JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 14, issue 02, 2025
ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431
ILMIY METODIK JURNAL
Gulhayo Ortiqova Isroilovna
ToshDO‘TAU tayanch doktoranti
DIKKENS IJODINING IJTIMOIY-TARIXIY KONTEKSTI VA ROMANLARIDA
BRITANIYA MADANIY O‘ZIGA XOSLIGINING AKS ETISHI
Annotatsiya:
Ushbu maqolada Charlz Dikkenz asarlaridagi ijtimoiy-tarixiy kontekst hamda
jamiyatdagi turli qatlamlarning madaniy o‘ziga xos jihatlari yoritib berilgan.
Annotation:
This article highlights the socio-historical context of Charles Dickens' works and
the cultural features of different strata of society.
Аннотация:
В статье рассматривается социально-исторический контекст произведений
Чарльза Диккенса и культурные особенности различных слоев общества.
Kalit so‘zlar:
jamiyat, madaniyat, qatlam, satira, tarjima, tanqid, ijtimoiy, sanoat.
Dikkens o‘z davrining eng mashhur romannavislaridan biri edi va hozirda ham kitobxonlar
tomonidan sevib o‘qiladigan ingliz mualliflaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ko‘pchilik buyuk
insonlar yoshligidan og‘ir hayotni ko‘rib voyaga yetishadi, shu singari Dikkens ham 12 yoshida
otasi qarzdorligi uchun qamalib ketgach, maktabni tashlab oyoq kiyimlar moylanadigan zavodda
ishlashga majbur bo‘ladi. Oilasi ham otasining oldiga qamoqqa jo‘natilgach, Dikkens juda ko‘p
qiyinchiliklarni boshdan kechiradi. Uning ko‘pgina kitoblaridagi qahramonlar hayoti o‘zining
hayotida bo‘lgan voqealarga asoslangan. Masalan, “Kichik Dorrit” asaridagi Emi Dorrit hikoyasi
Dikkensning otasini ko‘rgani qarzdorlar qamoqxonasiga borgandagi voqealardan olingan. Bir oz
muddatdan so‘ng Dikkensning otasi buvisidan qolgan meros hisobiga qarzlaridan qutuladi va
oila yana birgalikda erkinlikda yashay boshlashadi. Dikkens endi qiyinchiliklarim tugadi, deb
umid qiladi, chunki u ishlaydigan zavoddagi og’ir sharoitlar yosh bola uchun og‘irlik qilardi.
Ammo uning onasi Dikkensni darhol zavoddan ketishini xohlamaydi va yana ishga yuboradi. Bu
Dikkensga juda qattiq ta’sir qiladi va shundan ayollarga nisbatan qalbida isyon uyg’onadi.
Dikkens yana ishini davom ettirishga majbur bo‘ladi va yoshligidagi mashaqqatlarga to‘la bu
hayotini o‘zining “Devid Kopperfild” romanida qisman aks ettiradi. “Menga beriladigan hech
qanday yordam, hech qanday madad, hech qanday rag‘bat va taskin yo‘q edi”, deb eslaydi
Dikkens o‘sha kunlarni. [1]
Keyinchalik Dikkens Kamden shaharchasidagi akademiyaga o‘qishga yuboriladi, ammo u
yerda ta’lim tarbiyaning qoniqarsizligi tufayli 2 yil davomida, 15 yoshigacha o‘qiydi. U yerdagi
ta’lim tizimining achinarli ahvolini Dikkens “Devid Kopperfild”dagi Janob Kriklning maktabi
timsolida tasvirlagan. Maktabdan ketgach Dikkens bir nechta huquq idoralarida xodim bo‘lib
ishlagan va u yerdagi nohaqliklarni ham asarlarida aks ettirgan.
Dikkens o‘zi hayotlik davridayoq romanlari bilan butun dunyoga mashhur bo‘lgan. Dikkens
o‘zining asarlaridagi yumori bilan ham mashhur. Mana shu yumor orqali u jamiyatdagi illatlarni
fosh qilishga urinadi. Asarlarida kambag‘al ishchilarning og‘ir hayotlarini, qiyinchiliklarini
tasvirlaydi. Hattoki, kitobxonlar tomonidan “Dikkensian” atamasi yaratilib bu kambag‘al,
qashshoq yoki ba’zilar jirkanadigan insonlarni tasvirlashda ishlatilgan .[2]
1833-yilda Dikkens o‘zining birinchi hikoyasini “A dinner at Poplar walk” (Poplar
sayohatidagi tushlik) ni Londondagi oylik jurnalda chop ettiradi. 1836-yilda esa birinchi to‘plami
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 14, issue 02, 2025
ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431
ILMIY METODIK JURNAL
“Sketches by Boz” (Bozning chizgilari)ni chop ettiradi. “Boz” uning oilaviy taxallusi edi.[3]
Dikkensning adabiyot sohasidagi muvaffaqiyati 1836-yilda “Pikvik klubi maktublari”ni
(Pickwick papers) chop etish bilan boshlandi. Shundan so‘ng Dikkensning ham yozuvchilik
kasbida, ham jamiyatda mavqei ko‘tarila boshlaydi. Muharrirlardan biri John Sutherland bu
asarni “Viktoriya davrining eng muhim yagona romani” deb atagan .[4] Dikkens o‘z asarlarini
har kim o‘qiy olishi uchun ularni arzon muqovalarda ham chop ettirgan. Shuning uchun uning
asarlarini qirolicha Viktoriyadan tortib ko‘chadagi daydi kambag‘allarga qadar o‘qishga qurbi
yetgan va shu sababdan uning asarlari keng miqyosda tarqalgan. Keyingi mashhurlikka
yetaklagan asari “Oliver Twist” 1838-yilda chop etilgan va bu asar “Viktoriya davridagi bosh
qahramoni yosh bola bo‘lgan birinchi roman” bo‘lib tarixga kirgan.
Yozuvchi Oliver Tvist romanida Londonning jinoiy jamiyatini oddiygina qilib tasvirlaydi. Bu
jamiyat poytaxt hayotining ajralmas qismi deb hisoblangan. Yozuvchi o‘quvchiga bolalarning
ruhi jinoyatlarga moyil emasligi haqidagi asosiy fikrni yetkazishga harakat qiladi va buni
uddalaydi. Chunki bolalar ma’naviy poklikni aks ettiradi, deb hisoblaydi muallif. Ular shunchaki
zamon va jamiyatning qurbonlari edi. “Oliver Tvist”ning asosiy qismi shu g‘oyaga bag‘ishlangan.
Dikkensning eng qisqa romanlaridan biri bo‘lgan “Hard Times” nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, balki
falsafiy, ta’lim va sanoatga oid ko‘plab muammolarni ham yoritib beradi. Bu asarda yozuvchi
qahramonlarni ikki xil qarama-qarshi yondashuv asosida tasvirlaydi, ya’ni dunyoni o‘z ko‘zi
bilan ko‘rib tushunadigan shaxslar va dunyoni tasavvuri orqali idrok etadiganlar. Yuqori sinf
vakillarini birinchi turkumga, ishchilarni esa ikkinchisiga kiritadi. Asar qahramonlaridan
materializmning yorqin namoyondasi sifatida zavod xo‘jayini janob Baunderbay va faqat
faktlarga, nazariyalarga asoslanib ish ko‘radigan utilitar janob Gredgraynd hamda ularga
qarama-qarshi ravishda sirkchining qizi xayolparast Sissi Jup keltiriladi. Gredgraynd va
Bounderbay obrazlari orqali muallif industrial kapitalizmni qoralaydi. Bu tuzumda ishchilarga
nisbatan rahbarlarning xudbinligi va ishchilarning achinarli sharoitlari tabiiy holat sifatida
qaratiladi. Hattoki, ishchilarga nisbatan “Hands” deb murojaat qilishadi va ular qat’iy kun tartibi
hamda kuchli nazoratga muhtojligi aytib o‘tiladi. Moddiy jihatdan tashqari din orqali ham
ishchilarga ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lishadi. Ularning fikricha, ishchilarning barchasi yakshanba
kunlari cherkovga borishi kerak. Shu maqsadda parlamentda quyi palata tomonidan ishchilarni
yoppasiga majburan cherkovga jalb qilish bo‘yicha qonun loyihasi ham taklif qilishadi, ya’ni
ular din orqali ham ishchilarni nazoratda ushlab turishga harakat qilishadi.
Dikkens satiradan foydalanib jamiyat illatlarini mohirona fosh etadi. Buni Sissining
o‘qituvchiga bergan quyidagi javobida ko‘rish mumkin :
- “Mana tasavvur qil, bu sinf xonasi - bir millat. Endi bu millatda 50 million pul bor. 20-raqamli
qiz, aytchi, bu gullab yashnayotgan millatmi yoki og‘ir ahvoldagimi ?
- Men o‘ylashimcha, men toki o‘sha pul kimning qo‘lida ekanini bilmagunimcha aniq
aytolmayman.”
Mana shu bir jumla orqali Dikkens jamiyatda boylikning noto‘g‘ri, adolatsiz taqsimlanganiga
ishora qilib o‘tadi. Yana bir e’tiborli jihati o‘qituvchi Sissiga ismi bilan emas, raqami bilan
murojaat qilyapti. Chunki u qat’iy hisob-kitoblarga, faktlarga asoslangan Gredgraynd maktabida
o‘qiydi. Ular uchun o‘quvchilar ham bir inson emas, balki ma’lum bir raqamdagi obyektlardir.
Ishchilarning nazorati ularning bolalarining maktabidagi nazorati bilan davom ettiriladi. Bu
orqali Dikkens siyosat va ta’limga oid ideologiyalarning o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatadi. Dikkens
bu maktab orqali o‘sha davrdagi ta‘lim tizimini ham tanqid qiladi. Ta’lim faqat faktlarni yodlash
va aytib berishga asoslanib, bolalarni tasavvur, tafakkur qilishlariga umuman imkon berilmaydi.
Dikkens uchun tasavvur qilish insoniyatning eng muhim jihati hisoblangan.
JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 14, issue 02, 2025
ISSN: 2181-4341, IMPACT FACTOR ( RESEARCH BIB ) – 7,245, SJIF – 5,431
ILMIY METODIK JURNAL
Butun dunyo kitobxonlari uni yozuvchi sifatida tanisa, o‘z millatdoshlari uni “ijtimoiy
tanqidchi” sifatida ham bilishadi.[5] Chunki u hayoti davomida publitistik maqolalar yozib,
oddiy odamlarni himoya qilar, yuqori qatlamdagidalarni adolatsizliklari uchun qoralardi.
Shuningdek u jamoat ishlarida ham faol bo‘lgan, ya’ni u mamlakatida xalq kutubxonasi tashkil
qilgan, kasalxonalarga borib, bemor bolalarga yordam bergan. Shuning uchun inglizlar uni
nafaqat yozuvchi, balki o‘zlarining rahnamolari sifatida sevib hurmat qilishadi.
Xulosa qilib aytganda Dikkens nafaqat Angliya yoki Amerika, balki butun dunyodagi
kitobxonlarning eng ko‘p mehrini qozona olgan yozuvchidir. Amerikaliklar ham uni o‘zlarining
yozuvchilari hisoblab ardoqlashadi. Chunki uning kitoblari shunchaki o‘qilmadi, balki butun
dunyodagi jamiyatlar o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Oliver Tvist Angliyadagi “Zavod qonunlari”
(Factory Acts) va shu kabi bolalarni xo‘rlaydigan qonunlarni o‘zgartirilishiga sabab bo‘ldi.
Nikolas Niklbi esa qarovsiz bolalar jo‘natilib azob beriladigan shafqatsiz Yorkshayr maktablarini
yopilishiga turtki bo‘ldi. Kristmas qo‘shig‘i (Christmas carol) esa butun dunyo bo‘ylab saxovat,
xayr, ehson timsoliga aylandi. Ushbu asarini Dikkens Manchester ko‘chalaridagi qashshoqlikka
guvoh bo‘lgandan so‘ng yozadi va bu o‘sha paytda har bir kitobxonni jamiyatni qanday qilib
o‘zgartirish mumkinligini o‘ylashga majbur qilgan. Bu asar odamlarni Kristmas an’analarini
qayta tiklashga undagan. Bu asar orqali Dikkens insonlarni saxiy bo‘lishga, hech bo‘lmasa shu
bayramda kambag‘al oilalarning bolalariga quvonch ulashishga chorlaydi. “Kristmas qo‘shig‘i”
asari 1843-yilgacha chop etilmagan va o‘sha yildan beri hozirgacha bu asar butun dunyo bo‘ylab
namoyish etiladi. O‘sha yilning o‘zida bu asar Mumbaida musiqali tarzda kuylab berildi.
Londondagi Gayd Parkda amerikalik aktyorlar tomonidan o‘qib berildi va Chikagoda hip-hop
janrida qo‘shiq qilib kuylandi. Xullas Dikkenz butun dunyoning sevimli yozuvchisiga aylandi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Wilson Angus (1972) The World of Charles Dikkens. Penguin books. P61
2. Oxford Dictionary-Dickensian. Wayback Machine. Oxford University press. 2014
3.
Glancy Ruth (1999) Student companion to Charles Dickens. Westport,
Connecticut:Greenwood publishing company.2015 page6
4. Sutherland John. The Pickwick phenomenon. Cambridge University Press.2021
5. Flint Cate. Marlon James and Charles Dickens:Embrace the art, not the racist artist. The
economist. October 2015.
