220
70-YILLAR ROMANCHILIGINI O‘RGATISHNING
USTIVOR YO‘NALISHLARI
Nasirov Azimidin Normamatovich,
Toshkent Kimyo xalqaro universitet Samarqand filiali professori,
filologiya fanlari doktori
Annotatsiya.
Davr romanchiligining asosiy xususiyatlarini ochib berish bilan bir qatorda,
davrning murakkab va ziddiyatli jarayonlarini ham tahlil qilish, talabada davr muhiti haqida
tushuncha shakllantirish talab etiladi. 70-yillarda yaratilgan romanlar haqida so‘z yuritilganda,
roman yartilgan sotsial jamiyatning mafkuraviy qarashlarini birlamchi darajada ekanligi, bu esa
ijodkorda ham juda katta mas’uliyatni talab etganligini tarix haqiqatidan kelib chiqib bayon etish,
talabada to‘g‘ri tushunchalar uchun asos bo‘lashi qayd etilgan.
Kalit so‘zlar
: mafkura, adabiyot, qarashlar, tushuncha, talqin, mahorat.
70'LER YENİLİĞİ ÖĞRETİM ÖNCELİKLERİ
Nasirov Azimidin Normamatovich,
Taşkent Uluslararası Kimya Üniversitesi Semerkant Şubesi Profesörü,
Filoloji Doktoru
Özet.
Dönemin romanının temel özelliklerinin ortaya konulmasının yanı sıra dönemin
karmaşık ve çelişkili süreçlerinin de çözümlenmesi, öğrencide dönemin ortamına ilişkin bir anlayış
oluşturulması gerekmektedir. 1970'li yıllarda yaratılan romanlar ele alındığında, romanın öncelikle
yazıldığı toplumsal toplumun ideolojik görüşlerini yansıttığı, yaratıcısından büyük sorumluluk
istediği, bunları tarihsel gerçeklere dayalı olarak sunarak öğrencilerde doğru anlama zemini
sağladığı belirtilmektedir.
Anahtar kelimeler:
ideoloji, edebiyat, görüş, kavram, yorum, beceri.
ПРИОРИТЕТНЫЕ НАПРАВЛЕНИЯ ПРЕПОДАВАНИЯ
РОМАНИСТИКИ 70-Х ГОДОВ
Насиров Азимидин Нормаматович,
профессор Самаркандского филиала Ташкентского международного
университета Кимё, доктор филологических наук
Аннотация.
Наряду с раскрытием основных особенностей романистики эпохи,
необходимо также анализировать сложные и противоречивые процессы того времени,
формируя у студентов представление об атмосфере той эпохи. При обсуждении романов,
созданных в 70-х годах, отмечается, что идеологические взгляды социального общества, в
котором создавался роман, играли первостепенную роль. Это, в свою очередь, возлагало на
писателя большую ответственность, и изложение этого на основе исторической правды
является основой для формирования у студентов правильных представлений.
Ключевые слова:
идеология, литература, взгляды, понимание, интерпретация.
PRIORITY DIRECTIONS IN TEACHING THE
NOVELISTIC LITERATURE OF THE 1970s
Nasirov Azimidin Normamatovich,
professor at the Samarkand branch of the Tashkent international university
of named Kimyo, doctor of philological sciences
221
Abstract.
Along with revealing the main characteristics of the novelistic literature of the era,
it is also required to analyze the complex and contradictory processes of that time and to form
students’ understanding of the historical environment. When discussing the novels written in the
1970s, it is emphasized that the ideological views of the socio-political society in which the novel
was created were of primary importance. This, in turn, demanded great responsibility from the
writer, and explaining this based on historical facts is considered a foundation for developing
students’ accurate understanding
.
Key words:
ideology, literature, views, understanding, interpretation, mastery.
Zamonaviy jamiyat o‘zining tez va chuqur o‘zgaruvchan tavsifiga ega bo‘lib, bunday
o‘zgarishlar jamoatchilik tuzilmalari, jumladan, mustaqil davlatlar, shaxs va jamiyat o‘rtasidagi
munosabatlar, demografik siyosat, urbanizasiya jarayonlarida ko‘zga yaqqol tashlanmoqda. Ta’lim
ham global umumhamjamiyat tuzilmasining alohida tarkibiy qismi sifatida jamiyatda bo‘layotgan
barcha o‘zgarishlarni hisobga olishi, ana shu asosda o‘z tuzilishi va faoliyat mazmunini o‘zgartirishi
zarur.
Roman janri hayotni epik tasvirlash bilan bir qatorda o‘zida inson ichki dunyosini, uning
sirlarini chuqur va batafsil tasvirlashga asoslangani uchun ham janrlar orasida yetakchilik qilishini
qayd qilish mumkin. Psixologizm va psixologik tahlil adabiyotning qonuniy hodisasi sifatida
o‘zining butun borligini romanchilikda namoyon qildi. Shu o‘rinda A.Rahimovning “Adabiyot
tarixi – bu yuksak ideallar va teran badiiy g‘oyalar, murakkab insoniy kechinmalar va barkamol
xarakterlar hamda orginal poetik obrazlar-chinakkam san’at yo‘lidagi yuksalishlar va inqirozlar
tarixi; adabiyot tarixi, bu hayotni realistik aks ettirish yo‘lidagi rang-barang badiiy uslubiy
izlanishlar, adabiy harakatning va estetik tafakkur rivojining mohiyatini belgilovchi yetakchi
tamoyillari va asosiy qonuniyatlar tarixi deganidir”, – deb yozgan fikrlari o‘zbek romanchiligining
mohiyatini yanada teranroq anglashga xizmat qiladi.
Badiiy obrazlar qanchalik mukammal bo‘lsa, hayot haqiqatini chuqur yoritsa, qahramonlar
ichki dunyosini, istiroblarini tadqiqi qanchalik asosli yoritilsa, obrazlar olamining ta’sir doirasi ham
shunchalik kengayadi. «Agar hayotiy material,–deb yozadi P.Shermuhammedov, san’atkorlarning
qalb fabrikasida qayta ishlanmasa, har qanday fakt-faktligicha, prototip protopligicha qolaveradi».
To‘g‘ri, badiiy haqiqat hayot haqiqatining chuqur tahlil qilinib, haqqoniy, to‘loqonli
obrazlar, xarakterlar, tiplarga singdirilgan shaklidir. Psixologizm muammosi haqida adabiyotshunos
A.Iyezuitov yozadi: “… Psixologizm ongli va asosiy estetik prinsip sifatida mavjuddir”.
Psixologizm badiiy tasvirda o‘ziga xos xususiyatlarni namoyon qiladi.
70-80-yillarga kelib o‘zbek adabiyotida o‘nlab romanlar maydonga keldi.Bu romanlar turli
mavzularda bo‘lib hayotning turfa xil qirralarini badiiy talqin eyish bilan bir qatorda, turfa xil
xarakterlarni, ularning botiniy olamini, murakkab hayot voqeligini badiiy talqin etgan. Pirimqul
Qodirovning “Yulduzli tunlar”, “Olmas kamar”, “Qora ko‘zlar”, Odil Yoqubovning “Ko‘hna
dunyo”, “Ulug‘bek xazinazi”, “Diyonat”, “Oq qushlar oppoq qushlar”, Mirmuhsinning “Me’mor”
kabi o‘nlab romanlar maydonga keldi. Bu davr romanchiligida tarixiy mavzu bilan bir qatorda
zamonaviy romanlar yuksak darajaga ko‘tarildi. Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar”, Odil
Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” kabi badiiy mukammal tarixiy romanlar yaratildi.
Tariximizning zarvaraqlaridan o‘rin olgan Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur
obrazlari epik xarakterdagi romanlarda o‘z ifodasini topdi [1, 16-bet]. Bu tarixiy romanlarda tarixiy
fakt yozuvchi fantaziyasi bilan chatishib, o‘sha davr ruhi chuqur yoritilgan. Masalan: “Yulduzli
tunlar” romanidagi Bobur Mirzo xarakterining badiiy talqiniga e‘tibor beraylik. Bobur yosh
bo‘lishiga qaramasdan zo‘rovon beklarning istagiga qarshi chiqadi. Yoki Bobur endigina taxt
tepasiga chiqqan vaqtda sodir bo‘lgan bir voqyeaga diqqat qilaylik. Beklar Bobur oldiga Darvish
govni ig‘vo tarqatganlikda ayblab olib keladilar. Darvish gov oddiy fuqoroni qo‘llab-quvvatlagani
uchun ham beklar undan qasd olish maqsadida uni ayblaydilar.
“–Amirzodam, men ig‘vogar emasmen! Men ig‘vogorlarning qurbonimen! Menga rahm
qiling! Beshta yosh bolam bor! Noumid qilmang, amirzodam” Uning so‘zlaridan keyin Boburda
222
unga nisbatan rahm-shafqat tuyg‘usi uyg‘onadi. Lekin urush xavfi beklarning talabiga ko‘nishga
majbur etadi. Tarixiy sharoit insoniylikka yo‘l bermaydi: “Yasoq!-deb qichqarayotgan har
darg‘azab bek Boburdan quyoshni to‘sib olgan bir qora bulutga O‘xshardi. Boburni chirmab
aylantirayotgan dahshatli quyun mana shu qora bulutlarning shamoli emasmikan? Nahotki, bu
bulutlar doim toju taxt bilan birga yursa-yu, Darvish govga o‘xshaganlarning qoniga shunchalik
tashna bo‘lsa?!
Boya Boburga xuddi bulutlar orasida suzib chiqqan to‘lin oyday go‘zal ko‘ringan toju taxt
endi oy tutilgan shunday vahimali tusga kirdi. Bobur noma’lum xavf-xatardan seskanib, Xo‘ja
Abdullaga yordam so‘raganday qaradi:
– Ustod!.. –Amirzodam, – shivirladi Xo‘ja Abdulla, podshohlik udumiga binoan xatarli
urush paytida tojdorlar sha’niga nomunosib gap aytgan odam jinoyatchi hisoblanur!.. Endi siz…
bitta Darvish govni deb barcha beklardan voz kecholmagaysiz. Vaziyat tahlikali… Siyosat uchun
govni yasoqqa yetkazmoqdan boshqa iloj yo‘q!”.
Asardagi bu tasvirlardan ko‘rinadiki, Bobur toju taxt quyunida charxpalak bo‘lib aylanishiga
qaramasdan insoniy fazilatlarini saqlab qolishga harakat qiladi.
Shu o‘rinda quyidagi muammoni o‘rtaga tashlaymiz: “Bobur Mirzo xalq uchun fidoiy
bo‘lgan insonni Dorvesh Govni o‘limga to‘g‘ri mahkum qildimi yoki adolatsizlik qildimi?”
Talabalarning fikrlari tinglanadi va munosabat bildiriladi.
Bu talqinlarda Bobur Mirzo xarakterining o‘ziga xos shakllanishini ko‘ramiz.
Adabiyotshunos Izzat Sulton: “Xarakter ma’lum davrga, muhitga, kasbga, yoshga jinsga mansub
kishiga xos xususiyatlarni yorqinlik bilan ifoda etadi. Xarakterda yozuvchining kishilarga va
hayotga munosabati, hayotiy hodisalarga bergan estetik bahosi yaqqol ko‘rinadi…Xarakterlar
muayyan sosial-psixologik sharoitda harakat etish natijasida namoyon bo‘ladilar va shakllanadilar”.
Darhaqiqat, Bobur harakat etgan tarixiy sharoitda insoniylik xislatlarini namoyon etishining o‘zi
undan juda katta iste’dod talab qilardi. Ba’zan, insoniylikdan sharoit ustun kelganda, shohlik
taqdirini beklar hal qilayotgan paytlarda Bobur o‘z aqidasidan chekinishga majbur bo‘ladi,
shuning evaziga shohlikni saqlab qoladi. Fantaziya mahsuli bo‘lgan bu lavhalarda Bobur davrining
asosiy mohiyati ochish bilan birga shoh va shoir Boburning qalb iztiroblarini tadqiq etadi.
Boburning saltanatdan bezgan, mag‘lub vaqtlardagi hayotini yozuvchi uning ichki kechinmalari
orqali asoslaydi. Bu esa analitik prinsipning yorqin namunasidir.
Adabiy madaniy merosimizni o‘rganish, anglash va tadqiq etish adabiyotshunosligimizning
asosiy vazifalaridan biridir. Badiiy adabiyotda insoning badiiy jihatdan mukammal obrazini
yaratish eng murakkab masalalardan biridir. Adabiyot va san’at jamiyat hayotida ma’lum o‘rinni
egallay boshlagan davrlardan boshlab insonni talqin qilishga, uning ijtimoiy hayotdagi o‘rinni,
ruhiy dunyosidagi o‘zgarish va qarama–qarshiliklarni badiiy tadqiq qilishga intilib kelgan.
“Hozirgi
roman, jumladan, o‘zbek romani tajribasi bunday xulosalarning asossizligini ko‘rsatmoqda. Xuddi
shu ma’noda hozirgi roman insonning kuch va imkoniyatlarini ko‘rsatish, uning ichki ziddiyatlarini
ochishning cheksiz vositalarini kashf etmoqda. Zotan olamning epik holati mavjud ekan, yirik epik
romanlar o‘lmaydi, aksincha, inson kechinmalari va o‘ylari tasviridan boshlab, bir muddatli
holatigacha tahlil qilish hisobiga kengayadi, uning ichki dunyosiga chuqurroq kirib borish hisobiga
takomillashadi va boyib boradi” [2, 26-bet].
Avvalo, shuni alohida ta’kidlash joizki, har bir davrda inkishof etilgan badiiy talqin olam va
odamni yangicha idrok etib, o‘z dunyosini bunyod etayotgan yangi ijodiy-mantiqiy aqidani ilgari
suradi. Zotan, badiiy mohiyat o‘ziga xosligi, birinchi navbatda, mushohadaning ong va tuyg‘uda
qayta ijodiy shakllantirilgan tizimiga asoslanadi. Chunki xarakter shaxsiga singdirilgan qahramon
konsepsiyasida davr va jamiyatning butun borlig‘i – taraqqiyoti, zamon evrilishlari silsilasida
tug‘ilayotgan ziddiyatlar, real muammolar, real manzara ifodasini topadi.
“
Qahramonlar taqdiri ularni o‘rab turgan muhit xarakteriga bog‘liq. Bu muhitda asrlar
davomida shakllangan ijtimoiy va ma’naviy qonunlar insonni ezish, inson shaxsining o‘z erki,
huquqi yo‘lida har qanday intilishlarni bo‘g‘ib tashlash uchun xizmat qiladi”. Shuningdek sof
adabiyotning gumanistik mohiyati va yo‘nalishi, avvalo, insonni badiiy aks ettiruvchi falsafiy-
223
estetik prinsiplarda, shaxsning o‘tmishi, buguni va kelajak hayotiga nisbatan nuqtai nazarida,
maqsad va intilishlarining ruhiy-intellektual mundarijasida, jamiyataro tutgan mavqyeida, odamlar
bilan muloqot-munosabatlarida o‘z ifodasini topadi. Aynan shu omillar mushtarakligi haqiqiy
ijodkor shaxsiyatida jamiyat va olam munosabatlarining badiiy talqiniga aylanadi.
“
Insoniyat tarixida XX asr ijtimoiy va siyosiy ixtiloflar, fan-texnika taraqqiyoti asri bo‘lishi
bilan birga, estetik-intellektual tafakkur xilma-xilligini namoyon qilgan asr hamdir. Adabiyot
olamida kechgan evrilishlar badiiy-estetik taraqqiyot mezonlari va tamoyillarini belgiladi” [3, 58-
bet]. Shu ma’noda, Odil Yoqubov olamning go‘zalligi, insoniyatning shu go‘zallikka munosabatini,
gumanizm mohiyati va qadr-qimmatini butun ijodi badiiy to‘qimalariga yoyilib ketgan milliy
ma’naviyat ifodasiga singdiradi. Odamzodning ruhiy barkamolligi, ezgu maqsadi haqida falsafiy
teran tasvir yo‘nalishi adib dunyoqarashi va nazariy tasavvuri kengligidan dalolat beradi. Shuning
uchun ham ijodkorning har bir asarida xoh u kichik janr bo‘lsin, xoh yirik hajmli badiiy polotno
bo‘lsin, diyonat, adolat, haqiqat, oqibat va mehr-muhabbat tushunchalari talqini markaziy chiziqni
tashkil etadi. Ijodkorning har bir asari o‘quvchi qalbini zabt etishga qaratilgan.
“
Otaqo‘zi yuragining tagidan da‘fatan vulqonday qaynab kelgan g‘azabni zo‘r-bazo‘r
to‘xtatib qoldi. Zum o‘tmay bu g‘azab, tog‘asiga qarshi dilida jo‘sh urgan bu isyon qandaydir alamli
bir tuyg‘u bilan almashdi-yu, uzoq mum tishlab qoldi. U cholning nega bunday qilayotganini yaxshi
bilardi-hammasiga uning eski raqibi professor Mirobidov sababchi! Yo tavba! Tug‘ishgan tog‘a
bo‘lsa-yu, eski raqibiga pand berish uchun o‘z jigarining farzandini ham ayamasa!.. Insofu adolat
qani? Tog‘asining shu odati sabab, o‘g‘li Haydar ham, qizi Tohira ham bu xonadondan bezib
ketishdi. Bir yilda bir marta yo kelishadi, yo kelishmaydi! Otaqo‘zi bo‘lsa… yaxshi bo‘lsin, yomon
bo‘lsin, tug‘ishgan tog‘am-ku, befarzand, ko‘ngli nozik odam-ku, deb cholning qiliqlari jonidan
o‘tib ketgan chog‘larida ham shaharga kelsa kirmay ketmaydi! Chol-kampir kishloqqa borishsa
boshiga ko‘taradi, uyining to‘rini shularga bo‘shatib beradi. Bu odam bo‘lsa… Otaqo‘zi bir nima
desa nuqul prinsipdan keladi! Ammo… tashakkur! Otaqo‘zi bunaqa haqgo‘ylikni tushunmaydi va
tushunishni ham istamaydi” [4, 20-21-bet].
Matndan quyidagi muammoli savolni yuzaga chiqarish mumkin: “Otaqo‘zi to‘g‘ri yo‘lni
tanladimi yoki, tog‘asi Normurod Shomurodovning anglamagan holda dilini og‘ritdimi?”
Bu
o‘rinda ham talabalar fikri tinglanadi va munosabat bildiriladi.
“Diyonat” romani epik borlig‘ida Otaqo‘zi siymosi qabarib turadi. Ijtimoiy-psixologik
ziddiyatlarni birlashtirib turadigan qahramon ham xotira, ham muhokama, ham faoliyat
davomiyligida turg‘unlik davri muhitini boshqaradi. To‘ldiruvchi mohiyat personajlar manfaatlarini
jipslashtiradi. O‘zligi va xarakterida namoyon rais hayoti solnomasi turfa qarama-qarshilikdan
iborat. Tog‘a tabiatida mavjud «haqgo‘ylikni tushunmaydigan va tushunishni istamaydigan» jiyan
murakkab fe’l-atvor egasi. “Nuqul prinsipdan keladigan” Normurod Shomurodov dunyoqarashi
uning xunobini chiqaradi [5, 120-126-betlar].
Aslida domla shamoyilida hukmron diyonat tuyg‘usi jamiyat epkinlarida jiddiy sinovlardan
o‘tgan. Muallif tayyor holatda berilgan xarakterlararo to‘qnashuvni ijtimoiy sahnaga chiqaradi.
Mashhur rais adolat tamoyillarini “eski raqiblar orasidagi ziddiyat” sifatida idroklaydi. Odatiy
injiqlik, deya baholangan e’tiqod butunligi va maslak musaffoligi olim olami bezagi. Halollik va
ezgulikka yo‘g‘irilgan umr hamisha mashaqqatlarga duch keladi. Nurafshon tuyg‘ularga eltadigan
a’mol insonni saodatga erishuviga insonning zamin hozirlaydi. Aslida Otaqo‘zi yomon odam emas.
Unda oqibat, e’tiqod va bag‘rikenglik xislatlari mavjud [6, 56-bet]. Biroq qahramon hayotda
qoqilishni istamaydi. Murosayu madora bilan zamonga moslashuvchanlik uning asosiy illati.
Ayniqsa, so‘nggi paytlarda rais bosar-tusarini bilmay qolgan. Bundan Normurod
Shomurodov ham, tuman rahbari Shukurov ham jiddiy xavotirlanishadi. Qahramonga salbiy ta’sir
qilayotgan ijtimoiy nuqsonlar (buyruqbozlik, izzattalablik, shaxsga sig‘inish oqibatlari) xarakter
ma’naviyatini izdan chiqaradi. Aynan tuman rahbari va tog‘a qo‘rqayotgan holat asar oxirida
yuzaga keladi [7, 75-bet]. Bir qarashda, Shukurov va Vohid Mirobidov o‘rtasida paydo bo‘lgan
jarlik dunyoni anglash turfaligi bilan real salmoq kasb etadi. Qaynota bilan kuyov orasida
kuzatilgan ziddiyat keskinlashmaydi. San’atkor ijtimoiy tahdid natijasi o‘laroq muammolarini yo‘l-
224
yo‘lakay hal qiladi. Vohid Mirobidov hayoti xato hamda achchiq kechinmalarga boy. Unda e’tiqod
sobitligi yo‘qligi nizolar kelib chiqishiga olib keladi. Roman intihosida taqdir fojealari
chiziqlarining tutashuvi diyonat muvaffaqiyatini ta’minlovchi yetakchi atribut darajasiga
ko‘tarilgan.
Bu davr romanchiligini o‘qitishda, davrning ijtimoiy-madaniy hayotini va roman yaratilgan
advr xusuiyatlarini ham inobatga olish maqsadga muvofiq keladi. Chunki sotsial jamiyatning badiiy
adabiyotdan unumli foydalanishi natijasida, “so‘z erkinligi”ning mafkuraviy tayziqlardagi
xusuiyatini ham teranroq tushuntirish talab etiladi. Bugungi talaba o‘sha davr mohiyatini to‘g‘ri
anglasagina, asosli xulosalar chiqarish imkoniga ega bo‘ladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Nasirov Azimidin. Badiiylik va hayiot haqiqati. – Turkiya, Istanbul, KESIT, 2019. – 140 bet.
2.
Раҳимов А. Ўзбек романи поэтикаси. Док.дисс.автореферати. – Тошкент, 1993. – 32 бет.
3.
Пардаева З. Бадиий – эстетик тафаккур ривожи ва ўзек романчилиги. –Тошкент, “Янги
аср авлоди”, 2002. 58-бет.
4.
Ёқубов О. Диёнат. Роман. – Тошкент, “Шарқ”, 1998. – 280 bet.
5.
Nasirov A.N. Artistic thought in the process of globalizationand logical consistency.
International Journal of social science Interdisciplinary Research. 2023. 120-126-s.
6.
Nasirov, A. (2012). Poetics of Odil Yakubov's novels. Monograph. Tashkent, " Fan" publishing
house, 160.
7.
Normamatovich, N. A. (2021). Features of Symbolic Interpretation. International Journal on
Orange Technologies, 3(3), 71-76.