DEVELOPMENT OF PEDAGOGICAL TECHNOLOGIES IN
MODERN SCIENCES
International scientific-online conference
179
O‘ZBEK TILINI XORIJIY TIL SIFATIDA O‘QITISHDA YOZMA
NUTQQA QO‘YILADIGAN TALABLAR VA BAHOLASH TIZIMI:
NAZARIY VA AMALIY ASOSLAR
Qurbonova Nodira
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili
va adabiyoti universiteti tayanch doktoranti
https://doi.org/10.5281/zenodo.15722361
Annotatsiya:
Mazkur maqolada o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitishda
yozma nutqni baholash tizimi va unga qo‘yiladigan talablar nazariy hamda
amaliy asosda tahlil qilinadi. Baholash mezonlarining CEFR talablari bilan
muvofiqligi, A1–A2 darajalaridagi o‘quvchilar yozma ishlari misolida
mezonlarga asoslangan yondashuv yoritiladi. Asosan autentik materiallar, ta’lim
sifatini belgilovchi omillar, tibbiy soha o‘rganayotgan xorijiy talabalar tajribasi,
innovatsion texnologiyalarning o‘rni va metodik yondashuvlar asosida
baholashning samaradorlik omillari ko‘rib chiqiladi.
Kalit so‘zlar:
yozma nutq, baholash mezonlari, autentik materiallar, CEFR,
A1–A2 daraja, o‘quvchi yutuqlari, tibbiy talaba, innovatsion texnologiyalar.
Bugungi globallashuv sharoitida xorijiy tillarni, xususan o‘zbek tilini chet tili
sifatida o‘rganishga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Shu bilan birga, o‘zbek tilini
xorijiy til sifatida o‘rgatishda yozma nutq ko‘nikmasining shakllanishi ham
dolzarb masalalardan biri sifatida qaralmoqda. Til o‘rganuvchining yozma
ravishda fikr ifodalash, aniq struktura asosida matn tuzish, grammatik va leksik
me’yorlarga rioya qilish salohiyati zamonaviy til kompetensiyasining ajralmas
qismidir. Bu kompetensiyani shakllantirishda to‘g‘ri tanlangan baholash
mezonlari, interfaol metodlar va innovatsion yondashuvlar muhim ahamiyat
kasb etadi.
CEFR (Common European Framework of Reference for Languages)
tavsiyalariga ko‘ra, A1 darajadagi o‘rganuvchi o‘zini tanishtira olishi, oddiy
savollarga javob bera olishi va qisqa jumlalar tuzishi kerak. A2 darajadagi
o‘rganuvchi esa o‘z tajribasi, kundalik hayot voqealari haqida sodda matnlar
yozishi, asosiy fikrni izchil ifoda etishi kutiladi. Bu darajalarga mos yozma
topshiriqlar til o‘rganuvchining asta-sekin yozma kompetensiyasini
shakllantirishga xizmat qiladi. Yozma topshiriqlarda matn strukturasining
asosiy komponentlari (kirish, asosiy qism, xulosa) mavjud bo‘lishi, grammatik
shakllarning darajaga mos ishlatilganligi va leksik boylikning yetarli darajada
namoyon bo‘lishi talab qilinadi.
DEVELOPMENT OF PEDAGOGICAL TECHNOLOGIES IN
MODERN SCIENCES
International scientific-online conference
180
Asilova G.A. ta’kidlaganidek, autentik materiallar real kommunikativ
vaziyatga tayyorlaydi va o‘quvchining yozma nutqida zamonaviy nutqiy
vositalarni qo‘llay olishiga zamin yaratadi. O‘zbek tilini xorijiy til sifatida
o‘rgatishda o‘quv materiallarining darajaviy, madaniy kontekstda boyitilgan,
maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lishi talab etiladi. Yozma topshiriqlar mazmunan real
hayotga yaqin, muloqotga asoslangan bo‘lsa, o‘rganuvchilarda tilga nisbatan
motivatsiyani oshiradi.
Tibbiy yo‘nalishda tahsil olayotgan xorijiy talabalarning yozma nutqini
rivojlantirish alohida e’tiborni talab etadi. Avezova A.K. tomonidan olib borilgan
kuzatuvlarda maxsus terminologiyalarning o‘zlashtirilishi, rol o‘yinlari, tibbiy
holatlar ssenariysi asosida yozilgan topshiriqlar, yozma konversatsiyalar va
kasallik tarixini tuzishga doir topshiriqlar samarali natija bergani qayd etilgan.
Ushbu yondashuvlar orqali talabalar yozma nutqdagi aniqlik, izchillik va uslubiy
uyg‘unlikni o‘zlashtira boshlaydi. Bundan tashqari, yozma topshiriqlar tibbiy
muhitda muloqot qilishni ta’minlovchi funksional nutqni shakllantiradi.
Yozma ishlarni baholashda mezonlarga asoslangan yondashuv muhimdir.
Baholash mezonlari quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi: matnning mavzuga
mosligi va g‘oyaning aniqligi; grammatik to‘g‘rilik, ya’ni zamon, birlik-ko‘plik, fe’l
shakllarining to‘g‘ri qo‘llanilishi; tuzilish – kirish, asosiy qism va xulosaning
mavjudligi va izchilligi; uslub – matn ohangi, rasmiylik darajasi; leksik boylik –
sinonimlar, mavzuga mos so‘zlar tanlovi. Baholash jadvali 25 ballik tizim asosida
tuzilishi mumkin bo‘lib, har bir komponent 0 dan 5 gacha baholanadi. Bunday
mezonlar orqali baholash shaffof, aniqlashtirilgan va ob’ektiv tarzda olib
boriladi.
Baholashni takomillashtirishda innovatsion texnologiyalar va interfaol
metodlarning roli katta. Mukhamedova Sh.A. tomonidan ta’kidlanganidek, xorijiy
til o‘rgatishda zamonaviy innovatsion va interfaol texnologiyalarni joriy etish
o‘quvchilarning yozma ko‘nikmasiga ham bevosita ta’sir qiladi. Interfaol
metodlar (rolli o‘yinlar, grafik organizatorlar, guruhli muhokamalar) orqali
o‘quvchi yozma topshiriqlarda mustaqil fikr yuritadi, muloqotga kirishadi va
yozma ifodaning strukturaviy jihatlarini yaxshilaydi. Talabalarni faol ishtirok
etishga undaydigan metodlar (jumladan, topshiriq asosida yozilgan bahs-
munozara matnlari, amaliy yozma tahlil mashqlari) ularning mustaqil
yozuvchilar sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.
Innovatsion yondashuvlar orqali yozma nutq topshiriqlari: e-mail yozish,
rasm asosida voqea bayoni, matn asosida savolga javob yozish, kundalik tutish
shaklida berilishi mumkin. Tibbiyot yo‘nalishidagi talabalar uchun esa kasallik
DEVELOPMENT OF PEDAGOGICAL TECHNOLOGIES IN
MODERN SCIENCES
International scientific-online conference
181
tarixini yozish, doktor va bemor o‘rtasidagi yozma muloqotni ifodalovchi
topshiriqlar samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi. Bu turdagi topshiriqlar nafaqat
yozma ifoda ko‘nikmasini, balki tilning amaliy qo‘llanishini ham shakllantiradi.
O‘qituvchi esa bu jarayonda metodik rahbar sifatida talabaning har bir yozma
ishidagi yutuq va xatolarni aniqlab, yo‘naltiruvchi fikr bildirishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, yozma nutqni baholash tizimi umumiy til
kompetensiyasining asosiy qismini tashkil etadi. U faqat nazorat vositasi emas,
balki o‘quvchining rivojlanishiga xizmat qiluvchi vositadir. CEFR asosidagi
baholash mezonlari, autentik va darajaviy materiallar, innovatsion
texnologiyalar va interfaol yondashuvlar bu jarayonni yanada boyitadi. Xususan,
tibbiy sohaga ixtisoslashgan xorijiy o‘quvchilar uchun yozma topshiriqlarning
mazmunan dolzarbligi, real kontekst asosida shakllantirilganligi va aniq
baholash mezonlari bilan boyitilishi zarur.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Асилова Г.А. Принципы выбора аутентичных материалов в обучении
узбекскому языку как иностранному // Til va adabiyot.uz. – 2024. – №10.
2.
Қодирова Х.Б. Факторы, определяющие качество преподавания
узбекского языка как иностранного // International Scientific Journal of
Biruni. – 2022. – Т. 1, № 2. – С. 170–176.
3.
Avezova A.K. Teaching Uzbek as a Foreign Language to Medical Students in
Uzbekistan // Volume 3, Issue 1. – 2025. – P. 229–232.
4.
Mukhamedova Sh.A. Foreign Language Teaching in the Republic of
Uzbekistan is Based on the Application of Innovative Technologies in the
Educational Process // Наука и образование сегодня. – 2025. – №1. – С. 36–
37.
5.
Common European Framework of Reference for Languages: Learning,
Teaching, Assessment. – Strasbourg: Council of Europe, 2001.
6.
Brown H.D. Teaching by Principles: An Interactive Approach to Language
Pedagogy. – 3rd ed. – New York: Pearson Education, 2015. – 668 p.
7.
Weir C.J. Language Testing and Validation. – London: Palgrave Macmillan,
2005. – 336 p.
8.
Douglas D. Assessing Language for Specific Purposes. – Cambridge:
Cambridge University Press, 2000. – 264 p.