ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
143
RALPH WALDO EMERSON VA IS’HOQXON TO‘RA IBRAT ASARLARINING
G‘OYAVIY-ESTETIK TAMOYILLAR TAHLILI (SELF-RELIANCE VA RISOLAI
IBRAT ASARLARI MISOLIDA)
Ilyasova Nadira Dosmurat qizi
UzDJTU xodimi
https://doi.org/10.5281/zenodo.15798677
Annotatsiya:
Ushbu maqola amerikalik faylasuf va adib Ralph Waldo Emerson hamda
jadidchilik harakatining namoyondalaridan biri, o‘zbek mutafakkiri Is’hoqxon To‘ra Ibratning
g‘oyaviy-estetik qarashlarini solishtirma tahlil qilishga bag‘ishlanadi. Tahlil uchun asosiy
manbalar — Emersonning mashhur Self-Reliance esse-si va Ibratning didaktik-ma’rifiy asari
Risolai Ibrat tanlangan. Inson tafakkurining taraqqiyotida falsafa va adabiyot muhim o‘rin
egallaydi.
G‘oyaviy-estetik qarashlar har bir davr adabiyotining asosiy yo‘nalishlarini belgilab
kelgan. XIX asr Amerika va Markaziy Osiyo fikr tarixi ham ana shunday falsafiy-estetik
yuksalishlarga boy bo‘lgan. Ralph Waldo Emerson va Is’hoqxon to‘ra Ibrat ikki turli geografik
va madaniy makonda yashagan bo‘lsalar-da, ular o‘z asarlarida insonning o‘ziga ishonchi,
ma’naviyat, mustaqillik, taraqqiyot va o‘zligini anglash g‘oyalarini ilgari surgan.Ushbu
maqolada Emersonning mashhur "Self-Reliance" asari va Ibratning "Risolai Ibrat" asarida
ifoda etilgan g‘oyaviy-estetik tamoyillar tahlil qilinadi, ularning o‘xshash va farqli jihatlari
ko‘rib chiqiladi.
Kalit so’zlari:
G’oyaviy-estetik tamoyil, individ, ma’rifiy realism,
Emerson XIX asr Amerikaning Transsendentalist harakati yetakchisi, uning falsafasi
“individ” va “o‘zlik” g‘oyasi asosida shakllangan. Ibrat esa jadidchilik harakati orqali
musulmon Sharq jamiyatining uyg‘onishini, yangilanishini targ‘ib qilgan. U har doim ilm,
ma’rifat va madaniyatning kuchiga ishonadi. Har ikki mutafakkir o‘z davrining ijtimoiy-
madaniy muammolariga javob izlagan. Ralph Waldo Emerson va Is’xoqxon To’ra Ibrat
asarlarda asosiy g‘oyaviy tamoyillari quyidagilardan iborat:
1. O‘zlikka tayanish va mustaqillik (Self-Reliance)
Emerson: "He who would be a man must be a nonconformist." ("Kim chinakam odam
bo‘lishni istasa, u jamiyatga moslashmasligi kerak.") Bu fikrlar orqali Emerson insonni ichki
haqiqatga tayanishga, ommadan farqli fikr yuritishga undaydi.
2. O‘z-o‘zini isloh qilish va ma’naviy kamolot (Risolai Ibrat)
Ibrat: “Inson ilm bilan yuksaladi. Ilmsiz kishi qorong‘ulikda qoladi.” U bilim olishni
nafaqat dunyoviy yuksalish, balki ma’naviy yetuklik uchun zarur deb biladi.
3. Shaxs va jamiyat o‘rtasidagi bog‘liqlik
Emerson shaxs erkinligini jamiyat taraqqiyoti garovi deb biladi. Ibrat esa shaxsning
o‘zini isloh qilishi orqali jamiyat isloh bo‘lishiga ishonadi.
Har ikkala marifatparvar mutaffakirlarning estetik yondashuvlari quyidagicha
izohlanadi yani shakl va uslub jihatdan:
1. Til va obrazlar
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
144
Emerson she’riy, aforizmga boy, falsafiy tasvirlardan foydalansa, Ibrat aniq, didaktik,
o‘quvchi ongiga ta’sir qiluvchi nasriy tilni qo‘llaydi. Ibratda Qur’oni karimdan iqtiboslar,
tarixiy misollar ko‘p uchraydi; Emersonda esa tabiat va ruhiy hurlik ramz sifatida ishlatiladi.
2. Murakkablik va soddalik
Emersonning falsafasi murakkab, kontseptual tafakkurni talab qiladi. Ibrat esa xalqga
tushunarli, sodda va samarali yo‘llar bilan ma’rifatni yoyishga harakat qiladi.
Emerson va Ibrat bir-biridan uzoq ijtimoiy-madaniy muhitda yashagan bo‘lsalar-da,
ularning asarlarida inson sha’ni, ma’naviy mustaqillik, fikriy erkinlik va o‘zlikni anglash kabi
g‘oyalar uyg‘unlashadi. Emerson falsafasi ruhiy ozodlikni targ‘ib qilsa, Ibrat bu ozodlikni
ma’rifat va axloq orqali amalga oshirishni taklif qiladi G‘oyaviy estetik tamoyillarning o‘xshash
va farqli jihatlarini quyidagi jadval orqali Emerson va Ibratning tamoyillari o‘zaro
solishtiriladi.
Adib
Emerson
Ibrat
Asosiy g‘oya
O‘zlikka tayanish
Ilm va o‘z-o‘zini tarbiya
Falsafiy ildiz
Transsendentalizm
Islomiy ma’rifatparvarlik
Uslub
Simvolik, aforistik
Didaktik, tarixiy misollar
Estetik yo‘nalish
Estetik individualizm
Ma’rifiy realizm
Ralph Waldo Emerson va Is’hoqxon To‘ra Ibrat ijodini solishtirma asosda tahlil qilish —
Sharq va G‘arb tafakkuridagi o‘ziga xosliklarni, uyg‘unlik va tafovutlarni aniqlashga xizmat
qiladi. Emersonning transsendentalistik falsafasi va Ibratning jadidchilik ruhidagi asarlari,
ayniqsa Self-Reliance va Risolai Ibrat, inson tafakkurining yuksak bosqichlarini aks ettiradi.
Har ikki mutafakkir o‘z davrining ijtimoiy-siyosiy muammolariga befarq bo‘lmagan,
insoniyatni ma’naviy uyg‘onishga da’vat qilgan ijodkordir.
Emerson uchun asosiy g‘oya — insonning ichki “Men”ini anglash, o‘z-o‘ziga ishonch,
shaxsiy erkinlik va ma’naviy mustaqillikka erishishdir. Uning fikricha, inson tabiat bilan
uyg‘un holda yashashi, jamiyat ta’siridan ozod bo‘lishi va o‘z fikri bilan yashashi k erak. Bu
g‘oya Self-Reliance asarida aniq ifodalangan bo‘lib, muallif insonni o‘z ichki ovoziga quloq
solishga undaydi. Emersonning estetik qarashlari ham shu g‘oyalarga uyg‘un: u san’atni,
adabiyotni, tabiatni ilohiy haqiqatga eltuvchi vosita deb biladi.
Is’hoqxon To‘ra Ibrat esa, jadidchilik harakatining faol namoyandasi sifatida, xalqni
ilmga, ma’rifatga, zamonaviy tafakkurga yetaklashga intilgan. Risolai Ibrat asarida u ilm
olishning fazilatlari, dunyoqarashni kengaytirish zarurati va xalqning orqada qolish sabablari
haqida ochiq fikr bildiradi. U diniy-ma’rifiy tamoyillar bilan milliy uyg‘onish g‘oyalarini
uyg‘unlashtirgan. Estetik nuqtayi nazardan qaraganda, Ibrat o‘z asarlarida soddalik, ravonlik
va didaktikani ustuvor qo‘ygan. Uning adabiy uslubi xalqchil, tushunarli va ibratli bo‘lishi
bilan ajralib turadi.Har ikki mutafakkirning asarlarida inson shaxsiga bo‘lgan hurmat, fikriy
mustaqillik, axloqiy poklik, ma’rifatga intilish kabi umumiy g‘oyaviy tamoyillar mavjud.
Emerson bu g‘oyalarni falsafiy-psixologik jihatdan asoslagan bo‘lsa, Ibrat ularni ijtimoiy-
amaliy va diniy-ma’rifiy kontekstda ilgari suradi. Estetik jihatdan esa, Emersonning tili falsafiy
va poetik bo‘lsa, Ibratning tili xalqchil va o‘qituvchi uslubiga yaqin.Ushbu tadqiqot Emerson va
Ibrat asarlari o‘rtasida bevosita aloqadorlikni isbotlashga emas, balki ularning g‘oyaviy-
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
145
estetik qarashlaridagi mushtaraklik va madaniy kontekstdagi tafovutlarni aniqlashga
qaratildi. Emersonning transsendentalistik fikrlari G‘arbda shaxsiy erkinlik va mustaqillik
tamoyillarini targ‘ib qilgan bo‘lsa, Ibrat Sharqdagi milliy-ma’naviy uyg‘onish harakatining
yetakchi ovozlaridan biri bo‘lgan.
Yakuniy xulosaga ko‘ra, Ralph Waldo Emerson va Is’hoqxon To‘ra Ibratning g‘oyaviy-
estetik qarashlari har xil sivilizatsiyaviy asoslarda shakllangan bo‘lsa-da, ularning asosiy
intilishi — insonni uyg‘otish, unga ishonch berish, erkin fikrlashga chorlash va jamiyatni
yuksaltirish g‘oyalarida mushtaraklik mavjud. Bu esa ularni ikki mutafakkir sifatida yagona
maqsad sari intilgan ma’naviy qardoshlar sifatida ko‘rishga asos beradi.
References:
Используемая литература:
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.
Emerson, Ralph Waldo. Self-Reliance and Other Essays. Dover Publications, 1993.
2.
Is’hoqxon To‘ra Ibrat. Risolai Ibrat.
3.
Cavell, Stanley. Emerson’s Transcendental Etudes. Stanford University Press, 2003.
4.
Abdurauf Fitrat. O’zbek jadidchiligi tarixi.
5.
Mahmudov A. Jadidchilik va milliy uyg‘onish harakati. Toshkent: 2011.
6.
Ahmadjonov M. Is’hoqxon To‘ra Ibrat hayoti va ijodi, Andijon: 2003.