JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 14, issue 02, 2025
ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431
ILMIY METODIK JURNAL
Buxoro davlat pedagogika instituti
Boshlang‘ich ta’lim kafedrasi,
filologiya fanlari nomzodi, professor
Adizova Nodira Baxtiyorovna taqrizi
ostida
Shodiyeva Mehribon Amin qizi
BuxDPI mustaqil izlanuvchisi
Email: mexribonshodiyeva8@gmail.com
BOSHLANG‘ICH SINF O‘QUVCHILARINI LINGVISTIK TUSHUNCHALAR BILAN
TANISHTIRISH JARAYONIDA INTERFAOL METODLARDAN FOYDALANISH
ANNOTATSIYA:
Ushbu maqolada boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini lingvistik tushunchalar
bilan tanishtirishda turli interfaol metodlardan foydalanishga oid fikr mulohazalar berilgan
hamda tegishli misollar orqali yoritilgan.
KALIT SO‘ZLAR:
“Svetofor” metodi, Xalqaro baholash dasturi, “intervyu” metodi, lingvistik
tushunchalar, so‘z, so‘z birikmasi, gap, gap bo‘laklari.
KIRISH:
O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov aytganlaridek: “Har bir millatning kelajagi
istaymizmi-yo‘qmi, o‘qituvchilar saviyasiga bog’liq. Bu haqiqatni hech qachon esdan
chiqarmasligimiz lozim”. Darhaqiqat, yoshlar kelajagimiz bunyodkoridir, ularning kelajakda
yetuk va barkamol shaxs bo‘lib shakllanishida boshlang‘ich ta’limning o‘rni beqiyosdir. Puxta
egallangan dastlabki bilimlar yuqori sinfda o‘rganiladigan bilimlar uchun zamin hozirlaydi.
Bugungi kunda mamlakatimiz ta’lim tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Xalqaro baholash dasturlarining maqsadi ham keng tafakkurli, o‘z fikrini erkin bayon
qila oladigan o‘quvchilarni tayyorlashdan iborat. Yangilangan ona tili darsliklarida ham aynan
shu jihatni ko‘rishimiz mumkin. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ona tili darslarida lingvistik
tushunchalarni o‘rgatish bevosita matn ustida ishlash jarayoni bilan bog‘liq bo‘lib, bunda tilning
barcha bo‘limlari o‘zaro aloqadorlikda namoyon bo‘ladi. Lingvistik bilimlarni yetarlicha
egallash natijasida tilning lug‘at boyligi oshadi, o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqi
rivojlanadi. So‘z, so‘z birikmasi hamda gap o‘rtasidagi o‘xshash va farqli jihatlarni o‘zlashtirish
orqali berilgan matnni to‘g‘ri tahlil qilish, mazmunini aniqlashga erishish mumkin.
MATERIALLAR VA USLUBLAR:
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining estetik dunyoqarashini
shakllantirish, og‘zaki bog‘lanishli nutqini rivojlantirishda, avvalo, gap va uning sintaktik hamda
mazmuniy jihatdan to‘g‘ri tuzilishi muhim ahamiyatga ega. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining
og‘zaki nutqini shakllantirish hamda imlo malakalarini yana-da rivojlantirishda so‘z, gap
haqidagi ma’lumotlarni yetarlicha yetkazib berish zarur. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida gap
haqidagi dastlabki ma’lumotlar 1-sinfdan boshlab berib boriladi. Dastlabki tasavvurlar esa
savodxonlik davridan-oq hosil qilinadi. 3-sinfda o‘quvchilar gapning bosh va ikkinchi darajali
bo‘laklari bilan tanishadilar. Bu mavzu orqali gap bo‘laklari va ularning joylashuvi haqidagi
tasavvurlar hosil bo‘ladi. Ushbu mavzuni yana-da aniqroq va qiziqarli tarzda tushuntirish uchun
turli interfaol metodlardan foydalanish mumkin. Masalan, “Svetofor” metodini qo‘llash yaxshi
samara beradi. Ma’lumki, svetoforni 3 ta chiroqlarisiz tasavvur qilolmaymiz. Gapni ham to‘ldirib,
bir butun holatga kelishida har bir bo‘lakning alohida o‘rni va ahamiyati bor. O‘quvchilar guruh
shaklida yoki alohida bo‘lib bajarishlari mumkin. Qizil, sariq, yashil rangli doirachalarga ega,
kesim va ikkinchi darajali bo‘laklarga oid so‘zlar yoziladi. Qaysi o‘quvchi yoki guruh ko‘proq
“svetofor”larni hosil qilsa g’olib deb topiladi. Bunda tuzilgan gaplar mazmunan bir-biriga mos
bo‘lishiga e’tibor qaratiladi.
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 14, issue 02, 2025
ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431
ILMIY METODIK JURNAL
ega
Nigora
ikkinchi darajali bo‘lak
bog’ga
kesim
bordi
“Intervyu” metodi ham o‘quvchilarning tasavvur olamini kengaytirib, nazariy va amaliy
bilimlarini uyg‘un holda amalga oshirishga yordam beradi. Bunda o‘quvchilarga kundalik
hayotda ro‘y bergan biror voqea haqida intervyu tayyorlash vazifasi beriladi. Bunda vazifani
partadoshlari bilan birga bajarishlari mumkin. Voqeani bayon qilishda qo‘llanilgan so‘z, so‘z
birikmasi hamda gaplarning mazmunan va grammatik jihatdan o‘zaro bog‘liqligiga e’tibor
qaratiladi. Sinfdagi o‘quvchilarning qobiliyatlarini inobatga olgan holda vaqt belgilanadi. Har bir
“intervyu” lingvistik tahlildan o‘tkaziladi. Metodlarga qo‘shimcha ravishda turli lingvistik
topshiriqlar ham berish mumkin. Muhimi, tanlangan metod yoki topshiriqlar to‘plami mavzu
kesimida, o‘quvchilar saviyasiga mos holda tanlanishi lozim. O‘quvchilar berilgan vazifalarni
amalga oshirish davomida lingvistik tushunchalarning mohiyatini yaxshiroq tushunib boradilar.
Asosiysi, tanlangan metod va pedagogik texnologiyalar o‘z maqsadiga erisha olishi zarur.
NATIJALAR VA MUHOKAMALAR:
K.Qosimovaning “Ona tili o‘qitish metodikasi”
kitobida shunday deyiladi: “,,So‘z“ mavzusi o‘tilayotganda o‘quvchilar tomonidan so‘zning
talaffuzi, leksik ma’nosi, morfologik tarkibi, grammatik belgilari, yasalishi, nutqda ishlatilishi va
yozilishini yaxlit tushunishga asosiy diqqat qaratiladi. Bunda o‘qituvchi so‘zning nom bo‘lib
xizmat qilishini ham, morfemik tarkibi va leksik ma’nosining bir-biriga ta’sirini ham
o‘quvchilarning tushunib olishlariga erishishi lozim. ,,Gap“ mavzusini o‘rganish vaqtida esa
ishning asosiy yo‘nalishi nutqda gapning til birligi sifatidagi vazifasini tushuntirish va
o‘quvchilarda og’zaki va yozma nutqlarida gapdan oson foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish
hisoblanadi”. Ona tili o‘rgatishning yetakchi metodik tamoyili sifatida tilning barcha tomonlarini
bog‘liqlikda o‘rganish nazarda tutiladi. Boshlang‘ich sinf darsliklarini tahlil qilganimizda ham
mavzular ketma-ketligi tilshunoslik bo‘limlarining o‘zaro aloqasi asosida tuzilganligini
ko‘rishimiz mumkin. Ona tili kursida beriladigan bilimlar mazmuni tilning barcha qirralarini
o‘zaro qamrab olgan holda ifodalaydi. Darhaqiqat, har bir lingvistik tushunchani o‘rgatishda
uning o‘ziga xos tomonlarini inobatga olish zarur. Tanlangan metod hamda qo‘shimcha
topshiriqlar ham tilshunoslik bo‘limlari orasidagi aloqadorlikni ta’minlagan holda
o‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlariga mos bo‘lishi lozim. Yuqoridagi metodlarni
qo‘llash orqali o‘quvchilar gap hosil bo‘lishida so‘zlar ham mazmunan, ham shaklan bir-biriga
mos bo‘lishi kerakligi, so‘z birikmalarini hosil haqidagi bilimlarga ega bo‘ladilar. Bu metodlarni
darslikdagi mashqlar bilan birgalikda matnlar uchun ham qo‘llash mumkin. Matn ustida ishlash
jarayonida o‘quvchilarning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda turli xildagi lingvistik
topshiriqlarni tuzish mumkin. Mustaqil holatda gap yoki ma’lum bir mavzuda matn tuzish
topshirig‘ini ham berish mumkin. Bunda so‘z yoki gaplardagi aloqadorlik, grammatik yaxlitlik,
iloji boricha takrorlarning oldini olishga e’tibor qaratish joiz. O‘quvchilar lingvistik mazmundagi
amaliy ishlarni bajarish jarayonida tilshunoslik bo‘limlarining uzviy aloqasini anglash bilan bir
qatorda so‘z boyliklarini ham oshirib, nutqlaridagi kamchiliklarni ham bartaraf etishga
erishadilar.
Birgina matn asosida bir qancha lingvistik topshiriqlarni tuzish mumkin. Masalan, matnda
berilgan bir-biriga ma’no jihatidan yaqin bo‘lgan so‘zlarni o‘zaro guruhlash, gaplar orasidan zid
ma’noli so‘zlarni topish, aynan bir turkumga mansub bo‘lgan so‘zlarni ajratish kabi qo‘shimcha
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 14, issue 02, 2025
ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431
ILMIY METODIK JURNAL
topshiriqlarni bajarish orqali tilshunoslik bo‘limlariga oid elementar bilimlar berib boriladi. Shu
bilan birga tilga oid tushunchalarni ongli ravishda egallash, grafik hamda imloviy malakalarni
mustahkamlashga erishiladi. Lingvistik kompetensiyalarni to‘g‘ri anglash, og‘zaki nutqda o‘rinli
foydalana olish orqali o‘quvchilar dunyoqarashini kengaytirish, ravon nutq malakalarini hosil
qilish mumkin. O‘quvchilarda so‘zlarni hosil qilishda tovushlarni aniq ayta olish, so‘z
birikmalarini hosil qilishda esa qo‘shimchalarni to‘g‘ri qo‘llash, gap tuzish jarayonida mantiqiy
izchillikni inobatga olish, tinish belgilariga rioya qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish dars
samaradorligini oshirish hamda tafakkur qilish faoliyatini kengaytirishga katta yordam beradi.
Lingvistik tushunchalarni o‘rganishda izohli, imlo lug‘atlaridan foydalanish ham anchagina
yaxshi samara beradi. Chunki, so‘z yoki so‘z birikmalar imlosi va mazmuni birgalikda
o‘rganilganda xotirada yana-da mustahkamroq o‘rnashadi.
XULOSA:
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, lingvistik tushunchalarni o‘rganish orqali tilning
barcha tomonlari haqidagi bilimlarga ega bo‘lish mumkin. Ushbu jarayonni qiziqarli hamda
tushunarli tarzda tashkil qilish o‘qituvchidan yetarlicha pedagogik mahoratni talab qiladi. So‘z,
so‘z birikmasi va gap haqida tushunchaga ega bo‘lish, ularni o‘zaro bir-biridan farqlash hamda
to‘g‘ri qo‘llash malakasini shakllantirish natijasida o‘quvchilarda lingvistik bilimlarga oid
tasavvurlar shakllanib boradi. Ushbu tushunchalarni o‘rgatishda aniq reja asosida tanlangan
topshiriqlar tizimi, interfaol metod yoki pedagogik texnologiyalarni qo‘llash lozim. Namuna
asosidagi, ijodiy topshiriqlar, turli konstruktiv mashqlar vositasida lingvistik tushunchalarga oid
bilimlar mustahkamlab boriladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. Mirziyoyev Sh.M. Erkin va farovon, demokratik Oʻzbekiston davlatini birgalikda barpo
etamiz.- Toshkent: “Oʻzbekiston”, 2021
2. Mirziyoyev Sh.M. Yangi Oʻzbekiston strategiyasi.- Toshkent: “Oʻzbekiston”, 2021
3. Umumiy o‘rta ta’limning Milliy o‘quv dasturi. Ona tili (1-11-sinf). O‘zbekiston
Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi.
4. Qosimova K, Matjonov S, G‘ulomova X, Yo‘ldosheva Sh, Sariyev Sh. “Ona tili o‘qitish
metodikasi”.
5. Abdullayeva F.N., Shodiyeva M.A. Ona tili darslarida lingvistik tushunchalarni
o‘rgatishning ahamiyati. Pedagogik tadqiqotlar jurnali.- 2024, noyabr
6. Shodiyeva M.A. Boshlang‘ich sinf ona tili darslarida lingvistik tushunchalarni o‘rgatishning
nazariy asoslari “Globallashuv sharoitida ilm-fan muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy
konferensiya. – 2024
