Авторы

  • Fayyoza Qambarova
    Qashqadaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.scin.46400

Аннотация

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tom ma’nodagi demokratik islohotlarning mazmun-mohiyatiga aylangan insonning huquq va erkinliklarini himoya qilish davlat va jamiyat hayotining bosh maqsadi deb e’tirof etilayotgan bir sharoitda qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, ya’ni ma’lum bir ma’noda fuqaroning erkinligini cheklash bilan bog‘liq masalalar har qachongidan ko‘ra ham huquqshunos tadqiqotchilar va ushbu soha mutaxassislarining diqqat-e’tiborini ko‘proq tortmoqda. Buning bir nechta sabab va omillari bor:


background image

ILM-FAN VA INNOVATSIYA

ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI

in-academy.uz/index.php/si

7

QAMOQQA OLISH TARZIDAGI EHTIYOT CHORASI:
QONUNCHILIK, AMALIYOT, MUAMMO VA YECHIM

Fayyoza Qambarova

Qashqadaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi

https://doi.org/10.5281/zenodo.13364424

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tom ma’nodagi demokratik islohotlarning

mazmun-mohiyatiga aylangan insonning huquq va erkinliklarini himoya qilish davlat va
jamiyat hayotining bosh maqsadi deb e’tirof etilayotgan bir sharoitda qamoqqa olish tarzidagi
ehtiyot chorasini qo‘llash, ya’ni ma’lum bir ma’noda fuqaroning erkinligini cheklash bilan
bog‘liq masalalar har qachongidan ko‘ra ham huquqshunos tadqiqotchilar va ushbu soha
mutaxassislarining diqqat-e’tiborini ko‘proq tortmoqda. Buning bir nechta sabab va omillari
bor:

birinchidan,

bugungi kunda “adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning

eng asosiy va zarur shartiga aylantirish”[1], shuningdek “2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da 14-maqsad sifatida belgilangan “qonun
ustuvorligi va konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash hamda inson qadrini ushbu
jarayonning bosh mezoni sifatida belgilash”[2] dolzarb masalaga aylangan bir paytda
qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashga oid qonun talablari buzilmasligi kerak;

ikkinchidan,

xalqaro huquqda shaxs daxlsizligining huquqiy kafolati, inson huquqlari

himoya qilinishini ta’minlashning eng muhim omillaridan biri sifatida belgilangan;

uchinchidan,

jinoyat ishi yurituvi jarayonida fuqaro tergov organlari tomonidan

noqonuniy jinoiy ta’qib va g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarga uchrashining oldi olinadi.

O‘zbekiston qonunchiligida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash tartibi

belgilangan bo‘lib, Konstitutsiyaning 27-moddasiga muvofiq, “qamoqqa olishga va qamoqda
saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz
soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas.”[3] Ushbu konstitutsiyaviy qoida jinoyat
sodir qilishda ayblanayotgan gumonlanuvchi jinoyat ishi yurituvining dastlabki
bosqichidayoq sudning himoyasida ekanligini kafolatlaydi. Va bu progressiv, insonparvar
norma xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplariga ham to‘la mos keladi.

Dunyoning juda ko‘plab mamlakatlari tomonidan ratifikatsiya qilingan va xalqaro

qonunchilikda nihoyatda muhim hujjat sifatida e’tirof etiladigan “Fuqarolik va siyosiy
huquqlar” to‘g‘risidagi xalqaro paktning 9-moddasida: “Hech kim o‘zboshimchalik bilan
hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas. Hech kim qonunda belgilanganidan
boshqacha asos va tartibda ozodlikdan mahrum etilishi mumkin emas”ligi, “Jinoiy ayblov
bo‘yicha hibsga olingan yoki ushlab turilgan har bir shaxs zudlik bilan sudya yoki qonun
bo‘yicha sud hokimiyatini amalga oshirish huquqi bo‘lgan boshqa mansabdor shaxs huzuriga
keltiriladi va oqilona muddatda sud muhokamasi o‘tkazilishi yoki ozod qilib yuborilishi
huquqiga ega”ligi[4] singari muhim xalqaro normalar belgilangan.

Qamoqqa olishga sud organlari tomonidan ruxsat berilishi amaliyoti xalqaro

qonunchilikda “Xabeas korpus” instituti deb yuritilib, (lot. habeas korpus, so‘zma-so‘z –
“tanani sudga keltirish”, ma’nosida – “ushlangan shaxsni sudga shaxsan keltiring”)
huquqshunos olimlar tomonidan shaxs erkinligi va daxlsizligini himoya qilishning eng muhim
vositasi sifatida qaraladi.


background image

ILM-FAN VA INNOVATSIYA

ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI

in-academy.uz/index.php/si

8

“Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish Jinoyat

kodeksida

uch yildan ortiq muddatga

ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan qasddan sodir etilgan
jinoyatlarga doir hamda ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, buning uchun Jinoyat kodeksida
besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan
jinoyatlarga doir ishlar bo‘yicha qo‘llaniladi”[5]. (JPK 242-modda)

Mamlakatimiz qonunchiligida ehtiyot choralarining turlari (munosib xulq-atvorda

bo‘lish to‘g‘risida tilxat; shaxsiy kafillik, jamoat birlashmasi yoki jamoaning kafilligi; garov; uy
qamog‘i; qamoqqa olish; voyaga yetmaganlarni kuzatuv ostiga olish uchun topshirish; harbiy
xizmatchining xulq-atvori ustidan qo‘mondonlik kuzatuvi[5]) belgilangan bo‘lib, ular orasida
qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi eng jiddiy, og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaradigan
chora bo‘lib, insonning shaxsiy hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi bilan xarakterlanadi.
Tabiiyki, ushbu ehtiyot chorasi qo‘llangan shaxsning erkinligi sezilarli ravishda cheklanadi.

“Ehtiyot chorasi ayblanuvchi, sudlanuvchi surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va

suddan bo‘yin tovlashining oldini olish; uning bundan buyongi jinoiy faoliyatining oldini olish;
uning ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga halal beradigan urinishlariga yo‘l qo‘ymaslik;
hukmning ijro etilishini ta’minlash maqsadida qo‘llaniladi”[5]. (JPK 236-modda)

“Xabeas korpus” instituti mamlakatimizda 2008 yildan boshlab qo‘llanilib kelinmoqda.

2007 yil 11 iyuldagi “Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkazilishi
munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va
qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘RQ-100-son qonuniga asosan, “Hech kim sud qaroriga
asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas”[6].

Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot choralariga oid milliy qonunchilik hamda bu boradagi

xalqaro hujjatlarda belgilangan umume’tirof etilgan prinsip va normalar talablariga qat’iy
amal qilish, bir so‘z bilan aytganda ushbu ehtiyot chorasini qo‘llash masalalarida
huquqshunos olimlar, ayniqsa ba’zi bir amaliyotchilar, jumladan advokatlar tomonidan turli
fikr-mulohazalar bildiriladi. Ayrim olimlar sudyalar tomonidan prokurorning qamoqqa olish
tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi iltimosnomasini qanoatlantirish qonuniy tartibda
amalga oshirilayotganligi to‘g‘risida ijobiy (mo‘tadil) fikrlarni bildirsa, ba’zi bir
huquqshunoslar olimlar sudlar prokurorning qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini
qo‘llash haqidagi iltimosnomasini so‘zsiz, hech bir istisnosiz qanoatlantirib kelayotganligini
ta’kidlab, buni noto‘g‘ri deb hisoblaydi.

Yuridik fanlar doktori, professor, taniqli olima S.Rahmanova fikriga ko‘ra, “qamoq

ehtiyot chorasining sudlar tomonidan qo‘llanilishi amaliyotidan misol keltirsak, 2022 yilda
tergov organlaridan sudlarga kelib tushgan jami 24 ming 118 ta iltimosnomadan 23 ming 503
tasi qanoatlantirilgan, 485 tasi esa rad etilgan, ya’ni 485 shaxsga nisbatan asossiz ravishda
qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilishining oldi olingan”[7].

Huquqshunos olim F.Taxirov bu boradagi fikrini quyidagicha ifodalaydi:

“Mamlakatimizda “Xabeas korpus” instituti 2008 yildan tatbiq etilgan bo‘lib, uning qo‘llash
doirasi yillar davomida izchil kengayib bormoqda, tergov jarayoni ustidan sud nazorati qat’iy
ravishda kuchaytirilmoqda”[8].

Huquqshunos olim, advokat B.Salomovning bu masaladagi mulohazalari esa yuqoridagi

olimlarimizning fikrlaridan keskin farq qiladi, ya’ni olimimizning e’tirof etishicha: “sud
huzuriga keltirilgan shaxsning aybdor yoki aybsizligini emas, balki uni jamiyatdan ajratish
yoxud ajratmagan holda dastlabki tergovni olib borish masalasi sud majlisida taraflar


background image

ILM-FAN VA INNOVATSIYA

ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI

in-academy.uz/index.php/si

9

(prokuror va advokat)ning tortishuvi asosida adolatli hal qilinishiga erishish maqsad qilingan
edi.

Ammo bu boradagi sud amaliyoti tahlili ko‘zlangan maqsad deyarli amalga oshmaganini

ko‘rsatmoqda. Sanksiya uchun sudga keltiriladigan 100 nafar shaxsdan 99 tasiga sud
qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llayapti.

Prokurorning ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash

haqidagi iltimosnomasi “shablon” tusini olib bo‘lgan, hammasida mazmun bir xil: O‘zR
JPKning 236-moddasi ro‘kach qilinib, “ayblanuvchining surishtiruvdan, tergovdan va suddan
bo‘yin tovlashiga, jinoiy faoliyatini davom ettirishiga va ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga xalal
beradigan xatti-harakatlar qilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida” uni qamoqqa olish so‘raladi.
Sudyalar esa iltimosnomani qanoatlantirish barobarida, o‘z ajrimlarida uni nuqta-
verguligacha ko‘chirishmoqda”[9].

Bu boradagi ko‘plab ilmiy izlanishlar olib borgan huquqshunos olima D.Suyunovaning

mulohazalariga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan
o‘zgartishlarga muvofiq 2008 yildan boshlab sudlarga qamoqqa olish uchun sanksiya berish
huquqi berildi, bu inson huquqlari himoya qilinishini ta’minlashning eng muhim omillaridan
biri bo‘ldi. Shu paytdan boshlab ushbu ehtiyot chorasini qo‘llashning protsessual mexanizmi
fuqarolar foydasiga tubdan o‘zgardi, endi qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash
uchun prokuror qonunda belgilangan muddatlarda sudga iltimosnoma bilan murojaat qilishi
shart va sud o‘z navbatida prokuror tomonidan kiritilgan iltimosnomani qanoatlantirish yoki
rad etish masalasini hal qiladi”[10].

Huquqshunos olimlarning yuqorida keltirib o‘tilgan fikr-mulohazalaridan anglashiladiki,

qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi prokuror iltimosnomasini
sudyalar tomonidan adolatli va qonuniy qo‘llanilishi borasida olimlar va amaliyotchilar
orasida yakdil fikr shakllangani yo‘q. Lekin, bu boradagi aytilgan har ikkala fikr-mulohazalarni
inkor etib bo‘lmaydi. Bu xilma-xil, bir-biridan keskin farq qiladigan, ayrim qarama-qarshi
fikrlar shakllanishining ob’ektiv-sub’ektiv sabablari bor.

O‘rni kelganda aytish kerakki, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash

haqidagi prokuror iltimosnomasi ko‘rib chiqiladigan ba’zi bir sud protsesslarida ishtirok
etadigan prokuratura organi vakili o‘zining muzokara ma’ruzasida qamoqqa olish tarzidagi
ehtiyot chorasi qo‘llanilayotgan fuqaroga qo‘yilayotgan jinoiy ayblov qay darajada og‘irligi,
jinoiy qilmishning ijtimoiy xavfi nechog‘li ekanligi, ayblanuvchi yoki gumon qilinuvchi tergov
hamda sud organlaridan yashirinib jinoiy faoliyatini davom ettirishi mumkinligi, boshqa
ehtiyot choralarini qo‘llab bo‘lmasligi xususida yetarli asosga ega bo‘lmagan fikrlarini
bildiradi va iltimosnomani qanoatlantirishni so‘raydi.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 14-noyabrdagi

16-sonli “Sudga qadar ish yuritish bosqichida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot
chorasining sudlar tomonidan qo‘llanilishi to‘g‘risida”gi Qarorning tegishli bandida:
“Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi iltimosnoma qo‘zg‘atish
to‘g‘risidagi qarorda, shaxs gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan jinoyat, qilmish
kvalifikatsiyasi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchini qamoqqa olish zaruratini keltirib chiqargan
asoslar, shuningdek shaxsga nisbatan boshqa turdagi ehtiyot chorasini qo‘llash maqsadga
muvofiq emasligi haqidagi xulosalar bayon etilishi lozim”[11].


background image

ILM-FAN VA INNOVATSIYA

ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI

in-academy.uz/index.php/si

10

Bizning fikrimizcha, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini sudyalar tomonidan

qo‘llash samaradorligini yanada oshirish uchun quyidagi masalalarga e’tibor qaratish
maqsadga muvofiq:

- dastlabki tergov va prokuratura organlarining qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot

chorasini qo‘llash uchun sudga yuborilgan iltimosnomasida boshqa yengilroq ehtiyot
chorasini qo‘llash imkoni yo‘qligini isbotlovchi yetarlicha asoslangan xulosalarini kiritishlari
shartligini belgilash lozim. Buning uchun O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual
kodeksi 236-moddasini quyidagi to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirish taklif etiladi:

dastlabki tergov va prokuratura organlari

qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini

qo‘llash uchun sudga yuborilgan iltimosnomada qamoq ehtiyot chorasini qo‘llash zarurligini
isbotlovchi maqbul dalillarni keltirib o‘tishi shart.

References:

1.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi

O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-son Farmoni., 28.01.2022 yil.,
https://lex.uz/uz/docs/5841063.
2.

O‘zbekiston

Respublikasining

Konstitutsiyasi.,

https://www.lex.uz/acts/6445145#6445506.
3.

“Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro pakt., Norasmiy tarjima.,

https://lex.uz/docs/2640479.
4.

O‘zbekiston

Respublikasining

Jinoyat-protsessual

kodeksi.,

https://www.lex.uz/acts/111460.
5.

“Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkazilishi munosabati bilan

O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish
to‘g‘risida”gi qonun., https://lex.uz/docs/1322717.
6.

S.Rahmanova., “Miranda qoidasi” va “Xabeas korpus” instituti – huquqlarimizning

muhim konstitutsiyaviy kafolati”., 2023 yil 23 mart., https://yuz.uz/news.
7.

F.Taxirov., “Xabeas korpus” institutining konstitutsiyaviy kafolati”., International

Multidisciplinary Research in Academic Science (IMRAS Volume.8, Issue 05, May (2024).
8.

B.Salomov.,

“Qamoqdan

boshqasi

bekor(mi?).,

https://advokatnews.uz/xabar/1925.html.
9.

D.Suyunova., “Qamoqqa olish” ehtiyot chorasi: qonunda tartibga solinmagan holatlardan

kim jabr ko‘ryapti?., https://advokatnews.uz/xabar/1950.html.
10.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 14-noyabrdagi 16-sonli

“Sudga qadar ish yuritish bosqichida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasining sudlar
tomonidan qo‘llanilishi to‘g‘risida”gi qarori., https://lex.uz/docs/1595235.

Библиографические ссылки

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-son Farmoni., 28.01.2022 yil., https://lex.uz/uz/docs/5841063.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi., https://www.lex.uz/acts/6445145#6445506.

“Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro pakt., Norasmiy tarjima., https://lex.uz/docs/2640479.

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi., https://www.lex.uz/acts/111460.

“Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkazilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun., https://lex.uz/docs/1322717.

S.Rahmanova., “Miranda qoidasi” va “Xabeas korpus” instituti – huquqlarimizning muhim konstitutsiyaviy kafolati”., 2023 yil 23 mart., https://yuz.uz/news.

F.Taxirov., “Xabeas korpus” institutining konstitutsiyaviy kafolati”., International Multidisciplinary Research in Academic Science (IMRAS Volume.8, Issue 05, May (2024).

B.Salomov., “Qamoqdan boshqasi bekor(mi?)., https://advokatnews.uz/xabar/1925.html.

D.Suyunova., “Qamoqqa olish” ehtiyot chorasi: qonunda tartibga solinmagan holatlardan kim jabr ko‘ryapti?., https://advokatnews.uz/xabar/1950.html.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 14-noyabrdagi 16-sonli “Sudga qadar ish yuritish bosqichida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasining sudlar tomonidan qo‘llanilishi to‘g‘risida”gi qarori., https://lex.uz/docs/1595235.