ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
22
ZOʻRLIK ISHLATIB SODIR QILINADIGAN TALON-TAROJ JINOYATLARINING
JAVOBGARLIGINI OGʻIRLASHTIRUVCHI HOLATLAR
Saliyev Otabek Ilxom o‘g‘li
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
II bosqich magistranti
https://doi.org/10.5281/zenodo.13729594
Kalit so‘zlar:
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi, talon-toroj qilish, aybdor,
bosqinchilik, xavfli retsidiv jinoyat.
Zoʻrlik ishlatib, bir guruh shaxslar tomonidan oʻzga shaxsning mol-mulkini talon-toroj
qilish bilan bogʻliq boʻlgan jinoyatlar uchun javobgarlik masalasi bosqinchilik uchun
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “b” bandi, tovlamachilik
uchun 165- moddasi 2-qismi “v” bandi hamda talonchilik uchun 166-moddasi 2-qismi “v” bandi
bilan tartibga solinadi. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 29-moddasining uchinchi
qismiga binoan, ikki yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirib jinoyat sodir etishda
ishtirok etishi murakkab ishtirokchilik deb topilishi belgilab qoʻyilgan.
Qonunga koʻra, bir guruh shaxslar tomonidan oʻzganing mol-mulkini zoʻrlik bilan talon-
taroj qilish munosabati bilan sodir etilgan jinoyatni kvalifikatsiya qilish uchun quyidagi shartlar
bajarilishi kerak:
-
kamida ikkita jinoyat bajaruvchisining aybdor sifatida birgalikda ishtirok etishi;
-
jinoyat birinchi marta sodir etilganligi;
-
talon-taroj qilingan mol-mulkning ancha yoki undan kam miqdorda sodir qilinganligi.
Agar ikki kishi jinoyat sodir qilishda javobgarlikka tortilib, biri bajaruvchi sifatida,
ikkinchisi yordamchi sifatida qatnashgan boʻlsa yoki jinoyat ikki shaxs tomonidan sodir
etilib, ulardan biri jinoiy javobgarlikka tortish yoshiga yoshiga etmagan boʻlsa yoxud aqli
noraso boʻlsa, jinoyat bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan hisoblanmaydi. Chunki bir
guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan deb hisoblash uchun, jinoiy javobgarlik yoshiga yetgan
kamida ikkita aqli raso shaxs boʻlishi kerak.
Baʼzi sudlar amaliyotlarida ikki kishi jinoyat sodir etganlikda ayblanib, ulardan biri
yordamchi yoki dalolatchi sifatida qatnashgan boʻlsa-da, qilmish bir guruh shaxslar tomonidan
qilingan deb kvalifikatsiya qilinishi holatlari uchraydi.
Yuridik adabiyotlarni oʻrganish shuni koʻrsatadiki, ushbu sohada tadqiqotlar olib borgan
olimlar yuqoridagi holatlarda sodir etilgan jinoyatlar bir guruh shaxslar tomonidan sodir
etilgan deb hisoblanmasligi lozim, deb qayd etganlar.
Zoʻrlik ishlatib oʻzganing mulkini takroran, xavfli retsidivist tomonidan talon-toroj qilish
bilan bogʻliq jinoyatlar uchun javobgarlik masalasi bosqinchilik jinoyatida Oʻzbekiston
Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “b” bandi, tovlamachilik jinoyatida
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “b” bandi hamda
talonchilik jinoyatida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi “a”
bandida belgilab qoʻyilgan.
Shaxs takroran jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilishi uchun u ilgari Oʻzbekiston
Respublikasi Jinoyat kodeksining 164, 165, 166-moddalarining maʼlum qismida koʻrsatilgan
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
23
jinoyatni sodir etgan boʻlib, maʼlum bir vakt oʻtganidan soʻng yana ushbu moddalarning
tegishli qismida koʻrsatilgan jinoyatni sodir qilishi hamda bu jinoyatlar alohida va har biri
mustaqil jinoyatdan iborat boʻlishi kerak. Shundan keyingina jinoyat takroran sodir qilingan
deb hisoblanadi.
Agar shaxs ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164, 165, 166-
moddalarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan boʻlsa va jinoyat qonuni boʻyicha
javobgarlikdan ozod qilingan boʻlsa, u ilgari sodir etgan jinoyati uchun sudlanmagan deb
hisoblanadi va shunga muvofiq, avvalgi jinoyatiga oʻxshash qilmish sodir etgan taqdirda ham, u
takroran sodir etilgan deb hisoblanmaydi. Hatto shaxs ilgari sodir etgan jinoyati uchun
sudlangan va shunga oʻxshash jinoyatni jazo muddati tugashidan oldin sodir etgan boʻlsa ham,
jinoyat takroran deb hisoblanmaydi. Chunki, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 34-
moddasiga binoan, agar shaxs ilgari sodir etgan jinoyati uchun sudlangan boʻlsa, bu retsidiv
jinoyat hisoblanadi.
Takroran jinoyat sodir etish belgilari:
-
Jinoyat kodeksi Maxsus qismining aynan bir moddasida, qismida, Kodeksda alohida
koʻrsatilgan hollarda esa, turli moddalarida nazarda tutilgan ikki yoki bir necha jinoyatni sodir
etgan boʻlishi;
-
turli vaqtlarda sodir etgan boʻlishi;
-
ularning birortasi uchun ham sudlangan boʻlmasligi;
-
umumiy qasd bilan qamrab olinmagan boʻlishi.
Xavfli retsidivist deb hisoblash uchun shaxs avvalgi jinoyati uchun qanday jazoga hukm
qilinganligi muhim emas. Chunki Jinoyat kodeksining 34-moddasi 2-qismiga koʻra, avval hukm
qilingan jinoyatga oʻxshash jinoyat sodir etishning oʻzi bu qilmishni xavfli retsidiv jinoyat deb
hisoblash uchun asosdir. Bu vaziyatda jazoning turi va jazo muddatini muhim emas.
A.Yakubov va B.D. Mirenskiyning fikricha, “sodir etgan jinoyati uchun ilgari ozodlikdan
mahrum etilgan shaxs yana oʻsha jinoyatga oʻxshash qilmishni sodir etsa, xavfli retsidivist deb
topiladi”. Ammo biz bu fikrga qoʻshila olmaymiz. Chunki xavfli retsidiv jinoyat tushunchasini
bunday shaklda talqin etish Jinoyat kodeksining 34-moddasiga mos kelmaydi. Jinoyatni xavfli
retsidiv deb hisoblanishi uchun shaxs nafaqat avvalgi jinoyati uchun ozodlikdan mahrum
qilingan, balki har qanday jinoiy jazoga tortilgan boʻlishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “b” bandi,
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “b” bandi va Oʻzbekiston
Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi “v” bandida zoʻrlik ishlatib koʻp
miqdordagi; Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi “a” bandi,
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi, shuningdek
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 4- qismi “a” bandida esa zoʻrlik
ishlatib juda koʻp miqdordagi mol-mulkni talon-toroj qilish bilan bogʻliq jinoyatlar uchun
javobgarlik masalalari belgilab qoʻyilgan.
Koʻp va juda koʻp mikdorni belgilash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining
sakkizinchi, yaʼni “Atamalarning xukukiy maʼnosi” boʻlimida berilgan boʻlib, bazaviy hisoblash
miqdorining 300 baravaridan 500 baravarigacha boʻlgan mikdor - koʻp miqdor, 500 baravari
va undan ortiq mikdor - juda koʻp miqdor hisoblanadi.
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
24
Bizning fikrimizcha, bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz va undan koʻp baravariga
teng miqdorni juda koʻp miqdor sifatida belgilash toʻgʻri boʻldi. Chunki pul xarid quvvatining
pasayishi, inflyatsiyaning oshishi, unchalik ahamiyatli boʻlmagan ashyolar talon-toroj
qilinganda ham juda katta narxda baxolanib, buning natijasida shaxsning asossiz ravishda
nohaq jazolanishiga sabab boʻlishi mumkin. Shu sababdan Jinoyat kodeksiga kiritilgan ushbu
oʻzgartishlar maʼlum darajada adolatli jazo tayinlashga imkon berdi.
References:
1.
Ўзбекистон Республикасининг Конституцияси // Ўзбекистон Республикаси қонун
ҳужжатлари миллий базасининг расмий веб-сайти –
2.
Ўзбекистон Республикасининг Жиноят кодекси // Ўзбекистон Республикаси қонун
ҳужжатлари миллий базасининг расмий веб-сайти –
3.
Ўзбекистон Республикаси Олий суди Пленумининг 1999 йил 30 апрелдаги 6-сонли
“Ўзгалар мулкини ўғрилик, талончилик ва босқинчилик билан талон-торож қилиш
жиноят ишлари бўйича суд амалиёти тўғрисида”ги қарори // Ўзбекистон Республикаси
қонун ҳужжатлари миллий базасининг расмий веб-сайти –
4.
Ўзбекистон Республикаси Олий суди Пленумининг 1996 йил 27 февралдаги 3-
сонли “Қонунга хилоф равишда қуролга эгалик қилиш тўғрисидаги ишлар бўйича суд
амалиёти ҳақида”ги қарори // Ўзбекистон Республикаси қонун ҳужжатлари миллий
базасининг расмий веб-сайти –
5.
Ўзбекистон Республикаси Олий суди Пленумининг 1998 йил 17 апрелдаги 11-
сонли “Иқтисодиёт соҳасидаги жиноий ишлар бўйича суд амалиётида юзага келган
айрим масалалар тўғрисида”ги қарори // Ўзбекистон Республикаси қонун ҳужжатлари
миллий базасининг расмий веб-сайти –
6.
П.Бакунов. Зўрлик ишлатиб содир этиладиган талон-торож жиноятлари.
Монография. Масъул муҳаррир: ю.ф.н., доц. М.Усмоналиев. -Т.: ТДЮИ нашриёти, 2011.
332 бет.
7.
И.Р.Астанов. Зўрлик ишлатиб содир этиладиган жиноятлар ва уларни тергов
қилишнинг ўзига хос жихатлари: ўкув қўлланма..-Т. ТДЮУ, 2015. - 140 б.
8.
Усмоналиев М., Бакунов П. Талончилик учун жавобгарликни либераллаштириш
муаммолари: Магистрантлар у-н ўқув қўлланма/ Усмоналиев М., Бакунов П.; ТДЮИ;
Масъул мухаррир: М.Х.Рустамбоев. - Т.: ТДЮИ, 2007.- 44 б.