T A D Q I Q O T L A R
jahon ilmiy – metodik jurnali
https://scientific-jl.com
63-son_5-to’plam_Iyun-2025
32
ISSN:3030-3613
SIRENAGA YO‘L OCHGANLAR:
HUQUQBUZAR YOKI QAHRAMON?
Gulnoza Muxiddinova
gulnozamuxiddinova9@gmail.com
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoiy odil sudlov fakulteti 1-kurs B-potok 1-guruh talabasi
Annotatsiya.
Mazkur maqolada favqulodda holatlarda yo‘l harakati qoidalarining
buzilishi bilan bog‘liq huquqiy munosabatlar, xususan, haydovchilarning tez tibbiy
yordam va boshqa maxsus xizmatlarga yo‘l berishi natijasida yuzaga keladigan
ma’muriy javobgarlik masalalari yoritilgan. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy
javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar asosida,
zarurat holatida sodir etilgan huquqbuzarliklarni istisno etuvchi mezonlar tahlil
qilinadi. Shuningdek, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy davlatlarning
“qutqaruv yo‘lagi”ga oid tajribasi bilan solishtirma tahlil olib borilgan. Muallif
haydovchilarning huquqiy ongi va ijtimoiy mas’uliyatini oshirish, inson hayotini
asrash ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha tegishli tavsiyalarni ilgari suradi.
Kalit so‘zlar:
Ma’muriy javobgarlik, favqulodda holat, huquqbuzarlikni istisno
qiluvchi holat, tez tibbiy yordam, yo‘l harakati qoidalari,huquqbuzarlik, qutqaruv
yo’lagi.
“Huquqbuzarlik - bu huquq va muomala layoqatiga ega subyekt tomonidan
harakat yoki harakatsizlik ko‘rinishida sodir etiladigan, huquq normalari talablariga zid
keluvchi hamda shaxsga, mulkka, davlatga va butun jamiyatga zarar keltiruvchi
ijtimoiy xavfli qilmishdir.” Demak, huquqbuzarlik-bu davlat tomonidan belgilangan
qoidalarga yoki ijtimoiy tartibga zid bo‘lgan harakatlar sifatida ta'riflanadi va bu
huquqiy javobgarlikni yuzaga keltiradi.
Qonunchiligimizga ko’ra 2020-yilda tez tibbiy yordam avtotransport vositalariga
yo’l beruvchi haydovchilarni manfaatini ko’zlagan holda Ma’muriy javobgarlik
to‘g‘risidagi kodeksga yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun shaxslarning
ma’muriy javobgarligiga doir 17 (1) -moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni
nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, tezkor va maxsus
xizmatlarning transport vositalari, shuningdek ular kuzatib kelayotgan transport
vositalari tomonidan yo‘l harakati qoidalariga muvofiq imtiyozdan foydalangan holda
sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar maxsus foto- va video qayd etishning texnik
vositalari orqali qayd etilgan taqdirda hamda kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat
vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda haydovchilarning
ma’muriy qoidabuzarligi oxirgi zarurat holatlarida sodir etilgan deb topiladi va
T A D Q I Q O T L A R
jahon ilmiy – metodik jurnali
https://scientific-jl.com
63-son_5-to’plam_Iyun-2025
33
ISSN:3030-3613
ma’muriy ish Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi Kodeksning 271-moddasiga
muvofiq tugatilishi belgilandi. Bu o’zgartirishdan avvalgacha tez tibbiy yordam
transport vositalariga yo’l bergan avto transport vositalariga ma’muriy javobgarlik
belgilanar edi. Amaldagi tartibga ko‘ra, tibbiy tez yordam transport vositalari
haydovchilari yo‘l harakati qoidalarini buzgan taqdirda tibbiy tez yordam muassalari
tomonidan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim qilish
zarur. Shundagina mazkur ma’muriy ish MJtKning 271-moddasi asosida tugatiladi.
Ma’lumot uchun aytib o’tadigan bo’lsam, 2020 – 2023 yilning 6 oy davomida jami
jami
16 864
ta shu kabi holat aniqlangan bo‘lib, shulardan
10 444
ta holat bo‘yicha
ma’muriy ishlar tugatilgan.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi
Botir Matmurodov tez yordam, o‘t o‘chirish xizmatlari va boshqa xizmatlarning
avtomashinalariga yo‘l berish, ularni tez o‘tkazib yuborish jarayonida biror qoida
buzilsa va videokameralarga tushib qolsa, haydovchilarimiz aybsiz aybdor bo‘lib
qolayotganini ta’kidlagan edi. Ya'ni, agar haydovchilar tezkor va maxsus
xizmatlarning transport vositalariga to‘siqsiz o‘tib ketish uchun yo‘l bergani sababli
yo‘l harakati qoidalari buzilganligi qayd etiladigan bo‘lsa, ular buning uchun
javobgarlikka tortilmaydi. Bunda haydovchining huquqbuzarligi o‘ta zarur holatlarda
sodir etilgan deb hisoblanadi va ma’muriy ish tugatiladi. Shu bilan birgalikda, Senat
raisi Tanzila Narboyeva ham ushbu vaziyatga quyidagicha fikr bildirgan; “Tez tibbiy
yordam mashinalarining o‘z vaqtida yetib kelmagani sababli 48 mingdan ortiq o‘lim
holati yuz bergan. Oxirgi uch yilda haydovchilar tomonidan maxsus avtotransport
vositalariga yo‘l bermaslik bilan bog‘liq 700 dan ziyod holat aniqlangan.”
Avvalari tez yordam, o‘t o‘chirish xizmatlari va boshqa xizmatlarning
avtomashinalariga yo‘l berish, ularni tez o‘tkazib yuborish jarayonida biror qoida
buzilsa va videokameralarga tushib qolsa, haydovchilarimiz aybsiz aybdor bo‘lib
qolgan va katta jarimalar to‘langan hollari afsuski yo’q emas. Ma'muriy javobgarlik
to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalar ana shunday holatlarni bartaraf etishga
qaratilgan. Ya'ni agar haydovchilar tezkor va mazkur xizmatlarning transport
vositalariga to‘siqsiz o‘tib ketish uchun yo‘l berishi sababli yo‘l harakati qoidalari
buzilganligi qayd etiladigan bo‘lsa, ular buning uchun javobgarlikka tortilmaydi.
Yo‘l harakati qoidalariga muvofiq, “Yalt-yalt etuvchi ko‘k rangli yoki ko‘k va
qizil rangli chiroq-mayoqchasi va maxsus tovushli ishorasi yoqilgan transport
vositalari yaqinlashib kelayotgan bo‘lsa, piyodalar qatnov qismidan o‘tmasliklari, unda
harakatlanayotganlari esa, bu transport vositalariga yo‘l berishlari va zudlik bilan
qatnov qismini bo‘shatishlari kerak.” Shu bilan birgalikda, “Ko‘k yoki ko‘k va qizil
rangli yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqchasini yoqib to‘xtab turgan transport vositasiga
yaqinlashayotgan haydovchilar zarur bo‘lgan hollarda harakatlanish tezligini darhol
to‘xtash imkoniyatini beradigan darajada kamaytirishlari shart.”
T A D Q I Q O T L A R
jahon ilmiy – metodik jurnali
https://scientific-jl.com
63-son_5-to’plam_Iyun-2025
34
ISSN:3030-3613
“Tez yordamni” o‘tkazib yubor degan gapni ko’z oldimizga keltirishimiz
mumkin. Ammo shuni unutmaslik kerakki, “tez yordam”lar biz kesib o‘tayotgan
yo‘ldan ham chiqishlari mumkin va svetoforning taqiqlovchi signaliga o‘tib ketishga
haqlari bor. Shu sababli ba’zida maxsus transportni o‘tkazib yuborish uchun hech
qanday chora ko‘rmasdan – uzoqdan sirena ovozi eshitilganda o‘z vaqtida tezlikni
pasaytirishning o‘zi kifoya. Jahon tajribasidan kelib chiqqan holda ayatadigan bo’lsak,
maxsus transport favqulodda vaziyatlarda ko‘pincha chap yo‘ldan harakatlanadi,
haydovchilarga esa quyidagi harakatlar rejasi taklif etiladi. Chap yo‘lga tushib
qolganlarning hammalari chap tomonga siljishlari, qolgan harakat yo‘llaridagilar –
o‘ng tomonga siljishlari kerak. Muhimi, keskin harakat qilmaslik va sizning
harakatingiz ahamiyatga egaligini unutmaslikdir.
“Qutqarish koridorini”
shakllantirish vaqtida yo‘l harakati qoidalarini
buzganlik uchun jarimadan qo‘rqish kerakmi? Yo‘q, bu holda jarimadan also qo’rqish
kerak emas. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlikt to‘g‘risidagi kodeksning
17 (1)-moddasiga muvofiq, Binobarin, YHQ buzilganligi avtomatlashtirilgan qayd
qilish kameralari tomonidan qayd qilingan bo‘lsa ham, jarima to‘g‘risidagi qaror bekor
qilinadi. Ertami kechmi, “tez yordam” mashinasi, ichki ishlar organlari yoki yong‘in
xavfsizligi avtomobili bizning uyimizga yoki yaqinlaringizning uyiga shoshilayotgan
bo‘lishi mumkin.
Yevropa davlatlarida ham bunday “Qutqaruv koridori” tashkil etilganini
ko’rishimiz mumkin. Shu jumladan Germaniyaning yo’l harakati qoidalarida 39-
modda “Favqulodda signal (ko’k chiroq va sirena) yoqilgan maxsus transport
vositalariga barcha boshqa ishtirokchilar yo’l berishlari shart” deya belgilangan.
Shuningdek “Rettungsgasse” deb ataluvchi “qutqaruv yo’lagi tushunchasi ham
mavjud. Avtomobillar yo’llarda tirbandlik paytida markazdan bo’linib, tez yordamga
yo’ ochib berishlari kerak. Fransiya va Buyuk Britaniyada ham shu holat kuzatiladi,
Buyuk Britaniyaning ‘Highway Code”dining 283-moddasiga muvofiq, haydovchilar
“emergency vehicles” (tez yordam, yong’in, politsiya) yaqinlashganmda tezda xavfsiz
tarzda yo’l bo’shatishlari kerak, hatto svetafor qizil bo’lsa ham.
O‘zbekiston Respublikasining Yo‘l Harakati Qoidalariga (YHQ) muvofiq,
quyidagi holatlar huquqbuzarlikni istisno etuvchi vaziyatlar sifatida qaralishi mumkin:
Favqulodda holatlar (shoshilinch vaziyatlar)
Agar haydovchi qonunlarni buzish orqali favqulodda holatda harakat qilayotgan
bo‘lsa, u holda huquqbuzarlikni istisno etuvchi holat yuzaga kelishi mumkin. Masalan,
tez yordam mashinasi, militsiya yoki boshqa tezkor xizmatlar tomonidan
foydalanilayotgan transport vositalari yo‘lga chiqayotganda haydovchi ularni o‘tkazish
maqsadida yo‘lni to‘smasdan, buni amalga oshirsa, uning harakati istisno etilishi
mumkin.
Haydovchining salomatligi yoki xavf-xatarga qarshi harakat qilish
T A D Q I Q O T L A R
jahon ilmiy – metodik jurnali
https://scientific-jl.com
63-son_5-to’plam_Iyun-2025
35
ISSN:3030-3613
Agar haydovchi o‘zining yoki yo‘l harakati ishtirokchilarining salomatligini
saqlash maqsadida, yoki haydovchi uchun xavfli vaziyatni bartaraf etish uchun
huquqbuzarlikni amalga oshirgan bo‘lsa, bu holat istisno etilishi mumkin. Misol uchun,
agar haydovchi yo‘l-transport hodisasiga uchragan va o‘ziga yordam kerak bo‘lsa, yoki
boshqa haydovchining harakati xavf tug‘dirsa, unga qarshi harakat qilish zarurati
bo‘lsa, bu holatda huquqbuzarlikni istisno etuvchi holat yuzaga kelishi mumkin.
Yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha kelishuv
Ba'zan yo‘l harakati qoidalarini buzish holatida, agar boshqa ishtirokchilar
tomonidan to‘g‘ri kelishuv va ehtiyotkorlik bilan ish tutish sa'y-harakatlari amalga
oshirilsa, bu holatlar ham huquqbuzarlikni istisno etishi mumkin.
Huquqbuzarlikni istisno etuvchi holatlar odatda shoshilinch va favqulodda
vaziyatlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Biroq, har qanday holatda ham, haydovchining
harakati xavfsizlikni ta'minlashi, yo‘l harakati ishtirokchilarining huquqlarini hurmat
qilishi va mavjud sharoitlarda ehtiyotkor bo‘lishi zarur.
Yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha, qizil svetofor chirog‘ida to‘xtash majburiydir.
Qizil chiroq, barcha transport vositalarini to‘xtatishni talab qiladi, va to‘xtash chizig‘ini
bosib o‘tish yo‘l harakati qoidalarini buzish hisoblanadi. Bunday harakat, odatda,
xavfli va huquqbuzarlik sifatida baholanadi, chunki boshqa haydovchilar yoki
piyodalarga zarar yetkazilishi mumkin.
Tez yordam mashinasining sirenasi bilan kelishi, bu holatni favqulodda vaziyat
sifatida baholash mumkin. Tez yordam mashinasining harakati o‘ziga xos ustuvorlikka
ega, chunki bu, shoshilinch tibbiy yordamni ko‘rsatish yoki boshqa shoshilinch
vaziyatlarga aralashish uchun zarurdir. Shu sababli, haydovchi, tez yordam
mashinasini o‘tkazish uchun to‘xtash chizig‘ini bosgan bo‘lsa ham, bunday harakatni
huquqbuzarlikni istisno qiluvchi holat sifatida qarash mumkin.
Xulosa qilib aytadigan bo’lsam, haydovchi harakatlari favqulodda vaziyatga oid
bo‘lsa ham, u yo‘l harakati qoidalarini buzgan va qizil chiroqning to‘xtash chizig‘ini
bosgan bo’lsa, bu holatni huquqiy nuqtai nazardan baholaganda, huquqbuzarlikni
istisno etuvchi holat sifatida qaraladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
1.
Davlat va huquq nazariyasi Sh.A.Saydullayev
2.
Davlat va huquq nazariyasi X.T.Odilqoriyev
3.
Jinoyat huquqi X.Ochilov
4.
Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeks
5.
Jinoyat kodeksi
6.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga
o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida O’RQ
7.
O‘zbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-
tadbirlari to‘g‘risida PQ-3973
8.
Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida PQ-283