ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
66
BOJXONA ISHIGA OID TERMINLARNING PAYDO BO’LISH TARIXI
Abdullayeva Zarnigor Usubjon qizi
Andijon Davlat Pedagogika instituti o’qituvchisi
https://doi.org/10.5281/zenodo.13789560
ANNOTATSIYA:
Bojxona ishiga oid bo’lgan atamalarning kelib chiqish tarixi va ilmiy
asoslab o’rganilgan so’zlar ma’nolari talqin etilgan. Bojxona terminlarining shakllanishi
haqida ma’lumotlar berilgan ilmiy adabiyotlarda Markaziy Osiyo hududida to‘lovlarning juda
ko‘p turlari mavjud bo‘lganligi qayd etiladi.
KALIT SO’ZLAR:
devonbegi, omil, zakotchi, mushrif, muhassil, sarkor, boj-xiroj, ammol-
soliqgir.
Bojxona ishining dastlabki ko‘rinishlari eramizdan oldingi davrlardayoq paydo bo‘lgan.
Miloddan avval qadimgi Sharq mamlakatlarida (Misr, Vavilon, Assiriya) boj munosabatlari
mavjud bo‘lgan. Eramizdan avvalgi III–II ming yillarda Assiriya podshosi Ashshur savdoga olib
kelingan tovarlardan boj olish to‘g‘risida farmon chiqargan. U “Ashshur boji” nomi bilan
tarixga kirgan. Insoniyatning turg‘un hayotga o‘tishi, ishlab chiqarishning rivojlanishi,
davlatchilikning rivojlanishi ortiqcha tovarlarni sotishga yoki almashtirishga olib kelgan,
natijada savdo yo‘llari ochilgan va rivojlangan. Shahar-davlatlarning paydo bo‘lishi va
rivojlanishi savdosotiqning takomillashishiga olib kelgan. Savdo muayyan qoidalarga binoan
amalga oshirilgan. Yozuv va raqamlar paydo bo‘lgach, bu qoidalar yanada mustahkamlanib,
savdo-sotiqni rag‘batlantirgan. Qadimgi Misr (miloddan avvalgi III ming yillik boshlari)
savdogarlari Finikiya shaharlari va Qizil dengiz havzasi aholisi bilan savdo qilishgan. Savdo
kengayib, karvonlar kattalashib borgan sari yo‘lda karvonlarga hujum uyushtirilib, talon-taroj
qilish holatlari ko‘paygan. Karvonlarni qo‘riqlash uchun maxsus qo‘riqchilar yollash katta
sarf-xarajatlar talab etar edi. Ushbu xarajatlarni qoplash maqsadida maxsus yig‘imlar joriy
qilinib, undirila boshlandi. Qadimgi Yunonistonda bojlar asosan dengiz portlarida va shahar
bozorlarida yig‘ilgan. Ularni yig‘uvchi shaxslar va maxsus guruhlar bo‘lgan. Boj yig‘ilishi
hukumat vakillari tomonidan nazorat qilingan. Aynan o‘sha davrda bojxona ishini
erkinlashtirish yuz berib, boj to‘lovlari pasaytirilgan. Bu bilan harbiy nizolarning oldi olingan,
chunki yig‘imlarning oshishi va tovarlarni olib kirishni taqiqlash harbiy harakatlarning
boshlanishiga sabab bo‘lgan. Yunonistonning o‘zida xorijdan keltirilgan tovarlar uchun boj
to‘lovi shu tovar bahosining o‘ndan biri miqdorida undirilar edi. Keyinchalik bojlar tovar
bahosining 20, 50 va 100dan bir qismigacha qisqartirildi. Bojxona munosabatlarining eng
rivojlangan tizimi Qadimgi Rimda bo‘lgan. Miloddan avvalgi VI asrda Qadimgi Rim podshosi
Ank Marsiy Ostiya shahrida dengiz porti qurdirgan va xorijdan olib kirilayotgan tovarlar
uchun boj tayinlagan. Ushbu boj dengiz portida undirilganligi sababli “portium” deb atalgan.
Miloddan avvalgi III asrda Gibraltar bo‘g‘ozidan kemalarning o‘tishi uchun boj olingan. Dengiz
portlariga kirib kelayotgan yuklardan boj undirish mexanizmini takomillashtirish uchun
Ispaniyaning Тarif shahrida ilk bor tovarning nomi va undan undiriladigan boj miqdorining
ro‘yxati ishlab chiqilgan. Jadvalga olib o‘tilayotgan tovar nomi, uning o‘lchov birligi va olib
o‘tish uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan yig‘im miqdori kiritilgan. Ushbu jadvalni o‘ziga xos
bojxona kodeksi deb atash mumkin, chunki u bojlarni to‘lash tartibini yagona tizimga
birlashtirib, to‘lovlarning miqdorini birxillashtirgan. Qadimgi manbalarda slavyan tillaridagi
“таможня” so‘zi turkiy tillardagi “tamg‘a” so‘zidan kelib chiqqanligi haqida ayrim dalillar
keltiriladi va ushbu so‘zning tarixiy taraqqiyoti quyidagicha sharhlanadi: “тамга” –
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
67
“тамжить” – “таможня”. Ayrim manbalarda ko‘rsatilishicha, xalqimizning tilida bojxona
terminlari ilk bor VII–VIII asrlarda paydo bo‘lgan. Bu davr O‘rta Osiyoga Islom dinining kirib
kelgan davrga to‘g‘ri keladi. Buni Qur’oni Karimda ham ushbu sohaga oid ko‘plab terminlar
uchrashi tasdiqlaydi. Bojxona terminlarining shakllanishi haqida ma’lumotlar berilgan ilmiy
adabiyotlarda Markaziy Osiyo hududida to‘lovlarning juda ko‘p turlari mavjud bo‘lganligi
qayd etiladi. Ularda hatto devonbegi, omil, zakotchi, mushrif, muhassil, sarkor kabi aynan
davlat moliya idoralarida boj va soliq yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga berilgan
mansab hamda unvon nomlari ham keltirib o‘tilgan. Shuningdek, manbalarda “nisab” so‘zi
ko‘p uchraydi va bu termin zakot undirilishi uchun hisoblab chiqilgan mol-mulk summasini
bildiradi. Zakotning asl ma’nosi “tozalash” demakdir. U mol-mulkning biror qismini muhtoj
insonlarga xayr-sadaqa etish orqali uning qolgan qismini “tozalab”, “poklab” olishni anglatadi.
Shuningdek, boj-xiroj, ammol-soliqgir atamalari Alisher Navoiy asarlarida ham ko‘plab
uchraydi. Bojxona va soliq ishi hamisha davlatchilik tizimi va siyosati bilan bog‘liq
bo‘lganligini Rossiya imperiyasi hukmronligi davrida ushbu sohaga ko‘plab yangi terminlar
kirib kelganligi tasdiqlaydi. Bojxona ishining paydo bo‘lishi va rivojlanishiga qadimgi davlatlar
o‘rtasida savdo aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi sabab bo‘lgan. Insoniyatning o‘troq hayot
kechirishga o‘tishi, qadimiy sivilizatsiya 12 taraqqiy etgan yerlarda davlatchilik hamda ishlab
chiqarishning rivojlanishi, ehtiyojdan ortib qolgan tovarlarni sotish yoki almashtirishning
ommalashishi savdo aloqalarini yanada yuksaltirgan. Bojxona idoralari davlat tuzilmasining
muhim bir qismi sifatida Markaziy Osiyoda qadim zamonlardayoq mavjud bo‘lgan. Tarixiy
manbalarda Movarounnahrda Amir Temur tomonidan markazlashgan davlatning barpo
etilishi hamda Buyuk Ipak yo‘li orqali Sharq va G‘arb o‘rtasida mustahkam aloqa bog‘lanib,
savdo ko‘lamining kengayishi tufayli davlatlararo iqtisodiy aloqalar jarayonida turli o‘lponlar
va boj to‘lovlarini undirish yo‘lga qo‘yilganligi haqidagi ma’lumotlar keltiriladi. “Temur
tuzuklari”da ushbu sohaga alohida o‘rin ajratilgan bo‘lib, “Raiyatdan mol-xiroj olish,
mamlakatni tartibga keltirish va yuksaltirish, uning obodonchiligi, xavfsizligini amalga
oshirish tuzuki” deb nomlangan. Unda, jumladan, quyidagi satrlar bor: “Amr etdimki,
raiyatdan mol-xiroj yig‘ishda ularni og‘ir ahvolga solib qo‘yishdan yoki mamlakatni
qashshoqlikka tushirib qo‘yishdan saqlanish kerak. Negaki, raiyatni xonavayron qilish
(davlat) xazinasining kambag‘allashishiga olib keladi. Xazinaning kamayib qolishi esa
sipohning tarqalib ketishiga sabab bo‘ladi. Sipohning tarqoqligi, o‘z navbatida, saltanatning
kuchsizlanishiga olib boradi”. Tarixiy hujjatlarda “tamg‘a” so‘zi bilan bir qatorda “boj” atamasi
ham uchraydi. Shayboniylar davlatida savdogarlarning bir viloyatdan boshqa viloyatga,
shuningdek qo‘shni shaharlarga olib boradigan tovarlaridan boj olingan. Boj va tamg‘a
soliqlarini nafaqat savdogarlar, balki hunarmandlar, shaharga dehqonchilik va chorva
mahsulotlarini olib kelgan dehqonlar ham to‘laganlar. Ushbu ma’lumotlar qadimda bojlarning
barcha turlari baravar qo‘llangani mamlakat xazinasini to‘ldirishda katta xizmat qilganidan
dalolat beradi. Umuman, Temuriylar davrida boj siyosati nihoyatda ravnaq topgan, biroq
saltanatning parchalanib ketishi mamlakatimizda bojxona ishining rivojiga putur yetkazgan.
Manbalarda keltirilishicha, “XVI–XIX asrlarda tashqi savdo avvalgidan sustroq rivojlangan.
Buning sababi, XV oxirlarida Usmonli turklar O‘rta Yer dengizi bandargohlarini yopib
qo‘yishdi, shuningdek, ushbu asrdan buyuk geografik kashfiyotlardavri boshlanib, okeanlar
orqali yangi yo‘llar ochildi va davlatlararo savdo ko‘proq suv yo‘llari orqali olib boriladigan
bo‘ldi”. Xonliklar davrida mamlakatimiz hududida xiroj, jizya, ixrojot, boj soliqlarning asosiy
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
68
turlari sifatida qo‘llangan. Xiva xonligida boj, jizya kabi soliqlar qatorida salg‘ut, ag‘ut, miltiq
puli, tarozi puli, darvozabon puli, mushrifona kabi 20dan ortiq yig‘imlar to‘langan. Buxoro
amirlariga qarashli bo‘lgan Chiroqchi bekligida avorizot (favqulodda holatlarda yig‘iladigan
harbiy soliq), qoracherik (Buxoro amirligi qo‘shinlarini boqish uchun beriladigan soliq),
yaksara (qo‘sh puli; qo‘sh ho‘kizi borlardan yig‘ilgan), cho‘p puli, xarbuz puli (lalmikor
yerlarga ekiladigan tarvuzlardan olingan), muhrona (qozi, mufti, rais va boshqa
hukmdorlarning muhri uchun soliq), xizmatona (qozilarga, beklarga berilgan to‘lov), vasiqa
puli va boshqa soliq turlari ham bo‘lgan. Bojxona sohasi rivojlanishining keyingi bosqichi
Rossiya imperiyasi tomonidan Turkiston general-gubernatorligi tuzilishi bilan bog‘liq bo‘ldi.
1867-yilda Turkiston o‘lkasini boshqarish uchun ishlab chiqilgan “Yettisuv va Sirdaryo
viloyatlarini boshqarish haqidagi qoidalar loyihasi” Turkiston general-gubernatorligi
tuzilgandan keyin o‘lkada bojxona ishini yuritishning dastlabki huquqiy asosi
bo‘lganligihaqida ma’lumot beradi. Unga ko‘ra “1868-yili Turkiston generalgubernatorligi
tarkibida boshqa masalalar qatori zakot ishlarini yuritish uchun Xo‘jalik boshqarmasi tashkil
etilib, u chegara ortidan kelayotgan har bir karvondan shariat bo‘yicha belgilangan miqdorda
zakot undirish bilan shug‘ullangan”. Bundan ko‘rinadiki, o‘sha davrda bojxona idoralarining
vazifasini Zakot boshqarmasi bajargan. Zakot boshqarmasining asosiy ishi Turkiston o‘lkasiga
kelgan yoki chiqib ketayotgan karvonlarni ro‘yxatga olish, yuklarning qiymatini aniqlash, yuk
va chorva mollaridan zakot undirishdan iborat bo‘lib, kirib kelayotgan yoki chiqayotgan
karvonlarni nazorat qilish uchun chegaralarda maxsus zakot maskanlari faoliyat yuritar edi.
Bu davrda zakot to‘lovi davlat xazinasiga tushib, karvon yo‘llarini ta’mirlash va
karvonsaroylarning ichki ehtiyoji uchun berilardi. Shuningdek, boj-xiroj, ammol-soliqgir
atamalari Alisher Navoiy asarlarida ham ko‘plab uchraydi. Bojxona va soliq ishi hamisha
davlatchilik tizimi va siyosati bilan bog‘liq bo‘lganligini Rossiya imperiyasi hukmronligi
davrida ushbu sohaga ko‘plab yangi terminlar kirib kelganligi tasdiqlaydi.
References:
1.
G.A. ASILOVA “BOJXONA ORGANLARI XIZMAT FAOLIYATIDA DAVLAT TILI”
2.
Oliy ta’limning Bojxona ishi yo‘nalishi rus guruhlari talabalari uchun uslubiy qo‘llanma
3.
Muratovich, M. R., & Abdurahmonovich, Q. A. (2021). Children's and Girls' Community
Learning and Raising Their Children's Community. Academicia Globe, 2(10), 92-98.
4.
Internet ma’lumotlari