ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
133
ALISHER NAVOIY ASARLARINING DEGRADATSIYAGA UCHRASHI YOXUD
TURK ADABIYOTINING DOMINANTLIGI
Qahhorov Muhammadali Xolbo‘ta o‘g‘li
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabasi
https://doi.org/10.5281/zenodo.14862524
Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asarini ingliz tiliga tarjima qilgan kanadalik
tadqiqotchi Geri Dikning ta’kidlashicha, hozirgi kunda G‘arbda Alisher Navoiy asarlarini
o‘qishga bo‘lgan ehtiyoj katta. O‘zbek adabiyoti jahonga chiqishi quvonarli hol, ammo
o‘zbeklarning o‘zi Navoiyni o‘qishmoqdami? Afsuski, hozirgi kunda O‘zbekistonda barcha
kitob do‘konlarida sotilayotgan, kitobxonlar qo‘lidan tushmayotgan, ijtimoiy tarmoqlarda
bod-bod namoyish qilinayotgan va ayrim nashriyotlarning asosiy nashrlari bo‘lib qolgan,
kundan kunga nom va son jihatdan ortib borayotgan turk adabiyotlari o‘qilmoqda. Ushbu
asarlarda din, tarbiya, sevgi, oila kabi keng qamrovli mavzular, turli voqealar va pandnomalar
orqali kitobxonlarga, eng asosiysi esa yoshlarga yetkazilmoqda. Asarlar nomi ham yoshlarni
o‘ziga jalb etuvchidek go‘yo. Jumladan, birgina turk yozuvchisi Fotih Dumanning kitoblariga
to‘xtalinsa: yozuvchining uch harfdan iborat, nom jihatidan insonlarni o‘ziga tez jalb qiluvchi
“Men” (Bas qil, ey nafs), “Sir” (Oshiqlar o‘lmas), “Lol” (Har shaharning o‘z egasi bor), “Aso”
(Inson unitilganda o‘ladi), “Pir” (Piri Turkiston Ahmad Yassaviy qissasi), “Ohi” (Inson o‘lar,
orzular o‘lmas), “Dam” (Istanbulning afsonaviy oshiqlari), “A’mo” (Ko‘rish uchun ko‘z kerak
emas) kabi kitoblari juda qisqa muddatda o‘zbek kitobxonlari orasida ommalashdi. Bunga
sabablar turlicha. Jumladan, kitoblarning nomlari esda tez yot bo‘lishi, ularning ostiga
yozuvchi tomonidan insonlari hayajonga soluvchi jumlalar kiritilishi, kitoblarning tashqi
dizayni hamda muqovasining o‘ziga xosligi, eng asosiylaridan biri nashriyot va kitob
do‘konlarining (“Qamar”, “Asaxiy” kabi) ijtimoiy tarmoqlarda uzliksiz tarmoq
foydalanuvchilariga namoyish etilishidir. Yuqorida ta’kidlaganidek kitoblardagi mavzular ayni
balog‘at yoshidagi o‘spirinlar uchun juda qiziq. Lekin ular nega bu mavzularni ushbu
kitoblardan o‘rganishi kerak? O‘zbek va Turklarning dini, tili hamda ayrim jihatlari o‘xshash
bo‘lgani bilan, din, axloq, sevgi va oila mavzularida ularnikiga nisbatan yetarlicha farqlidir.
O‘zbek millatining adabiyotida nafaqat yuqoridagi mavzularda, shu bilan birga barcha
jabhalarda ilm olsa bo‘ladigan, ibrat topadigan Alisher Navoiy asarlari mavjud. G‘azal
mulkining sultoni Alisher Navoiyning asarlari, ijodi alohida fan sifatida (Navoiyshunoslik)
qariyb olti yuz yil davomida hali hamon o‘rganilmoqda, lekin shoir ijodining jumboqli, shu
vaqtga qadar aniqlanmagan jihatlari yetarlicha. Bundan ko‘rinadiki, ulug‘ mutaffakkirning
me’rosini o‘rganishlar, uning ustida olib borilayotgan izlanishlar hanuzgacha davom etmoqda.
Agar shu zaylda ketadigan bo‘lsa, ya’ni, nashriyotlar faqat turk yozuvchilarining asarlarini
nashr etsa, kitobxonlarning qo‘lidan esa, “qisqa nomli” kitoblar tushmasa va barcha joylarda
shu kitoblarning “reklama” lari davom etadigan bo‘lsa, Navoiyni kim o‘qiydi? Vaholanki
kitobxon qidirgan din, sevgi, ahloq yoki tarbiya hamda oila mavzulari Navoiy ijodida jahon va
o‘zbek adabiyotida takrorlanmas, tushunarli va eng to‘g‘ri tarzda keltirilgan va yoritilgan.
Jumladan, “Mahbub ul-qulub” (“Ko‘ngillarning sevgani”) asari. Bu asar buyuk mutafakkirning
yaxshilik va yomonlik haqidagi qarashlarini o‘zida ifodalagan bo‘lib, 1500-yilda yozilgan. Asar
uch qism orqali “Har xil odamlarning fe’l-atvori va ahvoli”, “Yaxshi fe’l xosiyati va xislat
ILM-FAN VA INNOVATSIYA
ILMIY-AMALIY KONFERENSIYASI
in-academy.uz/index.php/si
134
kasofati” hamda “Turli foydali kuzatishlar va misollar” haqida kitobxonga o‘gitlar beradi.
Ushbu asar nafaqat yoshlar, umuman har bir inson uchun haqiqiy tarbiya va yaxshi axloq olsa
bo‘ladigan pandnomadir. Shunday ekan nega tarbiyani turk tozuvchilarining kitoblaridan
qidirish kerak? Yoinki, din masalasi. Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” (“Muhabbat
shabadalari”) asarida 770 ta mutasavvif shaxy haqida ma’lumot berilgan. Shoirning ushbu
asari butun islom olamidagi XV asr ikkinchi yarmigacha o‘tgan jamiki shayxlar haqida
ma’lumot beruvchi boy ilmiy-tarixiy manbaa hisoblanadi. “Munshoat” asarida esa, may
ichmaslikning foydasi haqida so‘z yuritgan.
Abdurahmon Jomiy o‘zining “Bahoriston” asarida shunday yozadi: “…turkiy tilda hech
kim Navoiydek ko‘p va xo‘p she’r aytmagan hamda nazm gavharlarini sochmagan edi”[1.187-
b]. Darhaqiqat Navoiy birgina “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari bilan o‘zbek (turk) tilining
buyuk bilimdoni va homiysi bo‘lib maydonga chiqdi. Bu tilning boshqa tillardan mutlaqo
qolishmasligini amalda isbotlab bergan shoir mazkur asarida bu muhim xulosasini ilmiy-
nazariy jihatdan asoslab ko‘rsatgan. Yoki bo‘lmasam, lug‘atshunoslikka oid, arab tilining izohli
lug‘ati haqida “Sab’at-u abhur” (“Yetti dengiz”) kitobini yozishi tilshunoslikka qo‘shgan
hissasini yaqqol ko‘rsatadi. Ammo shunisi achinarliki, ushbu kitoblarning oxirgi nashri 2017-
2018-yillarga to‘g‘ri keladi. Ayrimlarini esa, faqat “Ziyonet” saytlari hamda “Mutolaa”
ilovalaridan topishingiz mumkin xolos. Alisher Navoiy hayoti va uning ilmiy-adabiy me’rosiga,
faqatgina uning tavallud kunlarida yoki bo‘lmasam, tavalludining nechidir yilligida e’tibor
qaratish, o‘rganish va kitoblarini yangi nashrda chop etish shart emas. Yoinki, bunday
tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun davlat rahbarining farmonini
kutish, shundan so‘ng harakatga kelish, yoshlarning Navoiy ijodiga hamda uning cheksiz ilmiy
me’rosiga bo‘lgan qiziqishlarini so‘ndirishi, mutafakkirning kitoblari esa degradatsiyaga
uchrashi hamda o‘z-o‘zidan chet el adabiyotlarning mamlakatimizda dominant bo‘lib
qolishiga olib kelmoqda.
References:
1.
Adabiyot [Matn]: metodik qo‘llanma; ma’lumotnoma/ Sh. Sariyev. –To‘ldirgan va qayta
ishlangan eng yangi nashri. – Toshkent: Yangi kitob, 2018.- 512-b.