Page 54
CENTRAL ASIAN JOURNAL OF EDUCATION
AND INNOVATION
IF = 5.281
Volume 4, Issue 04,April 2025
www.in-academy.uz
OʻZBEK XALQ LATIFALARINING OʻRGANILISHI VA
OʻQITILISHI
Eshtursunova Sugʻdiyona Akram qizi
eshtursunovasugdiyona16@gmail.com
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat
universiteti filologiya fakulteti talabasi
https://doi.org/10.5281/zenodo.15227444
ARTICLE INFO
ABSTRACT
Qabul qilindi: 05-Aprel 2025 yil
Ma’qullandi: 10- Aprel 2025 yil
Nashr qilindi: 16- Aprel 2025 yil
Mazkur maqolada oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi janrlaridan
biri xalq latifalarining mazmun mohiyati, oʻziga xos
xususiyatlari, oʻrganilishi va oʻqitilishiga doir
ma'lumotlar keltirilgan.
KEY WORDS
Xalq ogʻzaki ijodi, latifa, Nasriddin
afandi, metod, oʻqitish, yumor,
satira, Skarabey.
Xalq ogʻzaki ijodi ma'lum bir xalqning urf-odatlari va madaniyatini aks ettiruvchi bir
koʻzgudir. Xalqning turmush tarzi, xarakteri, umuman olganda, hayotini oʻziga xos tarzda
ochib beruvchi folklor janrlaridan biri latifadir. Latifalar xalq ogʻzaki ijodi namunalarining
nasrda yaratiladigan eng kichik ommaviy turi hisoblanadi. Latifa yumoristik xarakterga ega
boʻlib, tinglovchini kulgi olamiga olib kiradi. Latifalar xalq ommasida juda keng tarqalgan.
Latifalar hajm va mazmun jihatidan qisqa va loʻnda boʻladi. Uning vujudga kelishi oʻzaro
jamiyat bilan bogʻliq. Chunki latifalarda bevosita xalq hayotidagi turli xil voqea-hodisalar,
salbiy illatlar, insonlar xarakteridagi qusurlar kinoya va soʻz oʻyinlari vositasida kulgili tarzda
yoritiladi
"
Latifa" termini arabcha "lutf" soʻzidan olingan boʻlib, nozik fikrlamoq, sharaflanoq kabi
maʼnolarni anglatadi. Latifa biror-bir shaxsni, voqeani ibratli qilib tasvirlashdan kelib chiqqan.
Avval latifalarda yumor ustuvorlik qilmagan, asosiy oʻringa chiqmagan. Oddiy hikoya tarzida
boʻlgan. Latifa janrining ilk namunalarining yaratilishi qadim davrlarga borib taqaladi.
Folklorshunos olimlar turkiy xalqlarga tegishli latifalarning ayrimlari IX - XI asrlarda
yaratilganligini qayd etib oʻtishgan. Qadim zamonlardagi podshohlar, hokimlar qiziqarli
voqealarni kulgili tarzda ijro etadigan odamlarni oʻz saroylariga taklif qilganlar va ularga
mahsus eʼtibor qaratganlar.
Qadim zamonlarda davr allomalaridan birini yoqtirib qolgan (ixlos qoʻygan) podsho oʻz
imoratining qarshisiga olim uchun bolaxonali uy qurib beradi. Alloma dono va ilmli odam
ekan. Ammo uning tashqi qiyofasi juda xunuk ekan. Kunlardan bir kun podsho tong pallasida
oʻz tarifida toʻyib nafas olayotsa, qarshidagi bolaxonadan olim qiyofasi koʻrinibdi. Shunda
podsho uning xunukligiga urgʻu berib:Mavlono, koʻchaning narigi betida bir eshak turibdimi? -
debdi. Alloma shu zahoti hech ikkilanmay:
- Yoʻq, taqsir, men bu tomonga katta koʻzgu oyna qoʻydirganman,- degan ekan. [3, 57].
Ushbu latifada xalqimizning naqadar dono, soʻzga chechan, hozirjavob boʻlganligi anglashilib
turibdi. Tarixda bunday latifanamo hodisalar koʻp roʻy bergan. Nasriddin afandi latifalarini
Page 55
CENTRAL ASIAN JOURNAL OF EDUCATION
AND INNOVATION
IF = 5.281
Volume 4, Issue 04,April 2025
www.in-academy.uz
eshitganda insonda beixtiyor kulgi paydo boʻladi. Afandi latifalari sodda va tushinilishi oson.
Latifa sujetining asosini zulm va zoʻrlik, adolatsizlik, pastkashlik, nodonlik singari illatlarni
inkor etish, soddalik va goʻllik kabi xislatlar ustidan kulish kabi gʻoyalarni ifodalovchi voqea-
hodisalar tashkil etadi.
Nasriddin afandi koʻchada ketayotib, kichkina bir koʻzgu - oyna topib olibdi. Uni qoʻliga
olar ekan, oʻz aksini koʻrgani zahoti: "E, kechirasiz, oyna siznikimidi?"- deb tashlab yuboribdi.
Oyna sinibdi. Shunda afandi: "Kerak boʻlmasa, ayta qolmaysizmi? Oʻzim olar edim-ku",- degan
ekan.[4, 216].
Latifalarni oʻqitish, oʻquvchilarga qanday qilib tez va oson oʻrgatish, singdirishda turli xil
metodlardan foydalanish koʻzda tutilgan maqsadga erishishni osonlashtiradi. Masalan,
latifalarni oʻquvchilarga yetkazish davomida
"Skarabey", "Aqliy hujum"
kabi interfaol
metodlardan foydalanish maqsadga muvofiq boʻladi.
"Skarabey"
- "qoʻngʻiz" - har tomondan
kovlab chiquvchi maʼnosini anglatadi. U oʻquvchilarda fikriy bogʻliqlik, mantiqiy fikrlash,
xotiralarining rivojlanishiga imkon yaratadi. Oʻz fikrini ochiq va erkin ifodalash mahoratini
shakllantiradi. Ushbu metod oʻquvchilarga oʻrganayotgan mavzusi haqida tasavvur va
tushunchalarini aniqlashga yordam beradi
"Skarabey"
texnologiyasidan yakka holda, kichik guruhlarda va jamoa boʻlib ishlashda
foydalanish mumkin.
"Skarabey"
texnologiyasidan oʻquv materiallarini oʻquvchilar
tomonidan egallashning turli bosqichlaridan, ya'ni:
- boshida - oʻquv faoliyatini ragʻbatlantirish sifatida ("Aqliy hujum") uslubi;
- mavzuni oʻrganish jarayonida - uning mohiyati, tuzilishi va mazmunini belgilash;
- oxirida - olingan bilimlarni mustahkamlash va yakunlash maqsadida qoʻllash mumkin.
Misol uchun, oʻquvchilarga biron bir latifa oʻqituvchi tomonidan ogʻzaki tarzda bayon
qilinadi yoki tarqatma material sifatida tarqatiladi. Soʻng latifaning gʻoyasini ochish uchun har
bir oʻquvchidan oʻz fikr-mulohazalari, tasavvurlari soʻraladi. Oxirida oʻquvchilar undan
chiqargan xulosalarini aytishadi va fikrlar umumlashtiriladi. Shu tariqa bu metod orqali
mavzu mohiyati ochiladi, mustahkamlanadi, yakuniy xulosa chiqariladi.
"Aqliy hujum" metodi.
Ushbu interfaol metoddan foydalanish latifa janrini oʻrgatish va
oʻqitish jarayonida mavzu mohiyatini ochishga yordam beradi va dars samaradorligini
oshiradi. "Aqliy hujum" metodi biror mavzu yuzasidan muammoni hal qilish, yangi gʻoyalar
yaratish yoki ijodiy fikrlashni rivojlantirishga moʻljallangan usuldir. Dars jarayonida "Aqliy
hujum" metodidan foydalanishda quyidagilarga amal qilish talab etiladi:
- Savol beriladi. Bunda oʻqituvchi mavzu yuzasidan muammoli savol beradi.
- Fikr va gʻoyalar bildiriladi. Oʻquvchilar oʻz shaxsiy fikr-mulohazalarini bildirishadi.
- Tanqidga yoʻl qoʻyilmaydi. Fikrlar bildirilayotganda tanqid qilish taqiqlanadi.
- Fikr va gʻoyalar jamlanadi.
- Aniq va toʻgʻri gʻoyalar tanlab olinadi.
Mazkur metod oʻquvchilarning ijodiy fikrlashini rivojlantiruvchi, erkin fikr almashish
imkonini beruvchi samarali metodlardan biridir. Bu usul orqali oʻquvchilar nafaqat yangi
gʻoyalar ilgari suradi, balki jamoaviy ishlash, muammolarga turlicha yondashish va muqobil
yechim topish koʻnikmalarini shakllantiradi. Toʻgʻri tashkil qilingan aqliy hujum darsni
jonlantiradi, oʻquvchilarning mavzuga boʻlgan qiziqishini oshiradi va olgan bilimlarini yanada
mustahkamlashga xizmat qiladi.
"Afandi bir yalqovdan soʻradi:
Page 56
CENTRAL ASIAN JOURNAL OF EDUCATION
AND INNOVATION
IF = 5.281
Volume 4, Issue 04,April 2025
www.in-academy.uz
- Holing qalay?
- Topsam - yeyman, topmasam sabr-qanoat qilaman, - javob berdi yalqov.
- Uday boʻlsa, xuddi bizning shahar itlariga oʻxshar ekansan, - dedi afandi". [ 2, 221]
Xulosa oʻrnida shuni aytish joizki, latifalar xalq ogʻzaki ijodidagi kulgi uygʻotuvchi,
hajman kichik boʻlgan betakror durdonalardir. Ushbu latifalarning yuzaga kelishi oʻzbek
xalqining naqadar donoligi, hozirjavobligidan dalolat beradi. Latifa janrini oʻrgatish va oʻqitish
jarayonida interfaol metodlardan foydalanish dars sifatini oshiradi. Tafakkur qilish, tanqidiy
fikrlash va oʻz fikrlarini qoʻrqmasdan bayon qilish koʻnikmalarini shakllantiradi.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
1. Ishmuhamedov R., Yoʻldashev M. Taʼlim va tarbiyada innovatsion pedagogik texnologiyalar.
- Toshkent. 2013.
2. Imomov K., Mirzayev T., Sarimsoqov B., Safarov O. Oʻzbek xalq ogʻzaki poetik ijodi. -
Toshkent: "Oʻqituvchi". 1990.
3. Madayev O., Sobitova T. Xalq ogʻzaki poetik ijodi. - Toshkent: "Sharq" nashriyoti. 2001.
4. Mirzayev T., Turdimov M., Eshonqulov J., Tilalov A. Oʻzbek folklori. - Toshkent: 2020.