O‘zbek mumtoz adabiyoti tarixida tasavvuf (so‘fiylik) tariqati bilan bog‘liq Xoja Ahmad Yassaviy, Boborahim Mashrab, So‘fi Olloyor, Huvaydo, Haziniy va boshqa ko‘plab mutasavvuf shoirlar qadimiy va navqiron Turkiston zaminini xalqlarining madaniy hayotida katta mavqega ega bo‘lgan. XVIII asr oxiri va XIX asr o‘rtalariga qadar yashab ijod etgan, Turkiston adabiy muhitiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatgan Abdulaziz Hasanxo‘ja o‘g‘li Majzub Namangoniy ham Naqshbandiya tariqatining piri murshidi sifatida xalqqa tanilgan ijodkorlardan.Uning ijodida g‘azal, qit’a, soqiynoma, musallas, murabba’,muxammas, musaddas, musamman kabi janrlarni uchratish mumkin. Ushbu maqolada ijodkor asarlarining janr xususiyatlari yoritilgan. Shoirning qo‘lyozma devonida jamlangan asarlari janr xususiyatiga ko‘ra ajratilgan.