31
EKSPOZITSIYA YARATISHDA LOYIHALALASH USULLARINI QO‘LLASH
AMALIYOTI BO‘YICHA BA’ZI MULOHAZALAR
Qarshiyev Xikmatilla Quvvatovich
“Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonasi ilmiy kotibi
https://doi.org/10.5281/zenodo.15039317
Annotatsiya
. ushbu maqolada muzeyshunoslikdagi eng muhim qismi bo‘lgan
ekspozitsiya va uni yaratish ishlarini tashkil etish bo‘yicha so‘z yuritilgan bo‘lib, mazkur maqola
o‘zining dolzarbligini yoqotmaydi deyish mumkin.
Kalit so‘zlar:
Ekspozitsiya, Ekspozitsiyani loyihalasi, tematik-ekspozitsiya rejasini, sinov
montaji, ilmiy tushuncha, badiiy yechim.
Ekspozitsiya tarixiga nazar solsak, u osori-atiqalar kolleksiyasi bilan parallel
rivojlanganligini ko‘ramiz. Muzeyning jamoatchilik xotira instituti sifatida shakllanishining o‘zi,
jamiyat uchun to‘plangan kolleksiyalarni ochish, ularni namoyish etish bilan bog‘liq edi.
Masalan, qadimda hukmdorlar, sarkarda va zodogonlar esdalik va qimmatbaho sovg‘a hamda
o‘ljalarni yig‘ib, kolleksiya qilgan va uni muhim mehmonlarga ko‘rsatishgan hamda buning
uchun albatta ekspozitsiya yaratilgan, chunki ushbu kolleksiyani pala-partish ko‘rsatish
mumkin emas edi. Sharqda bu holat jiddiy marosimga aylangan edi. Bunga misol tariqasida
Amir Temurning elchilarni kutib olishdagi dabdabani Klavixoninng qaydlarida qanday bayon
qilinganini eslatish kifoya.
Lotincha “exposition” - ochib berish yoki tomosha uchun ko‘rgazma - so‘zidan kelib
chiqqan ekspozitsiya so‘zi keng ma’noda ko‘rish uchun maxsus namoyish etilgan har qanday
ob’yektlar to‘plamini anglatadi.
Ekspozitsiya bu - muzey kommunikatsiya (muzey va mehmon o‘rtasidagi o‘zaro
aloqa) larining asosiy shakli bo‘lib, ta’lim va tarbiya maqsadida muzey tomonidan
joylashtirilgan muzey eksponatlarini (badiiy asarlar, tarixiy hujjatlar, moddiy
madaniyat yodgorliklari va boshqalar) namoyish etish orqali ilmiy konsepsiya va
zamonaviy tamoyillarga muvofiq ishlab chiqilgan me’moriy va badiiy yechimdir.
Muzey ekspozitsiyasining eng oddiy ta’rifi esa “muzey kolleksiyasining ko‘rgazmaga
qo‘yilgan qismi”dir. Bugungi kunda muzey ekspozitsiyasi deganda, biz muzey ashyolari va
boshqa ekspozitsiya materiallari konseptual (ilmiy va badiiy) dizayn bilan birlashtirilgan yaxlit
hududiy-ob’yekt tizimini tushunamiz.
Ekspozitsiyani loyihalashtirish – muzey loyihasining eng muhim bosqichlaridan biri
bo‘lib, kelajakdagi ekspozitsiyani yaratish uchun zarur hujjatlarni ishlab chiqish va hujjatlarda
aks ettirilgan rejaning bajarilishini nazorat qilish jarayonidir.
Ekspozitsiyani loyihalash jarayonini ilmiy, badiiy, texnik va ishchi dizayn loyihalariga
bo‘lish mumkin. Muzeyshunoslik rivojlangan davlatlarda muzeylar ishini kuzatsak, bugungi
kunda ekspozitsiyani loyihalashning 3 bosqichli tartibi qabul qilingan va shundan,
birinchi
bosqichda
ekspozitsiyaning ilmiy kontseptsiyasi yaratilishi kerak, bu esa yaratilgan
ekspozitsiyaning maqsadlarini belgilaydi. Ekspozitsiyaning ilmiy konsepsiyasi qolganlarini
loyihalashning birinchi va hal qiluvchi bosqichidir. Ekspozitsiyachi birinchi navbatda
ekspozitsiya mavzusini shakllantiradi va asoslaydi. Konsepsiya ishchi guruhning belgilangan
mavzu bo‘yicha olib borgan ilmiy ishlari va manba bazasini, ya’ni o‘z muzeyi va boshqa
omborlar fondlarida saqlanayotgan materiallarni o‘rganish natijasidir. U har doim taklif
32
etilayotgan mavzuning ilmiy rivojlanish darajasi va muzey kolleksiyalari tarkibi tahlilini o‘z
ichiga oladi, undan mavzuni o‘zlashtirish va ilmiy rivojlantirish rejasini tuzish vazifasi kelib
chiqadi. Umuman, ekspozitsiya mavzularining ketma-ketligini va yo‘nalishini, yetakchi
eksponatlar yoki majmualarni belgilaydigan tematik tuzilma belgilanadi. Natijada me’moriy-
badiiy yechim va jihozlarga talablar shakllantiriladi hamda dioramalar, audiovizual tizimlar va
boshqalar tanlanadi.
An’anaviy loyihalashda badiiy loyihani yaratish ilmiy loyihadan kelib chiqadi, shuning
uchun (yoki kamdan-kam hollarda - bir vaqtning o‘zida, bu holda ekspozitsiyachilar va
rassomlar birgalikda ishlaydi) ilmiy konsepsiya avval yaratilishi va unda asosiysi badiiy g‘oya,
badiiy obraz va ilmiy tushunchalar mujassam bo‘lishi kerak.
Ekspozitsiyaning joylashadigan maydoni, asosiy fonni qaysi rang tashkil etishi va
zallardagi yetakchi eksponatlar aniqlanadi. Guruhdagi rassomlar tomonidan loyihaga muvofiq,
bir qator eskizlar yoki maket yaratiladi.
Ikkinchi bosqichda
ekspozitsiya ishchi guruhi “kengaytirilgan tematik tuzilma”ni, ya’ni
ekspozitsiya bo‘limlari, mavzularining nomi va ketma-ketligini o‘z ichiga olgan hujjatni,
rassomlar esa “ekspozitsiya loyihasini” yaratadilar. Bu hujjatlarda alohida mavzularning ilmiy-
badiiy yechimi yoki qarorlari batafsil yoritilgan va ekspozitsiya majmualari darajasida amalga
oshirilgan bo‘ladi.
Uchinchi bosqich
tematik-ekspozitsiya rejasini (o‘zb. qisqartmasi TER, rus. ТЭП)
yaratishni o‘z ichiga oladi, uning asosida montaj varaqlari tayyorlanadi (ekspozitsiya
maydonining barcha bo‘limlari va eksponatlar joylashtirilgan sirtlarning chizmalari). Muzeylar
amaliyotida ТЭП(
ko‘pchilik
shu qisqartmaga o‘rgangani uchun tanladik
)ning quyidagi asosiy
tuzilmasi ishlab chiqilgan:
Bo‘lim nomi, mavzuning nomi (kichik mavzu), asosiy matn, sarlavha matni, tematik
kompleks, majmuaga annotatsiya (tushuntirish matni), eksponat buyumlari (haqiqiyligi,
inventar raqamlari, asosiy atribut ma’lumotlari, o‘lchamlari ko‘rsatilgan holda), etiketaj,
eksponatlarni guruhlash va dizayn bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga olgan eslatmalar va
boshqalar.
Qoida tariqasida yoki ilovalarda keltirilgan muhim matnlar, rekonstruksiyalarni yaratish
uchun materiallar, diagrammalar va boshqa yordamchi materiallar ham ТЭПga biriktirilishi
mumkin. Albatta, bu struktura ekspozitsiya xarakteriga va ekspozitsiya materiallarining
xususiyatlariga qarab farq qilishi ham mumkin. Ssnenariyni yozishda ТЭП ma’lumotlarining
ma’lum bir qismi unga kiradi.
O‘rnatish varaqlari asosida ekspozitsiyani o‘rnatish uchun barcha kerakli jihozlar,
moslamalar, annotatsiya taxtalari va boshqalar tayyorlanadi. Keyin dastlabki sinov montajiga
muvofiq eksponatlar ekspozitsiya maydoniga o‘rnatiladi hamda yo‘l qo‘yilgan xatolarni
aniqlash va ularni tuzatish uchun eksponatlarning vizual muvofiqligi va umumiy
ko‘rsatkichlari, ekspozitsiyaning taassurotlari tekshiriladi. Dastlabki tartib “sinov
ekspozitsiyasi” majburiy bosqich bo‘lmasada, amaliyotda ko‘p qo‘llaniladi va ko‘pincha ushbu
“oraliq bosqich”dan so‘nggina, tematik ekspozitsiya rejasi(ТЭП)ning yakuniy versiyasi tayyor
bo‘ladi.
Tuzilgan ekspozitsiyada “ilmiylik” va “badiiylik” o‘zaro muvofiqlik darajasining
murakkabligi, badiiy qarorlarning qiyinligi, muzeyning tomoshobinga moslashishi,
ekspozitsion g‘oya va obrazlar orqali tomoshabinning e’tiborini qozonishga bo‘lgan urinish va
33
boshqa shu kabi omillar jarayonga ssenarist (ssenariy muallifi) degan shaxsning ham
kerakligini bildiradi. Ssenariy ekspozitsiyaning loyihalash bosqichlaridan biridir.
So‘nggi yillarda muzey ishida standart namunalardan voz kechish va ekspozitsiya
ijodining o‘ziga xos, individual namunalarini yaratishga intilish tobora ortib bormoqda.
Bugungi kunda ekspozitsiya loyihasida “ilmiy tushuncha” va “badiiy yechim” ko‘pincha bir
vaqtning o‘zida birga shakllanib, o‘zaro ta’sir natijasida bir-biriga “ijodiy turtki” beradigan bir
yaxlitlik sifatida ko‘rilmoqda. Albatta, yuqorida aytilganlar faqat ekspozitsiyaga tegishli bo‘lib,
qandaydir mustaqil san‘at turining noyob va o‘ziga xos qimmatli asarlari sifatida namoyon
bo‘ladi hamda undagi “ilmiy” asoslar va yaxlit shakl bir-biriga zid kelmaydi hamda bir-biri bilan
raqobatlashmaydi, lekin bitta yonalishga – muzeydagi kommunikativ-aloqa muammolarini hal
qilishga qaratilgan bo‘ladi. Bunda borgan sari murakkab konseptual yechimlar o‘tkir, yorqin,
noodatiy plastik shakllarda adekvat badiiy ifodani topib bormoqda. Eng muhimi, ekspozitsiya
loyihasining hozirgi holatini bir so‘z bilan xilma-xill va individual deb ifodalash mumkin.
Umuman, har bir muzey oldida turgan vazifalarni hal qilishda mavjud an’ana va jamoaning
ijodiy xohish-istaklaridan kelib chiqib, u yoki bu usulni tanlashi mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar/Используемая литература/References:
1.
Каулен М.Е. Экспозиция и экспозиционер. М., 2015
2.
Сапанжа Ольга Сергеевна Классификация музеев и морфология музейности:
структура и динамика Текст научной статьи по специальности «Прочие социальные
науки» 2012
3.
Кодекс музейной этики ИКОМ 2006 г.
4.
Астафьева А.К. Музееведение России. М., 2024.
5.
Юрьева П.Ю. Музееведение. – М., 2014
6.
Internet ma’lumotlari
