ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
73
REGISTONDAGI ULUG`BEK MADRASASIDA FAOLIYAT OLIB BORGAN
MUTAFAKKIRLAR FAOLIYATIGA NAZAR
Sharipova Nargiza
Sirojeva Gulshoda
Djabbarova Farangiza
Registon maydoni gid ekskursovodlari
https://doi.org/10.5281/zenodo.12514677
Annotatsiya.
Buyuk olim va hukmdor Mirzo Ulug‘bek (1394 – 1449) o‘zini ilmga bag‘ishlab,
Samarqandda madrasa qurdirdi, bu madrasa Ulug‘bekning katta harakati tufayli o‘z davrining
ilg‘or oliy o‘quv yurti sifatidagina emas, balki ilmiy muassasa sifatida ham shonu shuhrat
qozongan. Ulug‘bekning atrofiga ilm va fan ahli, adabiyot va san’at namoyandalari to‘plangan.
Ularning orasida aniq fan olimlari, astronomlar yetakchi o‘rinni egallar edi. Ushbu maqolada
mazkur madrasada faoliyat olib borgan ayrim mutafakkirlarimizning hayot va ilm yo`li
yoritiladi.
Kalit so‘zlar:
Madrasa, Mirzo Ulug`bek, tarix, Registon, ilm-fan.
KIRISH
Tarixdan ma`lumki, Ulug‘bekning himoyasida ilm maskanining ilmiy salohiyati rivojlangan.
Astronomiya bilan muntazam shug‘ullanish muqarrar sur’atda tegishli kuzatishlarga hamda
astrolyabiya, parallaktik chizg‘ichlar, quyosh soati va boshqa shu kabi asboblar yordamida
eng sodda astronomik o‘lchovlarga olib keldiki, bu esa rasadxona qurish uchun zamin bo‘lgan.
Madrasa bitgach, unda ta’lim beradigan kishilarni va Ulug‘bekning o‘zi har biri bilan alohida
suhbatlashib, avval ularning ilmiy malakasi yetarli ekanligiga ishonch hosil qilgach,
tayinlagan. Madrasa mudarrisiligiga kimni tayin etmoqchisiz? deb so‘raganlarida, barcha
ilmlardan xabari bor kishini topaman, deb javob beradi. Shunda yerda g‘isht uyumlari oldida
yurgan yupun kiyimda o‘tirgan Mavlono Muhammad Ulug‘bekning bu gapini eshitib qolgan,
shu onda o‘rnidan turib, bu vazifaga men loyiqman, deydi. Shundan so‘ng Ulug‘bek sulton uni
imtihon qilib haqiqatan ham mazkur vazifaga loyiq topgan.
ASOSIY QISM
Bu yerda tilga olingan Qozizoda Rumiy (asli kelib chiqishi kunyolik Salohiddin Muso ibn
Mahmud) mashhur matematik va astronomdir. G‘oyat bilimli bo‘lgan bu olimni
zamondoshlari “o‘z davrining Aflotuni” – deb atashgan. U Samarqandda dafn etilgan bo‘lib,
Ulug‘bek sultonning unga ehtiromi balandligi boisidan uning qabri ustiga maqbara qurishga
farmon bergan. Maqbara Shohi Zinda maqbarasining yaqinida joylashgan. Ulug‘bek maktabi
tarixida muhim rol o‘ynagan boshqa yana bir yirik matematik va astronom G‘iyosiddin
Jamshid ibn Mas’ud edi.
Ulug‘bek maktabida ish olib borgan Muiniddin, uning o‘g‘li Mansur Koshiy va Koshiyning
shogirdi Ulug‘bek mirzo asarlarining sharhchisi Ali ibn Muhammad Birjondiylar ham taniqli
astronomlardan bo‘lgan. Ulug‘bek asarlarining sharhchisi Qozizoda Rumiy va Ulug‘bekning
shogirdi samarqandlik matematik va astronom Alouddin Ali ibn Muhammad Qushchini ham
zamondoshlari “o‘z davrining Ptolomeyi” deb atashgan. Ali Qushchi ilmiy sohada Ulug‘bekning
eng yaqin yordamchilaridan biri edi.
Ulug‘bek maktabining nomdor olimlaridan biri Qozizodaning nabirasi Mirim Chalabiy nomi
ham diqqatga sazovordir. Madrasada Ulug‘bek mirzoning o‘zi ham falakiyot ilmiga oid ilmiy
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
74
ma’ruzalar o‘qir edi. Uchinchi darajali algebraik tenglamaga olib kelgan bir gradus yoyning
sinusini aniqlash – Ulug‘bek mirzo va uning maktabi erishgan ajoyib va eng muhim
muvaffaqiyatlardan biri bo‘lgan. Bu kabi ilmiy kashfiyotlar o‘zining ilmiyligi va ahamiyati
bilan biri-biridan farq qilgan.
“Ziji Ulug‘bek”, ya’ni Ulug‘bekning astronomik jadvallari, boshqacha so‘z bilan aytganda, “Ziji
Ko‘ragoniy”ning ajoyib sharhchisi astronom Birjondiyning yozishicha, yuqoridagi masalani
hal qilish (ya’ni uchinchi darajali algebraik tenglamaga olib kelgan masalani hal qilish)
usullaridan biri Jamshidga, ikkinchisi esa zaxmatkash sulton Ulug‘bekka mansubdir.
Mirzo Ulug‘bek olimlar, rasadxona xodimlari oldida bir necha bor ilmiy ma’ruzalar qilgan va
ular bergan savollarga javob qaytargan. Masalan, Sediyo qo‘lyozmada qayd qilingan ana
shunday voqealardan birini keltiradi. Samarqanddagi astronomlar maktabining vakili, “Ziji
Ko‘ragoniy” asarining sharhchisi astronom Chalabiyning bu qo‘lyozmasida bunday deyiladi.
“Bizning mullamiz G‘iyosiddin Jamshid bir necha bor sulton, shahzoda, amaldorlar ishtirok
etgan yig‘ilishda shu jadvallarning muallifdan nima uchun astronomiyaga oid risolalarda
apogey va perigeyda hech qanday tenglama yo‘q, deb aytilgan, vaholanki, biz ularni aniqlashni
jadvallardan topib olamiz, deb so‘ragan.
Mirzo Ulug‘bek bunday deb javob qilgan: Mening jadvallarimda ana shu ikki nuqta uchun
tenglama belgilab berish mening vazifamga kirmaydi”. ”G‘iyosiddinga, - berilgan bu javob, deb
yozadi Chalabiy, - to‘g‘ri, chunki shundan keyin biz o‘z sharhlarimizda bu fikrlarni bayon qilib
berdik”.
Bundan kelib chiqadiki, hatto G‘iyosiddin Jamshid kabi yirik matematik va astronom olimlar
ham Ulug‘bek mirzoning maslahatlariga muhtoj bo‘lgan, ilmiy masalalarda unga murojaat
qilgan va batafsil javoblarni olgan. Ulug‘bekning faoliyati mutaassib kuchlar bilan kurashlarda
toblandi. Ehtimol, olim Ulug‘bek bu kabi murakkab sharoitda ijod qilmaganida, unga tinch va
osoyishta muhit bo‘lganida, uning qoldirgan ilmiy merosi bundan ham barakaliroq bo‘lishi
tayin edi.
G‘iyosiddin Jamshid Koshiy Ulug‘bek mirzoning ishonchli hamkori edi. U Samarqand
astronomiya maktabida o‘z zamonasida matematika fanida inqilob qilgan. U to‘rtinchi darajali
kvadrat tenglamalarni yechish muammosini ixtiro qilgan. Taassufki, uning bu ixtirosi bizgacha
yetib kelmagan. U o‘zining “Risolat at-atvor” - “Vatarlar va sinuslar haqida” risolasida
astronomiya ilmida qayd etilmagan muammolarni hal etgan. Jamshid Koshiyning qilgan
ixtirolarini undan ikki yuz yil keyin Yevropalik olimlar takrorlagan. Chunki bu vaqtda
Koshiyning nomi va ixtirosi butun dunyoda katta shuhrat qozonib ulgurgan edi.
Bunday qoida o‘rta asr O‘rta Osiyosiga ham taalluqli edi. Reaksion kuchlar hamma narsani din
niqobi ostiga yashirar, ilgor g‘oyalarni islom diniga zid, – deb hisoblar va hokimiyatda o‘z
mavqeini shu tariqa mustahkam ushlashga urinardi. Dunyoning geotsentrik sistemasi
Ulug‘bek maktabi astronomik ishlarining negizini tashkil etadi. Ulug‘bek maktabida o‘qitilgan
fanlar orasida ta’lim asosini astronomiya fani tashkil etardi. Ulug‘bek boshchilik qilgan
astronomlarning muvaffaqiyatli ravishda olib borgan ta’lim va ilmiy ishlari ularni aniqroq
asboblar bilan ta’minlangan namunali rasadxona qurish kerak, degan fikrga olib kelgan.
Ulug‘bek yuqorida aytib o‘tilgan madrasani qurdirganidan keyin oradan to‘rt yil o‘tgach, ana
shu g‘oyani amalga oshirishga kirishgan [3].
Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Mavlono Muiniddin Koshiy bilan o‘zaro maslahatlashib,
Ko‘hak tepaligi etagida, Obirahmat soyining bo‘yida rasadxona binosini qurdirgan. Bu
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
75
binoning atrofida baland hujralar qurilgan. Rasadxona joylashgan tepalik etaklarida ajoyib
bog‘ barpo etilgan. Ulug‘bek o‘zining ko‘pgina vaqtini shu bog‘da o‘tkazar edi. Zahiriddin
Muhammad Bobur asarlarida ham shunday ma’lumotni o‘qish mumkin: “Yana bir oliy imorati
Pushtai Ko‘hak domanasida rasaddurkim, zich bitmakning olatidur, Uch oshyonlikdur” [2].
Shuni ham aytish kerakki, 1259 yilda Marag‘oda Nosiriddin Tusiy tomonidan qurilgan
rasadxona XIV asrning birinchi yarmidayoq xaroba holiga kelgan edi.
XULOSA VA MUNOZARA
Amir Temur vorislari Movarounnahr, Xurosonda ilm-fanning yuksak darajada ravnaq
topishiga, Samarqandni madaniyat markaziga aylantirishga ko‘p kuch sarflashgan. Bu davrda
Movarounnahrda ilmning ko‘p sohalari ravnaq topgan. Samarqandda Ulug‘bek boshchiligida
vujudga kelgan falakiyot maktabining dovrug‘i tez orada butun jahon uzra taralgan. Hirotda
buyuk shoir va mutafakkirlar Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy yashashib, samarali ijod
qilishgan. Bularning hammasida buyuk bobokalonimiz Sohibqiron Amir Temur va uning
alloma nabirasi – Mirzo Ulug‘bekning xizmatlari beqiyosdir. Shu boisdan yoshlarni barkamol
etib tarbiyalash uchun bilim sarchashmasi hisoblangan Temuriylar davri ma’naviy
qadriyatlarini o‘rganish va yoshlarga yanada chuqurroq singdirish nihoyatda dolzarbdir.
References:
1.
Bo‘riev O., Qahhorov N. Temuriylar Renessansi. Monografiya. – T.: Tafakkur, 2020. – 192
bet.
2.
Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. – T.: “Yulduzcha”, 1989. –B. 45
3.
Muhammadjonov A. O‘zbekiston tarixi. – T.: “Sharq”, 2013. – B.150-156
4.
Mustaqillik izohli ilmiy-ommabop lug‘at. – T.: “Sharq”, 2013, – B.512
5.
Mirzo Ulug‘bek suv ichgan piyola // “Xalq so‘zi”, 2018 yil 13 mart.