Authors

  • Z.D.Abralova
  • M.B.Toxirova

Author Biographies

  • Z.D.Abralova

    TDPU, katta o‘qituvchi

  • M.B.Toxirova

    TDPU, talaba

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.mead.118072

Keywords:

taʼlim modeli konstruktivizm 5E taʼlim modeli bosqichlari STEM eksperimental motivatsiya tajriba tanqidiy fikrlash.

Abstract

Zamonaviy taʼlim jarayoni anʼanaviy taʼlim metodlari bilan birgalikda innovatsion, interaktiv metod, usul va vositalardan foydalanishni talab qilmoqda. Taʼlimning konstruktivistik yondashuvi ana shunday taʼlim modellari va metodlarini taqdim etadi. Ushbu maqolada konstruktivizm nazariyasiga koʻra, taʼlimning 5E modeli va uning rivojlanishi haqida, shuningdek, model afzalliklari toʻgʻrisida yoritilgan.


background image

MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT

Выпуск журнала №-24

Часть–4_ Апрель –2025

206

ZAMONAVIY TAʼLIM TIZIMIDA 5E MODELINING

ROLI VA AHAMIYATI

Z.D.Abralova

- TDPU, katta o‘qituvchi

M.B.Toxirova

- TDPU, talaba

Annotatsiya: Zamonaviy taʼlim jarayoni anʼanaviy taʼlim metodlari bilan

birgalikda innovatsion, interaktiv metod, usul va vositalardan foydalanishni talab

qilmoqda. Taʼlimning konstruktivistik yondashuvi ana shunday taʼlim modellari va

metodlarini taqdim etadi. Ushbu maqolada konstruktivizm nazariyasiga koʻra,

taʼlimning 5E modeli va uning rivojlanishi haqida, shuningdek, model afzalliklari

toʻgʻrisida yoritilgan.

Kalit soʻzlar: taʼlim modeli, konstruktivizm, 5E taʼlim modeli bosqichlari,

STEM, eksperimental, motivatsiya, tajriba, tanqidiy fikrlash.

Аннотация:

Современный

образовательный

процесс

требует

использования инновационных, интерактивных методов, приёмов и

инструментов

наряду

с

традиционными

методами

обучения.

Конструктивистский подход к обучению предлагает именно такие модели и

методы. В данной статье рассматривается модель обучения 5E на основе

теории конструктивизма, её развитие, а также преимущества этой модели.

Ключевые слова: образовательная модель, конструктивизм, этапы

модели 5E, STEM, экспериментальный, мотивация, опыт, критическое

мышление.

Abstract: The modern educational process requires the use of innovative,

interactive methods, techniques, and tools alongside traditional teaching methods. The

constructivist approach to education offers such models and methods. This article

highlights the 5E model of education based on constructivist theory, its development,

and the advantages of this model.

Key words: educational model, constructivism, 5E instructional model stages,

STEM, experimental, motivation, experience, critical thinking.


background image

MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT

Выпуск журнала №-24

Часть–4_ Апрель –2025

207

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-sentabrda qabul qilingan

“ta'lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida

“O‘zbekiston Respublikasining 2020-2025-yillarda ta’lim tizimini rivojlantirish

strategiyasi”ga muvofiq tarzda O‘zbekistonning ta’lim tizimini modernizatsiya qilish,

sifatini oshirish va xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadi ilgari surildi. Strategiya

ta’lim sohasidagi barcha darajadagi muassasalar, o‘qituvchilar, o‘quvchilar va ularning

ota-onalari uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan. Ushbu strategiyaning

asosiy yo‘nalish va maqsadlaridan biri - ta’lim tizimida innovatsion va interaktiv

metodlarni qo‘llash, shuningdek, o‘quvchilarning ijodiy fikrlash qobiliyatini

rivojlantirish orqali mamlakatda ta’lim sohasini takomillashtirish hisoblanadi.

Hozirgi kunda taʼlim jarayoni o‘qituvchining faqat bilim yetkazuvchi emas,

balki o‘quvchilarning bilim olish jarayonida yo‘naltiruvchi va natijaga erishishga

yordam beruvchi sifatida ishtirok etishiga asoslanmoqda. Mazkur yondashuv

konstruktivistik taʼlim modeli deb ataladi. Konstruktivizmning asosiy tamoyillari 20-

asrning o‘rtalarida rivojlanib, ko‘plab ta’lim metodologiyalariga ta’sir ko‘rsatdi. Jean

Piaget va Lev Vigotskiy kabi olimlarning izlanishlari mana shu yondashuvning

poydevori sifatida ko‘rsatiladi. Ushbu ta’lim modeli nazariyasiga ko‘ra, bilim

o‘quvchiga tayyor holda berilmaydi, balki o‘quvchilar o‘zlarining ilgari o‘rganilgan

bilimlari va shaxsiy tajribalari orqali yangi bilimlarni shakllantiradilar. Zamonaviy

taʼlim tizimida konstruktivistik modelning qo‘llanilishi an’anaviy ta’limdan farqli

ravishda o‘quvchini bilim olish jarayonining markaziga qo‘yish, shuningdek,

o‘quvchilarning tanqidiy va ijodiy fikrlashini rivojlantirish, ularning bilimlarni

amaliyotda qo‘llashiga imkon yaratish hamda o‘qitish jarayonini qiziqarli va samarali

qilishga xizmat qiladi. Bu taʼlim modelining amaliy qo‘llanish usullaridan biri bu 5E

modeli ( The 5E Instructional Model) hisoblanadi.

1962 yilda amerikalik o‘qituvchi Myron J. Atkin va amerikalik fizik Robert

Karplus “tadqiqot”, “terminologiya” va “tushunchalarni qo‘llash”ni o‘z ichiga olgan

yangi va samarali o‘rganish siklini ishlab chiqdilar. Natijada o‘quvchilarda fanlarga

qiziqish ortdi, turli savollar bera boshladi va ular o‘z fikrlariga tanqidiy nazar bilan

qarash zarurligini aniqladilar. Atkin-Karplus modeli 5E ta’lim modelining asosi


background image

MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT

Выпуск журнала №-24

Часть–4_ Апрель –2025

208

hisoblanadi. Bu model 1987-yilda AQSHning BSCS ( Biological Sciences Curriculum

Study) ta’lim va tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan. Uni yaratishda

ta’limshunos olim Rodjer Byuhek (Rodger W. Bybee) boshchilik qilgan va hozirda

dunyo bo‘ylab ko‘plab ta’lim tizimlarida qo‘llanilmoqda.

5E modeli - bu ta’lim jarayonini samarali tashkil etish uchun mo‘ljallangan

konstruktsionistik pedagogik yondashuv hisoblanib, u o‘quvchilarning faol ishtirokini

rag‘batlantirish orqali, ularga mustaqil tadqiqot olib borish va real hayotiy

muammolarni hal qilish ko‘nikmasini shakllantirishga yordam beradi. Taʼlimning bu

modeli faol o‘rganish tamoyillariga asoslangan boʻlib, oʻquvchilarning oʻrganayotgan

bilimlarini chuqur o‘zlashtirish va oʻrganilgan bilimlarni mustahkamlash jarayonida

samaradorlikni oshiradi.Bu model ta’lim jarayonini izchil, tizimli va mantiqiy

tashkillashtirishga xizmat qiladi. Mazkur yondashuv 5 bosqichdan iborat va har bir

bosqich o‘z vazifasiga ega, ular:

• Engage (Jalb qilish);

• Explore (O‘rganish);

• Explain (Tushuntirish);

• Elaborate (Ishlab chiqish);

• Evaluate (Baholash).

Quyida har bir bosqich qanday maqsad va vazifalarni oʼz ichiga olishi haqida

batafsil maʼlumot beriladi:

1. Engage (Jalb qilish) - bu bosqichning asosiy maqsadi oʻquvchilarning

diqqatini yangi mavzuga jalb qilish, ularda fanga va yangi mavzuga boʻlgan qiziqishni

uygʻotish va oʻrganilayotgan mavzu yuzasidan oʻquvchilarning oldindan oʻrgangan

bilimlarini aniqlash hisoblanadi. Jalb qilish bosqichi bilim olish jarayonida muhim

ahamiyatga ega. Agar o‘quvchi yangi mavzuga qiziqmasa, u bilimlarni qabul qilishda

passiv bo‘lib qoladi. Qiziqtirish bosqichi miyaning muhimlilik tamoyiliga asoslanadi

yaʼni agar mavzu shaxsiy qiziqishga bog‘liq yoki hayotiy muammolar bilan bog‘liq

bo‘lsa, o‘quvchilar yanada faol o‘rganishga harakat qilishadi. Shuningdek, ushbu

bosqich davomida o‘quvchilarni yangi mavzuga qiziqtirish va ularda motivatsiya

yaratish maqsadida turli xil faoliyatlar o‘tkaziladi. Masalan, mavzu bo‘yicha


background image

MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT

Выпуск журнала №-24

Часть–4_ Апрель –2025

209

o‘quvchilarga qiziqarli savollar berish, hayotiy yoki ilmiy muammolarni aks ettiruvchi

qisqa videolar yoki animatsiyalar namoyish qilish yoki real hayotdan misollar orqali

o‘quvchilarni muhokamaga jalb qilish orqali va boshqalar.

2. Explore (Tadqiq qilish) - oʻquvchilar mavzu bo‘yicha mustaqil ravishda yoki

guruhda tajribalar oʻtkazish, tadqiqotlar olib borish orqali yangi bilimlarni

oʻzlashtiradilar. Bu bosqich oʻquvchilar uchun mustaqil izlanishga, tajriba qilish va o‘z

xulosalarini chiqarish imkonini taqdim etadi, shuningdek, oʻquvchilarning egallangan

bilimlarini tekshirish va yangilarini kashf qilish uchun sharoit yaratadi. Bu bosqichda

o‘qituvchi tayyor bilimni bermaydi, aksincha, o‘quvchilar o‘z tajribalari orqali o‘zlari

xulosa chiqarishlari kerak boʻladi.Tajribada orttirilgan bilim uzoq muddat inson

xotirasida saqlanib qolgani sababli, oʻquvchilar oʻzlari mustaqil ravishda kuzatuv yoki

tajriba orqali xulosa chiqarishlari mazkur bosqichning muhim jihatlaridan biri

hisoblanadi.

3. Explain (Tushuntirish) - 5E modelining bu bosqichida o‘quvchilarning ilgari

olgan bilimlarini ilmiy asoslar bilan tushuntiriladi va fan asosidagi tushunchalar

mustahkamlash maqsadida oʻqituvchi tomonidan oʻrganilayotgan mavzu ilmiy bayon

qilinadi. O‘quvchilar mustaqil o‘rganish jarayonida noto‘g‘ri xulosalarga kelishi

mumkin. Shu sababli, bu bosqichda o‘qituvchi ilmiy tushunchalarni to‘g‘ri

tushuntirishi kerak. Biroq, o‘quvchilar avval o‘zlari tushuntirishga harakat qilishadi,

shundan keyin esa o‘qituvchi ularning fikrlarini to‘ldiradi. Bu bosqich turli usullar

yordamida amalga oshiriladi. Masalan, o‘quvchilarning xulosalarini tinglash va

muhokama qilish, o‘qituvchining tushuntirishlari va ilmiy asoslashi orqali,

shuningdek, darslik yoki boshqa ilmiy manbalar bilan ishlash va boshqalar.

4. Elaborate (Ishlab chiqish) - egallangan bilim, koʻnikma va malaka real

hayotga tatbiq etilmasa, oʻquvchilar ularni tez unutishi mumkin. O‘quvchilarning

o‘rganilgan bilimlarini amaliyotda qo‘llash, ilgari o‘rgangan bilimlarini yangi

sharoitlarga moslashtirish va real hayotiy vaziyatlar bilan bog‘lay olish koʻnikmalarini

rivojlantirish mazkur bosqichning maqsadlari hisoblanadi. Bu bosqich oʻquvchilarga

yangi bilimlarni yanada chuqurroq oʻrganishga va ularni boshqa kontekstlarda

qoʻllashga yordam beradi.


background image

MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT

Выпуск журнала №-24

Часть–4_ Апрель –2025

210

5. Evaluate (Baholash) - bu bosqichda oʻquvchilarning oʻzlashtirgan bilimlari va

koʻnikmalarini baholash amalga oshiriladi. Bu jarayon oʻqituvchilar uchun ham,

oʻquvchilar uchun ham muhimdir, chunki u oʻquv jarayonining samaradorligini

aniqlashga yordam beradi. Baholash faqatgina o‘qituvchi tomonidan emas, balki

o‘quvchining o‘zi tomonidan ham amalga oshirilishi kerak. Shu orqali o‘quvchi

o‘zining kuchli va zaif tomonlarini aniqlab, o‘rganish jarayonida faol ishtirok etishi

mumkin.

Bundan tashqari, 5E modeli ta’lim jarayonida bir qator afzalliklarni taqdim

etadi. Bu afzalliklar oʻquvchilarning oʻrganish jarayonini yanada samarali va qiziqarli

qilishga yordam beradi:

- oʻquvchilarni jalb qilish: 5E modeli oʻquvchilarni dars jarayonida faol ishtirok

etishga undaydi. Bu, oʻz navbatida, ularning motivatsiyasini oshiradi va oʻqituvchining

ta’lim jarayonidagi rolini kuchaytiradi;

- amaliy tajribalar: oʻquvchilar nazariy bilimlarni amaliy tajribalar orqali

oʻzlashtiradilar. Bu bilimlar yanada mustahkam boʻladi, chunki oʻquvchilar oʻz

tajribalarini qoʻllash imkoniyatiga ega boʻlishadi;

- muammolarni hal qilish: oʻquvchilar muammolarni hal qilishda mustaqil

fikrlash koʻnikmalarini rivojlantiradilar. Bu ularning analitik fikrlash qobiliyatini

oshirishga yordam beradi;

- guruhda ishlash: 5E modelida guruhda ishlash imkoniyatlari mavjud, bu esa

oʻquvchilar orasida hamkorlik va muloqotni rivojlantiradi. oʻquvchilar bir-birlaridan

oʻrganishlari va fikr almashishlari uchun imkoniyat yaratadi;

- oʻqituvchilar uchun yangi yondashuv: bu model jarayonida oʻqituvchilar

darsda faqat bilim beruvchi sifatida emas, balki oʻquvchilarning faol ishtirokini

ragʻbatlantiruvchi va yoʻnaltiruvchi sifatida harakat qilishlari kerak. Bu ularning

professional rivojlanishiga ham ijobiy ta’sir koʻrsatadi.

Zamonaviy taʼlim tizimida konstruktivistik model va uning asosida ishlab

chiqilgan 5E modeli o‘quvchilarning faol ishtirokini taʼminlash va bilimlarni

mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi. 5E modeli ta’lim jarayonini yanada samarali,

qiziqarli va interaktiv qilishga yordam beradi, bu esa oʻquvchilarning muvaffaqiyatiga


background image

MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT

Выпуск журнала №-24

Часть–4_ Апрель –2025

211

ijobiy ta’sir koʻrsatadi. Taʼlimda bu modelni keng joriy qilish orqali taʼlim sifatini

oshirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni rivojlantirish va yosh avlodni kelajak

kasblariga tayyorlash mumkin.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning taʼlim sifatini oshirishga

oid qaror va farmonlari (2017–2024- yillar).

2. Bybee, R. W. “Achieving Scientific Literacy: From Purposes to Practices".

Heinemann, 2007.

3. Vygotsky, L. S. "Mind in Society: The Development of Higher Psychological

Processes". Harvard University Press, 2008.

4. Elvan Akar "Effectiveness of 5E learning cycle model on students' understanding of

acid-based concepts", 2005.