DEVELOPMENT AND INNOVATIONS IN SCIENCE
International scientific-online conference
54
“SADDI ISKANDARIY” DOSTONI TAHLILIDA GERMENEVTIK
YONDASHUVNING AHAMIYATI
Xayrullayeva Sharofat Sayfullayevna
Samarqand shahar 43-IDUM ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi
https://doi.org/10.5281/zenodo.13925602
Annotatsiya:
Ushbu maqolada matn tahlili jarayonida germenevtik
yondashuvning ahamiyati, “Saddi Iskandariy” dostoni talqinidagi o‘rni haqida
mulohazalar bayon etiladi.
Kalit so‘zlar:
“Saddi Iskandariy” dostoni, germenevtik yo‘nalish, timsol,
ramz, jom, oina, ya`juj-majuj, sad.
Asarning tahlili, talqini ko‘p omillarga bog‘liqligi jihatidan murakkab hodisa
hisoblanadi. Asar vositasida uning ortida turgan betakror subyektni anglash,
asar mohiyatini tushunish jarayoni bugungi kunda Germenevtik yondashuv
orqali ko‘proq amalga oshirilmoqda. Buning sababi uning tahlil borasidagi keng
imkoniyatlari va nazariy asoslaridir. Germenevtik metodalogiyaga ko‘ra tahlil
jarayonida muayyan matnining til tizimi orqali uning ortidagi ijodkor shaxsiyati
bilan muloqatga kirishadi va asar mohiyati sharhlanadi. Adabiyotshunos
Bahodir Karimov uni quyidagicha izohlaydi: “Germenevtika asosida ish
ko‘rilganda, matn mohiyati sohtalashtirilmaydi, qandaydir o‘tkinchi mafkuraviy
manfaatlarga qurbon qilinmaydi. Badiiy asarni har kim o‘zicha, o‘z
dunyoqarashiga mos, bilimi va hayotiy tajribasi darajasida tushunadi, his etadi.
Asarda yo‘q narsa izlanmaydi, bor narsa berkitilmaydi.” Aytib o‘tilganidek
germenevtik yondashuvda asar mohiyatini ochish maqsad bo‘ladi va bu bir-
biriga bog‘liq ikki jarayonda amalga oshiriladi. “Germenevtika oldida bir-biriga
bog‘liq ikkita vazifa turadi: birinchisi – matndagi lisoniy ifodani muayyan til
tizimining uzvi sifatida o‘rganish, ikkinchisi – uning ortida turgan betakror
subyektni anglash.” Asar badiiy-estetik g‘oyasi matnga nisbatan birlamchi
hodisa sanaladi. Yozuvchi o‘z mushohadalarini talqin etish uchun asar turini,
sujet va kompozitsion qurilishni, til unsurlarini tanlaydi. Ularni yoritiladigan
mushohadalarga muvofiqlashtirib o‘z qarashlarini asar zamiriga singdiradi.
Xuddi shu vositalar germenevtik yondashuvda badiiy asar tahlili asosini tashkil
etadi. Tahlil xususida navoiyshunos Ibrohim Haqqul ham quyidagilarni aytadi:
“…. tahlilda birinchi galda til ruhi va so‘z hayotiga diqqat- e’tibor doimo o‘zini
oqlaydi. Oqlagani shuki , ramz, majoz, timsollar ham til izmidan chetga chiqib
ketolmaydi.” Yuqorida keltirilganidek, til tizimidagi mavjud uzvlar asar
mohiyati tomon yo‘naltiradi. Mumtoz adabiyotimizda, Xususan, Alisher Navoiy
ijodida ramz va timsollarning asar badiiy-estetik g‘oyasi shakllanishida o‘rni
beqiyos. Asar sujetida keltirilgan voqelik bir libos bo‘lsa, uning zamiriga
DEVELOPMENT AND INNOVATIONS IN SCIENCE
International scientific-online conference
55
singdirilgan ramziy timsollarga ijodkor mushohadalarining salmoqli qismi
yuklanadi. “Hermenevtikada badiiy asarga tadqiqiy yondashuv ustuvorlik qiladi.
Tahlilchi badiiy matnning qatlaridagi birlamchi g‘oyadan tashqaridagi yashirin
ma’nolarni bugungi qarashlar tufayli paydo bo‘lgan anglamlarni topishga
intiladi.” Komil inson konsepsiyasi Navoiy ijodining mohiyatini tashkil etadi. Bu
tendensiya jumladan, “Xamsa” tarkibidagi dostonlar zamirida ham aks etgan.
Iskandar obrazining olamshumul jahongirligidan ko‘ra ustoz saboqlarini umri
davomida o‘rganib, hayoti davomida amal ham qilayotgan orif timsoliga
yaqinlashtiradi. Komillik inson botinining tadriji, zamirining musaffolashishi
bilan bog‘liq jarayon. Shu sababdan inson vujud dunyosini tavsifi, nafsni tazkiya
etish va ko‘ngil, qalbni yuksaltirish xususida badiiy-estetik mushohadalar keng
izohlanadi. Inson vujudi – olami sug‘roni tavsif etishda mohiyatini teranroq
anglash, ko‘z oldida gavdalantirish maqsadida obrazli tarzda ramziy
timsollardan foydalanadi. Germenevtik yondashuv tushunish nazariyasi va
metodalogiyasi sifatida til uzvlari, yozuvchi uslubi, asarning tuzilishi va
sujetining ijodkor badiiy-estetik g‘oyalariga muvofiq tashkillanishi kabilarga
tayanadi. “Saddi Iskandariy” dostoni tahlilida germenevtik yondashuv shoirning
ijoddagi o‘ziga xos uslubi va til vositalarini qay tariqa uyushtirishi, an’anaviylik
zamiridagi individual holatlarda nomoyon bo‘ladi. Xususan, Alisher Navoiy
ijodiga xos jihatlardan biri ramziylikning timsollar orqali ifodalanishi “Xamsa”
dostonlarida ramziy timsollar dostonlarda assosiativ tarzda qo‘llanilganini
ko‘rishimiz mumkin. Xususan, Iskandar oinasining “Farhod va Shirin”dostoni
sujeti va badiiy-estetik g‘oyasi shakllanishida o‘rni beqiyos. Yoki dostonlarda
“jom” timsolining bir necha dostonlarda qo‘llanilishi va bosh obrazning
qirralarini ochib berishi mumkin bo‘lgan jihatlar u bilan bog‘liq tahlillarga jiddiy
e’tibor qaratishni taqazo etadi. Yaxlit asar va uning qismi bo‘lgan timsollarni
tushunish, eng birinchi navbatda, ijodkor konsepsiyasi bilan bog‘liq. “Bunda
tushunish hermenevtik doira deb atalmish aylana bo‘yicha kechadi. Ya’ni bir
tomondan, matn – muallifining ruhoniy dunyosi hayoti ifodasi, uning ruhiy
dunyosi esa o‘zi yashagan davrning bir qismi deb qaraladi.” Navoiy ijodida
germenevtik yondashuv asosidagi tahlil tengsiz shaxsiyatning asarlariga
ko‘chgani o‘rganilish jihatidan ham ahamiyatlidir. Bu timsollarning har biri o‘zi
nomlab kelayotgan sifatlar, xususiyatlar bilan tashqi va ichki bog‘liqliklarga ega
va uzoq yillar davomida shakllanib kelayotgan tashbehlarga asoslanishi xalq
og‘zaki ijodida ham o‘z aksini topgan. “Saddi Iskandariy” dostonida ham inson
nafsining timsollari dev ko‘rinishidagi maxluqlar, son-sanoqsiz chumolilar,
ya’juj-ma’juj, sehr ahli, tilism, orqali ifodalangan. Iskandar botinining tadriji
DEVELOPMENT AND INNOVATIONS IN SCIENCE
International scientific-online conference
56
ko‘ngilga ishora qilib kelgan timsollar vositasida nomoyon bo‘ladi. Dastlab
sayohatlari davomida Jomni qo‘lga kiritgan Iskandarning doston keyingi
qismlarida Oinaga ega bo‘lishi solik qalbining inkishofidek. Ezguliklar qalbda
qaror topadi. Qalbning nafsi ammoradan xalos bo‘lib, safoga to‘lgan qalbda
ezgulikning barqarorlashishi va o‘zgacha xususiyat kasb etishi jihatidan ham
ko‘ngil timsollari dostonlarda turlicha va izchillikda talqin qilingan. Ilohiy
ma’rifat va ishqqa vosil qalb – may ya`ni ishq to‘la jom orqali ifodalansa, botini
nafs qutqusidan mosuvo solik qalbi – Oina tarzida talqin etilgan. Oinaning
safosini saqlash, tiyra yetkazmaslik uchun dostonga yana bir timsol “sad” kirib
keladi. U komil inson zamirida iymon, islom, e’tiqod, iroda, sabr va bardosh
jamiki xulqi hamidalardan bunyod bo‘lgan ezgulik devoridir. Chunki komil inson
zamirida ham nafs dunyosi mavjud, ammo ruhoniyat olami ezgulik devori bilan
himoya qilingan. Bu kabi epik asarlarda yana qo‘rg‘on, qasr, hisor kabi so‘z va
tushunchalarga ham duch kelamizki, ular o‘zlik vodiysini qat aylayotgan
solikning vujud dunyosi va uning ajoyib-g‘aroyiblarining timsoli. Dostonga
germenevtik yondashuv orqali komillik yo‘liga qadam qo‘ygan orifning
botinidagi tadrijini anglashimiz mumkin bo‘ladi.
Adabiyotlar ro‘yxati:
1.
Alisher Navoiy. Saddi Iskandariy. – Toshkent: G‘afur G‘ulom, 1991.
2.
Erkinov A. Alisher Navoiy “Xamsa”si talqini manbaalari. – T.: Tamaddun.
2018.
3.
Komilov N.Tasavvuf. – T.: Movaraunnahr. 2009.
4.
Haqqulov.I. Taqdir va tafakkur. – T.: “Sharq” 2007.
5.
Yo‘ldoshev. Q, Yo‘ldosheva M. Badiiy tahlil asoslari. – T.: 2016 .
6.
Haqqul I. Badiiy matn tahlili va talqin muammolari(ilmiy to‘plam). – T .:
2012. 13-bet.
7.
Karimov B. Abdulla Qodiriy germenevtik tafakkur. – T.: Akademnashr,
2014. 5-bet.