T A D Q I Q O T L A R
jahon ilmiy – metodik jurnali
https://scientific-jl.com
66-son_1-to’plam_Iyul-2025
90
ISSN:3030-3613
O‘ZGALAR PARVARISHIGA MUHTOJ YOLG‘IZ YASHOVCHI HAMDA
YOLG‘IZ KEKSALARNING PSIXOLOGIK HOLATI VA ULARNI
PSIXOLOGIK QO‘LLAB-QUVVATLASH
Tursunova Nargiza Muxsinovna
Toshkent viloyati Angren shahar
“Inson ijtimoiy xizmatlar markazi kattalar
bilan ishlash” bo‘yicha psixologi.
Annotatsiya.
Ushbu maqolada yolg‘iz yashovchi va o‘zgalar parvarishiga
muhtoj bo‘lgan keksalarning psixologik holati, ularning ehtiyojlari va ularni qo‘llab-
quvvatlash mexanizmlari yoritilgan. Maqolada keksa yoshdagi insonlarning ruhiy
salomatligi, yolg‘izlik hissi, ijtimoiy izolyatsiya, xavotir va depressiya kabi holatlar
haqida fikr yuritiladi. Shuningdek, ularni psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash
bo‘yicha samarali yondashuvlar va amaliy tavsiyalar keltirilgan.
Kalit so‘zlar:
yolg‘iz keksalar, psixologik holat, ruhiy salomatlik, psixologik
yordam, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Zamonaviy jamiyatda demografik o‘zgarishlar va urbanizatsiya natijasida
yolg‘iz yashovchi keksalar soni ortib bormoqda. Ayrim keksalar o‘z farzandlaridan
uzoqda yashaydilar yoki butunlay qarindosh-urug‘siz qoladilar. Bunday sharoitda
ularning psixologik holati, ya’ni ruhiy barqarorligi, ijtimoiy ehtiyojlari va hissiy
qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan zarurati keskin ortadi. Yolg‘izlik, beparvolik va
beqarorlik keksalar ruhiyatida salbiy iz qoldiradi. Shunday ekan, ushbu ijtimoiy
qatlamni psixologik qo‘llab-quvvatlash dolzarb masala sanaladi.
Bu toifadagi insonlarga oid asosiy muammolardan biri – ular to‘g‘risida aniq va
tizimli ma’lumotlarning yetarli emasligidir. Bu holat esa ularga ko‘rsatiladigan yordam
va xizmatlarni samarali tashkil etishda sezilarli to‘siq bo‘lib qolmoqda.
Yolg‘iz keksalar asosan quyidagi muammolar girdobida qolishadi: jismoniy va
emotsional yolg‘izlik, salomatlikning yomonlashuvi, xavfsizlikning ta’minlanmasligi,
harakat cheklovlari, kundalik uy yumushlarini bajarishda qiyinchiliklar, to‘g‘ri
ovqatlanmaslik, xotira zaiflashuvi, firibgarlik va suiste’molliklarga qarshi zaiflik,
o‘zini parvarish qilishdagi muammolar hamda ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi
mutasaddilar tomonidan parvarish jadvalining noto‘g‘ri shakllantirilishi.
O‘z-o‘zini ta’minlashga qodir bo‘lmagan, yolg‘iz yashovchi va o‘zgalar
yordamiga muhtoj shaxslar jumlasiga quyidagilar kiradi: yolg‘iz yashovchi pensiya
yoshiga yetgan (erkaklar uchun 60 yosh, ayollar uchun 55 yosh) fuqarolar, I va II guruh
nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda har qanday sabablarga ko‘ra yaqin
qarindoshlarining g‘amxo‘rligisiz qolgan yoshi katta insonlar.
T A D Q I Q O T L A R
jahon ilmiy – metodik jurnali
https://scientific-jl.com
66-son_1-to’plam_Iyul-2025
91
ISSN:3030-3613
Ijtimoiy yordam xizmati bu toifadagi fuqarolarga bir qator xizmat turlarini
ko‘rsatishni o‘z zimmasiga oladi. Bular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Zaruriy mahsulotlarni yetkazib berish: oziq-ovqat, tibbiy vositalar, sanoat
mahsulotlari va boshqa hayotiy zarur mahsulotlarni ularning yashash manziliga
yetkazib berish.
Uy-ro‘zg‘or ishlarida yordam: kiyim-kechak va uy anjomlarini yuvish, tozalash,
ta’mirlash, hamda ularga kimyoviy tozalash xizmatlarini tashkil etish.
Tibbiy va texnik yordam: kerakli tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishda, xonadonni
tozalash va santexnik uskunalarni ta’mirlashda ko‘maklashish.
Ijtimoiy aloqa imkoniyatlarini ta’minlash: yaqin qarindoshlar yoki do‘stlar bilan
yozishmalar olib borish, zarur bo‘lsa, bir martalik topshiriqlarni bajarishda yordam
ko‘rsatish.
Bundan tashqari, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish organlari fuqarolarning o‘zini-o‘zi
boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari bilan hamkorlikda ushbu
keksalarni aniqlash va ularni rasmiy ro‘yxatga olish, ular uchun zarur hollarda
homiylik asosida yordam ko‘rsatish hamda ularni internat uylari yoki ijtimoiy
muassasalarga joylashtirishga ko‘maklashish vazifasini ham bajaradilar.
Yolg‘iz keksalar ko‘pincha ijtimoiy izolyatsiya, stress, tashvish, depressiya,
umidsizlik va yolg‘izlik hissi bilan yuzma-yuz kelishadi. Bu esa ularning ruhiy holatiga
jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Psixologlar bu borada muhim rol o‘ynaydi. Ular nafaqat dardini
tinglovchi, balki keksalarning ichki dunyosini anglash, ruhiy bosimni yengillashtirish
va hayotga bo‘lgan ijobiy munosabatni qayta shakllantirishda yordam beruvchi
mutaxassislar sifatida faoliyat yuritadilar.
Psixologik yondashuvda quyidagi terapevtik metodlar keng qo‘llaniladi:
Kognitiv-behavioral terapiya: yolg‘iz kishilarning salbiy fikrlarini aniqlab,
ularni ijobiy fikrlashga yo‘naltirish orqali ruhiy salomatlikni tiklash;
Muloqot terapiyasi: tinglash, suhbat va his-tuyg‘ularni ifoda etish orqali ruhiy
bo‘shashuvga erishish;
Stressni boshqarish usullari: nafas mashqlari, meditatsiya, vizualizatsiya va
psixologik tayanch texnikalari yordamida tashvish va ruhiy bosimni kamaytirish.
Bundan tashqari, psixologlar yolg‘iz yashovchi keksalarga ijtimoiy hayotga
qaytishda yordam berishi, ularning jamiyat bilan aloqalarini tiklashi, madaniy va
ijtimoiy tadbirlarga jalb etilishi orqali ularning o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosi
sifatida his qilishlariga ko‘maklashishi lozim.
Yolg‘iz keksalar ijtimoiy tizimning eng zaif qatlamlaridan biri bo‘lib, ularning
jismoniy va ruhiy salomatligi jamiyat e’tiborining markazida bo‘lishi lozim. Ularning
ehtiyojlariga mos ijtimoiy va psixologik xizmatlarni samarali tashkil etish, har
tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy aloqalarni tiklash orqali yolg‘izlik va ruhiy
T A D Q I Q O T L A R
jahon ilmiy – metodik jurnali
https://scientific-jl.com
66-son_1-to’plam_Iyul-2025
92
ISSN:3030-3613
izolyatsiyaning salbiy ta’sirlarini kamaytirish mumkin. Bu borada psixologlar va
ijtimoiy xizmat xodimlarining o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Yolg‘iz keksalarda kuzatiladigan asosiy psixologik holatlar:
Yolg‘izlik va ijtimoiy izolyatsiya: Bu hissiyot keksa odamni o‘zini keraksiz,
tashlab ketilgan his qilishga olib keladi.
Depressiya: Hayotga bo‘lgan qiziqishning yo‘qolishi, apatiya, uyqu buzilishi va
ishtaha kamayishi bilan namoyon bo‘ladi.
Xavotir va qo‘rquv: Kelajakdan qo‘rquv, sog‘lig‘ining yomonlashuvi, o‘lim
yoki yolg‘iz o‘lish haqidagi xavotir kuchayadi.
O‘z-o‘zini qadrlashning pasayishi: O‘zini jamiyatga keraksiz deb hisoblash,
ijtimoiy rolning yo‘qolishi hissi.
Kognitiv funksiyalar zaiflashuvi: Diqqat, eslab qolish, mantiqiy fikrlash
qobiliyatlarining sustlashuvi.
Psixologik qo‘llab-quvvatlash quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirilishi lozim:
Emotsional qo‘llab-quvvatlash: Keksa insonni tinglash, u bilan mehribonlik
bilan muloqot qilish, uning hissiyotlarini qadrlash.
Ijtimoiy faoliyatga jalb etish: Guruh mashg‘ulotlari, suhbatlar, madaniy tadbirlar
orqali ularning jamiyat bilan aloqasini mustahkamlash.
Ruhiy salomatlikni tiklash bo‘yicha mashg‘ulotlar: Psixoterapiya, art-terapiya,
musiqa terapiyasi kabi metodlar orqali ularning ichki holatini yumshatish.
Oilaviy va ko‘ngilli tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish: Farzandlar, qarindoshlar va
ko‘ngillilar orqali doimiy aloqa va e’tibor tizimini shakllantirish.
Psixologik maslahatlar: Mutaxassis psixolog tomonidan beriladigan maslahatlar
orqali salbiy fikrlar va his-tuyg‘ularni kamaytirish.
1
Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatiladigan psixologik
xizmatlar ularning ruhiy holatini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Ammo bunday
xizmatlar faqat nogiron shaxslargina emas, balki ularning yaqinlari va oila a’zolari
uchun ham zarur sanaladi. Chunki oila a’zolarining ruhiy barqarorligi,
munosabatlardagi ijobiylik, hissiy qo‘llab-quvvatlash darajasi nogiron kishining
psixologik holatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Psixolog bu borada oila ichidagi hissiy
muvozanatni saqlash, stress holatlarini kamaytirish, mehr-oqibat muhitini
shakllantirish hamda ijobiy muloqotni rag‘batlantirishda muhim vosita bo‘la oladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan psixologik xizmatlar bir
nechta ustuvor yo‘nalishlarga ega bo‘lib, ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Ruhiy barqarorlikni mustahkamlash – Psixologik muammolar, jumladan,
depressiya, xavotir, yolg‘izlik kabi holatlarni yengillashtirish va ularni bartaraf etish
orqali ruhiy sog‘liqni yaxshilash.
1
Zokirova, M. (2020). “Keksalik davrida ruhiy barqarorlikni ta’minlash omillari”. // Psixologiya va hayot, №4, 45–50-bet.
T A D Q I Q O T L A R
jahon ilmiy – metodik jurnali
https://scientific-jl.com
66-son_1-to’plam_Iyul-2025
93
ISSN:3030-3613
Shaxsiy salohiyatni rivojlantirish – Har bir insonning ichki imkoniyatlarini
aniqlash, o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirish, ijobiy fikrlashga undash va kelajakka umid
bilan qarashni shakllantirish.
Ijtimoiy moslashuvni ta’minlash – Nogironligi bo‘lgan kishilarni jamiyat
hayotida faol ishtirok etishga tayyorlash, ularning muloqot ko‘nikmalarini
rivojlantirish, ijtimoiy muhitga samarali integratsiyasini ta’minlash.
Oilaviy aloqalarni mustahkamlash – Ota-onalar, farzandlar va boshqa yaqinlar
o‘rtasida sog‘lom va qo‘llab-quvvatlovchi munosabatlarni shakllantirishga yordam
berish.
Psixoterapevtik yordam ko‘rsatish – Hayot davomida yig‘ilgan og‘riqli
tajribalarni professional yondashuv orqali qayta ishlash, bu boradagi psixologik
to‘siqlarni yengishga ko‘maklashish.
Psixologik xizmatlar nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatda to‘laqonli va
teng huquqli ishtirokini ta’minlashda asosiy vosita sifatida xizmat qiladi. Bunday
xizmatlar yordamida ular o‘z-o‘zini qadrlash hissini rivojlantiradi, ijtimoiy hayotda
faol bo‘lishga undaladi va mustaqil yashash ko‘nikmalarini shakllantiradi. Natijada,
nogiron shaxslarning ijtimoiylashuvi va jamiyatga integratsiyalashuvi samarali yo‘lga
qo‘yiladi.
Psixologik yordam faqat individual shaxsga emas, balki uning atrofidagi ijtimoiy
muhit – ya’ni oila, qarindoshlar va boshqa yaqinlar bilan ham uzviy bog‘liq holda
amalga oshirilishi zarur. Shu sababli, psixologlar uchun oila a’zolariga mo‘ljallangan
treninglar, guruhli suhbatlar, psixologik maslahatlar va pedagogik ko‘nikmalarni
oshirish bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etish muhimdir. Bu tadbirlar orqali oilalarda
o‘zaro anglashuv, hamjihatlik va hissiy muvozanatni saqlashga erishiladi. Bundan
tashqari, jamiyatdagi ijtimoiy muhit ham sog‘lomlashtiriladi, nogironlikka nisbatan
ijobiy munosabat shakllanadi.
Shuni ham aytish joizki, O‘zbekiston hukumati tomonidan yolg‘iz yashovchi
keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy
himoyasini ta'minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonda
turli darajadagi davlat tashkilotlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari va
nodavlat tashkilotlar o‘zaro hamkorlikda faoliyat yuritmoqda. Quyida bu tizimda
asosiy ishtirokchi bo‘lgan tuzilmalar haqida batafsil ma’lumot beriladi.
Mahalla fuqarolar yig‘inlari – jamiyatdagi eng quyi, ammo eng faol ijtimoiy
tuzilmalardan biri sifatida, yolg‘iz keksalar va nogironlarning holatlarini aniqlashda
muhim rol o‘ynaydi. Mahalla faollari bu toifadagi fuqarolarning ijtimoiy holatini,
ehtiyojlarini, psixologik va tibbiy ko‘makka ehtiyoj bor-yo‘qligini aniqlaydi.
Shuningdek, Mahalla jamg‘armalari orqali malakali psixologlar va ijtimoiy ishchilar
jalb qilinib, manzilli yordam ko‘rsatiladi.
T A D Q I Q O T L A R
jahon ilmiy – metodik jurnali
https://scientific-jl.com
66-son_1-to’plam_Iyul-2025
94
ISSN:3030-3613
O‘zbekistonning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan “Saxovat” va
“Muruvvat” uylari yolg‘iz va qarovsiz qolgan keksalar, shuningdek, jismoniy yoki
aqliy nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun doimiy yashash joyi sifatida tashkil etilgan.
Bu muassasalarda nafaqat kundalik ehtiyojlar qondiriladi, balki ularning ruhiy holatini
yaxshilash, yolg‘izlik hissini yengish va hayotga bo‘lgan ijobiy munosabatni
shakllantirish uchun psixologik xizmatlar ko‘rsatiladi.
Davlat muassasalari bilan bir qatorda, nodavlat tashkilotlar ham mazkur ijtimoiy
guruhlarni qo‘llab-quvvatlashda faol ishtirok etmoqda. Ular quyidagi yo‘nalishlarda
faoliyat yuritadi:
“Mehrli qo‘llar” nodavlat tashkiloti nogironlar uchun psixologik yordam
ko‘rsatish, ijtimoiy moslashuvga ko‘maklashish va ularni jamiyatga integratsiyalashish
bo‘yicha loyihalarni amalga oshiradi. Shuningdek, uy sharoitida xizmat ko‘rsatish,
maslahat berish va ruhiy salomatlikni mustahkamlash maqsadida seminarlar
uyushtiriladi.
“Istiqbolli avlod” esa yolg‘iz keksalar va nogironlar uchun psixologik
seminarlar, treninglar hamda ijtimoiy reabilitatsiya dasturlarini ishlab chiqib, ularni
amaliyotga tatbiq etadi. Bu jarayon davomida ularga ijtimoiy faollikni oshirishga
yordam beruvchi mashg‘ulotlar ham tashkil qilinadi.
Xulosa qilib aytganda, yolg‘iz yashovchi va o‘zgalar parvarishiga muhtoj
keksalar ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam hisoblanadi. Ularning psixologik holatini
nazorat qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash, ruhiy salomatliklarini tiklash — nafaqat
psixologlarning, balki jamiyatning har bir a’zosi zimmasidagi muhim vazifadir. Mehr,
e’tibor, muloqot va ijtimoiy ishtirok orqali ular o‘zlarini jamiyatda kerakli, qadrlangan
va baxtli his qiladilar.
Foydalanilgan adabiyotlar
1.
Bekmurodova, D. (2021). Keksalar psixologiyasi va ijtimoiy reabilitatsiya.
Toshkent: O‘zbekiston Milliy nashriyoti.
2.
Ergashev, X. (2019). Yoshga doir psixologiya. Toshkent: Fan va texnologiya
nashriyoti.
3.
Zokirova, M. (2020). “Keksalik davrida ruhiy barqarorlikni ta’minlash
omillari”. // Psixologiya va hayot, №4, 45–50-bet.
4.
Xudoyberganov, M. (2018). Ijtimoiy psixologiya asoslari. Toshkent: Yangi asr
avlodi.
5.
Sultonova, Z. (2023). “Yolg‘izlik hissining psixologik oqibatlari”. // Jamiyat va
taraqqiyot, №2, 63–67-bet.