ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
113
ABDULLA ORIPOV VA SHEKSPIR IJODIDA MUHABBAT TASVIRI
Botirova Rayxona Abdurofiqovna
Qashqadaryo viloyati, Muborak tumani,
22-maktab o‘qituvchisi
E-mail.rayxonabotirova964@.gmail.com
https://doi.org/10.5281/zenodo.13923430
Annotatsiya:
Adabiyotning barhayot hisoblanadigan mavzulari borki, shu paytga qadar
birorta shoir bu to‘g‘rida qalam tebratmasdan o‘tib ketolmagan. Bu – shubhasiz muhabbat
mavzusidir. O‘zbek va jahon adabiyotida shunday shoir va yozuvchilar borki, sevgi va muhabbat
haqida so‘z ketganda lablarimizda beixtiyor o‘sha ijodkorlarning misralari takrorlanadi. Ushbu
maqolada jahon shoirlari Abdulla Oripov va Shekspir ijodida muhabbat timsoli haqida so‘z
yuritiladi.
Kalit so‘zlar:
Abdulla Oripov, Shekspir, sonet, muhabbat, do‘stlik, lirika, falsaviylik,
tuyg‘u.
ОБРАЗ ЛЮБВИ В ТВОРЧЕСТВЕ АБДУЛЛЫ ОРИПОВА И ШЕКСПИРА
Ботирова Райхона Абдурофиковна
Кашкадарьинская область Мубаракский
Район учитель школаы 22
E-mail.rayxonabotirova964@.gmail.com
Аннотация:
В литературе есть темы, которые считаются вечними, и до сих пор ни
один поет не мог пройти мимо этого, не колеблясь. Это бесспорно тема любви. В
узбекской и мировой литературе есть такие поэты и писатели, что, когда речь идёт о
любви, на наших устах невольно повторяются цитаты этих творцов. В этой статье речь
идёт о воплощении любви в творчестве мировых поэтов Шекспира и Абдуллы Орипова.
Ключевые слова:
Абдулла Орипов, Шекспир, сонет, любовь, дружба, лирика,
философичность, чувство.
THE IMAGE OF LOVE IN THE WORKS OF ABDULLA ORIPOV AND
SHAKESPEARE
Botirova Raikhona Abdurofikovna
Kashkadarya region. Mubarak district
The teacher of school 22
E-mail.rayxonabotirova964@.gmail.com
Annotatoin:
There are themes in literature that are considered timeless, and so far no
poet has been able to pass this up wihtout hesitation. This is the undisputed object of love.
There are such poets and writers in Uzbek and world literature that when it comes to love and
affection, quotes from these creators are involuntarily repeated on our lips. This article will
focus on the embodiment of love in the works of world poets Shakespeare and Abdulla Oripov.
Keywords:
Abdulla Oripov, Shakespeare, sonet, love, friendship, lyricism, philosophy,
feeling.
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
114
1.KIRISH VA DOLZARBLIGI
Bizga ma’lumki, ishq, sevgi va muhabbat tasviri barcha xalqlar adabiyotida uchraydi.
Ammo bir-biriga o‘xshash ohanglarda kuylaydigan shoirlarni har doim ham uchratavermaymiz.
Ayniqsa turli davr va makonda yashab o‘tgan ijodkorlar orasida. Bizningcha, Abdulla Oripov va
Shekspir lirikasidagi muhabbat, do‘stlik singari timsollar tasviri bir-biriga o‘xshashligi bilan
ajralib turadi. O‘zbek shoiri Abdulla Oripovning “Birinchi muhabbatim” “Eslash”, “Sevgisiz
odam”, “Chuvaladi o‘ylarim sensiz” “Yo‘lim boshlar ketarman bir kun” kabi she’rlari, jahon
adabiyoti lirikasidan Shekspirning mashhur sonetlari. Bu ijod na’munalaridan bahramand
bo‘lgan kishi muhabbatning ayricha tasviri, rangi va iforini tuyadi, Odam ato va Momo havodan
meros tuyg‘uning asl ko‘rkini ko‘rganday, his qilganday bo‘ladi.
2. METODLAR VA O‘RGANILISH DARAJASI
Chin tuyg‘ular tashqi go‘zallikka qarab emas, balki botiniy hislardan ildiz oladi.
Shekspirning sonetlarida ham hashamdor, go‘zal aslzoda xonimning o‘rnini bug‘doyrang
qishloq ayoli egallaydi.
Nafosatga baho berilgan chog‘da,
Chiroyli sanalmas edi qora rang.
Bungacha an’anaviy sonet janrida ma’shuqa barcha qusurlardan holi, ilohiy yuksaklikda
tasvirlangan bo‘lsa, endi oddiy gunohkor banda ham, go‘zal va xayoliy sifatlarga ega bo‘lmasa-
da sevilishga sazovor bo‘lishi mumkinligi aks etgan. Bu Shekspir sonetlarining hayotiyligi, real
obraz va o‘xshatishlarga boyligining belgisi sifatida ko‘rinadi. Abdulla Oripov ijodida ham
shunday fikrlarni uchratishimiz mumkin. Bunday fikrlar bejirim o‘xshatish vositasida berilgan:
“Uyqu joy tanlamas, muhabbat chiroy”,
Xalqning bu maqoli rostdir hoynahoy.
O‘zliging pesh qilib, izzat izlama,
Quduq tubidan ham ko‘rinadi oy.
Abdulla Oripov she’riyati boshqa bir shoir ijodida ko‘rilmagan tashbeh va istioralarga boy.
U inson qalbining hali hech bir ijodkor yetib bora olmagan kengliklarigacha kirib bordi. Ilk bora
sevgiga “yorilmagan yaraday” o‘xshatishini berdi, “yolg‘iz Ollohim mening” deya murojaat qildi,
a’zasiz va mozorsiz “sevgi o‘limi”dan kuyundi. Shoir ijodida sevgiga berilgan bu kabi murojaat
va o‘xshatishlarni ko‘plab uchratamiz. Umuman, Abdulla Oripov she’rlarining har bir misrasi
muhabbat va ishq bilan yo‘g‘rilgan deyish mumkin.
Shekspir va Abdulla Oripov ijodining asosiy qismini muhabbat lirikasi tashkil qiladi. Bu
lirika shunisi bilan e’tiborliki, ikkala shoir ham misralarni bevosita his qilgan, ko‘nglidan
kechirgan tuyg‘ular vositasida beradi.
Shekspir sonetlarida o‘zgacha ruh va ohang sezilib turadi. Adabiyotshunos olimlar shoir
sonetlarini boshqa muallif ijod na’munalaridan osongina farqlab olish mumkinligini
ta’kidlaydilar. Uning ishq-muhabbat tasviriga bag‘ishlangan sonetlarida sharqona
donishmandlik va falsafiylik sezilib turadi:
Go‘zallik go‘zaldir yuz bor, agarda
Bag‘rida haqiqat esa oshkor.
Atirgul so‘limdir, yana har lahza
Taralib turuvchi xushbo‘yi ham bor.
Ushbu misralar uyg‘onish davri vakilining buyuk mutafakkir bobomiz Navoiy bilan
hammaslak, fikrdosh ekanligiga guvohlik berayotgandek:
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
115
Nukta su yanglig‘ eritur toshni
Topsa haqiqat o‘tidin choshni.
Abdulla Oripovning “Otello” she’ridan olingan quyidagi parcha she’r muallifining bu ikki
buyuk dahoga izdosh ekanligini ko‘rsatayotgandek:
Shunda sen kelasan ko‘zingni yoshlab:
–Qayda ishq, qayda rashk, qaydadir ular?!
Shu sho‘rlik zaminni ketmangiz tashlab
Muqaddas tuyg‘ular oliy tuyg‘ular.
Haqiqiy ijodning barhayotligi siri nimada? Sharqda azaldan botiniy tushunchalar
zohiridan ustun qo‘yilgan. Shuning uchun ham Sharq donishmanddir. Muqaddas tuyg‘ularni
qalbida gard qo‘ndirmay billurdek asrab misralarga to‘kolgan shoir ijodigina dillardan dillarga,
og‘izdan og‘izga ko‘chib yura oladi. Shekspir va Abdulla Oripov ijodida muhabbat timsoli
ortiqcha hayqiriq va hashamlarsiz, behuda nola-yu afg‘onlarsiz qalamga olinadi. Sonet va
she’rlarni mutolaa qilar ekansiz unda tuyg‘ular va falsafiy oqim qo‘shilib ketganligining guvohi
bo‘lasiz:
Ko‘zim bilan qalbim talashar nuqul,
Ki go‘zal qiyofang yashaydi kimda?
Ko‘zim deydi: mening qarog‘imda ul,
Yuragim deydiki, yashaydi menda...
Jonim, suvratingni ko‘zlarim oldi,
Sevgi, muhabbating yurakda qoldi...
Ko‘z qalbning oynasidir. Bu oynada yor husni jilvalanadi. Ishq shunday bir qudratki, kishi
qalbiga bildirmasdan, sezdirmasdan kirib keladi. Uning qachon tashrif buyurganidan ba’zan
ong va ruh ham bexabar qoladi va jismning turli a’zolarini so‘roqqa tutadi. Shu jihatdan
Shekspirning yuqoridagi misralari Navoiy va Abdulla Oripov misralariga hamohang bo‘lib
keladi:
Biroq ko‘z suratkash anjomi emas,
Oddiy some emas qulog‘imiz ham
Nozik mehroblarga tegishli ular.
Ko‘rganin yetkazgay Qalb degan joyga,
Tafakkurga aytgay eshitganlarin
Bunday izdihomda uhlab bo‘lurmu?
Abdulla Oripovning yuqoridagi uchligida kishi ozgina mudroq holda bo‘lsa ham ishq
Qalbga o‘rnashib olib, unda o‘z hukmronligini yurgizishi aytilmoqda. Uchala shoir ijodidagi
bunday hamohanglik ularning bir-biriga ruhan yaqinligi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Navoiyda esa ruh jonni qiynayotgan kasallikning sababini qidiradi:
Jong‘a chun dermen: “Ne erdi o‘lmakim kayfiyati?”
Derki: “Bois bo‘ldi jism ichra marazning shiddati.
G‘azal so‘ngida ayb ko‘zda ekanligi ma’lum bo‘ladi. Chunki u sho‘xi mahvash tal’atidan
bahramand bo‘lgan:
Yig‘lab aytur ko‘zki: “Yo‘q erdi manga ham ixtiyor,-
Ki ko‘rundi nogahon ul sho‘xi mahvash tal’ati”.
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
116
Yaratilgandan beri Shekspir ijodi o‘quvchilarni to‘lqinlantirib, hayratga solib keladi.
Shekspir dahosi “dunyo mo‘jizalaridan biri” deya e’tirof etilishi bejizga emas. Bugungi kunda
ham dramaturg-shoirning sonetlari kitobxonlar e’tibor markazida turibdi. Umuman, shoir
sonetlarida sharqning ta’siri va sharqona ohanglar sezilib turadi. Bu jihat she’rlarda asosan,
yorga murojaat qilinishi, yorning go‘zal jamoli tasviri-yu, oshiqning ma’shuqa hajrida chekkan
iztiroblari o‘rin olgan. Navoiy, Jomiy, Hofiz va Rumiy g‘azallari markazida ham ma’shuqa obrazi
turadi. “Sonetlar lingvopoetikasi o‘ziga xosdir. Ular lirik she’riyat shablonli metaforalar,
so‘zamonlik va mantiqsiz aql o‘yinlari bilan to‘ldirilgan davrda yozilgan. Shekspir adabiy
anjumanlarning bu zanjirlarini uzib tashlaydi, eski shakllarni yangi tarkib bilan to‘ldiradi,
o‘zining o‘ziga xos, beqiyos asarlarini yaratadi”. Shekspir sonetlarini bugungi kunda o‘zbek
o‘quvchisi Maqsud Shayxzoda, Yusuf Shomansur, Jamol Kamol tarjimasida o‘qimoqda. Shekspir
fikricha olamni o‘z mehvarida tutib turguvchi kuch sevgi-ishqdir. U dunyodagi barcha
ne’matlarning buyugidir. Faqatgina ishq kishini baxt-saodatga yetaklaydi:
Odamlarda har xil havas, ishqibozlik bor,
Ammo har kim uchun faqat bittasi afzal.
Men bir narsa bilan bo‘ldim g‘oyat baxtiyor,
Faqat o‘sha taqdirimni qila oldi hal.
Sening sevging qimmatroqdir javohirlardan,
Qadrliroq erur shohlar toj-u taxtidan.
Abdulla Oripovning “Otello” she’rida shoirning ishq haqidagi o‘z ideali tajassumlanadi. U
butun qalb ato etilgan, jism butunlay o‘zidan kechib fido qilingan muhabbatni kuylaydi. Ze’ro
shoir ishq-muhabbatsiz kechirilgan umrni bir ermak deb biladi:
Mayli hayot bor-yo‘g‘ingni tashla yelkamga.
Romeoday o‘limga ham tayyorman u kez,
Qotillik ham qilay, mayli, Otello monand.
Faqat sen kel, yuragimda armon bo‘lgan his,
Sensiz hayot puch bir narsa, ermak, omonat.
Ishq-muhabbatning bunday talqinini mutafakkir shoir Alisher Navoiyning “Layli va
Majnun” dostonida ham ko‘ramiz:
Maqsad budur, hayotdin bu,
Bil xilqati koinotdin bu.
Abdulla Oripov va Shekspir ijodida muhabbat timsoli va tuyg‘ular sof, samimiy, ishonarli
holda beriladi. Shuning uchun ham bu tuyg‘ular beixtiyor o‘quvchi qalbiga ko‘chib o‘tadi. Pishiq
ishlangan she’riy texnika, tashbeh va o‘xshatishlarni o‘z o‘rnida ishlata bilish ijod na’munasiga
baho berishda qo‘yiladigan talablarning hammasi emas. She’riy asarda tuyg‘u va kechinmalar
samimiy bo‘lmas ekan, qalblardan joy egallay olmaydi, o‘z manziliga yetib bormaydi. Shuning
uchun tuyg‘ular samimiy va rost bo‘lishi lozim. “Samimiylik she’riyatning tomiridagi qon”[ 1, C-
65],- deya bejiz aytilmagan.
Chinakam shoirlar o‘z salaflari izidan borib, an’anaga ko‘ra ijod qilish barobarida poetik
ijodda novatorlik qiladilar, o‘zlarigacha yaratilgan she’riyatni yangi obraz va shakllar bilan
boyitadilar. Shekspirgacha yoz yuzi yoz fasliga o‘xshatilmagan edi:
Chehrang o‘xsharmikan yozning kuniga,
Yo‘q, sening mayinlik va husning oshiq...
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
117
She’riyatning rivoj topishi, baland pog‘onalarga ko‘tarilishi poetik obrazlardagi
yangilanishlarga ham bog‘liq. Yuksak iste’dod sohibi Abdulla Oripov ijodida ham bunday
hodisalarga ko‘p duch kelishimiz mumkin:
Bir marta ko‘rganman,
Faqat bir marta.
Oyning o‘rog‘iga yulduz qo‘nganin.
Tabiatda yuqoridagi holat juda kam uchraydi. Bunday obrazlar bir umrga she’riyat
ixlosmandlari yodida qoladi.
Faqat muhabbatga topingin ey, qalb,
Sen mehr ko‘rgaysan o‘shal quyoshdan.
Axir bobolar ham demishlar qadim
Muhabbat yaratgan dunyoni boshdan.
Ushbu she’rda barcha olamlar yaratilishda muhabbatdan ibtido olganligi aytilgan. Abdulla
Oripovning bu kabi she’rlarida ko‘plab topilmalarni ko‘rishimiz mumkin. Shoirning
muhabbatni aziz, o‘lmas, muqaddas tuyg‘u sifatida qalamga olgan she’rlari juda ko‘p. “Birinchi
muhabbatim”, “Gar muhabbatning”, “Seni ko‘ray dedim”, “Agar sensiz”, “Layli va Majnun”,
“Muhabbat”, “Nega meni sevmading”, “Ayriliq qo‘shig‘i”, “Sevgidan so‘ylarding”, “Ilk sevgi” kabi
she’rlarida tuyg‘ularning shohanshohi bo‘lgan muhabbatning xilma-xil tasvirini uchratishimiz
mumkin.
3. TADQIQOT NATIJALARI
Ushbu maqolada shoirlarning kishi hayotida do‘st va do‘stlikning o‘rni haqidagi
mulohazalaridagi o‘xshashliklar yoritilgan. Shoirlar ta’rif-u tavsif beradigan shunday axloqiy-
falsafiy mavzular borki, bu borada ham ikki ijodkor g‘oya va fikrlari kesishib ketadi. Bu – do‘stlik
mavzusidir. Shoir Abdulla Oripov do‘stlik inson hayot-mamotini hal qiluvchi qudratga, bir
jismda qo‘nim topgan ikki qalbga o‘xshatadi.
Do‘stning qadri baland ikki dunyoda,
Topilmas o‘zga zot undan ziyoda.
Bir xoji quvonchdan yig‘lab turardi
Do‘stini uchratib Makkatilloda.
Darhaqiqat, kishi o‘ziga sodiq do‘st topsa, yuragining hech kimga ishonolmagan sir-u
sinoatlarini bo‘lisha oladigan bir qalbga ega bo‘lsa ikki dunyo saodatiga erishganday quvonadi.
Do‘stlik insonga rohat, xotirjamlik, quvonch olib keladi. Sadoqatli hamdami bor ekan, inson
o‘zini baxtiyor sanashi mumkin:
Jami odamlardan yetsa-yu xatar,
Yoningda do‘st qolsa hatto bir nafar,
Bilgilki, dunyoda yolg‘iz emassan,
Davringni suraver, to ro‘zi Mahshar!
Abdulla Oripov she’rlari singari Shekspir sonetlarida ham do‘stlik falsafiy-hayotiy
mohiyat kasb etgan. Ko‘pincha, do‘stga murojaat, uning uchun qayg‘urish o‘rin olgan.
Umringni qizg‘onib g‘aflatga botma,
Befarzand o‘tmoqlik qismatin totma.
Ushbu sonetning yaratilishi tarixiga nazar tashlasak, bu paytda Yevropada turli yuqumli
kasallik va o‘latlar tarqalib, aholi qirilib ketishi ulkan muammoga aylanib qolgan edi. Shu
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
118
sababli Shekspir ham do‘stini zurriyot qoldirishga undaydi. Boshqa sonetlarda esa ruhiy
qiynoqlar, azoblar vaqtidagi do‘stlikning ilohiy kuchi va qudrati bayon etilgan:
Qachonkim hayolga erk berib, fursat,
Kechgan kunlarimni nogoh eslasam
Bag‘rimda tirnalur eski jarohat
Alamlar qo‘zg‘alur yana yangidan...
Ammo seni har gal o‘ylasam, do‘stim,
G‘amlarim tarqaydi, topaman taskin...
Shekspirning sonetlarining kattagina qismi hayotda ismi adabiyotshunoslar uchun
noma’lum bo‘lgan do‘sti uchun atalgan.
4. XULOSALAR
Xulosa qilib aytganda, Shekspir va Abdulla Oripov lirikasidagi muhabbat va do‘stlik
singari sof insoniy tuyg‘ular talqini o‘zaro mushrataklikni tashkil etadi. Ijodkorlarga xos hayot
falsafasining ajralmas qismini muhabbatga e’tiqod tashkil qiladi. Jahon adabiyotida bir xil
ohangda kuylaydigan ikkita shoirni toppish qiyin. Bu holni Abdulla Oripov va Shekspirning
ijodiy-ruhiy uyg‘unligi sifatida baholash mumkin. Har ikkala shoir ijodida ham novatorlik,
timsollar tasvirini berishdagi betakrorlik ko‘zga yaqqol tashlanadi. Bunday muhabbat tasviri
bugungi shiddatli hamda murakkab zamon kishisining qalbida ilohiy tuyg‘ularning qaytadan
bo‘y ko‘rsatishiga turtki bo‘lishi shubhasizdir.
References:
1.
Матёқуб қўшжонов, Сувон Мели. Абдулла Орипов – Тошкент.: “Маьнавият” 2000. 65-
бет (Matyoqub Qo‘shjonov, Suvon Meli. Abdulla Oripov−Toshkent.: “Ma’naviyat” 2000. 65-
page)
2.
Абдулла Орипов. Танланган асарлар. 7-жилд – Тошкент.: Ғафур Ғулом номидаги
нашриёт матбаа ижодий уйи 2013
3.
Абдулла Орипов. Танланган асарлар. 8-жилд – Тошкент.: Ғафур Ғулом номидаги
нашриёт матбаа ижодий уйи 2016
4.
www.kh-davron.uz. Uilyam Shekspir. Sonetlar. Yusuf Shomansur tarjimalari