МЕЖДУНАРОДНАЯ КОНФЕРЕНЦИЯ
АКАДЕМИЧЕСКИХ НАУК
40
AJDODLARIMIZNING TA’LIM – TARBIYA SOHASIDAGI TARIXIY
TAJRIBASI: TARBIYASI OG‘IR BOLALARNI TARBIYALASH VA
JAMIYATNI SOG‘LOMLASHTIRISH MUAMMOLARI
Rahmonov Kamol Jamolovich
tarix fanlari nomzodi,
Buxoro davlat universiteti
Arxeologiya va Buxoro tarixi kafedrasi dotsenti
https://doi.org/10.5281/zenodo.14133235
Mazkur maqolada o‘zbek davlatchiligining muhim bosqichi hisoblangan
BXSR hukumati davri (1920-1924 yillar)da amalga oshirilgan ta’lim –tarbiya
sohasidagi amaliy islohotlar va ularning natijalari xususida fikr-mulohalar
yuritiladi.
Kalit so‘zlar:
zamonaviy maorif tizimi, maktab shoʻbasi, sharqona urf-
odat va an’analar, qimorbozlik, adliya nozirligi, mahalliy qozixonalar,
yetimxonalar.
1920 yil 2 sentyabrda
Buxoroda amirlik tuzumi tugatilib, uning o‘rniga
Fayzulla Xo‘jayev (1896-1938 yy) boshchiligida Nozirlar Kengashi hukumati
tuzilib, mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy rivojlanishiga qaratilgan qator
qarorlar qabul qilindi. Jumladan, dastlabki kunlardanoq Buxoro Xalq
Respublikasida
jamiyatni
modernizatsiyalashtirish,
ta’lim-tarbiyaning
dunyoviylik prinsipiga o‘tish, zamonaviy maorif tizimini vujudga keltirish
muhim vazifalar qilib qo‘yildi. Buxoro Respublikasi rahbarlari ilm olish va
maktab masalasiga: «Maorif kerak, chunki hech bir mamlakat, hech bir millat va
hech bir inqilob maorifsiz yashamas, o‘qimok uchun maktab kerak, maorif kerak
kitob kerak-bular haqiqat»[1] -deb qaradilar.
BXSRning hukumat tarkibi sobiq jadidlardan iborat bo‘lib, ular
avvalboshdanoq xalqni savodli qilish orqali jaholat va qoloqlik botqog‘idan xalos
qilish, sog‘lom muhitni yuzaga keltirish mumkinligi to‘g‘risidagi orzu-umidlari
ro‘yobga chiqish vaqti yetib keldi, deb hisobladilar.
«Buxoro axbori» gazetasida[2] BXSR maorif noziri Qori Yo‘ldosh Po‘latov
va maktab shoʻbasi mudiri imzosi ostida e’lon qilingan «Maktablar haqida
umumiy qoidalar» [3] («Qoidalar») va uning yosh avlodni savodli va ma’naviy
komil qilib tarbiyalashga yo‘naltirilgan hujjat sifatida dastlabki davrdanoq qabul
qilinishi muhim tarixiy voqelik bo‘ldi. Mazkur «Qoidalar» Buxoroda amirlik
tartibi tugatilganiga ko‘p vaqt bo‘lmay, ya’ni uch oy o‘tar-o‘tmas, 1920 yilning
noyabr oyi uchinchi dekadasida ishlab chiqilgandi.
МЕЖДУНАРОДНАЯ КОНФЕРЕНЦИЯ
АКАДЕМИЧЕСКИХ НАУК
41
“Qoidalar” bilan tanishar ekanmiz, unda ilgari surilgan bugungi kun ta’lim-
tarbiya tizimida joriy etilishi mo‘ljallangan vazifalar hozirgi jarayonlar bilan
uyg‘un ekanligiga ishonch hosil qilamiz.
Ta’lim-tarbiyada «bolalarni so‘kmoq, urmoq, jazo bermoq bitirilib, o‘git-
nasihat, tanbeh, o‘rnak ko‘rsatish (ibrat-namuna)» usullarini qo‘llashga o‘tilishi
bu tarixiy hujjatda qayd etilgan. Ta’lim «axlokiy, faniy, siyosiy (mafkuraviy)»
ravishda bo‘lishi, “Qoidalar”da har bir sinfdagi o‘quvchilar soni 30-35 kishi qilib
belgilanishi yozib qo‘yilgan, o‘quvchilarga ongli tarbiya berish va ta’lim-
tarbiyani uyg‘unlikda qo‘llashga e’tibor qaratilgan.
Ayniqsa, ta’limning shakllari, ta’lim-tarbiya usullari, hatto bir sinfdagi
o‘quvchilar soni kabilar zamonaviy ta’lim tizimi qoidalariga mos keladi.
«Qoidalar» bilan tanishar ekanmiz, bo‘lajak ta’lim-tarbiya tizimida axlokiy
masalalarga, ma’naviy barkamollikka alohida e’tibor berilganligi ayniqsa
muhimdir. «Maktablarda odob-axloqqa juda axamiyat berilib odobsizlik,
tarbiyasizliklar, tamaki tortmok, kimor, oshiq o‘yinlari, bedana o‘ynamoq
maktab bolalariga kat’iy mumkin emasdur. Muallimlarga xam maktablarda
tamaki tortmok mumkin emasdur» [4]-deb yoziladi xujjatda.
Ta’lim maskanlarida har qanday huquqbuzarlik sodir etish
ta’qiqlanganligi, shu jumladan, birovga tuhmat qilish, haqorat qilish, maktab
jamoasi a’zolariga ma’naviy va moddiy zarar yetkazish, tan jarohati yetkazish,
tamaki va giyohvand moddalar chekish, ichkilikbozlik, maishiy osoyishtalikka
tajovuz qilish, janjallashish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa
o‘yinlar o‘ynash qat’iyan man etilganligi bundan salkam yuz yillar oldin
ajdodlarimiz milliy mentalitetimiz va axloq me’yorlariga mos kelmaydigan
holatlarga nisbatan murosasiz bo‘lganligidan dalolat beradi.
BXSRning matbuot organlari hisoblangan «Buxoro axbori» va «Ozod
Buxoro» gazetalarining o‘nlab sonlari bilan tanishish jarayonida Buxoro amirligi
davrida oila va oilaviy munosabatlarda sharqona urf-odat va an’analar asosida,
shuningdek, islom axloqi va ma’naviyati mezonida uni mustahkam saqlash
uchun e’tibor berilmaganligi, deyarli g‘amxo‘rlik qilinmaganligi ayon bo‘ladi.
Fikrimizni aynan amirlik davridagi oilalar va oilaviy muhitning umumiy ahvoliga
qaratishdan maqsad - BXSR hukumati ichki siyosatida bu masalaning o‘tkir
muammo bo‘lib kelganligini ko‘rsatishdir.
Gazetalarda Buxoro amirligi davrida katta yoshli erkaklar orasida
qimorbozlik, bedanavozlik, kabutarbozlik, zag‘chabozlik kabi o‘yinlar mavjudligi
bilan bog‘liq ma’lumotlar beriladi. Bunday insoniylikka to‘g‘ri kelmaydigan
o‘yinlarning kelib chiqishi zaminida ishsizlik, ma’naviy nomukammallik,
МЕЖДУНАРОДНАЯ КОНФЕРЕНЦИЯ
АКАДЕМИЧЕСКИХ НАУК
42
ahloqsizlik tufayli bo‘lib, oilalarda bolalar tarbiyasiga juda katta salbiy ta’sir
ko‘rsatgan. Katta yoshlilarning foydali ijtimoiy mehnat bilan shug‘ullanish
o‘rniga yuqoridagi kabi foydasiz hatti-harakatlari farzandlarning ulardan salbiy
jihatlarni ibrat qilib olishi va shu yo‘sinda voyaga yetayotganliklari bo‘lib, bu
yangi hukumatni tashvishga solmay qo‘ymasdi. “Ozod Buxoro”ning 72-sonida:
“Inqilobdan ilgari
odamlar ishsizligi,
bekorchiligidan zag‘chabozlik,
bedanabozlik, qimor kabilarni o‘ynashar edi. Inqilobdan keyin ham bu ishlar
davom etmakda. Ayniqsa, kabutarbozlik orqasindan turli muammolar kelib
chiqmakda. Ko‘p vaqtlarda bu qushlarg‘a otilg‘on toshlar yo bir odamning
boshig‘a tushib, ko‘chadan o‘tib borg‘on odamni yarador qilib yoki o‘zining
hovlisida tinch ravishda o‘ltirib choy ichgan bir oilaning asboblarig‘a tushib
kosalarni sindiradur. Hukumat tarafindan bunday ishlar oldi olinsa yaxshi bo‘lur
edi” [5].
Ushbu kabi o‘yinlar ortidan ko‘chada maktab va boshqa ta’lim
muassasalariga tortilmagan bolalar turli odobsizlik ko‘chalariga kirib ketganligi
haqida ham bir qator ma’lumotlar keltiriladi. Ushbu gazetaning 1924 yil 12
apreldagi sonida bosilgan “O‘g‘ri bolalarg‘a qarshi kurashmak kerak” maqolasi
shu mazmunga ega. “Bir bola onasini o‘ldirg‘on” sarlavha ostida bosilgan
maqoladan quyidagi insonni larzaga keltiruvchi fikrlarni guvohi bo‘lamiz: “11
aprelda (1924 yil-K.R.) Shomi Zanjil guzarida (Eski Buxoro shahri – K.R.) To‘xta
degan bir bola onasidan odatdagicha oqcha so‘ragan, onasi oqcha bermagan.
Janjal qilsada, natija bo‘lmagan. To‘xta Ahmad degan o‘rtog‘ining yonig‘a borib:
“Onamdan pul so‘rab edim, bermadi. Qanday qilib olaman? San bunga nima
maslahat berasan o‘rtoq?” deb aql so‘ragan. Ahmad ham marhamatsiz, buzuq
ko‘ngillik bola bo‘lib, To‘xta o‘rtog‘iga shu “maslahatni” bergan: “San o‘rtoq, jafo
chekma! Kechasi onang uxlagandan keyin bolta olib kirib, uning boshig‘a bir ur!
Onang darrov o‘lib, butun oqchasi, moli senga meros bo‘lib qolur!”
Ahmadning bergan maslahatini To‘xta ma’qul ko‘rib, kechasi onasi yonig‘a
qaytib, yana oqcha so‘rag‘on. Onasi o‘g‘lini so‘kkan. Bu safar ham oqcha
bermagan. Shu kecha To‘xta soat ikkilarda turib, boltani olib, uxlab yotg‘on onasi
yonig‘a kirib birdan bolta bilan uning boshig‘a urib o‘ldirg‘on. Keyin uch
kungacha uyg‘a kirmasdan yurg‘on...
Keyin bu ishidan o‘zi qo‘rqib, viloyat milisiyasig‘a murojaat qilg‘on.
Milisiya o‘rganib, onasi bola tomonidan o‘ldirilg‘onligi aniqlangan. Qamoqqa
oling‘on ” [6].
МЕЖДУНАРОДНАЯ КОНФЕРЕНЦИЯ
АКАДЕМИЧЕСКИХ НАУК
43
Yuqoridagi ma’lumotlar BXSR davrida ko‘pgina oilalarda tarbiya talab
darajasida emasligi, o‘sib kelayotgan yosh avlodga ongli tarbiya
berilmayotganligini ko‘rsatadi.
BXSR hukumati oilada bolalarga ongli va izchil tarbiya berish, ularning
bekor vaqtlarini mazmunli, istiqboliga xizmat qiladigan jihatlarga yo‘naltirish
haqida qayg‘urgan. Zeroki, BXSR hukumatining birinchi oylaridanoq ko‘chada
yurgan qarovsiz qolgan bolalarni va turli moddiy sharoitlarda yashayotgan
oilalarning maktab yoshiga yetgan farzandlarini ilm-ma’rifat o‘chog‘i – maktabga
jalb qilish choralari ko‘rildi. Bolalardagi illatlar ma’naviy noto‘kisliklarning ildizi
ota-onalarning ilmsizlik va ma’rifatsizligiga borib taqalardi.
Musulmon mutaassibchiligi ildiz otgan ayrim oilalarda xotin-qizlarga
nisbatan past nazarda bo‘linishi, ona, opa – singillarning, ya’ni avlodlar
davomchilarining haq – huquqsizligi, hatto xo‘rlanishi, savodsizlikni tugatish
maktablariga xotin-qizlarning erlari tomonidan, ota-onalari tomonidan ruxsat
etilmaganligi, yoxud qizlarni balog‘atga yetmay turmushga berish, qalin olish,
qimorga yutqazish, qarzdorlik evaziga garovga qo‘yish kabi achinarli holatlar
haqida gazetalarda turli – tuman xabarlar bosiladi[7].
Oilaviy munosabatlarni yoki er-xotin o‘rtasidagi mojaroli masalalarni hal
qilish uchun faoliyat yuritgan BXSR hukumati davrida ham adliya nozirligi
nazorati ostida ishlayotgan mahalliy qozixonalarning bir yoqlama hukmlari oila
mustahkamligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. “Ozod Buxoro” gazetasining 50-sonida
(1924 yil 16 aprel) “Qalin olishmi yoki talonchilik? ” maqolasidan aynan: “Eri
o‘lg‘ondan so‘ng ham bir yildan buyon Eski Farob qishlog‘ida erining hovlisida
turg‘on Yaxshigul Xayrulla qizini akasi kelib zo‘rlik bilan o‘z hovlisiga olib
ketadur. Akasi buni bir boyg‘a sotmakchi bo‘lg‘onda Yaxshigul istamasdan shu
qishloqning Rustam Sulton o‘g‘lig‘a erga chiqadur.
Qizning akasi “Manim qiz ukamning qalinini ber” deb, yonig‘a ikkita
milisiya olib Rustamdan qalin talab qiladur. Milisiyadan qo‘rqqan Rustam qalin
barobariga qizning akasig‘a o‘zining birdan bir bo‘lg‘on tuyasi bilan ho‘kizini
berib yuboradur.
Bu bilangina qanoatlanmagan Yaxshigulning qonxo‘r akasi Rustamni
qozixonaga sudrab olib keladur. Qozixonada Rustamni sho‘ro qonunlari bilan
qo‘rqitib, qozining tasdig‘i bilan yana qizning akasig‘a Rustam bu kishig‘a 400
tanga qarzim bordur degan tilxatini olib beradurlar.
Endi tuyasiz, ho‘kizsiz qashshoq bo‘lib qolg‘on Rustam qon yig‘lab nima
qilarini bilmasdan shoshib yurganda yana undan qozixonaning tasdig‘i bilan
berilgan tilxat bo‘yicha qarz pulini talab qiladurlar[8]”.
МЕЖДУНАРОДНАЯ КОНФЕРЕНЦИЯ
АКАДЕМИЧЕСКИХ НАУК
44
Oila tarbiyasida va farzandlarni zamon talablari darajasida voyaga
yetkazishda xotin-qizlarning roli beqiyos ekanligiga hukumat e’tiborni qaratgan.
Bu uchun avvalo, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularning erlari
tomonidan kamsitilishini tugatish, ayollarni oilaning biqiq, tor hayotidan
jamiyatga olib chiqish, ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy jarayonlarda ularning faol
ishtirokini ta’minlash masalalari kun tartibiga qo‘yilgan.
BXSR hukumati qarovsiz qolgan yetim-yesir bolalarni o‘z qaramog‘iga
olish, ularga tekin ta’lim-tarbiya berish orqali istiqbolda jamiyatni
sog‘lomlashtirish yo‘nalishida ham ibratli ishlar qildi. Gazeta ma’lumotlarida
o‘g‘il va qiz bolalar uchun yetimxonalar alohida-alohida ochilganligi, tekin ovqat,
kiyim-kechak, boshpana, ta’lim berish uchun chora-tadbirlar belgilanganligi
ma’lum bo‘ladi[9].
BXSR hukumati ta’lim-tarbiya sohasida istiqbolli vazifalar belgiladi. Biroq,
ko‘rilgan chora-tadbirlar, amaliy qadamlar kutilgan natijani bermadi. Chunki
BXSR hukumati qisqa vaqt yashadi va katta hajmdagi rejalarni amalga oshirish
imkoni bo‘lmadi.
BXSR yillarida kechgan murakkab tarixiy jarayonlar, notinch vaziyat hukumat
faoliyati izchilligiga imkon bermadi. Hukumatning og‘ir moliyaviy ahvoli,
o‘tkazilgan islohotlardagi uzilishlar, jamiyat islohotlarga tayyor emasligi kabi
omillar ko‘pdan-ko‘p rejalar qog‘ozda qolib ketishiga sabab bo‘ldi.
Adabiyotlar ro‘yxati:
1. Bekboy. «Maorif ishlari tegrasida» // Buxoro axbori. 55-son. 1921 yil 18
noyabr.
2.“Buxoro axbori” gazetasi BXSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi matbuot organi bo‘lib,
1920 yil 9 sentyabrdan 1923 yil oktyabrgacha chop etilgan. Gazeta o‘zbek tilida,
isloh qilingan arab imlosida, sarg‘ish rangli o‘rtacha sifatdagi qog‘ozda, haftada 1-
2 marta, 1500-2000 nusxada chiqarilgan. 1923 yil 16 oktyabrdan “Ozod
Buxoro”nomida gazeta nashr qilina boshlangan. Bu gazeta 1930 yil oktyabr
oyigacha chiqib turgan. Gazetalarning to‘liq taxlamlari bugungi kunda O‘zbekiston
Respublikasi Markaziy Davlat arxivi (O‘zbekiston MDA) va Abu Ali Ibn Sino
nomidagi Buxoro viloyati markaziy kutubxonasida saqlanmoqda.
3.«Maktablar haqida umumiy qoidalar» // Buxoro axbori. 10-son. 1920 yil, 29
noyabr.
4.«Maktablar haqida umumiy qoidalar» // Buxoro axbori. 10-son. 1920 yil, 29
noyabr.
5.Kabutarbozlikka xotima berilsun // Ozod Buxoro. 72-son. 1924 yil 6 aprel.
6.Bir bola onasini o‘ldirg‘on // Ozod Buxoro. 82-son. 1924 yil 24 aprel.
МЕЖДУНАРОДНАЯ КОНФЕРЕНЦИЯ
АКАДЕМИЧЕСКИХ НАУК
45
7.Fotima. Bizda xotunlarning huquqlari //Buxoro axbori. 133-son. 1922 yil 30
noyabr; «Ovul bolasi», Bizda xotun-qizlar //Buxoro axbori. 173-son. 1923 yil 10
iyun; Said Ahroriy. Xotun //Ozod Buxoro. 6-son. 1923 yil 31 oktyabr; O‘sha
muallif. Qish keldi, tovushsizlar qotmasun! //Ozod Buxoro. 30-son, 1923 yil 30
dekabr; Xotun-qizlarni o‘g‘urlashg‘a qarshi //Ozod Buxoro. 82-son. 1924 yil 24
aprel; “O‘zbek qizi”. Xotun-qizlar orasida ishlash //Ozod Buxoro. 75-son. 1924 yil
12 aprel; Hayot Xidiriy. O‘zbek qizi fojeasi //Ozod Buxoro. 102-son. 1924 yil 12
iyun; Ahmarova. Xotun-qizlar orasida //Ozod Buxoro. 133-son. 1924 yil 27
avgust.
8.Qalin olishmi yoki talonchilik? // Ozod Buxoro. 50-son. 1924 yil 16 aprel.
8.Ilyosova. Ozod mamlakatda qul bo‘lmasligiga tegish //Buxoro axbori. 82-son.
1922 yil 4 may; Fotima Davlatqulova. Muallimalar ovozi //Buxoro axbori. 102-
son. 1922 yil 15 oktyabr; Shu muallif. Haqiqat ochdur, hazm etmakka omuxta
bo‘lmak lozim //Buxoro axbori. 114-son. 1922 yil 3 dekabr; Rafiqa. Xotin-
qizlarimizni o‘qitmak kerak //Buxoro axbori. 138-son. 1923 yil 3 mart; “O‘rtoq”.
Qizlarning sag‘irxonasi kerak //Buxoro axbori. 158-son. 1923 yil 18 aprel;
Mukarrama Ahmadova. Esdan chiqarilmasun! //Buxoro axbori. 222-son. 1923 yil
10 oktyabr.