9
OILADAGI TAZIYQ VA ZOʻRAVONLIKNING JINOIY-HUQUQIY TAVSIFI
Normatova Shirin Abdulnabiyevna
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
Akademiyasi mustaqil izlanuvchisi
https://doi.org/10.5281/zenodo.15621753
Annotatsiya:
Mazkur maqolada oiladagi tazyiq va zoʻravonlikning jinoiy-huquqiy
tavsifiga doir msalalar tahlil etilgan. Shuningdek, mazkur maqolada oiladagi zoʻravonlik va
zoʻrlikning turlicha tushunchalarini kriminologik tavsifi, sababi, shart-sharoitlari, tabiati,
ijtimoiyligi va belgilari haqida jinoyat-huquqiy va kriminologik adabiyotlar tahlil etilib, muallif
bu borada oʻzining fikrlarini bayon etgan. Ushbu maqolada oiladagi jinoiy zoʻravonlikning
jismoniy va ruhiy, jinsiy va iqtisodiy turlariga ham toʻxtalib, ularning bir biridan farqli jihatlari
ochib berilgan.
Kalit soʻzlar:
jazo, jinoyat, jinsiy, jismoniy, zoʻrlik, zoʻravonlik, oila, kriminologik, tavsifi,
ruhiy.
CRİMİNAL-LEGAL DESCRİPTİON OF OPPRESSİON AND VİOLENCE İN THE
FAMİLY
Normatova Shirin Abdulnabiyevna
Republic of Uzbekistan
Ministry of Internal Affairs Academy
independent applicant
Abstract:
This article analyzes issues related to the criminal-legal characteristics of
pressure and violence within the family. It explores different definitions of domestic violence
and coercion, providing a criminological description of their causes, conditions, nature, social
context, and indicators. The author examines relevant criminal law and criminological
literature and presents their own perspective. The article also addresses various forms of
domestic violence — physical, psychological, sexual, and economic — and explains their
distinguishing features.
Keywords:
punishment, crime, sexual, physical, coercion, violence, family, criminological,
characteristics, psychological.
Maʼlumki, oila-turmush munosabatlari doirasidagi muammolar
oʻzining koʻp qirraliligi
bilan ajralib turadi. Bu boradagi muammolarni oʻrganish, ilmiy tadqiq etish, ayniqsa bugungi
kunda oʻta dolzarb masala hisoblanadi
1
.
Sharq mutafakkirlarining bizlarga qoldirgan boy ilmiy-madaniy meroslarida oʻzbek
xalqining oila-turmush qoidalari, undagi kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, oila aʼzolari
oʻrtasidagi ijtimoiy munosabatlar jarayonidagi madaniyat, ayniqsa, er-xotin munosabatlari
toʻgʻrisidagi inson tarbiyasida axloqiy ahamiyatga ega boʻlgan fikr mulohazalar, taʼlimotlar
mavjud.
Mazkur muammo buyuk allomalarimiz Muhammad ibn Ismoil Buxoriy, at-Termiziy
ijodlarida hamda tasavvuf falsafasining yirik namoyandalari Ahmad Yassaviy, Bahovuddin
Naqshband, Najmiddin Kubro tariqatlarida ham keng yoritilgan
2
.
1
Karimova V. Oila himoyasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi // HUQUQ BA BURCH. – №5. – T., 2007. – B. 31.
2
Fayziyeva M., Jabborov A. Oilaviy munosabatlar psixologiyasi. –T:. “Yangi asr avlodi”, 2007. –B. 7.
10
Ushbu masalaga Burhoniddin Margʻinoniy oʻz fikr va mulohazalarini bildirib, “jamiyatning
negizi ham, inson ruhiy-maʼnaviy olamining beshigi ham oiladir”
3
, deb taʼkidlagan edi.
Zero, azaldan insonni hurmat qilish va ulugʻlash xalqimiz tabiatiga xos milliy qadriyatdir.
Qadimgi tarixiy manba hisoblanmish – zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto”da ham
insonning shaʼni, qadr-qimmati, or-nomusi, ayniqsa insonni ulugʻlash, uning huquqlarini
himoya qilish gʻoyasi oʻz aksini topgan. Ushbu nodir manba insoniyat va ilm-fan taraqqiyoti
hamda insoniy qadriyatlarning rivojlanishiga oʻzining betakror hissasini qoʻshgan. “Avesto”da
jinoyat va jazo, oila-nikoh munosabatlariga, bu munosabatlar jarayonida insonning
huquqlariga alohida eʼtibor berilgan.
Ayniqsa, jinoyat sodir etish ogʻir gunoh ekanligi, undan saqlanish gʻoyasi muqaddas islom
dinida oʻz ifodasini topgan. Xususan, bularda inson huquqlariga daxldor koʻplab qoidalar
mavjud
4
. Chunki, bu manbalarda insonning huquq va erkinliklari, hayoti, sogʻligʻi, or-nomusi,
shaʼni, obroʻsi, qadr-qimmati birlamchi qadriyat sifatida tan olingan. Oila, qarindosh urugʻ, er-
xotin oʻrtasida vujudga keladigan ijtimoiy munosabatlarda rahm-shavqatli boʻlish masalalari
alohida oʻrin egallaydi.
Oilada sodir etiladigan zoʻravonlik kishilar oʻrtasidagi ijtimoiy munosabatlar jarayonidagi
tajovuzkorlikda namoyon boʻladi. Bu holat kundalik oila-turmush munosabatlari doirasida
turlicha tajovuzkor xulq-atvorda namoyon boʻladi.
Umumiy koʻrinishda oiladagi zoʻravonlikni quyidagilarga ajratish mumkin: ayollarga
nisbatan zoʻravonlik; bolalarga nisbatan zoʻravonlik; qarindoshlarga nisbatan zoʻravonlik.
Oiladagi jinoiy zoʻravonlikning keltirib oʻtilgan taʼriflari bir shaxsning ikkinchisi ustidan
uning sogʻligʻi yoki hayotiga zarar yetkazish maqsadini koʻzda tutib, uning ixtiyoriga qarshi
qasddan jismoniy kuch ishlatishiga kelib taqaladi.
Yuqorida keltirilganlarga koʻra oilada zoʻrlik ishlatib sodir etiladigan jinoyatlar
deyilganda esa, zoʻrlik nafaqat jinoyat obyektiv tomoni usuli sifatida balki, motivning tarkibiy
elementi sifatida namoyon boʻladigan jinoyatlar tushuniladi1. Ular sirasiga qasddan odam
oʻldirish, qasddan sogʻliqqa ogʻir, oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish, nomusga tegish, jinsiy
ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish kabi jinoyatlar kiradi.
Shuni hisobga olish lozimki, zoʻrlik ishlatish motivi barcha hollarda ham qasddan odam
oʻldirgan, boshqa fuqarolarning sogʻligʻiga zarar yetkazgan shaxslarni harakatlantiruvchi
birdan-bir motiv hisoblanavermaydi. Mazkur yoʻnalishda oʻrganilgan xorijiy davlatlar tajribasi
asosida aytish mumkinki, soʻnggi vaqtda shaxsiy oʻch olish, sugʻurta mukofotini qoʻlga kiritish
maqsadida qotil yollash yoʻli bilan sodir etiladigan odam oʻldirishlar soni koʻpayib bormoqda.
Shuni hisobga olganda, tadqiqot predmetini oilada zoʻrlik ishlatish birinchi oʻrinda
turadigan shaxsga qarshi jinoyatlar tashkil etadi. Bu, eng avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi
Jinoyat kodeksining Maxsus qismining “Hayotga qarshi jinoyatlar” deb nomlangan I bobidan
oʻrin olgan jinoyat tarkiblaridir. Bunda biz quyidagi omillarni hisobga oldik. Ijtimoiy xavflilik
darajasi ayniqsa baland boʻlgan jinoyatlar qasddan odam oʻldirish (JKning 105-moddasi) va
qasddan odam oʻldirishga suiqasd qilish hamda qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish
(JKning 104-moddasi)dir. Mazkur jinoyatlar aksariyat hollarda muayyan umumiy qonuniyatlar
bilan tavsiflanadi va JKning 15-moddasiga muvofiq ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar toifasiga
3
Choriyev A. Inson falsafasi. T:. “Oʻzbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti”, 2007. –B. 184.
4
Inson huquqlari: Darslik / O Husanov, O.Karimova, X.Azizov, H.Toʻychiyeva, Z.Karimov. – T:. Sharq, 1997. –B.16.
11
kiritilgan.
Ayni vaqtda, shuni nazarda tutish lozimki, rasmiy statistika “odam oʻllirishlar” boʻlimida
bir nechta jinoyat tarkiblarini birlashtiradi: 97-modda (qasddan odam oʻldirish va unga suiqasd
qilish), 98-modda (kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam oʻldirish) va onaning oʻz
chaqalogʻini qasddan oʻldirishi (99-modda).
Shulardan kelib chiqib, “oilaviy zoʻravonlik” tushunchalariga toʻxtalib oʻtamiz.
Oilaviy zoʻravonlikning kriminologik tavsifi, sababi, shart-sharoitlari, tabiati, ijtimoiyligi
va belgilari haqida jinoyat-huquqiy va kriminologik adabiyotlarda turlicha tushunchalar
berilgan. Bir qator ilmiy va yuridik adabiyotlarni tahlil etish hamda umumlashtirish shuni
koʻrsatmoqdaki, fanda hanuzgacha “oilaviy zoʻrlik” va “zoʻravonlik”ka oid yagona tushuncha
mavjud emas. Garchi, “oilaviy zoʻrlik” va “zoʻravonlik” tushunchalariga turli soha mutaxassislari
tomonidan eʼtibor qaratilgan boʻlsada, bu haqida yagona toʻxtamga kelinmagan.
Oilaviy zoʻravonlik tushunchasini tahlil etish jarayonida “zoʻrlik” va “zoʻravonlik”
tushunchalari yuzasidan olimlarning fikirlarini tahlil etamiz. Chunki, bu tushunchalar oilaviy
zoʻravonlik bilan bogʻliqdir.
Zoʻrlik – biror kishining ikkinchi bir kishini zoʻravonlik, jismoniy kuch ishlatish yoʻli bilan
xoʻrlashi, jabr-zulm qilishi
5
yoxud shaxsning konstitutsiya bilan kafolatlangan shaxsiy daxlsizli-
gi buzilishiga sabab boʻladigan, bir shaxsning ikkinchi bir shaxsga nisbatan jismoniy yoki ruhiy
taʼsir oʻtkazishidir
6
.
Baʼzi bir adabiyotlarda zoʻrlik – biror kishining ikkinchi bir kishiga nisbatan zoʻrlik qilishi,
kuch ishlatish yoʻli bilan zoʻrlashi, jabr-zulm qilishi sifatida keltirilgan. U insonni jismoniy va
maʼnaviy zoʻrlash yoxud jabr-zulm qilish shaklida namoyon boʻladi
7
.
Hozirgi zamon jinoyat huquqi nazariyasi va qonunchiligida shaxsga qarshi zoʻrlik
ishlatishning boshqa jinoyatlarga nisbatan kengroq sharhlanayotgani guvohi boʻlamiz. Bu
borada “zoʻrlik”, “zoʻravonlik” tushunchasiga toʻxtalib oʻtadigan boʻlsak, oʻzbek tilining izohli
lugʻatida “zoʻravonlik” soʻziga zoʻravonlarga xos xatti-harakat; zoʻrlik, kuch ishlatish
8
degan
taʼrif berilgan. Bu taʼrif “zoʻrlik” soʻzining haqiqiy maʼnosini ochib bermaydi, shuning uchun u
jinoyat-huquqiy mezon sifatida zoʻrlikka izoh berish uchun asos qilib olinishi mumkin emas.
Bizningcha har bir jinoyat “qiyinchilik tugʻdiruvchi, alamli, gʻayriqonuniy va oʻzboshimcha”
harakat hisoblanadi va har qanday qasddan qilingan jinoyat jamiyatning mavjud sharoitlariga
tajovuz qiluvchi, insonlarning jamiyatga qarshi xulqidan iborat boʻlib, jamiyatdagi mavjud
munosabatlar tartibini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga urinish sifatida tavsiflanishi mumkin.
Leksikologiyaning bunday (Oʻzbek tilining izohli lugʻati) ishonchli manbasi boʻyicha
“zoʻrlik”ning etimologik tahlili bu soʻzning haqiqiy maʼnosini anglatayotgan, bir kishining
boshqa bir kishi irodasi (xohishi)ga qarshi sodir etgan qandaydir harakatidan iborat ekanligini
ishonarli isbotlab beradi. Ammo har doim ham zoʻrlik ijtimoiy xavfli va qonunga xilof
boʻlmasligi mumkin. Jumladan, zaruriy mudofaa holatida qoʻllaniladigan zoʻrlik qonuniy
hisoblanadi.
5
Qarang:Oʻzbekiston yuridik ensiklopediyasi. –T., 2009. – B. 199.
6
Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. T.4. –T., 2002. – B. 47.
7
Yuridik ensiklopediya. – T., 2001. – B. 171.
8
Oʻzbek tilining izohli lugʻati (A.Madvaliyev tahriri ostida). T.2.–T. «Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy
nashriyoti, 2006.– B.167.
12
Oʻzbek tilining izohli lugʻatida “zoʻrlik” soʻziga “zoʻravonlik, adolatsizlik”
9
, degan taʼrif ham
berilgan.
Shu tarzda zoʻrlik soʻzining leksik maʼnosini ochishda jismoniy kuch ishlatishda
ifodalaniladigan oʻzboshimcha harakatning tashqi koʻrinishiga eʼtibor qaratilgan boʻlib, bu
jinoyat huquqi nazariyasi va amaliyotida oʻz ifodasini topgan. Shundan kelib chiqib, jismoniy
zoʻrlik jabrlanuvchiga nisbatan jismoniy kuch ishlatishga olib keluvchi jinoiy xatti-harakatning
usuli sifatida olimlarning ilmiy yondashuvlariga asos boʻlgan.
Shuning uchun ham bizningcha “zoʻrlik” atamasini grammatik izohlash yoki izohli
lugʻatlarida berilgan etimologik maʼnosini aniqlab olish yoʻli bilan uning jinoyat-huquqiy
maʼnosini bilish qiyin.
Yuqoridagilarni hisobga olib, “zoʻrlik” soʻzining haqiqiy, tom maʼnosi, “insonlar oʻrtasidagi
muayyan oʻzaro munosabatlarni aks ettiradigan bir tomoni, ikkinchi tomonning xohishiga
qarshi yoʻnaltirilgan erkin xulqidir”
10
. Oʻz fikirlarini davom ettirib A.V.Ivaщenko va
A.I.Marsevlar oʻz maʼnosi boʻyicha zoʻrlik bilan bogʻliq uchta juda nozik va chuqur takliflarni
taʼriflab berishadi. “Yaʼni zoʻrlik sifatida erkin istak bildirishiga qarshi bevosita qaratilgan ongli
tezkor faoliyatlarni koʻrib chiqish lozim. Zoʻrlikni bunday tushunishda uning kamdan-kam
uchraydigan oʻziga xos xususiyatini biror kishining erki-irodasiga qarshi harakat sodir etilishi,
erkinligi cheklanishi, unga shikast yetkazilishi deb hisoblash zarur. Inson faoliyatining koʻpgina
boshqa shakllaridan farqli oʻlaroq, faqat zoʻrlik harakatlari shaxsning erkinligini cheklashga
qaratilgan xulqdan iboratdir
11
”. Bizningcha, izohlab berilgan tushuncha har qanday fan,
jumladan, jinoyat huquqi fani nuqtayi nazaridan zoʻrlikni oʻrganish uchun asos boʻladi.
Zoʻrlik ayrim huquqshunoslar tomonidan ham keng maʼnoda talqin qilinadi. Xususan,
Yu.M.Antonyan, I.B.Boyko va V.A.Vereshchagin “oʻziga oʻzi ishlatiladigan zoʻrlik”ni insonning
oʻziga qarshi qaratilgan ongli faoliyati sifatida eʼtirof etgan. A.V.Naumovning fikricha esa
“...zoʻrlik (jumladan, zaruriy mudofaada ishlatiladigan zoʻrlik) qonuniy boʻlib, faqat uni qonunga
xilof va ijtimoiy xavfli boʻlgan voqealardan ajrata bilish lozim
12
”.
Biz bu fikrga qoʻshila olmaymiz, chunki maishiy maʼnodagi emas, balki huquqiy maʼnodagi
zoʻrlik ham aniq bir taʼrifga ega boʻlishi lozim. Zoʻrlik ishlatish bilan unga qarshi himoyalanishni
bir xil tushuncha deb qarash toʻgʻri boʻlmaydi. Masalan, shaxsga zoʻrlik ishlatayotganda unga
nisbatan qarshi qilingan harakatlarini zoʻrlik deyish notoʻgʻri, chunki u zoʻrlikka barham berish
uchungina qarshi harakat qilishi mumkin.
Zoʻrlik atamasining mazmuniga oʻzbek huquqshunoslari tomonidan “biror kishining
ikkinchi bir kishiga nisbatan zoʻrlik qilishi, zoʻrlashi, kuch ishlatish yoʻli bilan zoʻrlashi, jabr-
zulm qilishi”, deb taʼrif berilgan. Ularning fikricha, zoʻrlik “inson daxlsizligini buzib, jismoniy va
9
Oʻzbek tilining izohli lugʻati (A.Madvaliyev tahriri ostida). T.2.–T. «Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy
nashriyoti. 2006. – B.167.
10
Иващэнко А.В., Марсев А.И. Методология правового исследования насилия // Социално-правовые проблемы
борбы с насилием. – Омск, 1996. – С.4.
11
Иващэнко А.В., Марсев А.И. Методология правового исследования насилия // Социално-правовые
проблемы борбы с насилием. – Омск, 1996. – С.4.
12
Антонян Ю.М., Бойко И.Б., Верещагин В.А. Насилие среди осужденных. – М., 1994. – С.66.
13
maʼnaviy zoʻrlash, jabr-zulm qilish shaklida boʻlishi mumkin”
13
.
A.V.Naumov zoʻrlik tushunchasini keng talqin qilish tarafdori sifatida zoʻrlik ishlatib sodir
etiladigan jinoyatlar qatoriga ehtiyotsizlik orqasidan odam oʻldirishni ham kiritgan va bu
yondashuvni toʻla qoʻllab-quvvatlagan
14
.
Biroq bu yondashuv L.V.Serdyuk tomonidan tanqid qilinib, aybning ehtiyotsizlik shaklida
sodir etiladigan jinoyatlar uchun zoʻrlik xos emas
15
, deb taʼkidlangan.
Q.P.Payzullayev ham zoʻrlik ishlatib sodir etiladigan jinoyatlar ehtiyotsizlikdan emas,
balki qasddan sodir etiladi
16
degan fikrni ilgari suradi.
Bizning fikrimizcha ham, birovga nisbatan ongli ravishda zoʻrlik ishlatish, unga jismoniy
yoki ruhiy azob berish ham nazariy, ham amaliy jihatdan ehtiyotsizlik orqasida sodir etiladigan
jinoyatlarda boʻlishi mumkin emas. Yuqoridagi holatda zoʻrlik chegaralari uning tushunchasiga
nisbatan asosiz ravishda kengaytirib yuborilgan. Ehtiyotsizlikdan odam oʻldirish qonunga xilof,
lekin aybdorning ixtiyoriy boʻlmagan harakati natijasidir. Bu yerda zoʻrlikning asosiy belgisi
boʻlgan shaxsga ziyon yetkazuvchining irodasi yetishmaydi. Biror-bir oqibatni istamasdan,
balki u haqida bilmasdan shaxs zoʻrlik ishlatishi mumkin emas.
Bizningcha, zoʻrlik tushunchasi faqat qasddan sodir etiladigan qilmishlarga nisbatan
qoʻllaniladi. Zotan, aybdor biror shaxsga zoʻrlik ishlatilayotganini bilmasligi mumkin emas.
Shaxs, albatta, qilmishining ijtimoiy xavflilik xususiyatini anglaydi va shunday qilmishni sodir
etishni istaydi.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Антонян Ю.М., Бойко И.Б., Верещагин В.А. Насилие среди осужденных. – М., 1994. –
С.66.
2.
Mualliflar jamoasi. Oʻzbekiston yuridik ensiklopediyasi. – T.: Oʻzbekiston Respublikasi
Adliya vazirligi huzuridagi “Adolat” nashriyoti, 2009. – B.199.
3.
Наумов А.В. Уголовно-правовое значение насилия / В кн. «Насилственная
преступност». Под ред. Кудрявсева В.Н. и Наумова А. В. – М., 1997. – С.56.
4.
Oʻzbek tilining izohli lugʻati (A.Madvaliyev tahriri ostida). T.2.–T. «Oʻzbekiston milliy
ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti, 2006.– B.167.
5.
Иващэнко А.В., Марсев А.И. Методология правового исследования насилия //
Социално-правовые проблемы борбы с насилием. – Омск, 1996. – С.4.
6.
Сердюк Л.В. Насилие: криминологическое и уголовно-правовое исследование. – М.:
Юрлитинформ, 2002. – С.14.
7.
Payzullayev Q.P. Zoʻrlik ishlatib sodir etiladigan jinoyatlar. – T., 2009. – B.18.
13
Mualliflar jamoasi. Oʻzbekiston yuridik ensiklopediyasi. – T.: Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
“Adolat” nashriyoti, 2009. – B.199.
14
Наумов А.В. Уголовно-правовое значение насилия / В кн. «Насилственная преступност». Под ред. Кудрявсева
В.Н. и Наумова А. В. – М., 1997. – С.56.
15
Сердюк Л.В. Насилие: криминологическое и уголовно-правовое исследование. – М.: Юрлитинформ, 2002. –
С.14.
16
Payzullayev Q.P. Zoʻrlik ishlatib sodir etiladigan jinoyatlar. – T., 2009. – B.18.
