Authors

  • O`rolova Dinora

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.jnci.93481

Keywords:

Kalit so`zlar: “Baxtli Shahzoda” yaxshilik baxt boylik jamiyat va davr siyosiy tuzum.

Abstract

Annotatsiya: Maqolada mashhur yozuvchi Oskar Uayldning “Baxtli shahzoda” ertagi o`qib tahlil qilindi. Unda haqiqiy baxt nima ekanligi, sof insoniy tuyg`ular, do`stlik, sevgi-muhabbat, yaxshilik kabi fazilatlar o`rganib chiqildi. Shu bilan birga yozuvchi ertak orqali davr haqida nimalarni ochib bergani tahlilga tortildi.


background image

JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS

https://scientific-jl.com/new

Volume–74_Issue-2_April-2025

82

82

BAXTLI SHAHZODA NEGA BAXTLI EDI?

O`rolova Dinora

Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi

10-sinf o`quvchisi

Annotatsiya:

Maqolada mashhur yozuvchi Oskar Uayldning “Baxtli shahzoda”

ertagi o`qib tahlil qilindi. Unda haqiqiy baxt nima ekanligi, sof insoniy tuyg`ular,
do`stlik, sevgi-muhabbat, yaxshilik kabi fazilatlar o`rganib chiqildi. Shu bilan birga
yozuvchi ertak orqali davr haqida nimalarni ochib bergani tahlilga tortildi.

Kalit so`zlar:

“Baxtli Shahzoda”, yaxshilik, baxt, boylik, jamiyat va davr, siyosiy

tuzum.


Ertaklar yaxshilikka yetaklar. To`g`ri, bir necha yillar avval ertak o`qishni juda

yaxshi ko`rardim. Biroq keyinchalik katta asarlarni o`qishni boshlaganimda ertaklar
men uchun qiziq bo`lmay qoldi. Shunday qilib, ertak o`qimaganimga ancha bo`lgandi.
Bir kun o`zining she’rlari va nasriy asarlaridan tashqari ajoyib uslubda yozilgan
ertaklari bilan ham mashhur bo`lgan yozuvchi Oskar Uayldning “Baxtli shahzoda”
ertagi qo`limga tushib qoldi. Uni o`qiganimda o`ziga xos samimiylik bilan yozilgan bu
ertak nafaqat bolalarga, balki kattalarga ham birdek ta’sirli va qiziqarli ekanini
tushundim va bu menda o`zgacha taassurot qoldirdi.

Ertak haqida qisqacha bayon qiladigan bo`lsam, u shahar o`rtasida bunyod

qilingan baxtli shahzoda haykali tasviri bilan boshlanadi. Haykal hamma yog`i oltin
bilan qoplangan edi va shaharchadagi hamma insonlar ushbu haykalga havas qilar va
undan ilhomlanishardi. Kunlar soviy boshlaganda qamishga oshiq bo`lib Misrga uchib
ketayotgan do`stlaridan qolib ketgan bir qaldirg`och vaqt o`tib undan zerikishni
boshlaydi va uni sevmasligini anglab yetadi. Misrga qarab yo`lga chiqqan qaldirg`och
yo`lda bir shaharda to`xtaydi va u yerdagi Baxtli Shahzoda haykalini makon tutib u
bilan do`stlashadi. Haykal qaldirg`ochdan bir kecha qolishini iltimos qiladi va uning
yordamida ko`plab odamlarga o`zining qimmatbaho a’zolari orqali yordam beradi.
So`ng qaldirg`och ham ketish fikridan qaytadi va haykal bilan birga qoladi. Ammo u
qishning sovug`iga bardosh berolmay bir kuni jon beradi. Qaldirg`och o`lganida Baxtli
Shahzodaning ham qalaydan yasalgan yuragi ikkiga bo`linib ketadi. Qimmatbaho
toshlari va oltinlari bilan birga avvalgi husnini ham yo`qotgan haykal shahar hokimi
tomonidan buzib tashlanadi va boshqa haykal qurishga qaror qilishadi.

Ertakning bosh maqsadi insonlarni yaxshilik qilishga undash bo`lsa-da, unda

jamiyatdagi ko`plab illatlar tanqid ostiga olingan. Shu bilan birga, yozuvchi ertakda
XIX-XX asrlarda Buyuk Britaniya tarkibiga kirgan Irlandiyadagi siyosiy tuzum hamda
ijtimoiy ahvolni ham qalamga olgan. Yozuvchining bermoqchi bo`lgan g`oyalaridan


background image

JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS

https://scientific-jl.com/new

Volume–74_Issue-2_April-2025

83

83

biri insonlar baxtni boylik, o`yin-kulgudan iborat deb o`ylashlari edi. Buni “hayotdan
alamzada bo`lgan bir odam”ning nutqida ko`rishimiz mumkin: “Qarang-a, dunyoda
to‘la baxtga erishgan kimsa ham bor ekan, bu juda quvonarli hol!”

1

Uning istehzo va

alam bilan aytgan ushbu gaplari jamiyatdagi ko`pchilik insonlar baxtsiz ekanligiga
ishoradek go`yo. U bu gaplarni faqatgina Shahzodaning oltin bilan qoplangan gavdasi,
zabarjaddan qilingan ko`zlari va qilichidagi qimmatbaho la`lga qarab aytgan edi. O’zi
Baxtli Shahzoda rostdan ham baxtlimidi? Bunga qahramonning o`zi shunday javob
beradi: “Chindan ham baxtli edim, agar baxt o‘yin-kulgidangina iborat bo‘lsa, albatta”.
Shahzoda tiriklik vaqtida saroyda yashab vaqtini o`yin-kulgi bilan o`tkazar va
atrofidagi narsalarning hammasi go`zal edi u uchun. O`zi bu haqda: “Bog‘ni baland
devorlar o‘rab turardi; uning ortida nimalar borligini so‘rash esa xayolimga ham
kelmasdi”.-deydi. Demak, u shunchaki o`zining muammolarsiz hayoti bilan ovvora
bo`lib atrofidagi, tashqi olamdagi insonlarning g`am-anduhli hayotidan bexabar qolgan
edi. Bu bilan yozuvchi kayf-u safoga berilgan, o`z saroylarida faqat o`yin-kulgu,
hashamdorlik bilan ovora bo`lib oddiy xalq hayoti bilan qiziqmaydigan, hatto
devorning ortida nima borligini xayoliga ham keltirmaydigan qirollarni tanqid qilgan.
“Mana, endi o‘lganimdan so‘ng, meni shunday yuksak joyga o‘rnatishdiki, bu yerdan
turib shahrimning hamma g‘urbat va ayanchlarini yaqqol ko‘rib turibman va garchi
yuragim endi qalaydan bo‘lsa ham, yoshimni tiyib turolmayapman”. Yozuvchi
ertakdagi qahramonlarning xarakteri, ularning ichki dunyosini qahramon nutqi orqali
ochib beradi. Baxtli Shahzodaning yuqoridagi nutqida ham uning sof va ezguliklarga
to`la qalbi, beg`ubor va insoniylikka to`la xarakteri yaqqol aks etadi. Baxtli Shahzoda
shunday fazilatlarga ega ekan, endi ertakning yana bir bosh qahramoni qaldirg`och
qanday obraz edi? Dastavval, u go`zal kapalakning ortidan quvlab bir qamishzorga
duch kelib qoladi va bir qamishga oshiq bo`ladi. Shu qamishzor bilan ovunib
to`dasidan ham qolib ketadi. Shu yerda Qaldirg`ochning go`zallikka, tashqi qiyofaga
oshnoligi seziladi. Uning shaharga kelganida aynan oltin haykalni o`ziga boshpana
qilib tanlashi ham buni isbotlaydi. Xatto uning: “Meni kutib olish uchun shaharda
tayyorgarlik ko‘rilgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim”.-degan gaplaridan uning
xarakterida birozgina manmanlikni ham ko`rishimiz mumkin. Keyin esa u Shahzoda
bilan yaqindan tanishib oladi. Shahzodaning uning vositachiligida qilgan yaxshiligi
qaldirg`ochning qalbiga iliqlik baxsh etgan edi. Ma’lumki, ko`plab qushlar qish
kelganida sovuqqa bardoshsizligi tufayli issiq o`lkalarga uchib ketadi. Qaldirg`och esa
hali ham shu yerda qolib ketgandi va uning sovuqqa chidashi qiyin bo`layotgandi.
Uning qilgan yaxshiligi esa unga harorat bag`ishladi:

“– Qizig‘i shundaki, – dedi u so‘zining oxirida, – ayozligiga qaramay, endi

sovqotmayapman.
– Chunki sen savobli ish qilding-da! – deb tushuntirdi unga Shahzoda”.

1

Oskar Uayld. “Baxtli shahzoda. Ingliz ertaklari”,- “Namangan”, 2011-B:85


background image

JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS

https://scientific-jl.com/new

Volume–74_Issue-2_April-2025

84

84

Shu voqeadan so`ng qaldirg`och Misrga ketishga qaror qiladi. Biroq uning qalbida

uyg`ongan yaxshilik qilishga bo`lgan ishtiyoq sabab u Shahzodaning keyingi
iltimoslarini ham rad qilolmaydi. Baxtli Shahzodaning qalbidagi ezgulik esa uni doim
yaxshilik qilishga undardi. U bu uchun ko`zlaridan, o`zidagi jamiki qimmatbaho
narsalardan osonlikcha kecha olardi. Qaldirg`ochning unga achinib to`kkan
ko`zyoshlari hech ham kor qilmasdi. Mening fikrimcha, Baxtli Shahzoda odamlarga
yordam bera olgani uchun ham baxtli edi. U o`sha chevar va uning farzandini, yosh
nochor yigitni, bechora gugurtfurush qizni va qorinlari och qolgan bir qancha bolalarni
baxtli qila olgani uchun ham baxtli edi. Biroq ko`p o`tmay qaldirg`ochning umri yakun
topadi. U ezgulik yo`lida qurbon bo`lgan edi. U ko`zlaridan ayrilgan haykal do`stini
yolg`iz qoldirmaslik uchun ham ketmagan edi. Uning o`limiga chidolmagan
haykalning esa qalaydan yasalgan bo`lsa ham yuragi ikkiga bo`linib ketdi.

Ertakdagi ba’zi obrazlar orqali jamiyat ham qoralangan. Masalan, ertak boshida

“o`zini g`oyat omilkor deb biladigan” Shahar Maslahatchisi o`zining gap so`zlari bilan
tezda o`quvchining e’tiborini tortadi, biroq u avvaliga biroz mavhumligicha qoladi.
Asar so`ngida esa ijodkor maslahatchi va hokimga yana bir bor murojaat qilganida biz
bu obrazni nima uchun qo`shganini to`liq anglab yetamiz va bu bilan ilgari surmoqchi
bo`lgan g`oyasi ham bizga to`laligicha ayon bo`ladi. Hech qanday qimmatbaho
toshlarsiz qolgan haykal qora rangga kiradi. Aslida, yuragi parchalangandan so`ng
uning tanasini tark etgan ruhi haykalning jozibasini yo`qotgan edi. Endi hech kimga
qizig`i qolmagan haykal shahar hokimi tomonidan olib tashlanadi. Shu joyda
amaldorlar qattiq tanqid ostiga olingan:

“– Undan yangi haykal yasash lozim va u, albatta, mening haykalim

bo‘lishi kerak! – deb taklif kiritdi Hokim.” va yana:

“– Oyog‘ining ostida esa qandaydir o‘lgan qush yotibdi, – so‘zida

davom etdi Hokim. – Darhol qushlarning bu yerda o‘lishlari qat’iyan
man qilinadi, degan qaror chiqarishimiz lozim”. Bunday ahmoqona qonunlar, albatta,
hokimning salohiyatini baholab beradi. Tashqi go`zallik, yuzakilik, dabdaba u uchun
juda ahamiyatli, boshqa holat uni qiziqtirmaydi. U va unga o`xshash
maslahatchilarning beparvoligi, mas’uliyatsizligi oqibatida xalqning ahvoli ayanchli
holga kelgan edi. Shu bilan birga hokimning har bir gapiga so`zsiz itoat qiladigan va
umuman shaxsiy fikrga ega bo`lmagan shahar maslahatchilarining hokimning “mening
haykalim bo`ladi”degan gaplarini xuddi o`ziday takrorlashlari va bundan oralarida
janjal chiqishi bilan amaldorlarning ish-faoliyati achchiq kulgi ostida tanqid qilinadi.
Nafaqat amaldorlar, balki “Estetika Professori”ning: “U endi go`zallikdan butunlay
mahrum!”- degan gapi timsolida hatto ilm ulashuvchi professorlarning o`zlari ham
go`zallikdan mahrum ekanligi bilan butun jamiyatdagi insonlarning sof tuyg`ularni
anglash va his qilishga bo`lgan muhtojligi ochib berilgan.

Ertakning eng ta’sirli joyi oxiri deb ayta olamiz. Eskirgan haykalni eritib


background image

JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS

https://scientific-jl.com/new

Volume–74_Issue-2_April-2025

85

85

yangisini yasamoqchi bo`lisharkan undagi singan qalayni erita olishmaydi. Natijada
uni keraksiz buyum hisoblab chiqindiga, o`lik qaldirg`ochning jasadi yoniga
uloqtirishadi. Ha, balki, insonlar orasida mana shunday ezgulik va insoniylik bilan
sug`orilgan qalblar chiqindiga tengdir, ammo ularning hayotda qilgan yaxshiliklari,
savob amallari uchun Xudoning oldida maqomi balanddir.

Mansab, boylik, shuhrat, o`yin-kulgu baxt bo`la olmasligi, bulardan Shahzoda

ham haqiqiy baxtni topa olmaganligi, baxt aslida o`zingdagi eng sara narsalarni
boshqalar bilan bo`lishish, insonlarning og`irini yengil qilishga imkoniyating
bo`lishida ekanligini “Baxtli Shahzoda” asari orqali anglab yetishimiz mumkin. Bir
qarashdan sodda, an’anaviy ertaklarga o`xshab ko`rinadigan shu qisqa ertakka
shuncha ma’no sig`dira olgani uchun yozuvchiga qoyil qolmasdan iloj yo`q.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

1.

Oskar Uayld. “Baxtli shahzoda. Ingliz ertaklari”,- “Namangan”, 2011

2.

Hacer Aktas. “Mutlu Prens”,-

https://www.izedebiyat.com/

, 30-Haziran, 2011

References

Oskar Uayld. “Baxtli shahzoda. Ingliz ertaklari”,- “Namangan”, 2011

Hacer Aktas. “Mutlu Prens”,- https://www.izedebiyat.com/, 30-Haziran, 2011