ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
180
JINOYAT HUQUQIDA ISHTIROKCHILIK INSTITUTI VA JAVOBGARLIK
MASALASI
Qadambayeva Ozoda Umid qizi
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy Universiteti
Yurisprudensiya:biznes huquqi yo‘nalishi 2-bosqich talabasi
+9989073718111
https://doi.org/10.5281/zenodo.13218996
Annotatsiya:
Ushbu maqolada jinoyat qonunchiligida ishtirokchilik tushunchasi, uning
mazmun-mohiyati, belgilari, ishtirokchilik turlari va shakllari, jinoyat ishtirokchilarining
javobgarlik asoslari va doirasi tahlil qilinadi.
Kalit so‘zlar:
jinoyat, ishtirokchilik instituti, subyekt, qasd, ishtirokchilik shakllari,
bajaruvchi, javobgarlik doirasi, jazo tayinlash.
Jinoyat sodir etishda ishtirokchilik instituti jinoyat huquqining muhim va murakkab,
alohida ahamiyatga ega bo‘lgan institutlaridan biri hisoblanadi. O‘zR JKning Vll bob 27-
moddasida ishtirokchilikda sodir etiladigan jinoyatlarning umumiy tushunchasi berilgan
bo‘lib, unga ko‘ra–ikki yoki undan ortiq shaxslarning qasddan jinoyat sodir etishda
birgalashib qatnashishi ishtirokchilik deb topiladi. Ushbu ta‘rifdan ko‘rinib turibdiki,
ishtirokchilikning obyektiv va subyektiv bog‘liqligi mavjud. Subyektiv tomondan ikki yoki
undan ortiq shaxslarning muayyan jinoyatni sodir etishda qasddan ishtirok etishidir. Obyektiv
bog‘liqlik belgisi esa jinoyatni amalga oshirishda ikki yoki undan ortiq shaxslarning
qatnashayotganligi ya’ni ularning jinoyat obyektiv tomonini ifodalovchi harakatlarni
birgalikda sodir etishidir.
M.H.Rustamboyevning
fikricha, ishtirokchilikda sodir etiladigan
jinoyatlarning yuqori ijtimoiy xavfi shu bilan shartlanadiki, bunday holatlarda jinoiy-huquqiy
muhofaza obyektlariga sezilarli katta zarar yetkaziladi, jinoiy faoliyat yanada mustahkamroq
berkitiladi, bu esa huquq muhofazasi idoralarining uni o‘z vaqtida fosh etish va oldini olish
bo‘yicha ishini qiyinlashtiradi[1].
Shuningdek, jinoyatni ishtirokchilikda sodir etilgan deb hisoblash uchun jinoyat
huquqida maxsus belgilar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular quyidagilar:
Jinoyatni sodir etishda ikki yoki undan ortiq shaxslarning ishtirok etayotganligi;
Jinoyatda ishtirok etayotgan shaxslarning aqli rasoligi va jinoyat subyekti yoshiga
yetganligi;
Ular o‘rtasida obyektiv va subyektiv bog‘liqlikning mavjudligi
Bu belgilarning har biriga to‘xtaladigan boʻlsak, birinchidan, ikki yoki undan ortiq
shaxslarning muayyan jinoyatda ishtirok etishi deganda, faqat qasddan sodir etiladigan
jinoyatda kamida ikki kishi qatnashib, biri bajaruvchi, ikkinchisi tashkilotchi yoki dalolatchi,
yoxud yordamchi sifatida qatnashgan taqdirda ham jinoyat ishtirokchilikda sodir etilgan deb
topiladi. Jinoyatni sodir etishda kamida ikki kishi bajaruvchi sifatida qatnashgan taqdirda ham
jinoyat ishtirokchilikda sodir etilgan deb topiladi[2].
JK 28-moddasida jinoyatni bajaruvchi bilan bir qatorda tashkilotchi, dalolatchi va
yordamchilar ham jinoyat ishtirokchilari deb topilishi alohida keltirib oʻtilgan. Jinoyatni
bevosita to‘la yoki qisman sodir etgan yoxud ushbu Kodeksga muvofiq javobgarlikka tortilishi
mumkin bo‘lmagan shaxslardan yoki boshqa vositalardan foydalanib, jinoyat sodir etgan
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
181
shaxs bajaruvchi deb topiladi. Bajaruvchining harakatlari to‘g‘ri yoki egri qasd bilan
xarakterlanishi mumkin. Bajaruvchi boshqa ishtirokchilar bilan birgalikda o‘zi sodir etayotgan
harakatlarining ijtimoiy xavfli xarakterini anglaydi, ular uchun umumiy, yagona oqibat yuzaga
kelishi mumkinligi yoki muqarrarligini oldindan ko‘ra biladi va shu oqibatining yuzaga
kelishini istaydi yoki ongli ravishda shunga yo‘l qo‘yadi.
Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rilishiga yoki jinoyat sodir etilishiga rahbarlik qilgan shaxs
tashkilotchi deb topiladi. Tashkilotchi, odatda, guruh aʼzolarini uchrashtirib, tegishli yo‘l-
yo‘riqlar ko‘rsatish, zarur bo‘lsa vositalar berish, jinoyat sodir qilishning qulay usullari
yuzasidan tegishli maslahatlarni berish bilan cheklanib, jinoyatning obyektiv tomonini
ifodalovchi harakatlarda bevosita qatnashmaydi. Jinoyatning tashkilotchisi asosiy
tashabbuskorlardan biri bo‘lib, u jinoyat sodir etilishini tashkil qiladi, jinoyatni sodir
qilayotganlarning harakatlariga rahbarlik qiladi.
Jinoyat sodir etilishiga qiziqtiruvchi shaxs esa dalolatchi deb topiladi. Dalolatchilik
subyektiv tomondan to‘g‘ri qasddan sodir etiladi. Dalolatchi boshqa bir shaxsni jinoyat sodir
etishga qiziqtirayotganligini biladi, shuni istab harakat qiladi.
JK ning 28-moddasining 5-qismiga muvofiq, jinoyat sodir etilishiga o‘z maslahatlari,
ko‘rsatmalari bilan, vositalar berish yoki to‘siqlarni yo‘qotish bilan ko‘maklashgan,
shuningdek jinoyatchini, jinoyat sodir etish quroli, izlari va vositalarini yoxud jinoiy yo‘l bilan
qo‘lga kiritilgan narsalarni yashirishga, shuningdek bunday narsalarni olish va o‘tkazish
to‘g‘risida oldindan va’da bergan shaxs yordamchi deb topiladi.
Jinoyat sodir etishda ishtirok etayotgan shaxslarning barchasini jinoiy javobgarlikka
tortish uchun muhim belgilardan biri–JKning 17-moddasida nazarda tutilgan yoshga yetgan
hamda 18- moddasida nazarda tutilgan jinoyat sodir qilish paytida o‘z qilmishining ijtimoiy
xavfli xususiyatini anglagan va o‘z harakatlarini boshqara olgan holda bo‘lgan bo‘lishi lozim.
Ishtirokchilikning turlari bilan bir qatorda, uning alohida shakllari ham mavjud. JK 29-
moddasi 1-qismiga asosan, jinoyatdagi ishtirokchilik shakllari sifatida:
Oddiy ishtirokchilik;
Murakkab ishtirokchilik;
Uyushgan guruh;
Jinoiy uyushma tan olinadi.
Ikki yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirmay jinoyat sodir etishda
qatnashishi oddiy ishtirokchilik deb topiladi (JK 29-moddasi 2- qismi). Ishtirokchilikning
mazkur shakli jinoyat boshlanishi paytiga qadar kelishib olish imkoni yo‘qligi bilan izohlanadi.
Ikki yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirib jinoyat sodir etilishida ishtirok
qilishi murakkab ishtirokchilik deb topiladi. Ishtirokchilikning bu shakli uchun asosiy element
bo‘lib, ikki yoki undan ortiq shaxsning jinoyat sodir etish boshlangunga qadar, shuningdek, JK
Maxsus qismida ko‘rsatilgan jinoiy qilmishning hech bo‘lmaganda bir kishi tomonidan sodir
etish boshlanguncha til biriktirilganligi hisoblanadi.
Ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikda jinoiy faoliyat olib borishi uchun oldindan bir
guruhga birlashishi uyushgan guruh deb topiladi (JK 29-moddasi 4-qismi). Ushbu
ishtirokchilik shaklining o‘ziga xos shakli: bunda oldindan til biriktirish, barqarorlik,
vazifalarning taqsimlanishi, bir qancha jinoyat sodir etish maqsadida tuzilganligi bilan
xarakterlanadi.
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
182
Jinoiy uyushma–ishtirokchilikning barcha shakllari ichida eng xavflisi hisoblanadi. Ikki
yoki undan ortiq uyushgan guruhning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun oldindan
birlashishi jinoiy uyushma deb topiladi (JK 29-moddasi 5-qismi). Jinoiy uyushma asosiy
belgilaridan biri uning tarkibiy bo‘g‘inining ikki yoki undan ortiq uyushgan guruhlardan
iborat bo‘lishidir.
Jinoyatda ishtirok etganlik uchun javobgarlik masalasi alohida muhim ahamiyat kasb
etadi. JK 16-moddasi 2-qismiga muvofiq, jinoyat tarkibining barcha alomatlari mavjud bo‘lgan
qilmishni sodir etish jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lib hisoblanadi. Mazkur qoida,
ishtirokchilikda sodir etiladigan jinoyatlarga ham birdek taalluqlidir. JK 30-moddasi 1-
qismiga muvofiq, tashkilotchi, dalolatchi va yordamchilar ham ushbu Kodeks Maxsus
qismining bajaruvchini javobgarlikka tortish belgilangan moddasi bo‘yicha javobgarlikka
tortiladilar. Oldindan til biriktirgan guruh, jinoiy guruh va jinoiy uyushmaning tashkilotchilari
hamda a’zolari tayyorgarlik ko‘rilishi yoki sodir etilishida o‘zlari qatnashgan barcha jinoyatlar
uchun javobgarlikka tortiladilar. Uyushgan guruh yoki jinoiy uyushma tashkil etgan yoki
ularga rahbarlik qilgan shaxslar shu guruh yoki uyushma sodir etgan barcha jinoyatlar uchun,
basharti, bu jinoyatlar ularning jinoiy niyati bilan qamrab olingan bo‘lsa, javobgarlikka
tortiladilar. Boshqa ishtirokchilarning jinoiy niyati bilan qamrab olinmagan qilmish uchun uni
sodir etgan shaxs javobgar bo‘ladi. Tashkilotchi, dalolatchi yoki yordamchi jinoyatdan
ixtiyoriy ravishda qaytib, jinoyatning oldini olish uchun o‘ziga bog‘liq bo‘lgan barcha
choralarni o‘z vaqtida ko‘rganligi, jinoyatda ishtirokchilik uchun javobgarlikni istisno
qiladi[3].
References:
1.
Rustambayev M.X. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat huquqi kursi. Tom 1. Jinoyat haqida
ta’limot. Darslik. 2-nashr, to‘ldirilgan va qayta ishlangan T.: O’zbekiston Respublikasi Milliy
gvardiyasi Harbiy-texnik instituti, 2018. 289- bet.
2.
Jinoyat huquqi. Umumiy qism. Oliy o‘quv yurtlari uchun darslik. (M. Usmonaliyev. – T.,
“Yangi asr avlodi”, 2010, 277-bet
3.
4.
Ochilov X.R., Haydarov Sh.D., Shamsidinov 3.3. “Jinoyat huquqi” (Umumiy qism). O‘quv
qo‘llama – T.: TDYU Nashriyoti, 2021. 172 bet.
5.
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga sharhlar. Umumiy qism/M.
Rustambayev. Toshkent: “Yuridik adabiyotlar publish”, 2021.784 b.