MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-29
Часть–1_Июль –2025
174
MAHMUDXOʻJA BEHBUDIY: TURKISTON JADIDCHILIK
HARAKATINING YOʻLBOSHCHISI
Abdualiyeva Jasmina Abduqaxxor qizi
CHDPU Pedagogika fakulteti Pedagogika yo‘nalishi 3-bosqichi talabasi
Annotatsiya : Ushbu maqola Mahmudxo‘ja Behbudiy ijodiga va uning
Turkiston jadidchilik harakatidagi o‘rniga bag‘ishlangan. Maqolada Behbudiy
tomonidan amalga oshirilgan ta’lim islohotlari, muhim asarlarning mazmuni va
kerakli g‘oyalar tahlil qilinadi. Shuningdek, uning adabiy merosi, milliy qadriyatlar
va madaniyatni rivojlantirishdagi o‘rni haqida fikrlar bayon etiladi.
Kalit so‘zlar: Mahmudxo‘ja Behbudiy, jadidchilik harakati, milliy ma’rifat,
ta’lim islohotlari, o‘zbek adabiyoti, madaniyat.
Annotation. This article is dedicated to the literary work of Mahmudkhoja
Behbudiy and his role in the Turkistan Jadidism movement. The article analyzes the
educational reforms implemented by Behbudiy, the content of significant works, and
essential ideas. It also presents thoughts on his literary legacy and his contribution
to the development of national values and culture.
Keywords: Mahmudkhoja Behbudiy, Jadidism movement, national
enlightenment, educational reforms, uzbek literature, culture
Turkiston jadidchiligining asoschisi, jamoat va davlat arbobi, ma’rifatparvar
ijodkor, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zbek millati tarixida ma’naviy
jasorat sohibi sifatida o‘chmas iz qoldirgan. Uning ma’rifatparvarlik va ma’naviyat
targ‘ibotchisi sifatidagi g‘oyaviy qarashlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini
yo‘qotgani yo‘q. Behbudiyning nihoyatda murakkab davrda kechgan mashaqqatli
hayot yo‘li, siyosiy, ilmiy, ijodiy faoliyati g‘oyat keng, sermazmun va serqirra. Zero,
u milliy ozodlik harakatining buyuk namoyandasi sifatida ilm-fan, ta’lim va tarbiya,
adabiyot va san’at, matbuot sohalarini rivojlantirish yo‘lida o‘z hayotini baxsh etdi.
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-29
Часть–1_Июль –2025
175
Mahmudxoʻja Behbudiy 1875-yilning 19-yanvarida (hijriy 1291 10-zulhijja)
Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlogʻida ruhoniy oilasida dunyoga kelgan.
Otasi Behbudxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli Turkistonlik, Ahmad Yassaviyning
avlodlaridan, ona tomondan bobosi Niyozxoʻja Urganchlik boʻlib, amir Shohmurod
zamonida (1780 – 1785) Samarqandga kelib qolgan. U dastlab Samarqand
madrasasida, soʻngroq Buxoroda yaxshigina tahsil koʻrgan. Anʼanaviy tahsil, soʻng
esa oʻz ustida qunt va sabot bilan ishlash orqali u shariatning yuksak maqomlari –
qozi, mufti darajasigacha koʻtariladi. 1899-1900-yillarda Behbudiy buxorolik doʻsti
Hoji Baqo bilan haj safariga chiqadi. Behbudiy safar chogʻida koʻp ajobiy
xodisalarga guvoh boʻldi. Xususan safarda u yangi maktab haqidagi qarashlarini
mustahkamlaydi. Uning tashabbusi va gʻayrati bilan 1903-yilda Samarqand
atrofidagi Halvoyi (S. Siddiqiy), Rajabamin (A. Shakuriy) qishloqlarida yangi
maktablar tashkil topadi. Adib ushbu maktablar uchun darsliklar tuzishga kirishadi.
Ketma-ket uning «Risolai asbobi savod» (1904), «Risolai jugʻrofiyai umroniy»
(1905), «Risolai jugʻrofiyai Rusiy» (1905), «Kitobat-ul atfol» (1908), “Amaliyoti
islom” (1908), “Tarixi islom” (1909) kabi kitoblari paydo boʻladi. Mahmudxoʻja
1903-1904-yillarda Moskva, Peterburgga boradi, 1906-yilda Qozon, Ufa, Nijniy
Novgorodda boʻladi. Bular sayohat emas, xizmat safari edi. Masalan, Nijniy
Novgorodda 1906-yilning 23-avgustida Rusiya musulmonlarining turmush va
madaniyati muammolariga bagʻishlangan qurultoy chaqiriladi. Behbudiy bu
qurultoyda Turkistonlilar guruhini boshqaradi va katta nutq soʻzlaydi.
Behbudiy nazarida maʼrifat uchun birgina maktab kifoya qilmasdi. Zamon
va dunyo voqealari bilan tanishib bormoq, millat va Vatanning ahvolidan, kundalik
hayotidan ogoh boʻlmoq kerak edi. Binobarin, millat uchun shunday oyna kerak
ediki, unda u oʻz qabohatini ham, malohatini ham koʻra olsin. Mana shu ehtiyoj va
zarurat Behbudiyni teatr va matbuot sari boshladi. “Padarkush” shu tariqa maydonga
keldi. Xullas, 1911-yilda yozilgan “Padarkush” dramasi 1913-yildagina bosilib
chiqadi. Kitob jildidagi «Borodino jangi va Rusiyaning fransuzlar bosqinidan xalos
boʻlishining yubiley sanasiga bagʻishlanadi», degan yozuv va uning Tiflis
senzurasining ruxsati bilan chop etilishi shuni koʻrsatadiki, ish oson koʻchmagan.
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-29
Часть–1_Июль –2025
176
Pyesa bosilib chiqqandan keyin ham uni sahnaga qoʻyish uchun yaqin bir yil vaqt
ketdi. Muallif bu haqdagi xatlarga javoban kinoyaomuz: “Turkistonda bekor odam
yoʻqki, xalq uchun ishlasa. Bekor kishi yoʻqki, teatru sahnasiga chiqib,
“masxarabozlik” qilsa”, deb yozgan edi.
“Padarkush” – oʻzbek dramachiligining hamma yakdil eʼtirof etgan birinchi
namunasidir. Mutaxassislar uni ham janr, ham mazmuniga koʻra yangi oʻzbek
adabiyotini boshlab bergan bir asar sifatida baholaydilar. Muallif “Milliy fojia”
atagan, 3 parda 4 manzarali bu drama hajman juda ixcham, mazmunan nihoyatda
sodda va joʻn. U jaholat va nodonlik, oʻqimagan bolaning buzuq yoʻllarga kirib, oʻz
otasini oʻldirgani haqida hikoya qiladi. Orqa-oldini oʻylamagan boyning Toshmurod
ismli oʻgʻli bor. Oʻgʻli oʻqimagan. Boy atrofdagilarning gapiga kirmaydi, oʻgʻlini
oʻqitmaydi, oqibatda u koʻcha bezorilariga qoʻshiladi. Restoranda maishatga puli
yetmay, sheriklarini tunda uyiga boshlab keladi. Boy uygʻonib, ularni sezib qoladi.
Lekin boyni oʻldirib, pulini olib ketadilar.
Xulosa: jaholat va nodonlik otaning ham, bolaning ham boshiga yetadi. Agar
butun millat shu ahvolga tushsachi?!.. “Padarkush” dastlab Samarqandda 1914-
yilning 15-yanvarida sahnaga qoʻyildi. “Xalq nihoyat koʻp kelib, bilet yetmagani va
joyni yoʻqligi uchun uch-toʻrt yuz kishi qaytib ketdi”, deb yozadi mahalliy matbuot.
Toshkentda 1914-yilning 27-fevralida Avloniyning “Turon” truppasi Kolizey
(hozirgi Savdo birjasi binosi)da oʻz faoliyatini mana shu “Padarkush” bilan
boshlagan edi. Spektakl oldidan mashhur Munavvar qori teatrning jamiyat
hayotidagi roli va oʻrni haqida nutq soʻzlaydi. Boy rolini Abdulla Avloniyning oʻzi
ijro etadi. Mahalliy matbuot bu kunni “tarixiy kun” deb yozadi.
1913-yildan Behbudiy matbuot ishlari bilan shugʻullanadi. Aprel oyidan
“Samarqand” gazetasini chiqaradi. Gazeta turkiy va forsiy tillarda, haftada ikki
marta, dastlab ikki, soʻng toʻrt sahifada chop etilgan. 45 ta sonidan keyin moddiy
tanqislik tufayli chiqishi toʻxtagan. Oʻsha yilning 20 avgustidan u “Oyna” jurnalini
chiqara boshlaydi. Bu suratli haftalik jurnal asosan oʻzbek tilida boʻlib, unda ixcham
forsiy sheʼrlar, maqolalar, ruscha eʼlonlar ham berib borilardi…
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-29
Часть–1_Июль –2025
177
“Boshda haftada bir marta va ikkinchi yildan eʼtiboran 15 kunda bir qatla
chiqib, yigirma oy chamasi davom qildi… Kavkaz, Tatariston, Eron, Afgʻoniston,
Hindiston va Turkiyagacha tarqalar edi… Jadidlarning sevikli jurnallari edi”.
Behbudiy shu yillari nashr ishlari bilan qizgʻin shugʻullandi. «Nashriyoti
Behbudiya» nomi bilan oʻz xususiy nashriyotini ochdi. Fitratning “Bayonoti sayyohi
hindi” asarini 1913-yilda ruschaga tarjima qildirib, nashr etdi. Turkiston xaritasini
tuzib, bosmadan chiqardi. Kutubxonani yoʻlga qoʻydi. Oʻsha davr vaqtli matbuotida
“Behbudiy kutubxonasi” haqidagi xabarlar chiqa boshlangan edi.
M.Behbudiy milliy til masalasiga katta eʼtibor qaratdi. Birgina uning “Oyna”
jurnali maʼrifat va madaniyat tarqatishda juda katta xizmat qildi. Unda millat va
uning haq-huquqiga, tarixiga til-adabiyot masalalariga, dunyo ahvoliga doir qiziqarli
maqolalar, bahslar berib borilgan. Ayniqsa, til masalalari muharrirning hamisha
diqqat markazida boʻlgan. Behbudiy millatning taraqqiyoti uchun bir necha til
bilishni shart hisoblardi. Masalan, jurnalning 1913-yil avgust, birinchi – nishona
sonidayoq, “Ikki emas, toʻrt til lozim” degan maqola bilan chiqqan edi.
Fitratning jurnalda bosilgan maqolalaridan biri «Himmat va saboti
boʻlmagan millatning haqqi hayoti yoʻqdur», deb nomlangan. «Tushundigim zamon
koʻnglum yonar, yigʻlamoq istarman, koʻz yoshlarim kelmaydur», deb boshlanar edi
maqola. Adib taraqqiyot va turmushda Ovroʻpodan yer va osmon qadar uzilib
qolgan Turkistonning fojiali ahvolidan soʻz ochgan edi. (1915-y. 7-son). “S.A.”
imzoli kishining “Har millat oʻz tili ila faxr etar” (1914-y. 35-son) maqolasida
boshqa tillarni oʻrganish qatorida har bir millat oʻz tilining muhofazasi bilan
shugʻullanishi shart, degan fikr juda koʻp dalillar bilan isbot qilib beriladi. “
Agarda
til va adabiyotimizni muhofaza qilmay, anga ajnabiy lugʻat va soʻzlarni qoʻsha
bersak, biroz zamonda til va milliyatimizni yoʻqoturmiz. Milliyatimizni yoʻqotganda
diyonatimiz oʻz-oʻzi ila albatta, yoʻqolur”, deb yozadi muallif va «Bas, bizgʻa
tilimizni ajnabiy soʻzlardan muhofaza qilmoqlik eng birinchi muhim bir
vazifadur»,
deb xulosa chiqaradi. Jurnalning 1915-yil 11-12-sonlarida bosilgan
Behbudiyning “Til masalasi” maqolasida tillarning oʻzaro munosabati haqidagi bahs
davom etadi. Ulugʻ maʼrifatchi tillarning bir-biridan oʻrinli lugʻat olishini tabiiy
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-29
Часть–1_Июль –2025
178
jarayon deb qaraydi. Eng boy tillardan boʻlgan inglizchaning ham “oʻn minglar ila
begona lugʻatlarni majburan olganligini” dalil qilib koʻrsatadi va masalaning boshqa
jihatiga – yagona adabiy til, til birligiga diqqatni qaratadi.
Mustamlakachilar “50 yil ilm-maʼrifatdan chetda saqlab kelgan”lari
(Kuropatkin) Turkistonni osonlik bilan qoʻldan chiqarmas edilar. Fitna va igʻvo
tinimsiz davom etardi. Shundaylardan biri 1917-yilning bahorida Buxoroda yuz
bergan edi. Amir fevral oʻzgarishlarini hisobga olib, rus elchixonasining maslahati
bilan islohot eʼlon qiladigan boʻladi. Va bu farmonni ushbu elchixonaning boshligʻi
janob Miller tayyorlaydi. Har xil anglashilmovchiliklarning oldini olish maqsadida
sobiq general-gubernator, endilikda Rusiya Muvaqqat hukumatining Turkiston
komissari Kuropatkin topshirigʻiga koʻra Samarqand ijroiya qoʻmitasi Buxoroga bir
necha kishilik hayʼat yubordi. Ular orasida Behbudiy ham bor edi. 7-aprel islohot
eʼloni oldindan moʻljallanganidek tantanaga, tantana esa fojiaga aylanadi. Amir va
yoshlar, mullalar va jadidlar oʻrtasida oʻtib boʻlmas choh paydo boʻladi. Miller
buning aybini Behbudiyga qoʻyadi. Faqat Miller emas, Toshkentda 9-aprelda
boshlangan Turkiston ishchi va soldat deputatlari sovetlarining birinchi oʻlka
syezdida ayrim rus deputatlari Buxoro fojiasining sababini Samarqanddan «oʻz
ixtiyorlari ilan» borgan deputatlarga toʻnkaydilar. Millatni ich-ichidan qayrash va
nizo chiqarish izchil davom etadi. Behbudiy mazkur syezdda minbarga chiqib, bor
voqeani tushuntirib bergan va bu haqda «Buxoro voqealari va dafʼi tuhmat»
(“Hurriyat” gazetasi, 1917-yil 1-may) degan maxsus maqola yozgan edi.
Behbudiy Toshkentda Turkiston rus sovet hukumati rahbarlari bilan
muzokaralar olib boradi lekin u ham natija bermaydi. Oqibatda Behbudiy 1919-
yilning bahori 25-martda Shahrisabzda qoʻlga olinib, sirli bir tusda Qarshi shahrida
qatl qilinadi. Uning qatli haqidagi xabar oʻsha paytdagi poytaxt boʻlgan
Samarqandga rosa bir yildan keyin maʼlum boʻladi. 1920-yilning aprelida butun
Turkiston motam tutadi. Oʻnlab marsiyalar yoziladi.
“Behbudiyning sagʻanasini
izladim”
deb atalar edi Fitratning bir sheʼri. Ayniyda bir emas, uch sheʼr bor.
Sani mundin buyon Turon,
koʻrolurmu, koʻrolmasmu?
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-29
Часть–1_Июль –2025
179
Saning mislingni Turkiston
topolurmu topolmasmu?
– deb boshlanardi uning sheʼrlaridan birida.
1926-37 yillarda 11 yil davomida Qarshi shahri Behbudiy nomi bilan
yuritildi. Biroq uning asl qiyofasi xalqdan sir saqlandi. Adib nomining
adabiylashtirilishi shunchaki bir niqob edi. Qarshi shahriga uning nomi qoʻyilgan
oʻsha 1926-yildayoq u mansub boʻlgan jadidchilikni aksilinqilobiy, aksilshoʻroviy
harakat sifatida qoralash kampaniyasi boshlab yuborilgan edi.
2020-yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida, maʼrifat mashʼalasini
baland koʻtarib chiqqan ulugʻ alloma va jamoat arbobi Mahmudxoʻja Behbudiy
tavalludining 150-yilligi keng nishonlanadi. Mutafakkirning ilmiy, ijodiy,
pedagogik faoliyati va merosi alohida ahamiyatga molik. XX asr oʻzbek adabiyoti
va sanʼatida, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarida faol ishtirok etgan, millat maʼrifati,
ozodligi, hurligi yoʻlida mardonavor kurashgan bu ulugʻ allomaning sermashaqqat
va sermahsul faoliyati tarix sahifalaridan mangu oʻrin egalladi, avlodlar uchun ibrat
maktabi boʻlib qoldi.
Zero, Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi stipendiyani tashkil etilishi ham
yurtimiz yoshlari qalbida yuksak bilim va maʼrifatlik, vatanparvarlik tuygʻulari joʻsh
urib turadi, faxr va iftixor tuyadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI
:
1. Jamolova D.M. Buxoro amirligida jadidlar va qadimchilar faoliyati (XIX asr oxiri
– XX asr boshlari ): Tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi
avtoreferati.-Toshkent-2019.-54 bet.
2. Shodiyev J.M. Buxoro amirligining tashkil topishi va davlat tuzumi. Yuridik
fanlar nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya avtorefarat.-
Toshkent-2008.-25 bet.
3. Sayyid Mansur Olimiy. Buxoro - Turkiston beshigi. (fors tilidan tarjima, tarjimon
nomidan so’zboshi va ayrim izohlar muallifi H.To’rayev) Buxoro - 2004.-128 bet.
4. Mahmudxo‘ja Behbudiy. «Tanlangan asarlar» (Tuzatilgan va to‘ldirilgan 3-
nashri). Toshkent: «Ma’lumot», 2006.
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-29
Часть–1_Июль –2025
180
5. Behbudiy M. Tanlangan asarlar (Tanlangan asarlar). Toshkent: Ma’naviyat, 1999.
– B. 18-19, 146-150.
6. Gankevich V. Haqiqat va ma’rifat uchun xizmatda. Ismoil Gaspirinskiyning qisqa
biografik eskizi. Simferopol: Dola, 2000. – B. 238-260.
7. Ismoil Gaspirinskiy va Turkiston. Maqolalar to‘plami. Toshkent: Sharq, 2005. –
B. 230.
8. "Dukhovnostning Asoslari" jurnali.