ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
73
KEYINGI DAVRDA O‘ZBEK TILSHUNOSLIGIDAGI SO‘Z TARKIBI BO‘YICHA
QILINGAN ILMIY TADQIQOTLAR TAHLILI
Nodirbek Nosirjon o‘g‘li Xabibillayev
Namangan davlat pedagogika instituti
O‘zbek va xorijiy tillar kafedrasi o‘qituvchisi
Tel: +998944979772
https://doi.org/10.5281/zenodo.13639308
Annotatsiya:
morfema borasidagi yangicha qarashlar ilmiy tadqiqot ishlarida ham
so‘nggi davrlarda bo‘y ko‘rsatmoqda. Mazkur maqolada mana shu masalalar bayon etilgan.
Bundan tashqari, ushbu maqoladan muallifning tadqiqotlarda keltirilgan fikrlarga shaxsiy
munosabatiga ham guvoh bo‘lishingiz mumkin.
Tayanch so‘z va iboralar:
morfema, soddalashish, so‘z tarkibi, kengaygan shakl,
murakkab qo‘shimchalar.
Abstract:
new views on the morpheme have emerged in recent times in scientific
research. These issues are discussed in this article. In addition, from this article you can witness
the personal attitude of the author to the ideas presented in the studies.
Basic words and phrases:
morpheme, simplification, word structure, extended form,
complex adverbs.
Аннотация:
в последнее время в научных исследованиях возникли новые взгляды
на морфему. Эти вопросы обсуждаются в этой статье. Кроме того, из этой статьи можно
убедиться в личном отношении автора к идеям, изложенным в исследованиях.
Основные слова и словосочетания:
морфема, упрощение, структура слова,
расширенная форма, сложные наречия.
KIRISH
Mazkur maqolada mavzuga oid bo‘lgan o‘zbek tilshunosligida keyingi davrlarda amalga
oshirilgan ilmiy tadqiqotlar o‘rin olgan. Bu orqali keyingi davrlardagi o‘zbek tilshunosligining
ushbu mavzuga bo‘lgan munosabatini anglash mumkin bo‘ladi.
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA
Usmonova Mohira Kenjayeva.
“O‘zbek tilida so‘z morfem tarkibining soddalashishi”
.
(PhD) dissertatsiya. 10.00.01. Ilmiy rahbar: Yormat Tojiyev. Samarqand – 2018.
Ushbu dissertatsiyada o‘zbek tilidagi soddalashgan so‘zlar tahlilga tortilgan. Sohaga oid
talaygina ilmiy ishlar o‘rganib chiqilgan. Tadqiqot ishining bizning mavzuyimizga ham aloqador
joylari mavjudligi sabab undan ayrim holatlarni keltirib o‘tamiz. Albatta, so‘z tarkibi, hech
shubhasiz, soddalashish jarayonini ham o‘z qamroviga oladigan keng maydondir.
Dissertatsiyada so‘zlar etimologik jihatdan ham tahlil qilingan. Soddalashish etimologiya
bilan ham bog‘liqligini hisobga olgan holatda tadqiqot ishining bu jihatini o‘rinli deb bilamiz.
Ammo so‘zlarni tarkibga ajratishda esa, zamonaviylik muhim hisoblanadi. Etimologik jihatdan
ajraladigan ammo bugungi kunga kelib ajralmas holga kelgan so‘zlar talaygina. So‘z tarkibi
lug‘atini tuzishda mana shu masalalarni hisobga olmaslik jiddiy muammolarga olib kelib
qo‘yadi. Bu esa, o‘z navbatida, lug‘atning ahamiyatiga sezilarli darajada putur yetkazadi.
Dissertatsiyada soddalashish sodda, qo‘shma, juft va takroriy so‘zlarning birikib ketishi
natijasida ro‘y berishi holatlari ham ko‘rsatib o‘tilgan.
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
74
Qo‘shma so‘zlarda soddalashishga quyidagi misollar berilgan:
ana bu – anavi, mana bu –
manavi, qayt aytayin – qaytayin, qayin ona – qaynona, qayin ota – qaynota, qaysi yoq – qayoq…
Bu turga yana
kelin – kel+in, boshmaldoq – bosh+barmoq, bo‘yinturuq – bo‘yin+turuq, oqsoqol –
oq+soqol, mo‘ylov – mo‘y+lab, mo‘ysafid – mo‘y+safid
kabi so‘zlar ham kiritilgan.
Takroriy va juft so‘zlarda soddalashish qismiga esa, quyidagilar kiritilgan:
ola-chipor –
olachipor, og‘a-ini – og‘ayni…
Juft so‘zlarning soddalashishiga oid holatlar, asosan, shulardan
iborat edi. Bu kabi so‘zlar juda kam bo‘lgani uchun misollar ko‘p berilmagan.
Takror so‘zlarda soddalashish holatlariga quyidagi misollar berib o‘tilgan:
shar-shar+a –
sharshara, var-var+ak – varrak
1
, zil-zil+a – zilzila, jim-jim+a – jimjima, zam-zam+a – zamzama…
Birikmalardagi soddalashish holatlariga quyidagilar kiritilgan:
sho‘r suv – Sho‘rsuv, yangi
qo‘rg‘on – Yangiqo‘rg‘on, oq tepa – Oqtepa, katta qo‘rg‘on – Kattaqo‘rg‘on, yangi yo‘l – Yangiyo‘l…
Shuningdek, qaratqichli yoki moslashuv munosabatli so‘z birikmalarining qo‘shma
oykonimga aylanishi:
tomning orqasi – tomorqa, soyning bo‘yi – soybo‘yi
2
.
Bundan tashqari ega va kesim munosabatidagi sintaktik aloqaning uzilishi natijasida ham
soddalashish yuzaga kelishi mumkin. Misol uchun:
hol buki – holbuki, bari bir – baribir, va hol
anki – vaholanki
3
…
Har qanday morfemaning qo‘shilishi so‘zga qo‘shimcha ma’no berishi lozim. Ammo ayrim
qo‘shimchalar mavjud. Ular so‘zda mavjud bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham ma’noga hech qanday
ahamiyati yo‘q. Bunday so‘zlarga soddalashgan so‘zlar deya qarash Usmonovaning
dissertatsiyasida uchraydi. Quyidagilarga e’tibor bering:
so‘ng – so‘ngra, g‘oyat – g‘oyatda,
qalqmoq – qalqimoq, surmoq – surtmoq – surkamoq…
Shu o‘rinda ushbu dissertatsiyani o‘rganib chiqish jarayonida vujudga kelgan ayrim
masalalarga to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.
Usmonova o‘zining ushbu tadqiqot ishida
og‘zaki
so‘zidagi
-aki
morfemasini asosga
yaxlitlanishga ulgurgan deb hisoblab, ushbu so‘zga soddalashgan so‘z deya baho bermoqda.
Ammo, bizning fikrimizcha, ushbu holat bugungi kun o‘zbek tilshunosligi uchun noo‘rindir.
Sababi ushbu so‘zning tarkibini tashkil etayotgan birliklar yana boshqa so‘zlarning yasalishida
bugungi kunda faol ishtirok etib kelmoqda.
Og‘iz
leksemasi haqida to‘xtalishning xojati yo‘q deb
hisoblaymiz.
-aki
morfemasi esa
tarsaki, yodaki, zo‘raki
kabi so‘zlarda asos qismga yangi ma’no
berish vazifasini bajarmoqda. O‘zbek tilidagi so‘zlarni tarkibga ajratishdagi asosiy tamoyilga
asoslanadigan bo‘lsak (asos deb hisoblanadigan qism mustaqil qo‘llana olishi lozim, qo‘shimcha
deb hisoblangan qism esa boshqa so‘zlarga ham qo‘shila olishi lozim), ushbu so‘zlarning
soddalashganligini isbotlay olmaymiz.
Tortiq
(sovg‘a ma’nosida)
tuzoq, to‘lqin, tutqun, tutum, to‘lg‘oq
kabi so‘zlarning ham
soddalashgan deb berilishini bugungi kun o‘zbek tilshunosligidan kelib chiqib isbotlab
bo‘lmaydi. Ushbu so‘zlarning tarkibidagi morfemalar boshqa so‘zlarning yasalishida ham faol
ishtirok etmoqda deyishimiz mumkin. Bundan tashqari, qo‘shimchalarning xususiyatlarini ham
ular qo‘shilgan so‘zlarda aniq sezilib turibdi.
1
O‘zbek tilining imlo qoidalariga nazar tashlasak, qo‘shib yozish bobida shunday holat keltiriladi: takror taqlid
so‘zlardan hosil qilingan yasama ot va yasama fe’llar qo‘shib yoziladi. Demak, sharshara va varrak so‘zlari
soddalashgan so‘zlar emas, tarkibga ajralish xususiyatiga ega bo‘lgan yasama otlardir. (Muallif)
2
Bu kabi so‘zlarning tarkibga ajratilmasligi masalasini ushbu ilmiy tadqiqot ishi davomida batafsil o‘rganib chiqamiz.
3
Ushbu masalani ham mana shu ilmiy tadqiqot ishi davomida o‘rganib chiqamiz.
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
75
Olima tarixan yasama bo‘lib, keyinchalik yasamalik xususiyatini yo‘qotgan - yasovchi
qo‘shimchalar o‘zak bilan birikib ketgan holatlarga to‘xtalib, ayniqsa,
-la
affiksi vositasida
yasalgan fe’llarda shu hodisa ko‘p uchrashini qayd etadi. Uning fikrlari A.G‘ulomov fikrlariga
uyg‘unlashib ketgan. Ya’ni:
a) qo‘shimcha aniq sezilib turgani holda, u qo‘shilib kelgan o‘zak morfema tarixiy
taraqqiyot natijasida o‘qilmay qolgan bo‘lsa, bunday yasalmalar tarkibida soddalashi sodir
bo‘lgan va bu so‘zni endi morfemalarga ajratish mumkin emas;
b) o‘zak morfema mavjud ekanligi so‘z tarkibida sezilib turgan bo‘lsa-da, keyingi
morfemani (qo‘shimchani) undan ajratish mumkin bo‘lmasa, uni alohida morfema sifatida
baholash mumkin bo‘lmasa, bunday so‘zlarni ham morfemalarga ajratish mumkin emas;
c) qo‘shimcha va yasovchi asos qo‘shilgandan keyin yasalma tarkibida fonetik o‘zgarish
sodir bo‘lib, o‘zak bilan qo‘shimcha chegarasini belgilash qiyin bo‘lib qolgan bo‘lsa, bunday
holatda ham yasalmani morfemalarga ajratish mumkin emas. Bu kabi yondashish
A.G‘ulomovning keyingi ishlarida ham qayd etiladi.
Muallifning o‘zak morfema, morfemalarga ajratish kabi birliklarni ishlatishidan uning
ham morfema borasidagi qarashlari haqida xulosa qilish qiyin emas. Ya’ni Usmonova ham
morfemani boshqa mayda bo‘laklarga bo‘linmaydigan so‘zning eng kichik tarkibiy qismi
sifatida anglamoqda.
Usmonovaning fikricha, hozirgi o‘zbek tili materiallarini kuzatish shuni ko‘rsatadiki, bir
bo‘g‘inli tub o‘zak holidagi, sof o‘zbek tiliga xos birliklarning yarmidan ko‘pi aslida ikki
morfemaning singishib ketishidan (ular tarkibidan asl o‘zak morfemani ajratib olish mumkin
bo‘lmay qoladi va bu faqat etimologik tahlil orqali belgilanishi mumkin) hosil bo‘lgan.
Shuningdek, ikki va undan ortiq bug‘inli va hozirgi kunda tarkibiy qismlarga (morfemalarga)
ajratib bo‘lmaydigan, tub o‘zak yoki so‘z deb baholanayotgan birliklarning miqdori ham ikki
mingdan ortiq ekanligi kuzatiladi:
qishloq, o‘dag‘ayla, bugun, ko‘mir, go‘dak, buyrak, ko‘rpacha,
sholcha, o‘tin, yaxshi, yomon, to‘zon, shovqin, tutun, o‘simlik, olg‘a, ilg‘or, ilgari, qattiq, o‘pqon,
yaylov, dumaloq, yumaloq, pishloq, cho‘mich, o‘rmala, buyruq, seskan, unnamoq
kabilar.
Ammo yuqoridagi fikrlarning barchasiga ham qo‘shilib bo‘lmaydi.
Ko‘rpacha, o‘simlik,
qattiq, dumaloq, yumaloq, cho‘mich, buyruq
kabi so‘zlarning tarkibga ajratilmasligini bugungi
kun o‘zbek tilshunosligidan kelib chiqib isbotlab bo‘lmaydi. Sababi ushbu so‘zlarning tarkibiy
qismlarini tashkil qilayotgan birliklar faol holda boshqa so‘zlarda ham ishtirok etishlari
mumkin. Bularning barchasiga alohida-alohida to‘xtalib o‘tishni lozim topmadik.
Qo‘ziyev Umidjon Yandashaliyevich.
“O‘zbek tilidagi izohli lug‘atlarda o‘zlashma so‘zlar
tadqiqi”
. (PhD) dissertatsiya. 10.00.01. Ilmiy rahbar: Sharifa Iskandarova. Namangan – 2018.
Dissertatsiyaning dastlabki bobi lug‘atshunoslik tarixiga bag‘ishlangan. Shu sabab ushbu
bobda jahon va o‘zbek lug‘atchiligida amalga oshirilgan ishlar sanab o‘tilgan. Bu orqali
lug‘atshunoslikning milliy til uchun naqadar ahamiyatli ekani ko‘rsatib berilgan. So‘zlarni
tarkibga ajratishda o‘zlashma so‘zlarning ham o‘rni ahamiyatga egaligi sabab bu dissertatsiya
bizning ilmiy ishimizga bog‘liq deb hisobladik.
Dissertatsiyada o‘zlashma so‘zlar qaysi tildan o‘zlashganiga va o‘sha tilda qanday
ma’nolarni bildiradi-yu, bizning tilda qanday ma’noda o‘zlashganiga e’tibor qaratilgan.
Uralov Azamat Begnarovich.
“O‘zbek tili qo‘shimchalari tizimida murakkab va
“kengaygan shakl”lar”
. (PhD) dissertatsiya. 10.00.01. Ilmiy rahbar: T.O‘.Mirzaqulov. Toshkent
shahri – 2019.
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
76
Ushbu dissertatsiyada turkiy tillardagi morfemalarning ko‘p ma’noliligi, omonimligi,
sinonimligi va boshqa masalalar tadqiq qilingan. Ushbu tadqiqotda morfem birliklarning kelib
chiqishi, o‘zaro munosabati, tildagi o‘rni, vazifasi, farqi va o‘xshash jihatlari aniqlangan va
murakkab hamda “kengaygan birliklar”ning lisoniy xususiyatlari ochib berilgan. Shuningdek,
murakkab shakllarning qo‘shma affikslardan farqi, o‘zbek tili morfem tizimida fuziya
elementlarining to‘liq amal qilishi, lug‘aviy birliklarning qo‘shimchalarga aylanish jarayonida
affiksoidlarning o‘rni va bir qator boshqa masalalarga ham to‘xtalib o‘tilgan.
NATIJALAR VA MUHOKAMA
Morfemaga so‘zning tarkibiy qismi sifatida qarash uning turlarga (yetakchi va ko‘makchi)
ajratilishi lozimligini keltirib chiqaradi. Rus tilshunosligi ta’sirida olib kirilgan ushbu
tamoyilning o‘zbek tili uchun xos emasligini yuqorida ko‘rib o‘tdik. Shu bilan birga morfemani
so‘zning tarkibiy qismi sifatida qarash uni morfologik birlik sifatida baholanishiga, so‘z
yasalishi va shakl yasalishini morfologik hodisa deb tushunishga, oxir-oqibat “so‘z tarkibi”ni
“morfologik hodisa” sifatida tushunib “Morfologiya” bo‘limida o‘rganilishiga sabab bo‘ladi.
Shunday ekan, o‘zbek tilshunosligida morfemaga so‘zning tarkibiy qismi sifatida baho berib
bo‘lmaydi. Bu esa o‘zbek tilshunosligida so‘z tarkibining alohida bo‘lim sifatida o‘rganilishi
lozim ekanligini anglatadi.
Bundan tashqari, yuqoridagi tahlillardan “so‘zning ma’noli qismlari morfema deyiladi...”
4
degan qoida ham xato ekani anglashiladi. Sababi ushbu ta’rif ham so‘zning ma’noli qismlarini
ikki qismga (yetakchi va komakchi) bo‘lishni va alohida o‘rganishni taqozo etadi. Shunday ekan,
mazkur ta’rif ham o‘zbek tilshunosligidagi morfema tushunchasiga mos kelmasligi aniq.
XULOSA
Shunday qilib, keyingi davrlarda ham morfema masalasi o‘zbek tilshunosligida e’tibordan
chetda qolgani yo‘q. Shunday bo‘lsa-da avvalgi qilingan ishlarni tadqiq etib, ularni davom
ettirish o‘rniga har kim o‘z g‘oyasi bilan xohlaganicha ushbu mavzuga yondashayotganini
yuqoridagi tahlillardan ko‘rib o‘tdik.
References:
1.
Berdialiyev A., Ermatov I. Hozirgi O‘zbek adabiy tili. – T.: Tamaddun, 2022. – бет 121.
2.
Ҳожиев А. Ҳозирги ўзбек тилида форма ясалиши. – Т.: Ўқитувчи, 1979. – бет 80.
3.
Ҳожиев А. Ўзбек тили сўз ясалиши тизими. – Т.: Ўқитувчи, 2007. – бет 168.
4.
Mengliyev B., Xoliyorov O‘. O‘zbek tilidan universal qo‘llanma. – T.: Fan, 2008. – бет 436.
5.
Mengliyev B. va boshq. O‘zbek tilining so‘z yasalishi o‘quv lug‘ati. – Т.: 2007. – бет 142.
6.
Mahmudov N. O‘zbek tilining imlo lug‘ati. – T.: Akademnashr, 2013. – бет 528.
7.
Сапаев Қ. Ҳозирги ўзбек тили. – Т.: 2009. – бет 254.
8.
Тожиев Й. Ўзбек тили морфемикаси. – Т.: 1992. – бет 68.
9.
Ўзбекистон ССР Фанлар академияси. Ўзбек тили грамматикаси. – Т.: Фан, 1973. – бет
609.
10.
Nosirjon o'g'li, Xabibullayev Nodirbek. "ANALYSIS OF SOME WORDS WHICH ARE
DIFFICULT TO DISTRIBUTE INTO UZBEK LANGUAGE." International journal of artificial
intelligence 4.03 (2024): 592-594.
4
Тожиев Й. Ўзбек тили морфемикаси. – Т.: 1992. 10- б.
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
77
11.
Habibullayev, Nodirbek Nosirjon O’G’Li. "Qozoq Va O’Zbek Tilidagi Modal So’Zlar
Chog’Ishtirmasi." Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences 3.5
(2023): 27-33.