ILMIY VA PROFESSIONAL TA’LIM JARAYONIDA MULOQOT, FAN VA MADANIYATLAR
INTEGRATSIYASI
531
Samarkand State Institute of Foreign Languages
YOSHLARNING FUQAROLIK POZITSIYASINI SHAKlLLANTIRISHDA IJTIMOIY
TARMOQLARNING O‘RNI
Irgashova Sevara Baxodir qizi
SamDChTI 2-kurs talabasi
Ilmiy rahbar:
Jabbarova Xabiba Kuvandikovna
SamDChTI Gumanitar fanlar va axborot
texnologiylari kafedrasi dosenti (PhD)
Annotatsiya:
Maqolada ijtimoiy tarmoqlarning yoshlarning fuqarolik pozitsiyasini
shakllantirishdagi o‘rni tahlil qilinadi. Bugungi kunda raqamli texnologiyalar va internet
yoshlarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ijtimoiy
tarmoqlar orqali yoshlar axborot olish, jamiyat muammolarini muhokama qilish, huquq va
burchlarini anglash imkoniyatiga ega bo‘lib, ularning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Maqolada ijtimoiy tarmoqlarning ijobiy va salbiy jihatlari, ularni samarali foydalanish
strategiyalari ham ko‘rib chiqilgan.
Kalit so‘zlar
:
yoshlar, fuqarolik pozitsiyasi, ijtimoiy tarmoqlar, siyosiy faollik, axborot,
jamiyat, raqamli texnologiyalar, demokratik jarayonlar, huquqiy savodxonlik, jamoatchilik
nazorati.
Hozirgi kunda raqamli texnologiyalar va internet hayotimizning ajralmas qismiga aylanib
bormoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar jamiyatdagi axborot almashinuvi, muloqot va faollik
maydoni sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yoshlar orasida keng tarqalgan ijtimoiy
platformalar – Facebook, Telegram, Instagram, Tik Tok va Twitter nafaqat ko‘ngilochar
maqsadlar uchun, balki fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish va ijtimoiy faollikni oshirish uchun
ham foydalanilmoqda.
Fuqarolik pozitsiyasi shaxsning jamiyat hayotiga daxldorlik hissi, ijtimoiy jarayonlarga
faol munosabat bildirish va o‘z huquq hamda burchlarini anglab, ularni amalga oshirishga
intilishidir[1]. Qisqacha qilib aytganda shaxsning jamiyatdagi ma’suliyati va ijtimoiy faolligi
bilan bog‘liq tushunchaga aytiladi. Demokratik jamiyatda yoshlarning siyosiy va ijtimoiy faolligi
davlatning barqaror rivojlanishida muhim omil hisoblanadi.
Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston sharoitida yoshlarning fuqarolik pozitsiyasini
shakllantirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev
tashabbusi bilan olib borilayotgan islohotlar natijasida yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish,
ularning davlat boshqaruvida ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda[2].
Ijtimoiy tarmoqlar yoshlarni kamolotga erishishi va yutuqlarga erishishida eng yaxshi
yordamchi bo‘lishi mumkin. Ular quyidagi jihatlarda yoshlarning fuqarolik pozitsiyasiga ta’sir
ko‘rsatadi:
Yoshlarning jamiyatdagi ma’suliyati va ijtimoiy faolligi oshirishda axborot muhim rol
o‘ynaydi. Ular siyosiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha tezkor va keng qamrovli axborotga ega
bo‘lish imkoniyati yuqori. Bu esa yosh izlanuvchining ko’plab vaqtini tejab qolishga imkon
yaratadi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlar turli mavzularda fikr almashadi, muammolarni
muhokama qiladi va bir-birlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu orqali online o‘quv jarayonlari ham
rivojlanmoqda.
Yoshlar davlat va jamiyat rivojiga ta’sir qiluvchi muhim masalalar yuzasidan o‘z
fikrlarini bildirish orqali jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi mumkin. Buning natijasida, har
bir yoshlar o’z huquqlaridan foydalangan holda qiziqtirgan savollariga javob olish va bunyodkor
g‘oyalarini taqdim eta olishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlar turli ijtimoiy loyihalar, xayriya tadbirlari va ekologik
harakatlarga jalb qilinmoqda. Masalan, ko‘plab o‘quv dargohlari bayramlar arafasida ijtimoiy
tarmoqlar orqali umumxalq hasharlari va xayriya tadbirlarini tashkillashtirib, ko‘plab yoshlarni
ILMIY VA PROFESSIONAL TA’LIM JARAYONIDA MULOQOT, FAN VA MADANIYATLAR
INTEGRATSIYASI
532
Samarkand State Institute of Foreign Languages
ezgu ishlarga chorlamoqda. Bunday tashabbuslar yoshlarda mehr-oqibat, saxovat va jamiyatga
foydali bo‘lish istagini shakllantirib, qalblarida ezgulik urug‘larini ekadi[3].
Ijtimoiy tarmoqlar yoshlarning fuqarolik ongini rivojlantirishga yordam berib, ularning
huquqiy savodxonligini oshiradi. Shuningdek, yoshlarni davlat boshqaruvi va jamiyat hayotida
faol ishtirok etishga undaydi hamda yoshlar o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik va jamoaviy ishlash
ko‘nikmalarini shakllantiradi. Albatta bu ishlar yoshlarimizga ijobiy tomonga o‘zgarishlariga
ta’sir qiladi.
Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda ortiqcha vaqt sarflash yoshlarning real hayotdagi faolligini
susaytirishi mumkin. Bu esa ularning haqiqiy ijtimoiy jarayonlardan uzoqlashishiga, shuningdek,
soxta axborot (fake news) tarqalishiga bevosita sabab bo‘lishiga olib keladi. Natijada yoshlar
orasida noto‘g‘ri tushunchalar shakllanishi va radikal g‘oyalarning keng tarqalish xavfi ortadi.
Shu bois, ijtimoiy tarmoqlardan oqilona va mas’uliyat bilan foydalanish muhim ahamiyat kasb
etadi[4].
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning ayrim salbiy jihatlari bo‘lishiga qaramay, ulardan
samarali va maqsadli foydalanish yo‘llarini o‘rgatish muhimdir. Fuqarolik ongiga ijtimoiy
tarmoqlarning ijobiy ta’sirini oshirish uchun quyidagi strategiyalarni amalga oshirish lozim:
Rasmiy axborot manbaalaridan foydalanishni targ‘ib qilish – Yoshlarni faqat ishonchli va
tasdiqlangan manbalardan ma’lumot olishga o‘rgatish.
Raqamli savodxonlikni oshirish – Yoshlarni internetdagi yolg‘on axborotni tanib olish va undan
himoyalanish ko‘nikmalariga o‘rgatish.
Yoshlarni ijtimoiy loyihalarga jalb qilish – Ijtimoiy tarmoqlarda turli foydali loyihalar va
tadbirlarga jalb qilish orqali ularning ijtimoiy faolligini oshirish.
Ijtimoiy tarmoqlarda konstruktiv muloqotni rivojlantirish – Yoshlar orasida madaniyatli
muhokamalar va fikr almashinuvini rivojlantirish uchun turli tadbirlar va onlayn forumlar tashkil
etish.
Ijtimoiy tarmoqlar yoshlarning huquqiy ongi va siyosiy savodxonligini oshirishda muhim
rol o‘ynaydi. Bu jarayonda, yoshlar konstitutsiya va qonunlar bilan tanishish, o‘z huquq va
burchlarini anglash, saylov jarayonlari haqida ma’lumot olish imkoniyatiga ega. O‘zbekistonda
Prezident saylovlari va referendumlar oldidan ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ibot ishlari olib
boriladi, bu esa yoshlarning siyosiy jarayonlarda ishtirok etishiga turtki bo‘ladi. Bundan tashqari,
yoshlar ijtimoiy tarmoqlardan jamoatchilik nazorati vositasi sifatida foydalanmoqda. Turli
korrupsiya holatlari yoki mahalliy muammolar bo‘yicha ochiq muhokamalar olib borish orqali
ular davlat organlari e’tiborini muhim masalalarga qaratmoqda. O‘zbekistonda “Mening fikrim”
platformasi va Telegramdagi ochiq guruhlar orqali yoshlar o‘z fikrlarini bildirish imkoniyatiga
ega bo‘lib, ularning taklif va tashabbuslari muhokama qilinmoqda[5].
Yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi ularning fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish
va jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu boisdan, raqamli
savodxonlik bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etilishi, ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy va huquqiy
ta’limga oid rasmiy sahifalar soni oshirilishi, jamoatchilik nazorati uchun ochiq platformalar
rivojlantirilishi lozim. Shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlari yoshlar bilan ijtimoiy
tarmoqlarda samarali muloqot olib borishi ularning jamiyatdagi faolligini oshiradi. Agar bu
takliflar amalga oshirilsa, yoshlar ijtimoiy tarmoqlardan yanada samarali foydalangan holda, o‘z
fuqarolik pozitsiyalarini mustahkamlashlari mumkin[6].
Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunda yoshlarning dunyoqarashi va
fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhim omillardan biriga aylangan. Ulardan oqilona va
samarali foydalangan yoshlar jamiyatning faol, ongli va tashabbuskor a’zolariga aylanishadi.
Shu bois, davlat organlari, ta’lim muassasalari hamda jamoat tashkilotlari yoshlarning ijtimoiy
tarmoqlardagi faolligini qo‘llab-quvvatlashi, ularga cheklov qo‘yish o‘rniga, foydali loyihalarga
yo‘naltirishi lozim. Bu esa nafaqat yoshlar rivojiga, balki jamiyat taraqqiyotiga ham ijobiy ta’sir
ko‘rsatadi.
ILMIY VA PROFESSIONAL TA’LIM JARAYONIDA MULOQOT, FAN VA MADANIYATLAR
INTEGRATSIYASI
533
Samarkand State Institute of Foreign Languages
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
1. Mirziyoyev Sh. M. Yangi O‘zbekiston strategiyasi. Toshkent: O‘zbekiston, 2021.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning yoshlarga oid farmon va qarorlari.
www.lex.uz
3. To‘xtayev A. Ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar ongiga ta’siri. Toshkent: Fan, 2020.
4. Жаббарова, Х. К. (2024). Замонавий технологиялар ва таълимдаги ёшлар. Science and
innovation, 3(Special Issue 19), 768-770.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi. Yoshlar siyosati bo‘yicha
ilmiy tadqiqotlar. Toshkent: 2022.
6. Qizi, B. M. F., & Jabbarova, X. K. (2024). Ta’lim jarayonida innovatsion texnologiyalar va
yoshlar dunyoqarashi. Science and innovation, 3(Special Issue 19), 857-858.
7. Жаббарова, Х. К. (2021). Применение современных инновационных образовательных
технологий при преподовании предмета «сопротивление материалов». Modern Science, (6-
1), 360-363.
