T A D Q I Q O T L A R
jahon ilmiy – metodik jurnali
https://scientific-jl.com
59-son_2-to’plam_Aprel-2025
59
ISSN:3030-3613
KUTUBXONA – MILLAT XAZINASI
Yashnobod tuman axborot-kutubxona markazi
Axborot-kommunikatsiya
texnologiyalari va raqamlashtirish xizmati rahbari
Tahmina Rahimova.
"Kutubxona - inson ichki
olami ruhiyatining eng katta
xazinasidir."
(Faylasuf Leybnis)
Insoniyat tarixida bilim, madaniyat va tafakkur taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq
bo‘lgan muhim manbalar – bu kutubxonalardir. Ular faqat kitoblar to‘plami emas, balki
xalqning tarixiy xotirasi, ilmiy salohiyati va ma’naviy dunyosining aksidir. Shu
boisdan ham kutubxona har bir millatning bebaho xazinasi sanaladi.
Ilk kutubxonalar juda qadimda, miloddan avvalgi III ming yillikka to‘g‘ri keladi.
Bu davrda Mesopotamiya, Misr, Hindiston, Xitoy kabi qadimiy sivilizatsiyalarda
kutubxonalar paydo bo‘lib, ular jamiyat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan.
O‘zbekiston hududida kutubxonachilik an’analari qadimdan rivojlangan.
Xususan, Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyatga katta e’tibor qaratilib, ulkan
kutubxonalar barpo etilgan. Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek kabi ulug‘ allomalar
davrida kitoblar ilmiy va badiiy hayotning ajralmas qismiga aylangan.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, XX asr boshlarida faqat Buxoro shahrida 13 ta
kutubxona va 96 ta qiroatxona mavjud bo‘lgan. Saroy kutubxonalarida 47 500 dan ortiq
noyob qo‘lyozmalar va toshbosma kitoblar saqlangan.
Jadidchilik harakati davrida kutubxonalar ma’rifat tarqatishning asosiy
vositalaridan biri bo‘lib xizmat qildi. Jadidlar zamonaviy bilimlarni xalq orasida keng
yoyish uchun ommaviy kutubxonalar tashkil etdilar. Bu kutubxonalarda saqlangan
asarlar yosh avlodni tarbiyalash, dunyoqarashini shakllantirishda katta o‘rin tutgan.
Bugungi kunda ham kutubxonalar o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Aksincha,
zamonaviy axborot texnologiyalari bilan uyg‘unlashgan holda yangi bosqichga
ko‘tarilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan
2017-yil 13-yanvar va 13-sentyabrda kitobxonlikni rivojlantirishga qaratilgan qaror va
farmoyishlar qabul qilindi. Ushbu hujjatlar asosida yurtimizda kitob mahsulotlarini
nashr etish, tarqatish va kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli
ishlar amalga oshirildi.
Shuningdek, 2019-yil 19-martda “5 muhim tashabbus” dasturi e’lon qilinib,
unda yoshlar orasida kitobxonlikni targ‘ib qilish alohida yo‘nalish sifatida ko‘rsatildi.
T A D Q I Q O T L A R
jahon ilmiy – metodik jurnali
https://scientific-jl.com
59-son_2-to’plam_Aprel-2025
60
ISSN:3030-3613
Joylarda “Bolalarga ma’rifat ulashib” va “Bolalarga kitob ulashing” kabi targ‘ibot
tadbirlari o‘tkazildi. Bu esa kutubxonalar faoliyatini jonlantirishga, yoshlar orasida
kitob o‘qish madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Bugun elektron kutubxonalar, mobil ilovalar orqali o‘quvchilar dunyoning
istalgan nuqtasidan kitoblarga osongina ega bo‘lish imkoniga egalar. Bu esa
kutubxonalarning raqamli shaklda ham mavjud bo‘lishini taqozo etmoqda.
Kutubxona – bu faqatgina kitoblar joylashgan bino emas. U millatning ma’naviy
poydevori, kelajak avlod uchun bilimlar manbai, ruhiyat va tafakkur xazinasi
hisoblanadi. Har bir yosh kitobxon kutubxonaga tashrif buyurib, o‘z tafakkurini
boyitishi, kelajakka intilishi zarur. Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek: “Kitobsiz
taraqqiyotga, yuksak ma'naviyatga erishib bo‘lmaydi.” Shu bois, kutubxonalar
faoliyatini rivojlantirish va yoshlar orasida kitobxonlikni targ‘ib etish — kelajagimizga
eng katta sarmoya bo‘ladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1.
Karimov, I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – Toshkent: Ma’naviyat,
2008.
2.
O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi. – Toshkent: O‘zbekiston Milliy
Ensiklopediyasi Bosh tahririyati, 2000–2005.
3.
Toshmuhamedov, B. Kutubxona va kitobxonlik tarixi. – Toshkent: O‘qituvchi,
2012.
4.
Internet manbalari
5.
Qodirov, Z. Kutubxona ishi asoslari. – Toshkent: Ilm-Ziyo, 2021.