.97340

Kalit so‘zlar:

Kalit so‘zlar: axborot texnologiyalari ijtimoiy tarmoqlar yozuv madaniyati til qoidalari yozma savodxonlik

Annotasiya

Annotatsiya 
Maqolada  axborot-kommunikatsiya  texnologiyalarining  rivojlanishi  natijasida 
ijtimoiy tarmoqlarda yuzaga kelgan yozma nutqdagi til qoidalarining buzilishi va imlo 
xatolarining  sabablari,  ijtimoiy-madaniy  oqibatlari  tahlil  qilinadi.  Ijtimoiy 
tarmoqlardagi  tezkorlik,  norasmiylik  hamda  xorijiy  so‘zlarning  keng  tarqalishi  ona 
tilining zaiflashishiga olib kelishi, yoshlar orasida tilga bo‘lgan e’tiborsizlik va yozma 
madaniyatning pasayishi muammolari ko‘rib chiqilgan. Mazkur holat ta’lim tizimidagi 
kamchiliklar, psixologik faktorlar va virtual muhitning o‘ziga xos xususiyatlari bilan 
bog‘liq  ekanligi  ilmiy  asosda  tahlil  etiladi.  Shuningdek,  maqolada  til  madaniyatini 
tiklash  va  rivojlantirishga  doir  davlat  siyosati,  ta’lim  jarayoni  va  texnologik 
vositalarning ahamiyati ko‘rsatib o‘tilgan.  


background image

T A D Q I Q O T L A R

jahon ilmiy – metodik jurnali


https://scientific-jl.com

62-son_6-to’plam_May-2025

31

ISSN:3030-3613

IJTIMOIY TARMOQLARDA YOZUV MADANIYATI: BEPARVOLIKMI

YOKI IJTIMOIY MUAMMO?

Xaitmatova Durdona

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti

universiteti Ona tili va adabiyot ta’limi fakulteti 3-kurs talabasi

Annotatsiya

Maqolada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi natijasida

ijtimoiy tarmoqlarda yuzaga kelgan yozma nutqdagi til qoidalarining buzilishi va imlo
xatolarining sabablari, ijtimoiy-madaniy oqibatlari tahlil qilinadi. Ijtimoiy
tarmoqlardagi tezkorlik, norasmiylik hamda xorijiy so‘zlarning keng tarqalishi ona
tilining zaiflashishiga olib kelishi, yoshlar orasida tilga bo‘lgan e’tiborsizlik va yozma
madaniyatning pasayishi muammolari ko‘rib chiqilgan. Mazkur holat ta’lim tizimidagi
kamchiliklar, psixologik faktorlar va virtual muhitning o‘ziga xos xususiyatlari bilan
bog‘liq ekanligi ilmiy asosda tahlil etiladi. Shuningdek, maqolada til madaniyatini
tiklash va rivojlantirishga doir davlat siyosati, ta’lim jarayoni va texnologik
vositalarning ahamiyati ko‘rsatib o‘tilgan.

Kalit so‘zlar:

axborot texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqlar, yozuv madaniyati,

til qoidalari, yozma savodxonlik

Abstract

The article analyzes the causes and socio-cultural consequences of violations of

language rules and spelling errors in written speech on social networks as a result of
the development of information and communication technologies. The problems of the
immediacy, informality and widespread use of foreign words in social networks
leading to the weakening of the native language, neglect of the language among young
people and the decline of written culture are considered. It is scientifically analyzed
that this situation is associated with shortcomings in the education system,
psychological factors and the specific characteristics of the virtual environment. The
article also shows the importance of state policy, the educational process and
technological tools for the restoration and development of language culture

Keywords:

information technologies, social networks, writing culture,

language rules, written literacy

Kirish

Bugungi axborot texnologiyalari davrida insonlar o‘rtasidagi muloqot shakli

keskin o‘zgardi. Endilikda ko‘pchilik yozma muloqotni maktublar yoki rasmiy
hujjatlar orqali emas, balki ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar orqali amalga oshiradi.
Telegram, WhatsApp, Instagram kabi platformalar o‘z foydalanuvchilariga tezkorlik,


background image

T A D Q I Q O T L A R

jahon ilmiy – metodik jurnali


https://scientific-jl.com

62-son_6-to’plam_May-2025

32

ISSN:3030-3613

soddalik va qulaylikni taqdim etadi. Shu bilan birga, bu qulayliklar orqasida yotgan
katta muammo bor: yozuv madaniyatining susayishi, til qoidalarining e’tiborsiz
qoldirilishi, savodxonlikning pasayib borayotganidir. Ijtimoiy tarmoqlardagi
yozishmalarda kuzatilayotgan xatolarni oddiy beparvolik sifatida baholash noto‘g‘ri
bo‘ladi. Aslida bu jarayon chuqur ijtimoiy, madaniy va ta’limiy muammolar bilan
uzviy bog‘liqdir.

Asosiy qism

Internet foydalanuvchilarining aksariyati ijtimoiy tarmoqlarda yozuvda imlo va

grammatik qoidalarga amal qilmaydi. Bu beparvolik ko‘pincha tez yozishga urinish,
qulaylikka intilish va hatto savodsizlikdan kelib chiqadi. Masalan, so‘zlarni qisqartirish
imlo va punktuatsiya qoidalariga e’tibor bermaslik, “emoji”lar va boshqa simvollarni
haddan tashqari ko‘p ishlatish tilning buzilishiga olib keladi. Avval bu faqat norasmiy
yozishmalarda kuzatilgan bo‘lsa, bugungi kunda bunday yozuvlar rasmiy ariza,
tarjimai hol (CV), hattoki ilmiy ishlar matnida ham uchrayapti. Demak, bu shunchaki
xato emas — bu yozuv madaniyatining jiddiy inqirozidir. Nutqning tozaligi, tilning
sofligini buzuvchi nome’yoriy unsurlardan biri fonetik-orfoepik jihatdan so‘z va
qo‘shimchalarni noto‘g‘ri qo‘llash va ularni shevaga xos talaffuz ko‘rinishida yozish.
Buxoroga bo‘llim, aslida Buxoroda bo‘ldim kabi. X va h harflaridan foydalanishda
ham xato qiluvchilar talaygina.

Yana bir muammo – xorijiy so‘zlarning ko‘p qo‘llanilishi, desak adashmaymiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy so‘zlarning, ayniqsa ingliz tilidan olingan so‘zlarning
keng tarqalishi ona tilimizni zaiflashtiradi. Misol uchun “like”, “follow”, “share”,
“comment”, “post” kabi so‘zlarni ijtimoiy platformalarda muntazam ravishda qo‘llash
odat tusiga kirgan. Xorijiy so‘zlarni aynan o‘zinigina olib emas, balki ularning o‘zbek
tilidagi tarjima variantidan foydalanish maqsadga muvofiqdir.

2021-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi huzuridagi Til va

adabiyot instituti tomonidan olib borilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, yoshlarning 68
foizi ijtimoiy tarmoqlarda yozishda imlo va grammatik qoidalarga e’tibor
bermasliklarini tan olishgan. Xalqaro tadqiqotlar ham bu holatni tasdiqlaydi. Masalan,
Amerika psixologik assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda ijtimoiy
tarmoqlarda doimiy yozish natijasida yoshlar orasida yozma savodxonlik darajasi
pasayib borayotgani qayd etilgan. Tadqiqotchilar buni “tilga bo‘lgan befarqlik
sindromi” deb atashmoqda.

Yozuvdagi bu xatolar, avvalo, ta’limdagi muammolarni ko‘rsatadi. Maktabda

o‘rgatilayotgan til darslari, imlo qoidalari amaliyotda o‘z aksini topmayapti.
O‘quvchilar o‘zlarini sinovda emas, balki real hayotda foydalanuvchi sifatida
ko‘rsatgan paytda – ya’ni ijtimoiy tarmoqlarda – o‘rgangan qoidalarni unutib
qo‘yishmoqda. Bu holat nafaqat o‘quvchilar, balki kattalar orasida ham kuzatiladi.


background image

T A D Q I Q O T L A R

jahon ilmiy – metodik jurnali


https://scientific-jl.com

62-son_6-to’plam_May-2025

33

ISSN:3030-3613

Buning asosiy sababi – yozuv madaniyatiga bo‘lgan umumiy befarqlik, tilni qadrlash
hissining yo‘qolishi.

Ijtimoiy tarmoqlarda yozuvdagi beparvolikning o‘zi ham zamonaviylik,

tezkorlik, va norasmiylik bilan oqlanmoqda. Ammo bu oqlashlar ko‘pincha
mas’uliyatdan qochishga xizmat qiladi. Masalan, “yozvopti”, “bervordim”,
“kevomman” kabi shakllar hozirgi yoshlar orasida nafaqat ommalashgan, balki
me’yoriy holatdek qabul qilinmoqda. Afsuski, bu holat nafaqat yozuvda, balki og‘zaki
nutqda ham o‘z aksini topmoqda. Emotsiyalarning emojilar orqali ifodalanishi,
harflarni qisqartirish yoki noto‘g‘ri talaffuz asosida yozish ham ijtimoiy tarmoq tili
orqali madaniyatimizga kirib kelmoqda. Bu esa jamiyatda yozma ifodaning borgan sari
qashshoqlashib borayotganidan dalolat beradi.

Yoshlar orasida so‘z boyligi tobora kamaymoqda. Tezkor muloqot, qisqa

jumlalar, soddalashtirilgan ifodalar, xususan, ingliz va rus tilidan o‘zlashtirilgan
aralash so‘zlar o‘zbek tili grammatikasini chekinishga majbur qilmoqda. “Like bos”,
“repost qildim”, “mute qildim”, “ban yedim” kabi iboralar shunchalik keng tarqaldiki,
hatto ba’zida bu ifodalarni tushunish uchun til hisobi emas, internet submadaniyatini
bilish zarur bo‘lib qolmoqda. Bu holat ba’zi yoshlar orasida ona tilidan yiroqlashish,
o‘z tilida fikr ifoda etishda qiyinchilik tug‘dirishiga sabab bo‘lmoqda.

E’tiborlisi, odamlar ijtimoiy tarmoqlarda qilgan xatolaridan uyalmaydi. Chunki

bu maydon ularning fikricha, norasmiy, bexatar, va “o‘zi uchun” yozadigan joydir.
Aslida esa, bu joylar jamiyatdagi obro‘, qiyofa va ma’naviyat aks etadigan ommaviy
sahnadir. Psixologlar fikricha, internetdagi anonimlik va virtual erkinlik odamlarning
o‘zini real hayotdagidan boshqacha tutishiga sabab bo‘ladi. Bu holat esa tilga bo‘lgan
mas’uliyat hissini susaytiradi. Shuningdek, doimiy “xato qilish mumkin” degan
ijtimoiy ruxsat odam ongida savodli yozishga ehtiyoj yo‘q degan xulosani
shakllantiradi.

Til faqat aloqa vositasi emas, balki madaniyat, tafakkur va milliy o‘zlikning

aksidir. Tilga befarqlik — o‘zligimizga befarqlikdir. Ijtimoiy tarmoqlardagi
yozuvlarda til qoidalariga amal qilmaslik — bu nafaqat shaxsiy savodsizlik, balki
jamiyat madaniyatining pasayish belgisidir. Bugungi kunda, ayniqsa, ommaviy
axborot vositalari va blogerlar orqali savodsiz yozuvlarning targ‘ib qilinayotgani,
buning esa millionlab yoshlar uchun “me’yor”ga aylanib borayotganini ko‘rish
mumkin. Bu esa til me’yorlarining yo‘qolish xavfini yuzaga keltiradi.

Alohida e’tiborga loyiq jihat shundaki, bu jarayon ijtimoiy ongni shakllantiradi.

Har qanday jamiyatda yozma madaniyatning pasayishi tafakkurning sathiga ham salbiy
ta’sir ko‘rsatadi. Yozuv — bu fikr ifodasidir. Fikrda aniqlik bo‘lmasa, yozuvda ham
aniqlik bo‘lmaydi. Bu esa insonning ijtimoiy faolligini, fuqarolik pozitsiyasini, hatto
intellektual salohiyatini ham so‘ndirishi mumkin. Fikrini aniqlik bilan ifoda eta
olmaydigan avlod ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok eta olmaydi.


background image

T A D Q I Q O T L A R

jahon ilmiy – metodik jurnali


https://scientific-jl.com

62-son_6-to’plam_May-2025

34

ISSN:3030-3613

Ayni paytda, bu muammoga qarshi kurashish uchun ijobiy harakatlar ham

kuzatilmoqda. Ayrim blogerlar, jurnalistlar va ta’lim sohasi vakillari ijtimoiy
tarmoqlarda savodli yozish targ‘ibotini olib bormoqda. Biroq bu hali yetarli emas.
Davlat miqyosida til madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli
tashabbuslar, savodxonlikni targ‘ib qiluvchi media kampaniyalar, maktab va
OTMlarda yozma savodxonlik bo‘yicha maxsus mashg‘ulotlar zarur. Xususan,
yoshlarni kitobxonlikka qaytarish, adabiy tilni targ‘ib etuvchi loyihalar orqali yozuv
madaniyatini oshirish mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda ona tilimizning buzilishi
muammosiga qarshi kurashish uchun bir nechta choralar ko‘rish zarur. Birinchi
navbatda, tilni rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlari va tashabbuslarni qo‘llab-
quvvatlash kerak. O‘quv dasturlarini modernizatsiya qilish, yoshlar o‘rtasida tilga
bo‘lgan hurmatni oshirish hamda ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ri yozuv va imlo
qoidalariga amal qilishni targ’oib qilish lozim. Bundan tashqari tilning sofligini saqlash
va adabiy nutq me’yorlariga amal qilish haqida turli foydali kontentlarni ko‘paytirish
va uni keng jamoatchilikka targ’ib qilish kerak.

Shuningdek, texnologik yechimlar ham bu muammoga qisman chora bo‘lishi

mumkin. Ijtimoiy platformalarga avtomatik imlo va grammatika tahlilchilari
(korrektorlar)ni joriy etish, foydalanuvchilarga yozuvdagi xatolarni ko‘rsatish orqali til
qoidalariga e’tiborli bo‘lishni rag‘batlantirish mumkin. Bu borada, masalan,
“Grammarly” singari vositalar ingliz tilida ishlatilmoqda va samarasi bor.

Yozuvdagi xatolar insonning obro‘siga ham ta’sir qiladi. Ayniqsa, ish

beruvchilar, hamkorlar yoki mijozlar siz haqingizda ilk taassurotni sizning yozuvingiz
orqali hosil qiladi. Yaxshi g‘oya yoki mahsulot noto‘g‘ri yozilgan post yoki reklama
matni tufayli e’tibordan chetda qolishi mumkin. Zamonaviy “raqamli reputatsiya”
tushunchasiga ko‘ra, inson o‘z onlayn yozuvlaridagi har bir so‘z uchun ham mas’uldir.

Boshqa mamlakatlar tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, ko‘plab rivojlangan

davlatlarda ijtimoiy tarmoqlardagi yozuv madaniyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Masalan, AQShda ko‘pchilik yoshlar uchun “Grammarly”, “Hemingway Editor” kabi
vositalar odatiy yozish jarayonining bir qismiga aylangan. Bu vositalar yozuvdagi
grammatik va uslubiy xatolarni aniqlab beradi. Bundan tashqari, internet etikasi – ya’ni
“netiquette” atamasi ham keng ommalashgan. Unga ko‘ra, foydalanuvchilar internetda
qanday yozishni, qanday so‘z ishlatishni bilishlari kerak. Bu madaniyat ijtimoiy
tarmoqlarda ham savodli, ehtiiyotkor va madaniyatli bo‘lishni targ‘ib etadi.

Xuddi shunday, Yaponiyada o‘quvchilar maktab davridan boshlab internet

etikasi, onlayn yozish odobi, rasmiy va norasmiy yozuv farqlari haqida maxsus
darslarda ta’lim olishadi. Bu esa ularni har qanday platformada mas’uliyatli yozuvchi
va madaniyatli foydalanuvchiga aylantiradi. O‘zbekistonda ham bu boradagi
tashabbuslar kuchaytirilsa, ayniqsa maktab o‘quv dasturiga “ijtimoiy tarmoq etiketi”ni
o‘rgatuvchi bloklar kiritilsa, yaxshi samara berishi mumkin. O‘z navbatida, bu


background image

T A D Q I Q O T L A R

jahon ilmiy – metodik jurnali


https://scientific-jl.com

62-son_6-to’plam_May-2025

35

ISSN:3030-3613

jarayonga texnologiyalar ham hissa qo‘sha oladi. O‘zbek tilida avtomatik imlo
tuzatuvchi vositalar yaratish, mobil klaviaturalarga integratsiya qilish, ijtimoiy
platformalarga o‘rnatiladigan grammatik tekshiruv modullarini joriy etish
savodxonlikni oshirish yo‘lida katta yutuq bo‘lur edi. Texnologik qulayliklar faqat
muloqotni emas, savodli yozuvni ham qulaylashtirishi kerak.

Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida shunday yozadi: “Til shuncha sharafi bilan

nutqning qurolidir. Agar nutq noma’qul chiqsa, tilning ofatidir”. Tilimiz nutq uchun
qurol ekan. “Uning kuch-qudrati nutq jarayonida namoyon bo’lar ekan. Agar til o’q
bo’lsa, nutq kamondir. O’qning qudrati kamonning qobiliyatiga ham bog’liq. Kamon
qanchalik mustahkam bo’lsa, mo’ljalga bexato uradigan bo’lsa, tilning ya’ni o’qning
qudrati shunchalik yaqqalroq namoyon bo’ladi”

Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlarda yozishmalardagi xatolarni faqat

“shaxsiy ish” deb ko‘rish mumkin emas. Bu holat jamiyatning savodxonlik darajasi,
tafakkuri va madaniy holatining ifodasidir. Har bir inson o‘z tili uchun mas’uldir. Til
– bu millatning yuragi. Agar biz yuragimizni asramasak, kimdir uni saqlab qolmaydi.
Shu sababli har bir foydalanuvchi o‘z yozuvlariga mas’uliyat bilan yondashmog‘i
zarur. Ijtimoiy tarmoqlar – bu bizning kundalik hayotimiz aks etadigan oynadir. Bu
oynada biz o‘zimizni qanday ko‘rsatamiz – bu bizning ertamizni belgilaydi. Tilimizni
asrash, yozuv madaniyatini saqlash – bu faqat filologlar yoki o‘qituvchilarning emas,
balki har bir foydalanuvchining burchidir. Ijtimoiy tarmoqlardagi har bir jumla, har bir
post — bu bizning jamiyatimiz madaniyatining bir bo‘lagi. Shu bois, har bir so‘z, har
bir nuqta ustidan mas’uliyat bilan o‘ylash lozim. Zero, so‘z — fikrning kiyimi, fikr esa
jamiyatning o‘zagini belgilaydi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1.

Jo‘rayeva N. Ijtimoiy tarmoqlarda nutq madaniyatining o‘rni va ahamiyati. //
Modern science and research, 2025.

2.

Qo‘ng‘irov R., Begmatov E., Tojiyev Y. Nutq madaniyati va uslubiyati asoslari. T.,
1992.

3.

www.ziyonet.uz

References:

4.

Jo‘rayeva N. Ijtimoiy tarmoqlarda nutq madaniyatining o‘rni va ahamiyati. //
Modern science and research, 2025.

5.

Qo‘ng‘irov R., Begmatov E., Tojiyev Y. Nutq madaniyati va uslubiyati asoslari. T.,
1992.

6.

www.ziyonet.uz

Bibliografik manbalar

Foydalanilgan adabiyotlar:

Jo‘rayeva N. Ijtimoiy tarmoqlarda nutq madaniyatining o‘rni va ahamiyati. //

Modern science and research, 2025.

Qo‘ng‘irov R., Begmatov E., Tojiyev Y. Nutq madaniyati va uslubiyati asoslari. T.,

www.ziyonet.uz

References:

Jo‘rayeva N. Ijtimoiy tarmoqlarda nutq madaniyatining o‘rni va ahamiyati. //

Modern science and research, 2025.

Qo‘ng‘irov R., Begmatov E., Tojiyev Y. Nutq madaniyati va uslubiyati asoslari. T.,

www.ziyonet.uz