Page 29
CENTRAL ASIAN JOURNAL OF ACADEMIC
RESEARCH
Volume 3, Issue 6, Part 4 Iyun 2025
www.in-academy.uz
AXLOQ TUZATISH ISHLARI TARIQASIDAGI JAZONING
IJROSINI TASHKIL ETISH
Ergashev Xudoberdi
Toshkent davlat yuridik universiteti tayanch doktoranti
https://doi.org/10.5281/zenodo.15771206
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Qabul qilindi: 25-Iyun 2025 yil
Ma’qullandi: 28-Iyun 2025 yil
Nashr qilindi: 30-Iyun 2025 yil
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi jinoyat-ijroiya
tizimida axloq tuzatish ishlari jazosining ijrosini tashkil
etish tartibi, ushbu jazo turi bilan bog‘liq muammolar va
ularni bartaraf etish yo‘llari atroflicha yoritilgan.
Maqolada, shuningdek, ushbu jazo turi bilan
shug‘ullanuvchi probatsiya xizmati faoliyati, normativ-
huquqiy asoslari va xalqaro tajribalar bilan solishtirma
tahlil ham o‘rin olgan. Axloq tuzatish ishlari orqali
jinoyatchilarni jamiyatga ijtimoiy moslashtirishdagi
amaliyotlar ham ko‘rib chiqiladi
KEYWORDS
axloq
tuzatish
ishlari,
probatsiya,
jinoyat-ijroiya
tizimi, jazoni ijro etish, ish haqi,
jazoni almashtirish.
Axloq tuzatish ishlari O‘zbekiston Respublikasi jinoyat huquqi tizimida yengil jazo turi
sifatida belgilangan bo‘lib, u mahkumni jamiyatdan ajratmagan holda ijtimoiy foydali
mehnatga jalb etish orqali tuzatishga qaratilgan. Ushbu jazo turi ozodlikdan mahrum qilish
bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turlaridan biri bo‘lib, jinoyatchilik darajasini kamaytirish, qayta
jinoyat sodir etish ehtimolini pasaytirish va mahkumni ijtimoiy hayotga moslashtirishda
muhim o‘rin tutadi.
Axloq tuzatish ishlari jazosining ijrosi qonuniy kuchga kirgan sud hukmiga muvofiq
mahkumning o‘z ish joyida yoki jazolarni ijro etish inspeksiyasi belgilagan joylarda o‘taladi.
Bu jazo korxona, muassasa va tashkilotlarda amalga oshiriladi. Mehnatga layoqatli voyaga
yetgan shaxslar ishga joylashtiriladi yoki mavjud ish joylarida jazoni o‘taydi. Mahkumlar
probatsiya inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi. Ish joyida mahkumlarning mehnat
faoliyati monitoring qilinadi, ish haqidan belgilangan foizda (10–30%) ushlab qolishlar
amalga oshiriladi.
Probatsiya xizmati axloq tuzatish ishlarini ijro etishning asosiy ijrochisi hisoblanadi.
Ular mahkumni ro‘yxatga olish, ish joyiga yuborish, mehnat faoliyatini nazorat qilish, ish
haqidan ajratmalarni hisoblash va mehnat intizomiga rioya qilinishini ta’minlash kabi
vazifalarni bajaradi. Shuningdek, probatsiya xodimlari o‘z vakolatlari doirasida mehnatga
layoqatsizlik, homiladorlik, pensiya yoshi, sog‘lig‘i yomonlashuvi kabi holatlarda mahkumni
jazodan ozod qilish bo‘yicha sudga taqdimnoma kiritadi.
Axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilingan mahkumlar ustidan hisob yuritish aniq
tartib asosida olib boriladi. Ularning har biri shaxsiy yig‘ma jild bilan ta’minlanadi va hisobot
jurnallarida ro‘yxatga olinadi. Hisoblar: tezkor, dastlabki, nazorat va qidiruv hisoblariga
bo‘linadi. Bu hisoblar orqali mahkumning ish faoliyati, joylashuvi, sog‘ligi va boshqa holatlari
nazorat qilinadi.
Page 30
CENTRAL ASIAN JOURNAL OF ACADEMIC
RESEARCH
Volume 3, Issue 6, Part 4 Iyun 2025
www.in-academy.uz
Mahkumning ish haqidan ushlab qolish tartibi qat’iy tartibda amalga oshiriladi. Bu
mablag‘lar har oyda davlat daromadi hisobiga o‘tkaziladi. Ish haqi hisobidan faqat belgilangan
turdagi to‘lovlar ushlab qolinadi, ayrim kompensatsiya to‘lovlari yoki ijtimoiy to‘lovlardan
ushlab qolish mumkin emas. Bu jarayonni jazoni ijro etish inspeksiyasi maxsus dasturlar
yordamida nazorat qiladi.
Axloq tuzatish ishlari jazosidan ozod qilish holatlari qonunchilikda belgilangan bo‘lib,
sud hukmi bilan belgilangan muddat tugaganidan so‘ng, amnistiya yoki afv asosida, sog‘lig‘i
yomonlashgan holatda yoki jazo yengilroq turi bilan almashtirilganda amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, mahkumning vafoti yoki yashash joyini o‘zgartirgani sababli hisobdan
chiqarish hollari ham mavjud.
Bu jazo turini ijro etishda bir qancha kamchiliklar ham mavjud bo’lib, asosiylaridan biri
sifatida mahkumlar uchun yetarli hamda yuqori daromadli ish o‘rinlarining mavjud emasligini
misol qilib keltirish mumkin. Ko’plab ish beruvchilar bu jazoga tayinlangan shaxslarni ishga
qabul qilishni xohlashmaydi, buning oldini olish uchun ish beruvchilarga soliq imtiyozlari
joriy qilish, tadbirkorlik faoliyatini yaxshilash hamda kengaytirish uchun qo’shimcha chora-
tadbirlar orqali ularni axloq tuzatish ishlari jazosiga tayinlangan shaxslarni ishga jalb qilishga
undash mumkin.
Axloq tuzatish ishlariga o‘xshash jazo turlari ko‘plab xorijiy mamlakatlar jinoyat-ijroiya
tizimida mavjud. Masalan, Germaniyada 'community service' shaklida, AQShda 'probation' va
'parole' tizimi doirasida mahkumlar jamiyat foydasiga ishlashga jalb qilinadi. Rossiyada esa
axloq tuzatish ishlari "исправительные работы" nomi bilan yuritiladi va bu jazo turi yengil
jinoyatlar uchun qo‘llaniladi. Bu tizimlar orasida mehnatga jalb etish, jamiyatdan ajratmaslik,
nazorat organlari orqali ijtimoiy moslashtirish. kabi umumiy jihatlar mavjud.
Axloq tuzatish ishlari jazosining ijrosini samarali tashkil etish mahkumlarni jamiyatga
ijtimoiy moslashtirishning muhim bosqichidir. Bu jarayonda probatsiya xizmatining o‘rni
beqiyos bo‘lib, nazorat va monitoring, huquqiy va psixologik yordam kabi vositalar bilan
jinoyatchilikni kamaytirish yo‘lida xizmat qiladi. Shu boisdan ushbu tizimni takomillashtirish,
zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish va xalqaro tajribalarni amaliyotga tadbiq
etish dolzarb vazifadir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi. – Toshkent, 2023.
2. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksi. – Toshkent, 2023.
3. “Probatsiya to‘g‘risida” Qonun, 2023-yil 5-dekabr.
4. https://lex.uz/ru/docs/3323415
5. Raimova D. “Axloq tuzatish ishlari jazosining ahamiyati va uni ijro etishda probatsiya
xizmatining roli”. – Toshkent Davlat yuridik universiteti, magistrlik dissertatsiyasi, 2022.
6. Zaytsev A. “Исправительные работы как вид уголовного наказания”. – М., 2021.
7. Ruziyev I. Xorijiy mamlakatlar jinoyat qonunchiligida axloq tuzatish ishlari jazosining
tartibga solinishi // Общество и инновации. 2021-T.2.-№ 3/5
8. Azizov Z. Probatsiya xizmati faoliyatida xalqaro tajriba va Oʻzbekiston amaliyoti // Huquq
va burch. – 2022. – №6. – B. 31–34.
9. Xojimatov T. Jazo turlari va ularni amalga oshirishning huquqiy mexanizmi // Jamiyat va
boshqaruv. – 2023. – №3. – B. 45–50.