Авторы

  • Charos Raximova
    О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti 3 kurs tayanch doktoranti (PhD)

DOI:

https://doi.org/10.71337/inlibrary.uz.scin.51742

Ключевые слова:

musiqali drama ijodiy jamoa spektakl aktyor obraz kulminatsiya xarakter rejissor.

Аннотация

Ushbu maqolada milliy dramaturgik asarlarning sahnaviy talqinlari – o‘z davrining yutuq va kamchiliklarini aks ettirishi, muammo va unga ijodkorlar tomonidan taqdim etilajak yechim ekanligi haqida so‘z yuritiladi. Farg‘ona viloyat musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan “Seni sog‘indim” spektakli orqali ijodiy jamoaning repertuar shakllantirishdagi izlanishlari tahlil qilinadi.


background image

ILM-FAN VA INNOVATSIYA

ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI

in-academy.uz/index.php/si

86

FARG‘ONA VILOYAT TEATRLARIDA ZAMONAVIY MAVZUNING IJROVIY

MANZARALARI

Raximova Charos Xamidulla qizi

charosraximova961@gmail.ru +99893 125 06 25

О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti

3 kurs tayanch doktoranti (PhD)

https://doi.org/10.5281/zenodo.14058680

Annotatsiya:

Ushbu maqolada

milliy dramaturgik asarlarning sahnaviy talqinlari –

o‘z

davrining yutuq va kamchiliklarini aks ettirishi, muammo va unga ijodkorlar tomonidan
taqdim etilajak yechim ekanligi haqida so‘z yuritiladi. Farg‘ona viloyat musiqali drama
teatrida sahnalashtirilgan “Seni sog‘indim” spektakli orqali ijodiy jamoaning repertuar
shakllantirishdagi izlanishlari tahlil qilinadi.

Tayanch so‘zlar:

musiqali drama, ijodiy jamoa, spektakl, aktyor, obraz,

kulminatsiya,

xarakter, rejissor.

Ma’lum davrning ijtimoiy hayot silsilasida hukm surayotgan qarashlar: mafkuraviy ong

hamda muayyan axloqiy-huquqiy me’yorlar, san’atning boshqa turlaridan farqli o‘laroq,
insonlar e’tiboriga sahnaviy asarlar talqinida uzatilishi nisbatan faol madaniy hodisa sanaladi.
[1, 82]

Binobarin, teatr sahnasida namoyish etilajak asarlar mavjud davr hayot tarzining

amaliy in’ikosi sifatida, tomoshabinga tatimliligi, yuqumlilik reaksiyasining o‘ziga xosligi bilan
alohida ahamiyat kasb etadi. Bu esa, o‘z navbatida, bugunning dolzarb muammolari, real
hayotda tipiklik kasb etuvchi ijtimoiy hayot manzaralarni tomoshabin ko‘z o‘ngida
gavdalantirib, jamiyat a’zolarini o‘ylantiradigan og‘riqli savollarga to‘laqonli javob topib bera
oladigan badiiy-ijroviy pishiq, g‘oyaviy jihatdan mustahkam sahna asarlari taqdim etishni
talab qiladi.

Bugun mamlakatimizdagi teatrlar faoliyatida ijobiy siljishlar, aytishga arzigulik ijodiy

jonlanishlar yuz bermoqda. O‘zbek xalqi jahon teatr madaniyatining deyarli barcha turlarini
egallagan. Lekin xalqimiz o‘z xarakter xususiyati va milliy an’analariga tayangan holda
professional teatrning yangi o‘ziga xos turi - musiqali dramani yaratgan. [2, 64] Shu bois,
nafaqat poytaxt teatrlarida, balki viloyatlar miqyosida ham, so‘nggi yillarda qator ijodiy
izlanishlar hamda tomoshabin ma’naviy ehtiyojiga muvofiq asarlar namoyish etilayotgani
quvonarli holdir. Xususan, bu borada Farg‘ona viloyat teatrlarida zamonaviy mavzudagi
spektakllar ijroviy pishiqligi, mazmunning davr ruhiga hamohangligi bilan alohida e’tirofga
molikdir.

Ma’lumki, Farg‘ona viloyati musiqali drama teatri mamlakatimiz madaniy qiyofasining

shakllanishida o‘ziga xos muhim o‘rin tutib kelgan. Shu bois, tear san’ati yo‘nalishida amalga
oshirilayotgan izlanishlar xususida so‘z borar ekan, farg‘onalik san’atkorlar faoliyati haqidagi
kuzatishlarimizni havola etishimiz o‘rinlidir. Bugungi kunning dolzarb mavzularidan biri
sanalayotgan yoshlar mavzusi, ularning dunyoqarash va e’tiqodlari masalalariga
bag‘ishlangan sahna asarlari Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi viloyat teatrida
tomoshabinlarga taqdim etildi. Jumladan, dramaturglar A. Abdug‘afurov hamda M.


background image

ILM-FAN VA INNOVATSIYA

ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI

in-academy.uz/index.php/si

87

Komiljonovlar asari asosida sahnaga qo‘yilgan “Seni sog‘indim” spektakli ilk premyeradanoq,
tomoshabinlar e’tiborini qozondi. Rejissyor Muhammadsoli Yusupov sahnalashtirgan ushbu
asar hozirgi mustaqillik sharoitida o‘sib-ulg‘ayayotgan yosh avlod hamda zamondoshlarning
axloqiy mezonlariga salbiy ta’sir etayotgan ma’nan tuban, riyokorona muhit vakillari – jinoiy
to‘dalar va ularni fosh etishda biz bilan yonma-yon yashayotgan davrimiz qahramonlarining
ma’naviy jasoratlari yuksak professional ijrosi bilan tomoshabin olqishini qozondi. Asarda
jamiyat a’zolarining ma’naviy dunyosidagi tanazzuliy jihatlar bo‘lgan g‘ayriinsoniy chirkin
illatlar – o‘g‘rilik, qotillik, tanfurushlik, odam savdosi, poraxo‘rlik hamda qimorbozliklar,
ularga qarshi elning asil farzandlari bo‘lgan iymonli insonlar tomonidan olib borilayotgan
murosasiz kurashlar o‘zining sahnaviy ifodasini to‘laqonli shakllantira olgani ahamiyatlidir.

Spektaklning boshi – prologdanoq, endigina mustaqil hayotga kirib kelgan Beshkapalik

Diyorbekning tasodif tufayli guldek yoshligini allaqachon izdan chiqarib, nopok yo‘llarni
ixtiyor qilgan, boshi berk ko‘chaga kirgan qimorboz tengqurlari – Ibo va Tillo kabi chirkin
shaxslarning pul, boylik yo‘lida har qanday tubanliklardan tap tortmasliklari yoritiladi. Aynan
mana shu ko‘rinishdayoq, o‘tkir konflikt yuzaga keladi va mana shu tarang vaziyat
spektaklning har bir ko‘rinishlariga ma’lum darajada o‘z kuchini saqlagan holda, barcha
personajlar taqdiriga ham ma’lum darajada salbiy ta’sir kuchini o‘tkazib, ko‘plar hayotining
butunlay izdan chiqarishga muvaffaq bo‘ladi. Taassuflar bilan aytish mumkinki, spektakldagi
bunday badbin kimsalar o‘zga yurtlardan kelib, tinchimizni buzayotgan begonalar emas, o‘z
zamondoshlarimiz, millatdoshlarimiz! Ularning tubanliklari nafsiga qul kimsalar – haqiqat,
adolat izlovchi, sururga intiq, pokiza qalblar tasavvuriga nayza bo‘lib sanchiladi.

Zamondoshlarimizni ma’naviy tubanlik qa’riga tortayotgan bu kabi nafs qullariga

nisbatan dadil va murosasiz kurash uchun yo‘lga chiqqan pok iymonli Sultonning Vatanga, o‘z
kasbiga sodiqligi, vatandoshlariga bo‘lgan cheksiz muhabbati spektaklning boshdan oxiriga
qadar bo‘lgan har bir ko‘rinish hamda vaziyatlarda o‘z ifodasini namoyon etib turadi. Zero,
tubanlik ajdaholari qarshisida ham mustahkam e’tiqodiga xiyonat qilmagan Sultonning
sahnaviy talqini aynan iste’dodli aktyor Muhammadsoli Yusupov tomonidan mahorat bilan
ijro etilib, mazkur dramatik obrazni xarakter darajasiga olib chiqishga erishdi. Aytish
mumkinki, spektakl davomida ko‘z oldimizda o‘z dunyosi, o‘z orzu-intilishlariga ega, mag‘rur,
iymonli va pok qalbning yorqin obrazini ro‘y-rost aks ettira oldi.

Spektaklda detektiv lavhalar ko‘p bo‘lgani sababli, sahnadagi o‘tkir syujet

tomoshabinning diqqatini chulg‘aydi. Dramadagi voqealar mamlakatimizning turli joylarida,
jumladan, markaziy shaharlaridan biri – ziyoli oilasida, badbin kimsalar makonida, boshqa
o‘rinlarda, chet ellarda yuz berib, xorijdagi yurtdoshlarimiz hayotida ro‘y berayotgan o‘tkir
dramatik lavhalar bilan to‘yintirilgani asar qimmatini yanada oshirib, tomoshabin ma’naviy
olamining kengayishi, ruhiy mushohadaning qizg‘in tus olishiga zamin yaratadi. Spektaklning
ko‘plab o‘rinlarida boylik, pul, mol-dunyo uchun vijdonini ham sotishga tayyor ayrim betayin
kimsalar shafqatsiz tanqid ostiga olinadi va insonlarni ogohlikka chaqiradi. Qolaversa,
Vatanga muhabbat, o‘z mamlakati bilan faxrlanadigan insonning eng buyuk ishlarga qodirligi
spektaklda butun mohiyati bilan namoyon bo‘ladi. Unda viloyat prokurori Sulton hamda uning
safdoshlari – jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimlari (Zulunbek) timsolida yurtdoshlarimiz, yurtimiz
tinchligi uchun olib borilayotgan kurashlar tomoshabin ko`z ongida mahoratli ijro vositasida
gavdalantiriladi.


background image

ILM-FAN VA INNOVATSIYA

ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI

in-academy.uz/index.php/si

88

Spektaklning yana bir tarbiyaviy qimmati jihati shundaki, unda sahna va tomoshabin

o‘rtasida ruhan ma’naviy aloqadorlik – parallelizmning mavjudligidir. Turli yoshlarga mansub
tomoshabinlarga muvofiq tarzda, sahnadagi hayotda ham turli avlod vakillari namoyon
bo‘ladi. Ya’ni, o‘smirlik, yoshlik, o‘rta yosh hamda keksalik davridagi insonlarning o‘y-
kechinmalari, ularning hayotga qarashlari sahnada o‘ta ishonarli tarzda namoyon etib
beriladiki, har bir tomoshabin o‘zini o‘ylantirayotgan va qiynayotgan jumboqlarga, hayot
sinovlariga, beixtiyor spektakl davomida yechim topa oladi va yosh xususiyatlariga ko‘ra
mushohada yuritish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Masalan, Bahodir (Ohistaning o‘g‘li) qiyofasida
o‘smir kechinmalari, uning hayot kuzatishlari, mulohazalari, o‘zi kamol topayotgan oila hamda
jamiyat (mahallasi, maktabidagi o‘rtoqlari) borasidagi sodda, bolalarcha qarashlarining
guvohi bo‘lamiz. Xususan, Bahodirga oilada halollik tarbiyasi yetarlicha singdirilgan. Bola
bobosiga havas qiladi, uning halol, rostgo‘y insonning hurmatli bo‘lishi haqidagi fikrlaridan
ruhlanadi. Ammo Bahodir shunchaki bola emas. Uning ham o‘z qarashlari, fikri bor.
Mahalladagi tengdoshlari orasida yuz bergan zo‘ravonlik holatini ko‘rganda, haqsizlikdan bola
qalbi isyon qiladi. Ammo odamning to‘niga qarab muomala qilishga moyil ba’zi tengqurlari
oldidagi vaqtinchalik mag‘lubiyatidan qalbi parchalanadi. Mazkur lavha tomoshabinlar
qatorida o‘tirgan o‘smir-yoshlar uchun ham saboq bo‘lishi shubhasiz. Qolaversa,
jamiyatimizning tayanchi, yurtimizning egalari bo‘lgan yoshlarning tipik timsoli bo‘lgan
Jahongir (Sultonning o‘g‘li) misolida yoshlarning bugungi kunda baxtini yurtimizdan emas,
chet ellardan izlab, katta boylik orttirsa-da, asl jannat Vatanda ekanini voqealar rivojida
anglagani, bilimdon, ishbilarmon iqtisodchi sifatida Vatanga qaytib, yurt ravnaqiga hissa
qo‘shishdek ulkan ishga bel bog‘lagan yoshlarimizning tipik qiyofasini ko‘rish mumkin.

“Spektakldagi o‘rta yoshga mansub, ya’ni oila qurib, farzandlar ko‘rgan, bir so‘z bilan

aytganda, oila deb atalmish kichik bir shakllangan jamiyat egalarining ijtimoiy hayot tarzidagi
kuzatishlari, o‘zlarini qiynayotgan muammolarga yetarli yechim topa olishlarida Ohista,
Madiyor, Kenja, Xudoyberdi kabilar yaratgan xarakterli ijroviy mahorat ma’naviy kalit
vazifasini o‘tay oladi.”[3, 4] Qolaversa, Vasila kabi ayol nomiga dog‘ tushiradigan badnafs,
buzuqfe’l shaxslar, Xolida kabi aldanib, odamfurushlar iskanjasiga tushib qolgan bilimsiz,
huquqiy ongsiz yoshlar muammolari sahnada mahorat bilan ochib berilgan. Hech ikkilanmay
aytish mumkinki, spektaklning boshidan oxiriga qadar aktyorlar va tomoshabin o‘rtasida
so‘zsiz, sharh va tushuntirishlarsiz ruhiy muloqot ustuvor bo‘lishi tabiiy. Bunda har bir
tomoshabin sahnada o‘zi yoki tengdoshini ko‘rishi, bu boradagi barcha muammoli
vaziyatlardan yetarli darajada xulosa chiqarishi mumkin.

Spektaklning yana bir yutuqlaridan biri – unda personajlar nutqi yordamida xarakter

yaratish mahoratining ustalik bilan amalga oshirilganligidir. Bu holatni sahnaning 1-
ko‘rinishidanoq, ya’ni, Sultonning tug‘ilgan kuniga tashrif buyurgan kuyovi Madiyor bilan
bo‘lgan dialog asnosida uchratish mumkin. Zotan, Sulton tomonidan kuyovi Madiyorga “…
yolg‘onchilikka tanlov e’lon qilinsa, g‘olib chiqasiz…” degan e’tirozidanoq, tomoshabin odam
savdosi bilan yashirin shug‘ullanayotgan kuyovning fe’l-atvori haqida yetarli darajada
tasavvur hosil qilishi ehtimoldan xoli emas. Qolaversa, usta Xudoyberdining biroz dovdirroq,
chapani, do‘lvori, ammo, sodda, ko‘nglida g‘ubori yo‘q inson ekanligini uning quyidagi
so‘zlaridan ilg‘ab olish mumkin: “Qolgan ustalar ishni trost bilan qilsa, men… mana shu
qo‘llarim bilan qilaman… shest sekund!!!” Uning so‘zlariga qaraganda, “bu shaharda uni


background image

ILM-FAN VA INNOVATSIYA

ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI

in-academy.uz/index.php/si

89

hamma taniydi, u ham deyarli hammani taniydi’, faqat shu xonadonni – o‘z tili bilan aytganda,
“5-dom, 36-kvartirani”gina bilmas ekan! U ochiqko‘ngil, hatto sal-pal biladigan odamiga ham
darrov yaxshilik qilishga tayyorligi, xonadonda nima yumush bo‘lsa, doim unga hozir-u
nozirligini aytib, hammada yaxshi taassurot qoldirishni xohlaydigan inson. Ba’zida esa o‘zi
kelgan joydagi xonadon egasiga ham ba’zi yumushlarda qarashib ketaveradi. Bu o‘rindagi
personaj xatti-harakatlarining laganbardorlikdan xoli ekanligini, bu xatti-harakatlar va barcha
jonbozliklarni o‘zi o‘ylagandek, “hurmatli xonadon sohiblari”ning mehrini qozonishi
uchungina ekanligini ilg‘ab olish qiyin emas. Xudoyberdining o‘rnida boshqa odam bo‘lsa, u
bunday “jonbozlik”larni o‘ziga ep ko‘ravermaydi, albatta. Lekin Xudoydergi parvo ham
qilmaydi. U mehmonlar oldida qanday o‘tirdim, bilib gapirdimmi yoki bilmaymi; qanday javob
qildim, qanday kulimsiradim, deb tashvishlanib ham o‘tirmaydi, birovlarning oldida obro‘si
to‘kilishidan ham umuman cho‘chimaydi. U afandife’l inson va mana shu fe’l-atvor aktyor
A.Akramov tomonidan yetarli darajada mahorat bilan sahnaga olib chiqilgan. Binobarin, ijro
katta mahorat ijodiy mehnat bilangina tomoshabinni hayot haqiqatiga ishontira oladi va
muayyan shaxs timsolida, ma’naviy dunyosidagi o‘y-qarashlar hamda tuyg‘ularni
tomoshabinga yuqtira biladi.

Spektaklning atigi ikkita lavhasida ko‘ringan personaj – Kenja ham chigal taqdir sohibi

sifatida e’tiborimizni tortadi. Uning yigitlik davri Afg‘on urushi yillariga to‘g‘ri keladi. Sirtdan
qaraganda, Kenjaga afg‘on urushi tufayli, shu urush va asirlik sabablari o‘laroq, vatangadolik
qismati bitilgandek. Ammo, asosiy sabab bunda ham emas. Yigitning o‘tmishidan chirkin va
nopok dog‘lar bugungi vatangadolikning asl sababchisidir. Sirtdan qaraganimizda, aslida,
Kenja, umuman yomon inson emas. Shuning uchun ham, Xudoyberdining oilasiga xiyonat
qilishdek jirkanch qilmishi uchun o‘zini kechirolmaydi. Bu yerlardan, o‘z gunohlaridan
uzoqlashish uchun armiyaga ketib qoladi. Kenja o‘zini qiynayotgan adoqsiz vijdon azoblarida
qovrilib, aslida yo‘l qo‘ygan nopok xatolaridan yiroqlarga qochmoqchi bo‘ladi.

Ehtimol, o‘g‘irlik yoki qotillik qilgan olchoqning siri sirligicha qolar. Ammo, xiyonat fosh

bo‘lmay qolmaydi. Negaki, xiyonatni bir odam qilmaydi – albatta, sherigi bo‘ladi. Faqat
afsuslanarli tomoni shundaki, xiyonatdan ozor chekkan odam bu sirdan eng oxirida xabar
topadi. Xudoyberdining ham boshiga ana shunday baxtsizlik yog‘ilgan: ishongan inson – xotini
Vasila o‘zining munofiqligi va yengiltabiatliligi bilan bir vaqtning o‘zida ikki insonning
hayotini izdan chiqarib yuboradi. Bular sodda va ishonuvchan (Vasilaning so‘zlari bilan
aytganda, “laqma”!) Xudoyberdi hamda aslida insofli, ammo nafsini tiyishdan ojiz bo‘lgan bo‘z
yigit Kenja edi. Xudoyberdi bu xiyonatdan so‘ng hayotga bo‘lgan qarashlari ham, tuyg‘ulari
ham mutlaqo o‘zgarib ketadi. Odamlarga bo‘lgan ishonchi qurib bitgan bir jo‘mard yigit
spektaklning boshida ko‘rganimiz do‘lvori va afanditabiat Xudoyberdiga aylanib qoldi.

Biz mulohazalarimiz avvalida “in’ikos” atamasini bejiz keltirmadik. Xususan, teatr ijrosi

uchun tanlangan asar, hech bir istisnosiz, mavjud davrdagi hayot in’ikosi bo‘lishi shart ekan,
unda salbiy yoki ijobiy qahramonlar emas, balki, tirik inson qiyofasi, ya’ni turfa xarakterlar,
turli-tuman dunyoqarash va e’tiqod egalari, shuningdek, inson bolasi qonidagi pok tuyg‘ularga
qarama-qarshi ravishda, iymondan yiroq xira tortgan kir qalblar o‘rtasidagi omonsiz kurash
lavhalari aktyorlarning mahoratli ijrosi vositasidagina tomoshabinga uzatiladi va chin
insoniy tamoyillar tinglovchilar ma’naviy olamiga “yuqtiriladi”.


background image

ILM-FAN VA INNOVATSIYA

ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI

in-academy.uz/index.php/si

90

Lekin sahna dekoratsiyasidagi mubham chizgilar, asar mazmuniga mos bo‘lmagan

tushuniksiz tasvirlar tomoshabin diqqatining jamlanishi, butun diqqat-e’tiborning ijroga jalb
etilishiga ma’lum darajada to‘sqinlik qilishi tabiiy. Bu holatga o‘ta mas’uliyat bilan chek
qo‘yish bugunning kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalaridan biridir. Dekoratsiya, yoritish
xizmatlari yuqori sifatga erishilgandagina, aktyorlar mehnati yuzaga chiqadi, tomoshabin o‘zi
ko‘rayotgan sahna asaridan chuqur qoniqish hosil qilishiga erishiladi. Zero, sahnadagi boy
dekoratsiya, buyumlar, detallarning zamonaviy ko‘rinishlarda bo‘lishi tomoshabin
tasavvuridagi kundalik ijtimoiy hayot manzarasini sahnada to‘laqonli, ishonarli gavdalantirib
berilgandagina, real hayotiy tasavvurlarimizni boyitishi mumkin.

Hech qachon unutmaylik: teatr – tomoshabin yashab turgan hayotning mutlaq

in’ikosidir. [4, 72]

References:

1.

Olimova K. Bir asr bitiklari. – Toshkent: Istiqlol nuri, 2015, 82-bet.

2.

Xamidjon Ikromov. “Davr va teatr.” – “Musiqali teatr: tashabbus va ijro." “O‘zbekiston

milliy ensiklopediyasi” nashriyoti. Toshkent 2009 yil. 64 bet.
3.

Saidali Odilov “Seni sog‘indim” // Farg‘ona haqiqati. №28, 2013

4.

Umarov A., Mirzahamdamov Z. Ho‘qandi latif – san’at ayvoni. // Qo‘qon teatri tarixi

zarvaraqlari. Farg`ona, 2011., 72-bet.

Библиографические ссылки

Olimova K. Bir asr bitiklari. – Toshkent: Istiqlol nuri, 2015, 82-bet.

Xamidjon Ikromov. “Davr va teatr.” – “Musiqali teatr: tashabbus va ijro." “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” nashriyoti. Toshkent 2009 yil. 64 bet.

Saidali Odilov “Seni sog‘indim” // Farg‘ona haqiqati. №28, 2013

Umarov A., Mirzahamdamov Z. Ho‘qandi latif – san’at ayvoni. // Qo‘qon teatri tarixi zarvaraqlari. Farg`ona, 2011., 72-bet.