JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS
Volume–74_Issue-2_April-2025
52
52
YANGI O‘ZBEKISTONDA INSON HUQUQLARINING KAFOLATLANISHI:
MODERNIZATSIYA VA XALQARO TAJRIBALAR
Ismatov Shohruhbek Murod o‘g‘li
Buxoro davlat pedagogika instituti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi
O‘rinov O‘tkirbek Nodir o‘g‘li
Buxoro davlat pedagogika instituti 4-bosqich talabasi
Annotatsiya.
Jamiyatni demokratlashtirish va huquqiy davlat barpo etish
jarayon-lari inson huquq va erkinliklarini rivojlantirish bilan uzviy bog‘liqdir.
O‘zbekiston Respublikasining o‘z oldiga qo‘ygan taraqqiyot strategiyalarida inson
huquqlarini ta’minlash borasida qator vazifalar mustahkamlab qo‘yilgan. Ushbu
maqolada O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlarini ta’minlash borasidagi
islohotlar mazmuni yoritilgan.
Kalit so‘zlar:
strategiya, inson huquqlari, erkinlik, burch, shaxsiy huquqlar, ijti-
moiy huquqlar, madaniy huquqlar, siyosiy huquqlar
KIRISH
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar davlat va jamiyat
boshqaruv tizimidagi yondashuvni va faoliyat tamoyillarini tubdan o‘zgartirishga,
O‘zbekistonda “inson-jamiyat-davlat” tamoyiliga amal qilishga qaratilgan. Yaqin
yillarga qadar O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish borasida xalqaro
tashkilotlar tomonidan tanqidlarga uchrar edi. So‘nggi yillardagi islohotlar natijasida,
yurtimizda inson huquqlarini ta’minlash borasida ancha o‘sishlarga erishmoqdamiz.
Jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yurtimizda inklyuziv ta’lim joriy
etilganligi, ayollar va bolalar zo‘ravonligini olish maqsadida himoya orderi joriy
etilganligi, 2024-yil 3-dekabrdan yurtimizda inson huquqlarini himoya qilish
maqsadida “Inson huquqlari uyi” faoliyatini boshlashi yurtimizda inson huquqlarining
himoyalanishi va kafolatlanishining yaqqol dalilidir.
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 28.01.2022-yildagi “2022-2026
yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi
PF-60-sonli farmonida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.09.2023-yilda-gi
“O‘zbekiston-2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-158-son farmonida va yangi
tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlarini himoya qilish
borasida bir qator vazifalar belgilangan. Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining 22.06.2020-yildagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘z-
bekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-6012-sonli
farmoni inson huquqlarini ta’minlash borasidagi eng muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS
Volume–74_Issue-2_April-2025
53
53
NATIJALAR
So‘nggi yillarda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-
huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy
qonunchilikda amalga oshirish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, inson
huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni
faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda davlatimiz inson
huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan, Birlashgan Millatlar
Tashkilotining 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgan bo‘lib,
ularning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va
shartnomaviy qo‘mitalariga muntazam ravishda milliy ma’ruzalarni taqdim etib
kelmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha BMTning Oliy
komissari boshqarmasiga a’zo bo‘lganligi inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha
xalqaro talablarni bajarishga sidqidildan kirishganligini ko‘rsatadi. O‘zbekiston
xalqaro normalarga muvofiq, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari
ta’limi sohasidagi Butunjahon dasturida faol ishtirok etib kelyapti.
Bugun yurtimizda “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida inson huquqlarini
himoya qilish borasida bir qator qarorlar va farmonlar qabul qilinmoqda. Jumladan,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 28.01.2022-yildagi “2022-2026 yillarga
mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-
sonli farmonining 14-maqsadi – Qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy qonuniylikni
ta’minlash hamda inson qadrini ushbu jarayonning bosh mezoni sifatida belgilash deb
olingan. Ushbu maqsad yo‘lida huquqshunoslar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar
tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu strategiyaning 20-maqsadi –
Faol fuqarolik jamiyatini rivojlantirish hamda fuqarolar o‘rtasida qonunga hurmat va
itoat qilish hissini shakllantirish deb nomlanadi. Bugun jamiyatimizda insonlar
o‘rtasida huquqiy savodxonlik va huquqiy madaniyatni shakllantirish borasida turli
so‘rovnomalar, suhbatlar o‘tkazilmoqda. Turli ijtimoiy tarmoqlarda qonunni bilmaslik,
uni inkor etish, huquqiy nigilizmni oldini olish maqsadida yurtimizda huquqiy
madaniyat darajasini oshirishga harakat qilinmoqda. Faol fuqarolik jamiyatini qurish
yo‘lida fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, huquqshunoslar,
keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etmoqda hamda oila-mahalla-ta’lim
muassasasi hamkorligi yanada rivojlanmoqda.
Inson huquqlarini himoya qilish borasidagi qoidalar ko‘plab mamlakat
Konstitutsiyalarida o‘z aksini topgan. Jumladan, 2013-yilda qabul qilingan Vyetnam
Sotsialistik Respublikasi Konstitutsiyasining 2-bobi – inson huquqlari, asosiy fuqarolik
huquqlari va fuqarolik majburiyatlariga, Filippin Konstitutsiyasi-ning 13-moddasi
ijtimoiy adolat va inson huquqlari masalasiga, Sloveniya Kons-titutsiyasining 2-bobi –
Inson huquqlari va asosiy erkinliklariga bag‘ishlangan. Mongoliya Konstitutsiyasining
2-bobi inson huquqlariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda so‘z, din, vijdon erkinligi,
JOURNAL OF NEW CENTURY INNOVATIONS
Volume–74_Issue-2_April-2025
54
54
matbuot erkinligi, saylovlarda ovoz berish huquqi, qonun oldida tenglik, sog‘liqni
saqlash, ta’lim va intellektual mulk huquqi, shuningdek, fuqaroning majburiyatlari,
jumladan, soliq to‘lash va qurolli kuchlarda xizmat qilish sanab o‘tilgan. 2014-yil may
oyida Norvegiya Konstitutsiyasida, 1998-yil Latviya Konstitutsiyasida inson huquqlari
haqida bo‘lim qo‘shiladi.
XULOSA
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga inson shaxsiy huquqlari himoyasiga oid qator
progressiv kafolatlar kiritildi, ularning zaminida inson huquq va erkinliklari ustuvorligi
— huquqiy davlatning oliy maqsadi, deb e’tirof etilishi g‘oyasi yotadi. Aynan mana
shu yondashuv asosida Konstitutsiyada inson huquqlariga oid normalar 3,5 baravardan
ziyodga oshdi. Muhimi, inson huquq va erkinliklari qonunlarimizning, har bir davlat
idorasi faoliyatining mazmuniga aylanishi qat’iy talab sifatida mustahkamlandi. Ya’ni
endilikda davlat organlari va mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolarning
manfaatlarini ko‘zlab faoliyat ko‘rsatishiga konstitutsiyaviy asos belgilandi.
Hozirda O‘zbekistonda shaxs erkinligi va daxlsizligi ustuvorligi “Inson qadri
uchun” tamoyili asosida davlat siyosati darajasida e’tirof etilgan bir vaqtda insonning
sha’ni va qadr-qimmatini poymol qilishning eng og‘ir ko‘rinishlaridan biri —
qiynoqqa solish faktlarining hali-hanuz jamiyatimizda mavjudligi mutlaqo yo‘l ko‘yib
bo‘lmas holdir. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “amalga oshirilayotgan
barcha islohotlarimiz markazida inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu g‘oya
mujassam. Chunki bizning muqaddas dinimizda ham, buyuk allomalarimiz boy ilmiy
va ma’naviy merosida ham, inson — hayot gavhari, tengsiz mo‘jiza sifatida
ulug‘lanadi. Inson — davlat va jamiyat uchun maqsadga erishish vositasi emas,
aksincha, ana shu maqsadning bosh mazmuni va manbai hamda eng oliy qadriyat
bo‘lishi lozim. Biz barpo etayotgan yangi O‘zbekiston uchun inson qadri va xalq
manfaati hamma narsadan ustundir”.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 28.01.2022-yildagi “2022-2026
yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi
PF-60-sonli farmoni.
2.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.09.2023-yilda-gi “O‘zbekiston-
2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-158-son farmoni.
3.O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 22.06.2020-yildagi “Inson huquqlari
bo‘yicha O‘z-bekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘-risida”gi
PF-6012-sonli farmoni.
4.O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. 2023-yil 1-may.
5.Sh.Zokirov. Dunyo mamlakatlarining asosiy qonun hujjatlari. Toshkent-2022,
84-bet