ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
51
“DUNYONING ISHLARI” ASARIDA ALISHER NAVOIY AN’ANALARI TADQIQI
Isabayeva Gulhayo Farhod qizi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat
o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tayanch doktoranti
https://doi.org/10.5281/zenodo.13846615
Annotatsiya:
Ushbu maqolada Alisher Navoiy asarlarida onaga, ayollarga munosabat
masalasi o‘rganilgan. O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasidagi ona obrazi, muallif
mahorati tadqiq etilgan.
Kalit so‘zlar:
Ona, oftob, hadis, novella, obraz, syujet, rivoyat, e’tiqod.
Alisher Navoiy ijodida Alanquva, Zoli zar, Halima ona, Xadichabegim, Fotima, Ummi
Muhammadiya, Bibi Munajjima, Bonu kabi onalar obrazi mavjud. Navoiy ushbu obrazlar
orqali o‘zining tarbiya, tanbeh va ogohnomalari – ona roziligi va uning ko‘ngli shodligi har
narsadan afzalligi haqidagi hadisi sharifga tayaniluvchi konseptual qarashlarini poetik ifodaga
ko‘chirgani guvohi bo‘lamiz. Alisher Navoiy asarlarining ba’zilarida onaga ta’rif-u tasniflar
beril-sa, boshqalarida ona obrazi gavdalanadi.
“Xazoyin ul-maoniy” ning uchinchi jildi – “Badoyi’ ul-vasat”dagi 14-qit’a “Yaxshi xotunlar
safoyi ro‘zgori quyosh nurig‘a misoldur va shamsning muannas ekani munga dol” saravhasi
ostida berilgan:
Yaxshi xotunlar safoyu zuhdidin
Olam ichra gar yorug‘luq bo‘lsa fosh,
Yo‘q ajab, chunkim arab alfozida
Istiloh ichra muannasdur quyosh
1
.
“Yaxshi xotunlar” deganda shoir Haqqa yetishgan onalarimizni nazarda tutgani ayon.
Darhaqiqat, ushbu baytni tahlil qiladigan bo‘lsak, yaxshi xotunlar bu yerda yaxshi fazilatlarga
ega bo‘lgan, pok va oliyjanob ayollar nazarda tutiladi. “Safoyu zuhd” so‘zlari ayollarning
pokizaligi va taqvodorligini bildiradi. Bu ayollar dunyoviy ehtiyojlardan holi bo‘lib, faqat
Allohga yaqin bo‘lishga intilishgan. “Olam ichra gar yorug‘luq” deganda, dunyodagi nur va
yorug‘lik tushuniladi. Bu nur yaxshi xotunlarning safoyu zuhdi orqali yuzaga keladi. Yaxshi
xotunlarning mehribonligi, sabr-toqati va taqvosi dunyoni yorug‘ qilishini bildiradi. “Fosh”
so‘zi, ochiq-oydin bo‘lish, ma’nosida ishlatilgan. Bu yerda yaxshi xotunlarning pokligi, taqvosi
dunyoga ochiq ko‘rinadi va olamga yorug‘lik taratadi, degan ma’noni anglatadi. “Dunyoning
ishlari”, “Onaizorim”, “Quyoshim-enam” qissalarida mualliflar tasvirlagan onalar garchi
moddiy dunyo tashvishlari bilan umrguzaronlik qilishsa ham, ularning ma’naviy-ruhiy olami
va amallari mustahkam e’tiqod va but iymon, halollik va fidoyilik fazilatlari bilan ziynatlangan.
Shu bois, ular ko‘pincha Sharq, xususan o‘zbek onalarini tamsil qilib keladilar.
Masalan: “Dunyoning ishlari” qissasining “Ikki afsona” novellasida ona o‘z farzandlariga
ibratli mazmun tashuvchi cho‘pchaklar aytib beradi.
“ – Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda oftob bo‘lgan ekan.
– Shu o‘zimizning oftobmi?
– Ha, o‘zimizning oftob.
1
Alisher Navoiy. To‘la asarlar to‘plami 3-jild. Xazoyin ul-maoniy Badoyi’ ul-vasat. G‘ofur G‘ulom nomidagi NMIU. –
T.: 2013. 686-b.
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
52
– Shunday qilib, oftob bor ekan. Lekin yer yuziga sira chiqqisi kelmas ekan. Har kuni ertalab
Xudoga nola qilarkan. Yer yuzida iflos narsalar ko‘p, hech ko‘rgim kelmaydi der ekan. Tangri
uni ovutarkan. Sen chiqavergin, yer yuzini iflos narsalardan tozalaydigan odamlar bor, der
ekan. Shuning uchun kim yer yuzini tozalasa, o‘sha eng yaxshi odam bo‘larkan.
– Siz yaxshisiz-a? Doim ko‘chalarni supurasiz-ku.
– Quloq sol, o‘g‘lim… Oftob har kuni yana Xudoga nola qilarkan. Yer yuzida yomon odamlar
bor. Ularniyam ko‘rgim kelmaydi, der ekan. Tangri uni ovutarkan. Sen chiqavergin, qancha
ko‘p nur sochsang, yer yuzidan yomon odamlar shuncha kamayadi, der ekan”
2
.
Ona tilidan aytilgan yuqoridagi cho‘pchakdagi Xudo va oftob (yaratuvchi va yaralmish)
o‘rtasida kechgan dialogda nur va zulmat, yaxshilik va yomonlik kabi dualistik tushuncha-
tasavvurlar bilan bog‘liq zaminiy muammolar va ularning ezgulik hamda go‘zallikka
yo‘g‘rilgan optimistik yechimi xususida so‘z boradi. Suhbatning jonli va bola tasavvuriga mos
tilda bayon qilinishi uning ta’sirchanligini ta’minlaydi. Oftob yer yuzidagi ifloslik va yomon
odamlardan nolir ekan, bu hol aslida cho‘pchakni bayon qilayotgan va ezguligu insoniylikni
yoqlab uning antipodlarini inkor etayotgan, jigarbandlari qalbiga ham shu nurni indirishni
ko‘zlagan onaning qalbi, orzu-istaklari, kelajak umidlarining ifodalashga xizmat qiladi.
Demak, O‘. Hoshimov o‘sha cho‘pchak vositasida ona obrazining tiynatini ochadi. Ayni
paytda, o‘zining moddiy olamdagi jaholat va razolatga qarshi isyoni, ona zaminni halol va
pokiza insonlar bilan ziynatlash badiiy-estetik konsepsiyasini ham ilgari suradi. Shuning
uchun adabiy personajlar o‘rtasida kechgan yuqoridagi muhbat-muloqot har bir kitobxon
qalbiga yetib boradi. Kitobxon halol, xokisor va e’tiqodli bu onani qalbiga yaqin oladi va
yoqtirib qoladi. Beixtiyor o‘zining yoshligi onalari va buvilaridan ertaklar eshitgan mas’ud
damlarini xotirlaydi. Shu tarzda adabiy qahramonni o‘zining onasi va buvisi bilan qiyoslaydi.
Onalarning fazilatlarida mushtarak jihatlarni topadi. Shu tariqa kitobni yozayotgan paytda
O‘.Hoshimov o‘z tasavvurida ko‘zda tutgan kitobxon bilan kitobni o‘qiyotgan paytda muallifni
o‘z tasavvurida qayta tiklagan kitobxon ongi o‘zaro diydorlashadi. Aynan shu nuqtada badiiy
matn harakatga keladi va ko‘zlangan estetik effektni beradi.
Kitobxon Oftob obrazi orqali uning hamisha Yaratuvchi xifzu himoyasida ekani,
mushkulotlarga ro‘baro‘ kelganida faqat Unga yukinib borishi va Uning ko‘rsatmalari, xohish-
irodasi bilangina harakatlanishini hissiy idrok etadi. Binobarin zamin va samovot Allohning
izmi bilan aylanadi. Alloh esa, zamin nurli, go‘zal, odamlar esa iymon-e’tiqodli bo‘lishini amr
qilgan. Johil qavm o‘z amallariga yarasha ajrini olishini va’da qilgan zotdir.
Ko‘rinadiki, Poshsha oyi shunchaki cho‘pchak aytmaydi. Asrlar sinovidan o‘tgan xalq
donoligi orqali o‘z farzandlari qalbini yuksaltiradi. Adib ham qissa syujetiga ertak va
rivoyatlarni kiritish orqali obrazlar mohiyatini ko‘lamli tarzda ochish barobarida, asar
g‘oyaviy mazmuni ifodasining konseptualligi hamda estetik ta’sirchanligini ta’minlashga
erishadi. Bir qarashda yozuvchi bir umr farroshlik bilan shug‘ullangan o‘z onasini nazarda
tutgandek tuyuladi. Lekin, O‘.Hoshimovning mahorati shundaki, u avvalo Poshsho oyining
tirikchilik manbai bo‘lgan shu kasbiga katta hurmat va ehtirom bilan qaraydi. Shuning uchun
ham farroshlik jo‘ngina ko‘cha supurish va halol luqma topish emas, balki ona zaminni
poklashdek savobli amal ekanini anglab yetadi va bu e’tiqodiy tuyg‘uni kitobxonga ham
yuqtira oladi. Shu o‘rinda “Navoiy va rassom Abulxayr” dilogiyasida Omon Muxtor ham hazrat
Alisher Navoiyni “jorubkash”, ya’ni farrosh sifatida tasvirlaganini eslasak, har ikkala
2
Hoshimov O‘. Dunyoning ishlari. –T: Ziyo, 2019. –B. 12.
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
53
zamondosh adibning badiiy-estetik konsepsiyalarida muayan yaqinlik, o‘zaro mushtaraklik
mavjudligi ayon bo‘ladi. Bizningcha, bu hol o‘zbek nasrida XX asrning 90-yillaridan e’tiboran
azaliy qadriyatlarga qaytib ish ko‘rish ezgu harakati boshlangani bilan izohlanadi. Bu hol har
ikkala adib ham e’tiqodiy qarashlarimizga asoslangani hamda Alisher Navoiy adabiy merosi,
ijodiy dahosidan ibratlanganida yorqin namoyon bo‘ladi.
References:
1.
Alisher Navoiy. Xazoyin ul-maoniy 3-jild. –T: Fan, 1990.
2.
Navoiy asarlari lug‘ati. – T: G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at, 2004.
3.
Jabborov N. Maoniy ahlining sohibqironi. – T: Adabiyot, 2021.
4.
Hoshimov O ‘. Dunyoning ishlari. –T: Sharq, 2005.