ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
20
1970-YILLARDA O‘ZBEKISTON SSRDA MAKTABGACHA TA’LIM TIZIMI:
YUTUQLAR VA MUAMMOLAR
Iroda Rasulovna Tishabayeva
Farg‘ona davlat texnika universiteti
Ijtimoiy fanlar va sport kafedrasi dotsenti
https://doi.org/10.5281/zenodo.15706377
Annotatsiya:
Ushbu maqolada 1970-yillarda O‘zbekiston SSRda maktabgacha ta’lim
muassasalari tarmoqlarining kengayishi va tizimda uchragan muammolar tahlil qilingan. Xotin-
qizlarning ishlab chiqarishdagi faolligi ortishi, kolxoz va sovxozlarda doimiy faoliyat yurituvchi
bog‘chalar tashkil etilishi, shuningdek, hukumat qarorlari orqali sohani rivojlantirishga
qaratilgan chora-tadbirlar tadqiq etildi. Shu bilan birga, muassasalarni oziq-ovqat, bino, mebel
va malakali kadrlar bilan ta’minlashdagi qiyinchiliklar ham ochib berilgan.
Kalit so‘zlar:
maktabgacha ta’lim, bolalar bog‘chasi, kolxoz, ta’lim siyosati, xotin-qizlar,
qamrov darajasi, moddiy-texnik baza, kadrlar ta’minoti, maorif.
Kirish
Bugungi kunda O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim sohasi ustuvor yo‘nalishlardan biri
sifatida e’tirof etilmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev “Taʼlim-tarbiya – bu bizning
kelajagimiz, hayot-mamot masalasi”, —deb ta’kidlagani fikrimizga yaqqol dalildir [1.].
Haqiqatan ham, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, xalqning madaniy saviyasi va
ertangi taraqqiyoti maktabgacha yoshdagi bolalarning sog‘lom va har tomonlama yetuk bo‘lib
ulg‘ayishiga bevosita bog‘liqdir.
Ushbu maqolada 1970-yillardagi O‘zbekiston SSRda maktabgacha ta’lim tizimining yutuq
va muammolari, shuningdek, hukumat siyosatining mazkur jarayonlardagi o‘rni tahlil qilinadi.
1970-yillar O‘zbekiston SSRda maktabgacha ta’lim tizimida muhim bosqich bo‘ldi.
Ayniqsa, qishloq joylarida ishlab chiqarishning jadallashuvi, xotin-qizlarning mehnat
faoliyatidagi ishtiroki ortgani sababli bolalarning maktabgacha ta’lim muassasalariga jalb
qilinishi dolzarb ijtimoiy ehtiyoj sifatida namoyon bo‘ldi. Aynan shu davrda maktabgacha ta’lim
tizimi rivoji davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, rejalashtirilgan tarzda kengaytirildi.
1968-yilda Andijon oblasti Andijon rayonida birinchi marta yil davomida faoliyat
yurituvchi kolxoz bog‘chalari tashkil etildi. Bu tajriba keyinchalik boshqa hududlarga ham
tatbiq qilindi. Kolxoz va sovxozlar tarkibida maxsus ishlab chiqarish bo‘linmalari tashkil etilib,
bog‘chalar faoliyatini muvofiqlashtirishga kirishildi. 1971-yilga kelib, maktabgacha ta’lim
muassasalariga jalb etilgan bolalar soni 1966-yilga nisbatan ancha oshgani kuzatildi. Biroq bu
o‘sish mavjud ehtiyojni to‘liq qoplay olmadi. Davlat statistikasiga ko‘ra, o‘sha yillarda xalq
maorifi bo‘limlarida 60 mingdan ortiq qondirilmagan arizalar mavjud bo‘lib, maktabgacha
ta’lim muassasalarining yetishmasligi muammosi dolzarb bo‘lib qoldi [2.2.].
Hukumat bu sohadagi muammolarga befarq bo‘lmadi. 1976-yil 22-iyulda O‘zbekiston
Kommunistik partiyasi Markaziy Komiteti va O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti tomonidan
qabul qilingan “1976–1980-yillarda respublikada jamoat maktabgacha tarbiyasini yanada
rivojlantirish to‘g‘risida”gi qaror bu sohadagi eng muhim hujjatlardan biri bo‘ldi. Mazkur qaror
maktabgacha ta’lim tarmoqlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazani yaxshilash, kadrlar
tayyorlash va oziq-ovqat bilan ta’minlash masalalarini qamrab oldi.
Shu bilan birga, mavjud resurslar va infratuzilma soha ehtiyojlarini to‘liq qoplamas edi.
Bolalar bog‘chalarini oziq-ovqat bilan ta’minlashda kolxoz va sovxozlarning mas’uliyati
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
21
belgilangani bilan, bu ko‘rsatmalar amalda to‘liq bajarilmadi. Har bir bog‘cha uchun maxsus sut
fermasi, sabzavotchilik va bog‘dorchilik brigadalarini biriktirish belgilangan bo‘lsa-da, ko‘plab
xo‘jaliklar bu talabni bajara olmadi. Natijada bolalar bog‘chalarida go‘sht, sut, tuxum, ho‘l
mevalar bilan ta’minot sustlashdi.
Shuningdek, bog‘chalarni mebel bilan ta’minlashda ham jiddiy kamchiliklar mavjud edi.
Yangiyo‘l mebel fabrikasi va Qo‘qon ishlab chiqarish kombinati tomonidan tayyorlanayotgan
mebellar sifati past, bolalar uchun xavfsizlik talablariga javob bermas edi. Bu holat
maktabgacha ta’lim muassasalarining ichki muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi [3.110.].
Shu bilan birga, hududlar o‘rtasida maktabgacha ta’lim muassasalarining rivojlanishida
katta tafovutlar mavjud edi. Jumladan, Shofirkon (Buxoro), Dehqonobod, Chiroqchi, Usmon
Yusupov (Qashqadaryo), Baxmal va Arnasoy (Jizzax) tumanlarida bolalarni qamrab olish
darajasi Ittifoq bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha past edi. Bunga sabab – yangi bog‘chalar
qurilishi sekin olib borilgani, iqtisodiy infratuzilmaning sustligi va kadrlar taqchilligidir. 1972-
yilda Samarqand viloyatida 6410 o‘rin yaratish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, faqat 3430 o‘rin
tashkil etildi (rejaning 53%). Xorazm viloyatida bu ko‘rsatkich 38%, Qoraqalpog‘iston ASSRda
esa atigi 35,4% bo‘ldi [3.110.].
Xulosa qilib aytganda, 1970-yillar davomida O‘zbekiston SSRda maktabgacha ta’lim
tizimini rivojlantirishga qaratilgan qator tashkiliy, iqtisodiy va siyosiy choralar amalga
oshirilgan bo‘lsa-da, mavjud muammolar sohaga jiddiy to‘siq bo‘lib xizmat qilgan. Biroq bu
yillarda asos solingan tizim, kelgusida sohaning yanada takomillashishiga zamin yaratdi.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
https://yuz.uz/uz/news/talim-tarbiya--bu-bizning-kelajagimiz-hayot-mamot-masalasi--
С. Шермуҳамедов. KPSS XXIV съезди ва республика қишлоқ жойларида жамоат
мактабгача тарбияни янада ривожлантириш вазифалари. 1971. 12 sentabr 2-бет.
3.
Maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari. / O‘qituvchilar gazetasi. 1977 yil 11-fevral 1-
bet.
4.
Джуманиязов Р. Повышение культуры быта села в условиях развитого социализма.
–Тошкент: Ўзбекистон, 1974. – Б.110.
5.
Сайидов,
Ш.
(2022).
МЕТAФОРAЛAРНИНГ
КОГНИТИВ-СТИЛИСТИК
ХУСУСИЙAТЛAРИ.
Евразийский журнал академических исследований
,
2
(12), 1154-1157.