128
KASHTACHILIK
TERMINLARINING
QO‘LLANILISHI
Umarova Shaxlo Baxridin qizi,
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti tayanch doktoranti
Annotatsiya.
Ushbu maqolada kashtachilik terminlarining qo‘llanilishi bilan bog‘liq
ma’lumotlar o‘rin olgan. Shuningdek, kashta tikish bilan bog‘liq so‘z-terminlarga ham to‘xtalib
o‘tilgan. Aynan Samarqand viloyatidagi kashtachilikning o‘ziga xos xususiyatlari haqida ham
ma’lumotlar keltirilgan.
Kalit so‘zlar.
Kashta, mato, bo‘z, ilmoqli igna, “Chorchiroq”, so‘zana, kashtali
bo‘g‘jama.
NAKIŞ TERİMLERİNİN KULLANIMI
Umarova Shakhlo Bakridin kızı,
Özbekistan-Finlandiya Pedagoji Enstitüsü doktora öğrencisi
Özet.
Bu makale nakış terimlerinin kullanımıyla ilgili bilgileri içermektedir. Ayrıca nakışla
ilgili terimler de yer alıyor. Semerkant bölgesindeki işlemeciliğin özel özellikleri hakkında da bilgi
verilmektedir.
Anahtar kelimeler.
nakış, kumaş, gri, tığ iğnesi, “Chorchirok”, sozana, nakışlı süs.
ИСПОЛЬЗОВАНИЕ ТЕРМИНОВ ВЫШИВКИ
Умарова Шахло Бакридин кизи,
докторантка Узбекско-Финского педагогического института
Аннотация
. В данной статье содержится информация, связанная с использованием
терминов, связанных с вышивкой. Здесь также рассматриваются термины, связанные с
вышивкой. Также дана информация об особенностях вышивки в Самаркандской области.
Ключевые слова.
Вышивка, ткань, серый, крючок, игла, «Чорчирок», созана,
вышитая фенечка.
USE OF EMBROIDERY TERMS
Umarova Shakhlo Bakhridin qizi,
doctor of philosophy student of the Uzbek-Finish pedagogical institute
Abstract.
This article contains information on the use of embroidery terms. It also touches
on the vocabulary related to embroidery. It also provides information on the specific features of
embroidery in the Samarkand region.
Keywords.
embroidery, fabric, gray, hook needle, “Chorchirok”, word, embroidery knot.
Kashtachilik qo‘lda (igna, ilmoqli igna, ilmoqli bigiz bilan) yoki mashinada, asosan, mato
(bo‘z, chit, satin, shoyi, baxmal, movut va b.) va charm (etik, mahsi, pichoq qini, kamar va b.) ga
tikiladi. Kashta (fors.-chizilgan, tortilgan)-amaliy bezak san’atining keng tarqalgan turi; igna bilan
tikib tushirilgan gul, tasvir, naqsh. (O‘zb M.E, 195)
Kashta tikish aslida amaliy sanʼatning xotin-qizlarga xos turi boʻlib, uning shakllanishi ham
uzoq tarixga borib taqaladi. «Xalq oʻz orzu-umidlarini,–deb yozadi D.A.Faxretdinova, –ertaklarda
ifodalanganidek, ayollarning nozik shoirona qalbi, ularning goʻzallik haqidagi tasavvuri kashtalarda
129
aks topar va jaranglar edi. Kashtachilik ayollarning kayfiyatini, his-tuygʻularini ifodalagan tasviriy
sanʼatning ular qoʻli yetadigan yagona turi edi; mana shundan esa kashtachilikning yuksak
emotsionalligiga erishilgan» (Faxretdinova, 1972, 21). Samarqand (hozirgi Jizzax) viloyati
Gʻallaorol tumani vakilasidan yozib olingan quyidagi misralar shundan dalolat beradi:
Tepchima tikkan tentak qiz,
Chindaxiyol tikkan chinni qiz.
Joʻrmama tikkan joʻnday qiz.
Uyni, umuman, binoni bezab turgan ulkan soʻzanalardan choyxaltalar-u tuzliqlargacha,
choyshab-u sochiqlardan tortib, eski-tuski saqlanadigan qopchiqlargacha–hammasi chevar
ayollarning qoʻllari bilan ziynatlanadi.
Sanʼatshunos O.Xudoyorova Samarqand kashtachiligining oʻziga xos xususiyatlari haqida
soʻz yuritar ekan, quyidagilarni taʼkidlab oʻtgan: “Samarqand kashtalarida qadimgi soʻgʻdiylar
sanʼati bilan yaqin boʻlgan arxaik xususiyatlarni koʻrish mumkin. Samarqand kashtalari Nurota va
Buxoro kashtalaridan farqlanadigan jihatlariga egadir. Ularning guli yirik va uygʻun boʻlib, asosiy
motivi barglar bilan oʻralgan rangsiz tonli davra turunjdir. XIX asr boshlarida toʻqilgan rang-barang
konsentrik va nursimon detallarga ega boʻlib, toʻq koʻk rangdagi barglar, kashta doiralari esa
kamalak yoʻli bilan yoki oʻrtacha och yashil, cheti och qizil rang bilan yorqinlashtirilgan.
Samarqand kashtalarining tasviriy mahobati uning koʻrkamligi, sodda va yirik gullarining aniq
tikilishidadir. Samarqand kashta kompozitsiyalarida eng xarakterlisi “Chor chiroq”
kompozitsiyasidir. U markaziy turunjdan yoʻnaluvchi toʻrt uzun guldan iborat boʻladi. Kashtalari
ingichka hoshiyali boʻlib, ikki barg gulli shoxning ketma-ket qaytarilishidan tuzilgan”.
Kashtachilik oʻzbek xalqining qadimiy amaliy sanʼat turlaridan biri ekanligi, uning estetik-
emotsional zavq olishga xizmat qilganligi va shu sohada ishlatilayotgan ayrim soʻz-terminlar
yuzasidan bildirilgan u yoki bu tarzdagi mulohazalar qator sanʼatshunoslarning ishlarida keltirilgan.
Kashtachilikning ayrim lingvistik xususiyatlari haqidagi, dastlabki, maʼlumotlar
T.Tursunovaning monografiyasida oʻz ifodasini topgan (Tursunova, 1978). Monografiyada
kashtachilikning paydo boʻlish va tarqalishi, uni anglatuvchi soʻz-terminlarning shakllanish tarixiga
batafsil toʻxtalib, kashtachilikka aloqador qator soʻz-terminlarning maʼno xususiyatlari, kelib
chiqish asoslari (etimoni), yasalish usullari haqida atroflicha asosli fikr yuritilgan.
Kasb-hunarmandlikning kashtachilik turi ham Samarqand viloyatida keng tarqalgan. Uning
“bisoti”da bir ming ikki yuztadan ortiq soʻz-termin (maʼlumotlar bizniki) mavjud ekanligi oʻzbek
tili leksik qatlamlarining, nihoyat, boyligini tasdiqlovchi dalildir. Mazkur leksik guruh tarkibida
adabiy tilda ham, tadqiqot obyektimizda ham maʼno jihatdan bir-biriga mushtarak soʻz-terminlar
mavjudligini (ayrim fonetik oʻzgachaliklar bilan, albatta) taʼkidlab oʻtish lozim. Kashta, kashtachi,
kashtachilik, soʻzana, qoʻchqorak, lolanusxa, yoʻrma, chok kabilar. Shu bilan birga, adabiy til
doirasiga kiritilmagan, biroq samarqandlik kashtachilar hamda aholi nutqida ishlatilayotgan qator
soʻz-terminlar ham qoʻllaniladi (Ular ishimizning quyirogʻida oʻz aksini topgan).
Kashtachilikda xilma-xil maʼnolarni anglatuvchi soʻz-terminlar tarkib topgan. Fikrimizning
isboti uchun kashtachilik amaliy sanʼatining tadqiqotchilaridan O.Xudoyorovaning soʻzlarini
keltiramiz: “Kashta toʻqilgan choyshablar, roʻyijo (joypoʻsh)lar yangi kelin-kuyov oʻrni ustiga
yopish uchun tayyorlangan. Koʻrpa-yostiq ustiga tutish (yopish) uchun esa takiyapoʻsh (Nurotada
shunday atalgan), taxsarpoʻsh, bolishpoʻsh (Samarqandda), yostiqpoʻsh (Shahrisabzda) tikilgan.
Tanpokkun, sarpokkun yoki sochiqlar tayyorlanib, ulardan yuvinganda artinish uchun
foydalanilgan. Kashta tikib bezatilgan boʻgʻjomaga kiyim-boshlar oʻralgan. Roʻzgʻorda sandalpoʻsh
va gavrapoʻsh kabi buyumlar ham ishlatilgan. Uylarning devorlarini bezatadigan soʻzanalar,
palaklar, gulkoʻrpalar, zardevorlar kabi turli kashta tikilgan buyumlar tayyorlangan. Maxsus
tikilgan joynamoz ustida esa keksalar namoz oʻqishgan. Erkak va ayollarning bosh kiyimlariga
kashta tikilgan boʻlib, Fargʻonada uni doʻppi, Shahrisabz va Samarqandda qalpoq deb atashganlar.
Ayollarning roʻmollari yoki peshonabandaklari, erkaklarning beliga bogʻlaydigan belbogʻlari
(Fargʻonada chorsi, Toshkentda qiyiqcha, Shahrisabzda belqars) kashta bilan bezatilgan.
Shuningdek, choyxalta (choy uchun), pulxalta (pul uchun), shonaxalta (taroq uchun), oynaxalta
130
(oyna uchun) kabi buyumlarning barchasi yuzalarida kashtalar Oʻzining tikilish texnikasi,
rasmlarining kompozitsiyasi, oʻziga xos gullari bilan bir-birlaridan farqlangan”. Bu kabi soʻz-
terminlar majmuyini quyidagi mikroguruhchalar tashkil etgan:
1) kashtachilik buyumlari va ularning turlarini anglatuvchi soʻz-terminlar: kashta, gulkoʻrpa,
palak, choyshab va b.;
2) buyumlarga tikiladigan naqshlarni anglatuvchi soʻz-terminlar: qoʻchqorak, lolagul, islimi
oy va b.;
3) kashta choklarini anglatuvchi soʻz-terminlar: iroqi, yoʻrma, sanama, chindaxayol va b.;
4) kashta tikish jarayonlarini anglatuvchi soʻz-terminlar: tikish, choklash, qaviqlash va b.;
5) kashtachilik bilan shugʻullanuvchi shaxslarni anglatuvchi soʻz-terminlar: kashtachi,
yoʻrmachi, dureshdoʻz, popopchi va b.;
6) kashtachilik kasb-korlarini anglatuvchi soʻz-terminlar: kashtachilik, zehdoʻzlik,
yoʻrmadoʻzlik va b.;
7) ish qurollari va xomashyolarni anglatuvchi soʻz-terminlar: ip, igna, bigiz va b.
Kuzatishlardan mazkur mikroguruhchalar tarkibidagi soʻz-terminlar oʻzaro xilma-xil leksik-
semantik munosabatda ekanligi aniq boʻldi. Shuning uchun quyida bunday munosabatlarning
kashtachilik soʻz-terminlari guruhida qay tarzda aks etganligi haqida fikr yuritiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Tursunova T. O‘zbek tili amaliy san’at leksikasi.-Toshkent: Fan,
1978.B. 116-117.
2. Xudoyorova O. O‘zbek kashtachiligi.-Toshkent, 2000.B. 20-21.
3. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti. 2002. B.195.