ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
49
“DORUR-ROHAT MUSULMONLARI” ASARIDA IDEAL JAMIYAT
TUSHUNCHASI
Aliyeva Mohinur G’ani qizi
Buxoro davlat pedagogika instituti o’qituvchisi
https://doi.org/10.5281/zenodo.14050186
Annotatsiya:
XIX asr oxiri-XX asrning boshlarida dunyo tamaddunida jiddiy siyosiy,
ijtimoiy,madaniy o'zgarishlar ro'y berdi. Bu kabi o'zgarishlar azaldan, o'z dunyoqarashiga
suyangan,ilmning barcha jabhalarida rivojlanishda bo'lgan, ammo keyinchalik, Sho'ro
mustabid tuzumi ortidan yuksalishning har tomonidan ortda qola boshlagan Turkistonga ham
o'z ta'sirini o'tkazmay qolmadi. Bu davr Turkiston tarixiga jadidchilikning maydonga kelishi
va shakllanishi davri bo'lib kirdi. Bu rivojning boshlanishida esa, jadid ma'rifatparvarlarining
otasi Ismoilbek Gasprali turadi. U Rusiya musulmonlarining Sho'ro istibdodidan xalos
bo'lishini urush, qo'zg'olonlar orqali bostirib bo'lmasligini anglagan ziyoli shaxs sifatida,
ularni diniy ilmlari bilan mutanosib holda yangi dunyoviy bilimlarni egallash, ularga g'ayrat
qilish, dunyo rivojidan ortda qolmaslik uchun Sharq va G'arb ilmini birday o'rganish tarafdori
bo'ldi. Ushbu harakatlari amali o'laroq u gazeta va matbaachilik sohasida bir qator yangi
jurnal va gazetalarga asos soldi. Tijorat bilan shug'ullanib, dunyoning yetakchi davlatlarida
kechayotgan yangi o'zgarishlarni o'z ko'zi bilan ko'rib, ulardan xalqi manfaati uchun andoza
oldi. O'zi asos solgan “Tarjimon” gazetasida ijtimoiy-ma'rifiy risolalar, maktublar va badiiy
asarlaridan parchalar e'lon qildi. Gazetaning har bir sonini musulmonlar orasida tarqalishi,
ularni uyg'otishga hissa qo'shishiga harakat qildi. Ushbu maqolada Ismoilbek Gaspralining
nasriy asarlaridan biri “Dorur-rohat musulmonlari" asarida ideal inson va ideal jamiyat
tushunchalarining mohiyati va ideal jamiyat tushunchasining badiiy adabiyotda aks ettirilish
xususida so'z boradi.
Kalit so'zlar:
ideal jamiyat,nasr,badiiy ijod, jadidchilik, ma'rifatparvarlik harakati.
Badiiy obraz kitobxonga albatta, qandaydir estetik hissiyot uyg'otishi kerak. Yozuvchi
badiiy obraz orqali estetik idealini tasvirlaydi: ideal ijobiy obrazda bevosita, salbiy obrazda
bilvosita ifodalanadi.Shunga ko'ra, u yoki bu asarni o'qiganimizda biz ham badiiy obraz
faoliyatiga befarq qaray olmaymiz:ulardan yo zavqlanamiz yoki nafratlanamiz [Boboyev. T,
2002:50J. Badiiy adabiyotda yaratilgan asarlar tom ma'noda yozuvchining qalbida asrab
qo'ygan idealini ifodalaydi. Chunki badiiy asar yozishga kirishar ekan har qanday yozuvchi o'z
oldiga fikr va maqsad tizginini umumlashtirgan holda bir butun reja asosida ishga kirishadi.
Ismoilbek Gaspralining nasriy asarlaridagi qahramonlar ham bevosita davr ijtimoy holatini
his qilgan inson sifatida ko'zga tashlanadi va turg'un jamiyatni yangi davrga olib o'tishni orzu
va istaklariga aylantirgan ideaI inson sifatida tasvirlanadi. Xususan, uning “Dorur-rohat
musulmonlari” asari bosh qahramoni toshkentlik Mulla Abbos afandi ham Gaspralining o'zi
singari “Tilda, fikrda va ishda birlik” shiori ostida, umumturkiy musulmonlar davlati
yaratilishini orzu qiladi.
Nega aynan Toshkentlik? Gasprali Turkistonga ikki marta sayohat qilgan. Uning birinchi
sayohati 1893-yilda bo'lib, safardan ko'zlangan asosiy maqsad Turkistonning o'sha davrdagi
ahvolini o'z ko'zi bilan ko'rish edi. Bundan tashqari, rus amaldorlarini o'zining yangi usul
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
50
maktabiga jalb etishni istagan Gasprali Buxoroga qilgan sayohatida amir Abdulahadxon bilan
ham bu xususda muzokaralar olib boradi. Ammo amir bergan va'dasining ustidan chiqmaydi.
Ilk safarida Buxoro, Samarqand va Toshkentga safar qilgan Gasprali Samarqadda yangi usul
maktabi ochishga muvaffaq bo'lgan. Ikkinchi sayohati esa, 1908-yilda bo'lib, bu gal Gasprali
har tomonlama o'z pozitsiyasiga ega bo'lgan shaxs edi.U ikkinchi sayohatida Rusiya
musulmonlari jamiyatining faoliyatiga qarshilik fikrlari bilan musulmon jamoalari orasida
ham siyosiy bo'linish yuz berishiga sababchi boladi. Olimlar fikricha, aynan shu paytdan
boshlab Gasprali o'zining siyosat olamidagi faoliyatiga ilk qadamlarini qo'yadi. Bu esa,uning
gazetalardagi maqolalari, nasriy asarlaridagi qahramonlar tanlovida ham sezilib turadi.
Abbos afandi orqali Turkiston jadidlarini yuzaga chiqarishning dastlabki qadamlarini
tashlagan desak,mubolag'a bo'lmaydi.
Mulla Abbos haqiqiy jadiddir. U Toshkent madrasalaridan birida tahsil ko'radi. 22
yoshga to'lganida otasi vafot etadi va undan qolgan bitmas-tuganmas boylik bilan dunyoning
islom dunyosida muqaddas hisoblangan joylarini ziyorat qilishni xohlaydi. U shu yoshigacha
faqat diniy ilmlarni o'rgangan va endilikda sayohatga chiqadigan mamlakatlarida ro'y
beradigan voqealar unga yangi dunyo eshiklarini ochadi. Boshidan kechirgan har bir voqealari
unga o'zining tor dunyosidan chiqish, boshqa olam sir-sinoatlarini anglashga yordam beradi.
O'qigan kitoblari orqali o'zi ziyorat qilishni istagan ziyoratgohlarning Ovrupoda
joylashganligini bilib, “aziz turkiy avliyolarning muqaddas qadamjolariga"sayohatni
Ovrupodan boshlashga ahd qiladi. Shuni ham unutmaslik lozimki, Mulla Abbos madrasada
ta'lim olgani va har qancha diniy bilimlarni egallaganiga qaramay, o'z davri insonlaridan
“yangilikni qabul qila oluvchi" shaxs ekanligi bilan alohida ajralib turadi. Uning ilk
sarguzashtlarini Ismoilbek Gasprali o'zining “Farangiston maktublari” asariga kiritadi. “Dorur-
rohat musulmonlari” asarida esa,qahramonimiz Fransiya sayohatidan qaytib, uzoq Andaluz
ya'ni Ispaniya mamlakatiga sayohat qilishni orzu qiladi. Buning sababi Mulla Abbos afandi
izlab yurgan qadamjolari aynan shu mamlakatda joylashganligida edi.
Gasprali asarni kunlik voqealar bilangina bog'lamaydi. Tarixiy faktlar orqali sayohat
qilinayotgan mamlakatlar haqida to'liq gegrafik ma'lumotlar ham berib o'tadi. Asar boshida
Andaluz fathi, Jabalut-Toriq (Gibraltar) bo'g'oziga berilgan nomning tarixiy asoslar
yordamidagi qisqa bayonini berib o'tadi.Bu ma'lumotlar orqali esa, o'quvchini sekin-astalik
bilan “Dorur-rohat musulmonlari”ya'ni “Farog'at o'lkasi”ning vujudga kelishi bilan
tanishtiradi. Ammo asarda biz asarda birgina Mulla Abbos afandidan emas,shayx Jalol,
Faridabonularning hikoyalarini ham tinglaymiz.
Grenadaning Al-Hamro qasrini tomosha qilish asnosida, u yerdagi “Qizlar ko'shki” ni
aylanib yurgan Mulla Abbosning o'n ikki qiz va shayx Jalolni uchratib qolishi bilan asarning
asosiy voqealar bayoni boshlab beriladi. Shayx Jalol “Farog'at o'lkasi” haqidagi sirning, unga
olib boriladigan yo'lning fosh bo'lishidan cho'chib, Mulla Abbos afandini ham o'zlari bilan
yashirin yo'llar orqali ko'zini bog'lagan holda mamlakatga olib ketadi. Yo'l-yo'lakay shayx Jalol
bilan bo'lgan suhbatida ona yurti Turkiston insonlarining naqadar g'aflat botqog'iga
botganliklari, madrasa ulamolarining dinni qo'l qilib dunyodan butunlar qo'l uzganliklari
yetmaganday, uning butun xalq farzandlarining hayotidan ham sug urib olganliklarini o'ylab
ham qayg'uradi, ham uyaladi. Qahramonimiz bu yer osti mamlakatining tabiati,rivojlanishi,
ilm-ma'rifatning, ishlab chiqarishning hali yer ustida paydo bo'lmagan turfa yangiliklaridan
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
51
xabardor bo'lar ekan, o'lka insonlarining zakovatidan hayratga tushadi. Insonlar va davlat
orasidagi haqiqat, sud tizimining adolatli faoliyatiga tahsinlar aytadi. Ko'chada hamma yuz
o'girgan o'g'ri insonni uchratganida xalqning uni tarbiya etmoq uchun qilayotgan
munosabatdan hayratini yashirolmaydi.
Naqadar ayanchli, naqadar daxshatli g'aflat bu! Yohu! Ey, o'g'lim, ko'zi boylangan kishi
yura oladimi? Tuproqni bilmay ekin ekasiz, suvni bilmay ichasiz, dunyoni bilmayumr va kun
kechirasiz...Voh, qanday sho'rpeshonalik, qandayg'aflat! Janobi Haq marhamat qil. Bu
ahvolingizdan g'oyatda g'amgin bo'ldim. Oddiy xalq, mayli, bilmasin. Ammo arkoni davlat,
kazo-kazo to'razodalar ham meros ilmining o'z o'rni borligini, masalan, meros ilmi bilan askar
ko'chirmoq, dori-darmon tayyorlamoq mumkin emasligini bilmaydilarmi?! Mamlakatni
boshqarish uchun ham boshqa qator fanlar va kamolot kerak. Ilm bor, din uchun, ilmn bor,
kun uchun, ilm bor, ruh uchun, ilm bor badan uchun...[O'sha kitob,2022:167]
Farog'at o'lkasining imom afandisidan yuqoridagi alamli fikrlarni eshitgan Mulla Abbos
afandi yanada teranroq anglaydiki, bu dunyoga kelgan insonning maqsadi faqat dinni
o'rganib, unga bog'lanib,dunyoni unutib yuborish emas ekan. Negaki, dinni bizga mukammal
qilib bergan ulug' zot, dunyoning turfa ilm-u ajoyibotlarini ham bejizga yaratmagan axir. U bu
yurtda eng katta sarmoya ilmga tikilganligi uchun ham katta bir botqoqzorni ko'kalamzor
yurtga aylantira olgaliklarini tushunib yetadi
Xulosa o'rnida shuni aytib o'tishimiz joizki, yuqoridagi qisqa bayon orqali “Dorur-rohat
musulmonlari”asari haqida to'la ma'noda fikr bildirish albatta, mushkul ish. Ismoilbek
Gaspralining bu asari kitobxonni chuqur mushohadaga chorlaydi. XX asrda Turkiston
o'lkasidagi ilmsizlik, ma'rifatsizlik,yurt boshida turgan insonlarning o'zxalqi maqomini
o'ylamay qilgan adolatsizliklari keyingi avlodning hayotiga naqadar ayanchli ta'sir qilishi
mumkinligini ko'rsatib beradi. U o'zi qurishni istagan jamiyatni,undagi insonlarni bizga
Farog'at o'lkasi misolida yetkazishga harakat qiladi. Asardagi har bir satrda xalq manfaati
ustun ko'rilgan, xalq ta'limi oliy darajaga olib chiqilgan o'lkada yuksalish hamisha o'zining eng
oliy cho'qqisiga chiqishi ta'kidi sezilib turadi.
References:
1.
Бобоев Т. Адабиётшунослик асослари. - Тошкент: “Ўзбекистон”, 2002
2.
Исмоил Гаспринский ва Туркистон. - Тошкент: Шарк, 2005.
3.
Исмоилбек Гаспрали. Хаёт ва мамот масаласи. Тошкент: Маънавият, 2006.
4.
Косимов Б. Миллий уйғониш: жасорат, маьрифат, фидойилик. - Тошкент:
Маънавият, 2002.
5.
Ismoil Gasprali. Dorur-rohat musulmonlari.-Toshkent:“Akademnashr",2022