MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-24
Часть–1_ Апрель –2025
352
XORAZMIY VA UNING “MUHABBATNOMA” ASARI TAHLILI
Abdurahimova Ruhshonaxon Abdusalimjon qizi
Qoʻqon universiteti Andijon filiali
Ijtimoiy gumanitar va pedagogika fakulteti
Filologiya va Tillarni oʻqitish oʻzbek tili 1-bosqich talabasi.
Annotatsiya. Ushbu maqolada Xorazmiy va uning “Muhabbatnoma” nomli
asari tahlil qilinadi. Asarning janr xususiyatlari, asosiy g‘oyaviy yo‘nalishi, badiiy tili
va uslubiy jihatlari yoritiladi. “Muhabbatnoma” o‘zbek adabiyotidagi ilk epistolyar
(maktublar shaklidagi) lirik dostonlardan biri sifatida o‘rganiladi. Maqolada asarning
tarixiy-adabiy ahamiyati va Xorazmiyning o‘zbek mumtoz adabiyoti rivojiga qo‘shgan
hissasi tahlil etiladi.
Kalit so‘zlar: Xorazmiy, Muhabbatnoma, epistolyar janr, o‘zbek adabiyoti,
masnaviy, badiiy tahlil, lirik qahramon, sadoqat, sevgi.
O‘zbek mumtoz adabiyotining rivojida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan
ijodkorlardan biri bu — Xorazmiydir. Uning adabiy merosi ichida alohida o‘rin
egallagan “Muhabbatnoma” asari, bir tomondan, lirik asar sifatida, ikkinchi tomondan
esa — epistolyar janrdagi noyob namunadir. Ushbu maqolada asarning janriy va badiiy
xususiyatlari, til va uslub, obrazlar tizimi, shuningdek, tarixiy-adabiy ahamiyati chuqur
tahlil etiladi.
Sharq adabiyotida o‘zining yuksak iste’dodi va badiiy mahorati bilan munosib
o‘rin egallagan taniqli shoir Xorazmiy – bizning ajdodlarimizdan biri bo‘lib, bu holat
har bir kishida faxr va g‘urur uyg‘otadi. Afsuski, shoir haqida tarixiy manbalarda juda
oz ma’lumot saqlanib qolgan. Uning hayoti va shaxsiyati haqida asosiy ma’lumotlarni
“Muhabbatnoma” asarining muqaddima va xotima qismidan topish mumkin.
Shoir o‘zining taxallusi orqali Xorazm viloyatida tug‘ilganini anglatgan. U
turkiy adabiyotda nomanavislik an’anasini boshlab bergan muhim shaxs sanaladi.
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-24
Часть–1_ Апрель –2025
353
Xorazmiy nafaqat turkiy, balki fors-tojik tilida ham nihoyatda ravon va mohirona ijod
qilgan, o‘z davrining ilg‘or shoirlaridan biri bo‘lgan.
Xorazmiy XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asr boshlarida yashagan.
Shoirning hayoti haqida aniq ma’lumotlar kam bo‘lsa-da, uning “Muhabbatnoma”
asari orqali adabiyotda munosib o‘rin egallagani ayon bo‘ladi. U o‘zbek adabiyotida
birinchi bo‘lib epistolyar janrda sevgi mavzusini yuksak badiiy darajada ifodalagan.
Xorazmiyning “Muhabbatnoma” asarining yuzaga kelishiga forsiy tilda ijod
qilgan Avhadiy Marog‘aviy tomonidan yozilgan “Muhabbatnoma” dostonining kuchli
ta’siri bo‘lgan. Bu ikki asar o‘rtasidagi asosiy farqlardan biri — ularning shakliy
tuzilishidadir. Avhadiy o‘z asarida maktublarni oshiq hamda ma’shuqaning nomidan
yozgan bo‘lsa, Xorazmiy asarida esa barcha maktublar oshiq tomonidan ma’shuqasiga
murojaat tarzida yozilgan she’riy shakldagi xat shaklida keltirilgan.
Xorazmiyning “Muhabbatnoma” asarining hozirgi kungacha ma’lum bo‘lgan
ikki qo‘lyozma nusxasi mavjud bo‘lib, ularning biri uyg‘ur yozuvida, ikkinchisi esa
arab yozuvida bitilgan. Uyg‘ur yozuvidagi qadimiyroq nusxa hozirda Britaniya
muzeyida saqlanmoqda. Mazkur nusxa 1432-yil mart oyida Eronning Yazd shahrida,
Hirot hokimi Shohruxning sarkardasi Mir Jaloliddinning topshirig‘i bilan Bakir
Mansur tomonidan ko‘chirilgan. Bu nusxada o‘nta nomadan iborat matn keltirilgan.
Asar 11 ta maktub shaklida yozilgan bo‘lib, har bir maktubda oshiq yigitning
sevgilisi — ma’shuqasiga bo‘lgan sadoqati, ichki iztiroblari, orzu-armonlari lirik
ifodada bayon etiladi. Shoir insoniy tuyg‘ularni chuqur tahlil qilgan holda, o‘quvchini
ruhiy jihatdan ta’sirlantiradi. Asar sevgi orqali poklanish, fidoyilik va vafodorlik
g‘oyalarini ilgari suradi.
“Muhabbatnoma” masnaviy shaklida yozilgan bo‘lib, epistolyar janrga
mansub. Bu jihati bilan u o‘zbek adabiyotidagi ilk epistolyar she’riy asarlardan biri
sanaladi. Har bir maktub poetik shaklda ifodalangan bo‘lib, ularning har biri yakka-
yakka lirik obraz sifatida qabul qilinadi. Shoirning badiiy tasvir vositalari — tashbeh,
istiora, mubolag‘a, tajnis kabi san’at vositalari keng qo‘llangan.
Xorazmiy asarda o‘zbek tilining boy leksik imkoniyatlaridan keng
foydalangan. Uning tili nafis, obrazli va musiqiy ohangdorlikka boy. Har bir misra
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-24
Часть–1_ Апрель –2025
354
ohang, ritm va mazmun uyg‘unligida yaratilgan. Bu esa o‘quvchining his-tuyg‘ulariga
bevosita ta’sir etadi.
1
“Muhabbatnoma” asari 364 baytdan iborat bo‘lib, ushbu asarning arab
yozuvidagi yana bir nusxasi Britaniya muzeyida saqlanadi. U nusxa 1508–1509-
yillarda ko‘chirilgan bo‘lib, 474 baytdan tashkil topgan. Asar “mafoiylun mafoiylun
fauvlun” vaznida yozilgan. Xorazmiy shu asari bilan o‘zbek adabiyotida
muhabbatnoma janriga, ya’ni noma janrining bir ko‘rinishiga asos soldi.
Muhabbatnoma janrida, odatda, oshiq bilan ma’shuqaning o‘zaro tuyg‘ulari,
kayfiyati va orzu-istaklari tasvirlanadi. Asarda bosh qahramon ko‘pincha oshiq bo‘lib,
u shoirning o‘z obrazidir. Bu turdagi asarlarda lirika va epik tasvir uyg‘unlashadi. Shoir
o‘z oshiq obrazida jamiyatdagi ba’zi muammolarga munosabatini, ijtimoiy-falsafiy
fikrlarini badiiy ifodalaydi.
Muhabbatnomalarning kompozitsiyasi odatda maktublar, ularga javoblar,
g‘azal, fard, masnaviy va ruboiylardan tashkil topadi. Xorazmiyning bu asari ham shu
an’anaviy tuzilishga ega: avval noma, so‘ngra g‘azal, undan keyin masnaviy
keltirilgan. “Muhabbatnoma” oshiqning o‘z sevgilisiga yozgan she’riy maktublari
shaklida yaratilgan. Unda jami o‘n bir noma mavjud bo‘lib, ularning sakkiztasi o‘zbek
tilida, uchtasi esa fors tilida yozilgan.
“Muhabbatnoma” o‘zbek adabiyoti tarixida ilk sevgi maktublari shaklidagi
lirik dostondir. U orqali epistolyar janrning ilk namunalari yuzaga chiqdi va keyingi
ijodkorlarga ibrat bo‘ldi. Xususan, Alisher Navoiy ijodida ham lirik maktublar an’anasi
davom ettirildi. Shu nuqtai nazardan “Muhabbatnoma” asari nafaqat badiiy, balki
tarixiy ahamiyatga ham ega.
Xorazmiyning “Muhabbatnoma” asarining tili xalq tiliga yaqin bo‘lib, uslubi
sodda va ravondir. Asar yaratilganiga ko‘p asrlar o‘tganiga qaramay, uni bugungi
kunda ham tushunish qiyin emas. Asarda ishlatilgan so‘zlarning ko‘pchiligi hozirgi
o‘zbek adabiy tilida ham faol qo‘llaniladi. Masalan, tun, oy, ko‘ngil, til, eshik, suv,
kishi, arslon, ov, tong kabi umumturkiy so‘zlar, parda, baxt, jamol, husn, chehra, dard,
1
G‘aniyeva, M. “O‘zbek mumtoz adabiyoti tarixi”, Toshkent: O‘qituvchi, 2004.
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-24
Часть–1_ Апрель –2025
355
dilbar kabi forsiy kelib chiqishdagi so‘zlar hamda ishq, g‘azal, qibla, muhabbat, vafo,
umr, mehnat, fotiha, saodat kabi arabiy so‘zlar bunga misol bo‘la oladi.
Shuningdek, asarda ochun (olam), qamuq (hamma), dag‘i (yana), ev (uy),
uchmoq (jannat), qamuq (do‘zax) kabi qadimgi turkiy so‘zlar ham uchraydi, biroq bu
kabi izoh talab qiluvchi so‘zlarning soni unchalik ko‘p emas. Matnda Kashmir, Saroy,
Chin-Mochin, Sir, Misr, Iroq, Rum kabi joy nomlari — toponimlar ham uchraydi.
Masalan, bugungi Sirdaryo daryosi asarda Sir deb tilga olingan.
Shoir sinonim so‘zlardan ustalik bilan foydalangan. U, masalan, ko‘rk (turkiy),
husn (forsiy), jamol (arabiy), chehra (forsiy) so‘zlarini bir-biriga ma’nodosh tarzda
ishlatib, asarning badiiy ta’sirchanligini oshirgan. Xuddi shuningdek, diniy mavzularda
ham Haq (arabiy), Xudo (forsiy), Yazdon (forsiy), Tangri, Yaratuvchi (turkiy) kabi
ilohiy kuchlarni ifodalovchi so‘zlardan foydalanib, o‘z e’tiqodiy qarashlarini yoritgan.
Bundan tashqari, ba’zi so‘zlar ko‘chma ma’noda sinonimik tarzda qo‘llangan.
Masalan, davlat (arabiy) so‘zi baxt (forsiy) bilan bir ma’noda kelgan. Asarda o‘lim
(turkiy) va hayot (arabiy), uchmoq (turkiy) va do‘zax (forsiy), dard (forsiy) va darmon
(forsiy), jafo va vafo (arabiy) kabi so‘zlar o‘zaro qarama-qarshi qo‘yilib, tazod san’ati
orqali ifoda kuchaytirilgan.
Xorazmiyning nodir asari — “Muhabbatnoma”da shoir badiiy tasvir
vositalaridan ustalik bilan foydalangan. Asar Muhammad Xo‘jabekning bir bazmda
ishtirok etayotgan tasviri bilan boshlanadi. O‘sha bazmda “Xusayniya” nomli kuy
chalinadi va unga mos ravishda fors-tojik tilida yozilgan g‘azal kuylanadi:
Chi mohro‘y tu, ey sarvi sarafroz,
Ki memonad ba ro‘yat guldahan baz.
Bu g‘azaldan keyin “Bayoni voqein aytur” deb nomlangan qismda shoir asarni
yozish sabablari haqida so‘z yuritadi va turkiy tilida bir g‘azal bitadi:
Yuzingda ko‘rdim, ey jon, bayram oyin,
Muning shukronasi qurbon bo‘layin.
Mazkur baytda shoir tashbeh va nida san’atidan foydalangan: “jon” deb
murojaat qilinishi yorni shirin jon sifatida tasvirlaydi. Shundan so‘ng masnaviy
keltiriladi va unda Muhammad Xo‘jabekga ta’rif beriladi.
MODERN EDUCATION AND DEVELOPMENT
Выпуск журнала №-24
Часть–1_ Апрель –2025
356
“Asarning birinchi nomasi” deb ataluvchi qismda esa lirik oshiq o‘z sevgilisiga
murojaat qilib, uni go‘zallik bilan tasvirlaydi:
Ko‘ngul Shirin so‘zingg‘a bo‘ldi Farhod,
Ko‘zung Kashmir jodusig‘a ustod.
Bu baytda shoir talmeh san’atidan foydalangan. “Farhod”, “Shirin” va
“Kashmir jodusi” kabi tarixiy va madaniy ishoralar orqali asarga ma’no chuqurligi va
badiiylik bag‘ishlagan.
Xorazmiy oʻz baytlarida shakldosh soʻzlarni qoʻllash orqali badiiy adabiyotda
aynan omonim soʻzlar hosilasi boʻlgan tajnis san’atiga oʻziga xos, betakror namunalar
keltirgan. Ushbu noyob asar buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tomonidan yuqori
baholanib, alohida e’tirof etilgan. Xususan, Navoiy oʻzining “Muhokamat-ul
lugʻatayn” asarida oʻzbek tilida katta holni ifodalovchi maxsus meng soʻzi borligini
aytib, fikrlarini “Muhabbatnoma”dan quyidagi baytni keltirish orqali asoslaydi:
Aningkim, al enginda meng yaratti,
Boʻyi birla sochini teng yaratti.
Ushbu ma’lumotning oʻzi ham Xorazmiy “Muhabbatnoma” asari leksikasining
xilma-xil va mavzu koʻlami jihatdan mukammaligini isbotlaydi. Asar leksikasining
mukammal tadqiqini amalga oshirish esa oʻzbek tili taraqqiyotida muhim omil boʻlib
xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, Xorazmiy va uning “Muhabbatnoma” asari o‘zbek
adabiyotining nodir durdonalaridan biri hisoblanadi. Bu asar orqali Xorazmiy insoniy
tuyg‘ularni chuqur va nozik ifodalashda yuqori mahorat ko‘rsatgan. Asar bugungi
kunda ham dolzarb bo‘lib, yoshlar qalbida pok sevgi, sadoqat, axloqiy poklik kabi
tuyg‘ularni uyg‘otishga xizmat qiladi. “Muhabbatnoma” Xorazmiyning adabiy
salohiyatini namoyon qilgan asar bo‘lib, uning o‘zbek adabiy merosidagi o‘rni
beqiyosdir.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1.
G‘aniyeva, M. “O‘zbek mumtoz adabiyoti tarixi”, Toshkent: O‘qituvchi, 2004.
2.
Abdug‘aniyev, B. “Xorazmiy va uning adabiy merosi”, Toshkent: Fan, 1998.
3.
Karimov, S. “O‘zbek lirikasi va uning taraqqiyoti”, Toshkent: Universitet, 2001.